Farmonga muvofiq:
1) Quyidagilar millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yana-da rivojlantirish sohasida O‘zbekiston Respublikasining davlat siyosatini amalga oshirish jarayonida davlat organlari va tashkilotlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan, shu jumladan ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorligi mexanizmlarini takomillashtirish;
millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yana-da rivojlantirish, respublikamizda yashab turgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, anʼanalari va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirish sohasida O‘zbekiston Respublikasining davlat siyosatini samarali amalga oshirish uchun qo‘shimcha ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish;
jamiyatda ko‘p millatli katta oila his-tuyg‘usini, respublikamizda yashayotgan turli millat va elat vakillari o‘rtasida do‘stlik va totuvlikni yana-da mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, fuqarolarning teng huquqliligini taʼminlash, ularning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik va boshqalar;
2) Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi (Konsepsiya) va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi shuningdek, ularni sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini muvofiqlashtirish hamda monitoring qilish O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi (Qo‘mita) tomonidan amalga oshirilishi belgilandi;
3) Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirishni taʼminlash bo‘yicha Komissiya (Komissiya) tuzildi va uning tarkibi tasdiqlandi shuningdek, quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilandi:
jamiyatda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini, ularning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodlari, ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar qonun oldidagi tengligini taʼminlashga qaratilgan millatlararo munosabatlarni takomillashtirish va tartibga solish;
millatlararo munosabatlar sohasida ishlar holatini joylarga chiqib tizimli o‘rganilishini tashkillashtirish, Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishda Qo‘mita, shuningdek, vazirlik va idoralar faoliyatini samarali muvofiqlashtirish, qilingan ishlar to‘g‘risida ularning rahbarlari hisobotlarini doimiy ravishda eshitish.