Qonun 5 bob va 25 moddadan iborat.
1. Qonunning maqsadi volontyorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2. Volontyor — volontyorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs.
3. Volontyorlik faoliyatining maqsad va vazifalari
Volontyorlik faoliyatining maqsadlari jismoniy va yuridik shaxslarga, umuman jamiyatga yordam ko‘rsatish, atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlarda ularni tashkil etuvchilarning roziligi bilan ishtirok etish, jamiyatda fuqarolik nuqtai nazarini, o‘zini o‘zi tashkil etishni, ijtimoiy masʼuliyat, birdamlik, o‘zaro yordam berish va rahm-shafqat tuyg‘ularini shakllantirishdan iboratdir.
4. Qonun bilan volontyorlik faoliyatining vazifalari belgilangan.
5. Volontyorlik faoliyatining shakllari va asosiy yo‘nalishlari
Volontyorlik faoliyati quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
yakka tartibdagi volontyorlik faoliyati;
volontyorlar guruhi tarkibidagi volontyorlik faoliyati;
volontyorlik tashkiloti orqali volontyorlik faoliyati.
6. Volontyorlik faoliyatini hisobga olish
Volontyorlik faoliyatini hisobga olishni tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
7. Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, ijro etuvchi hokimiyat, Mahalliy davlat hokimiyati organlarining volontyorlik faoliyati sohasidagi vakolatlari belgilangan.
8. Maxsus vakolatli davlat organining volontyorlik faoliyati sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi volontyorlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir.
9. Qonun bilan volontyorning faoliyati va huquqlari belgilangan.
O‘n sakkiz yoshga to‘lgan jismoniy shaxslar volontyorlik faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan jismoniy shaxslar volontyorlik faoliyatini, basharti bu faoliyat ularning sog‘lig‘iga hamda axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazmasa va o‘quv jarayonini buzmasa, amalga oshirishi mumkin.
Favqulodda vaziyatlar oqibatlarining oldini olish va ularni bartaraf etishga doir ishlarni amalga oshirish uchun faqat o‘n sakkiz yoshdan katta bo‘lgan volontyorlarga ijozat beriladi.
10. Volontyorlarni muvofiqlashtiruvchining faoliyati
Volontyorlarni muvofiqlashtiruvchi volontyorlik faoliyati tashkilotchisi tomonidan yoxud volontyorlik dasturini yoki volontyorlik aksiyasini amalga oshirish uchun javobgar bo‘lgan volontyorlik tashkiloti tomonidan tayinlanadi yoxud volontyorlar guruhi tarkibiga kiruvchi volontyorlar tomonidan ular orasidan saylanadi.
Volontyorlarni muvofiqlashtiruvchi volontyorlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi, ular o‘rtasida ishni taqsimlaydi, har bir volontyorning ish joyi va ish hajmini belgilaydi, ishning ular tomonidan bajarilishini nazorat qiladi.
11. Volontyorlik tashkilotining faoliyati
Volontyorlik tashkiloti volontyorlik dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi hamda volontyorlik faoliyati tashkilotchisi bilan birgalikda yoki volontyorlarni jalb qilgan holda mustaqil ravishda volontyorlik aksiyalarini o‘tkazadi.