Farmonga muvofiq:
1) Quyidagilar tasdiqlandi:
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 - 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi (Strategiya);
Strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”si (“Yo‘l xarita”si);
2) Quyidagilar Strategiyani amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash va isteʼmol ratsionini yaxshilash, talab etiladigan miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni nazarda tutuvchi oziq-ovqat xavfsizligi davlat siyosatini ishlab chiqish va joriy etish;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish va sotishda bozor tamoyillarini keng joriy etish, sifat nazorati infratuzilmasini rivojlantirish, eksportni rag‘batlantirish, maqsadli xalqaro bozorlarda raqobatbardosh, yuqori qo‘shilgan qiymatli qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi qulay agrobiznes muhitini va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish;
qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmog‘ini modernizatsiyalash, diversifikatsiya qilish va barqaror o‘sishini qo‘llab-quvvatlash uchun xususiy investitsiya kapitali oqimini ko‘paytirishni nazarda tutuvchi sohada davlat ishtirokini kamaytirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish mexanizmlarini joriy qilish;
yer va suv resurslari, o‘rmon fondidan oqilona foydalanishni nazarda tutuvchi tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish;
qishloq xo‘jaligida davlat boshqaruvi tuzilmasini restrukturizatsiya qilish va yana-da rivojlantirishni nazarda tutuvchi boshqaruvning zamonaviy tizimlarini rivojlantirish;
fermer xo‘jaliklarida mehnat unumdorligini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishga qaratilgan tarmoq dasturlarini ishlab chiqish orqali davlat xarajatlari samaradorligini oshirish va bosqichma-bosqich qayta taqsimlash;
qishloq xo‘jaligida ilmiy-tadqiqot, taʼlim va maslahat xizmatlarining ishlab chiqarish bilan integratsiyalashgan bilim va maʼlumotlarni tarqatishning samarali shakllarini qo‘llashni nazarda tutuvchi ilm-fan, taʼlim, axborot va maslahat xizmatlari tizimini rivojlantirish;
qishloq joylarini muvozanatli va barqaror taraqqiy ettirishga ko‘maklashishni nazarda tutuvchi qishloq hududlarini rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish;
zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali statistik maʼlumotlarni to‘plash, tahlil qilish va tarqatishning ishonchli uslublarini joriy etishni nazarda tutuvchi tarmoq statistikasining shaffof tizimini yaratish;
3) O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 – 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash (Muvofiqlashtiruvchi kengash) tarkibi tasdiqlandi.