Qonun 30 ta moddadan iborat.
1) Isteʼmolchi — foyda chiqarib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda shaxsiy isteʼmol yoki boshqa maqsadlarda tovar sotib oluvchi, ish, xizmatga buyurtma beruvchi yoxud shu niyatda bo‘lgan fuqaro (jismoniy shaxs).
2) Isteʼmolchilarning asosiy huquqlari:
tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘g‘ri va to‘liq maʼlumot olish;
tovarni (ishni, xizmatni) erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo‘lishini talab qilish;
tovarning (ishning, xizmatning) xavfsiz bo‘lishini talab qilish;
hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo‘lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) g‘ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, maʼnaviy zararning o‘rni to‘liq hajmda qoplanishini talab qilish va boshqalar;
3) Tovar (ish, xizmat) haqidagi maʼlumotda quyidagilar ko‘rsatilishi shart:
tovarning (ishning, xizmatning) nomi;
tovar (ish, xizmat) majburiy talablariga muvofiq kelishi shart bo‘lgan normativ hujjatning nomi;
tovar (ish, xizmat)ning asosiy isteʼmol xususiyatlari, shu jumladan, o‘ziga xos xususiyatlari ro‘yxati;
narxi (tarifi) va sotib olish shartlari;
normativ-huquqiy hujjatlarga yoki texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq ishlab chiqarish sanasi ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan tovarning ishlab chiqarilgan sanasi;
ishlab chiqaruvchi (ijrochi)ning kafillik majburiyatlari;
tovardan samarali va xavfsiz foydalanish qoidalari hamda shartlari;
tovarning xizmat (yaroqlilik) muddati va ushbu muddat tugaganidan keyin isteʼmolchi nima ishlar qilishi zarurligi, shuningdek bunday ishlarni bajarmaslik natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan oqibatlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar;
ishlab chiqaruvchining (ijrochining, sotuvchining) to‘liq nomi va joylashgan yeri (yuridik manzili), litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning QR-kodi (matritsali shtrix kodi), import qilinadigan tovarlar uchun esa ishlab chiqaruvchining hamda import qiluvchining nomi va joylashgan yeri (yuridik manzili);
tovar kelib chiqqan mamlakatning nomi;
ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning hamda ular isteʼmolchidan daʼvo qabul qilishga vakolat bergan, shuningdek, taʼmirlashlarini bajaradigan va texnikaviy xizmat ko‘rsatadigan korxonalarning manzillari;
tovarlarni saqlash, xavfsiz utilizatsiya qilish usullari hamda qoidalari;
konsert-tomosha tadbirlari o‘tkazilayotganda fonogrammadan foydalanish to‘g‘risidagi axborot.
4) Nuqsonli tovar sotilganda isteʼmolchi, agar bu hol shartnoma tuzish paytida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, o‘z xohishiga qarab quyidagilardan birini talab qilishga haqli:
tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berish;
tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilish;
tovarning nuqsonlarini bepul bartaraf etish yoki isteʼmolchining yoxud uchinchi shaxsning nuqsonlarni bartaraf etishga qilgan xarajatlarini qoplash;
xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirish;
shartnomani bekor qilib, ko‘rilgan zararni qoplash.
Agar nuqsonlar:
tovarning kafolat muddati yoxud yaroqlilik muddati mobaynida;
kafolat muddati va yaroqlilik muddati belgilanmagan tovarlar bo‘yicha olti oy mobaynida;
ko‘chmas mulk isteʼmolchiga o‘tkazilgan kundan eʼtiboran ikki yil mobaynida, agar shartnomada bundan uzoqroq muddat nazarda tutilmagan bo‘lsa;
mavsumiy tovarlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilangan muddat mobaynida aniqlangan bo‘lsa, isteʼmolchi mazkur huquqlarini ro‘yobga chiqarishi mumkin.
5) Javobgarlik
Ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganligi uchun javobgar bo‘ladi.
Maʼmuriy jazo chorasi qo‘llanilganligi ishlab chiqaruvchilarni (ijrochilarni, sotuvchilarni) yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklarni bartaraf qilish majburiyatidan ozod etmaydi.