Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.08.2024
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
TOSHKENT SHAHRI VA TOSHKENT VILOYATIDA YO‘LOVCHILAR TASHISH XAVFSIZLIGINI TA’MINLASHGA OID QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ichki ishlar vazirligi hamda Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari tomonidan nazoratning susayishi natijasida yo‘lovchilar tashish xavfsizligi talablarini qo‘pol ravishda buzish hollari va odamlar qurbon bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalari soni ortgani qayd etib o‘tilsin.
Toshkent shahar IIBB va Toshkent viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi organlari yo‘lovchilar tashiydigan avtotransport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish va nosozlarini, shuningdek, foydalanishga yaroqsizlarini aniqlashda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yishmoqda. Shahar va shahar atrofi yo‘nalishlarida qatnaydigan avtotransport vositalari yo‘nalishga chiqishdan oldin texnik ko‘rikdan o‘tkazilmasdan foydalanilmoqda, haydovchilar esa tibbiy ko‘rikdan o‘tmayaptilar. Toshkent shahar hokimligining shahar yo‘lovchi transportini boshqarish bo‘yicha vakolatli organlari tomonidan shahar yo‘nalishlariga litsenziya berishning belgilangan talablariga rioya qilinmayapti, yo‘lovchilarni tashuvchilar ustidan yo‘nalish nazorati qoniqarsiz olib borilmoqda.
Fuqarolarning hayoti va salomatligi xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsadida:
1. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash ishlarida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yganliklari uchun Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmati (YHXDX) organi rahbari S. Irisbekov va Toshkent viloyati YHXDX organi rahbari A. Hamidullayev Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan egallab turgan lavozimlaridan ozod etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi YHXDX organlari rahbariyati tomonidan (G. Boltaboyev) yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va yo‘lovchi transporti sohasidagi qoidabuzarliklarning oldini olish, shuningdek, yo‘lovchilar tashiydigan transport vositalarining texnik holatini nazorat qilish bo‘yicha yuklangan majburiyatlar ijrosiga nisbatan mas’uliyatsiz munosabatda bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tilsin.
2. Toshkent shahar hokimi A. To‘xtayev va Toshkent viloyati hokimi M. Kuchchiyev, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘i A. Abduvaliyevga yo‘lovchi transportini nazorat qilish susaytirilgani, yo‘lovchilar tashishni amalga oshirish uchun litsenziya berishning belgilangan talablari bajarilmayotgani hamda avtotransport vositalariga zarur va xavfsiz ish sharoitlari ta’minlanmayotgani qat’iy ko‘rsatib o‘tilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
ikki oy muddatda avtotransport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish va ularning texnik holatini nazorat qilishda YHXDX organlari shaxsiy tarkibi mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqsin va amalga oshirsin;
tijorat asosida yo‘lovchilar tashishda foydalaniladigan avtotransport vositalari ikki oy muddatda texnik ko‘rikdan o‘tkazilishini ta’minlasin, bunda ularning texnik holati sifatiga va jihozlanishi yo‘l harakati xavfsizligi standartlari, qoidalari, normalariga, shuningdek, ularning qayd etish ma’lumotlariga mos kelishiga alohida e’tibor qaratsin.
4. Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari zarur shart-sharoitlar yaratilishini hisobga olgan holda yo‘lovchi tashuvchilar, jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarning avtotransport vositalari texnik ko‘rikdan o‘tkaziladigan joylarni aniqlasin.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklari mazkur yo‘lovchi tashuvchilar o‘rtasida transport vositalarining tegishli texnik holatini ta’minlash uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida keng tushuntirish ishlarini olib borsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-avgustdagi PF-5525-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
6. O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda mintaqalarda yo‘lovchi tashishni litsenziyalash va muvofiqlashtirish bo‘yicha ijro etuvchi hokimiyat organlari huzuridagi tuzilmalar faoliyatini Toshkent shahrida yaratilgan namuna asosida tashkil etish to‘g‘risida takliflar, shuningdek, Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizom loyihasini kiritsin.
7. Belgilansinki, avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini litsenziyasiz amalga oshirishda aybdor bo‘lgan shaxslar sud orqali bazaviy hisoblash miqdorining 20 dan 150 barobarigacha miqdorda jarima solish yo‘li bilan ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Ma’muriy jazo qo‘llanilgandan so‘ng bir yil mobaynida ayni shunday huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda, yo‘lovchi tashish transporti huquqbuzarlik vositasi sifatida musodara qilinadi va aybdor shaxs qonunda belgilangan javobgarlikka tortiladi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PF-5894-son Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1763-moddasi, Jinoyat kodeksining 190-moddasi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Avtotransport vositalari haydovchilarini imtihondan o‘tkazish va ularga haydovchilik guvohnomasini topshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni hamda avtotransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash (malakasini oshirish) tartibi va muddatlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash uchun kiritsin, bunda yo‘lovchilar tashishda ishtirok etuvchi haydovchilar tarkibini o‘qitish va tayyorlash qoidalarini takomillashtirish, imtihon o‘tkazish va haydovchilik guvohnomalari berish, transport vositalarini boshqarish huquqini beradigan hujjatni olishga o‘qitadigan instruktorlarga nisbatan qo‘yiladigan malaka talablarini oshirish nazarda tutilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda manfaatdor idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 28-fevral,
PQ-294-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 9-son, 64-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)