|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 12.06.2001
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2000/2001 O‘QUV YILIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING OLIY TA’LIM MUASSASALARIGA QABUL TO‘G‘RISIDA
[Ko‘chirma]
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 12-iyundagi 250-sonli “2001/2002 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini yetuk pedagog kadrlar bilan ta’minlash, ta’lim xizmatlari bozorini shakllantirish va respublika iqtisodiyotining oliy ma’lumotli mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish hamda oliy ta’lim muassasalariga iqtidorli va qobiliyatli yoshlarni tanlab olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2000/2001 o‘quv yilida bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha umumiy qabul soni 49500, shu jumladan 19800 davlat grantlari va 29700 to‘lov-kontrakt asosidagi qabul kvotalari belgilanib, ular O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalari hamda ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 1 va 2-ilovalarga* muvofiq taqsimlansin.
* 1-2-ilovalar berilmaydi
2. 2000/2001 o‘quv yilida magistrlar tayyorlash bo‘yicha umumiy qabul kvotalari 3600, shu jumladan 1400 davlat grantlari va 2200 to‘lov-kontrakt asosida belgilanib, ular oliy ta’lim muassasalari va mutaxassisliklar bo‘yicha 3-ilovaga* muvofiq taqsimlansin.
* 3-ilova berilmaydi.
Mazkur o‘quv yilida ilk bor tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida magistraturaga qabul amalga oshirilishi va undagi o‘quv jarayonining alohida xususiyatlarini inobatga olgan holda magistrlar tayyorlash bo‘yicha professor-o‘qituvchilarning talabalarga nisbati 1:5 etib belgilansin.
3. 2000/2001 o‘quv yilida tibbiyot oliy ta’lim muassasalari qoshidagi 3 yillik oliy malakali hamshiralar tayyorlash bo‘limlariga umumiy qabul kvotalari 200, shu jumladan 100 davlat grantlari va 100 to‘lov-kontraktlari asosida belgilanib, ular respublika tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bo‘yicha 4-ilovaga* muvofiq taqsimlansin.
* 4-ilova berilmaydi.
4. 2000/2001 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining tarkibi 5-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 5-ilova berilmaydi.
5. Davlat komissiyasiga:
10 kun muddat ichida “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha talabalarni qabul qilish tartibi va qoidalari to‘g‘risida Nizom”ga va “1999/2000 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining magistraturasiga qabul qilish tartibi va qoidalari to‘g‘risida Nizom”ga;
test sinovlari natijalaridan kelib chiqqan holda, to‘lov-kontrakt asosida belgilangan umumiy qabul rejasi doirasida, qabul ko‘rsatkichlariga zarur bo‘lgan o‘zgartirishlar kiritishga ruxsat berilsin.
6. Tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar Davlat test markazi bilan birgalikda bir hafta muddat ichida o‘zlariga qarashli ta’lim muassasalarida davlat grantlarini va to‘lov-kontrakt asosidagi bakalavriat va magistratura bo‘yicha o‘rinlar kvotasini ta’lim shakllari va tillari bo‘yicha taqsimlash to‘g‘risidagi takliflarni Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsinlar.
8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablariga muvofiq, har bir oliy ta’lim muassasasida Vasiylik va kuzatuv kengashini tashkil qilish, uning asosiy vazifalari va huquqlari haqida, avvalo, oliy ta’lim muassasasining mustaqilligini kuchaytirish va moddiy bazasini takomillashtirish masalalari bo‘yicha o‘n kun muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda, ta’lim sohasidagi islohotlar va jahondagi ilg‘or tajribani hisobga olgan holda, 2001/2002 o‘quv yilidan boshlab, talabalarga o‘qitishning to‘lov-kontrakt shakli uchun ta’lim kreditlari berish va qaytarish tartibini ishlab chiqsinlar va uni joriy etish bo‘yicha uch oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsinlar.
10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2000/2001 o‘quv yiliga belgilangan davlat grantlari asosida bakalavriat va magistraturaga hamda oliy malakali hamshiralar tayyorlash uchun qabulni hisobga olgan holda budjetdan zarur mablag‘lar ajratishni ta’minlasin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 2-iyundagi 282-son qarori (3-bandidan tashqari) va 1994-yil 28-iyundagi 327-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 8-iyun,
222-son