Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.05.2020
Hujjat 01.02.2012 00 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ULGURJI SAVDO FAOLIYATINI LITSENZIYALASh TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-maydagi 288-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 30-oktabrdagi PF-5564-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun ruxsatnoma turlarini qisqartirish va ularni berish tartib-qoidalarini soddalashtirish toʻgʻrisida” 2005-yil 21-sentabrdagi PQ–186-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ulgurji savdo faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
xoʻjalik yurituvchi subyektlarga mazkur qaror kuchga kirgunga qadar berilgan ulgurji savdo faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnoma guvohnomalari ularning amal qilish muddati tugagungacha amal qiladi;
ulgurji savdo faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi amaldagi ruxsatnoma guvohnomalari xoʻjalik yurituvchi subyektning taqdim etilgan arizasi hamda ulgurji savdo faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnoma guvohnomasi asosida qoʻshimcha yigʻimlarsiz ulgurji savdo faoliyatini amalga oshirish litsenziyasiga qayta rasmiylashtirilishi mumkin. Qayta rasmiylashtirish muddati ikki ish kunidan koʻp boʻlmasligi kerak;
ulgurji savdo faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnoma guvohnomalarining amal qilish muddati tugagandan keyin xoʻjalik yurituvchi subyektlar belgilangan tartibda ulgurji savdo faoliyatini amalga oshirish litsenziyasini oladilar.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari 2006-yil 1-yanvargacha ulgurji savdo faoliyatini amalga oshirish litsenziyasi blankalarini tayyorlash va ularni berish ishlari tashkil etilishini taʼminlasinlar.
4. Ulgurji savdo faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnoma guvohnomalarining amal qilish muddati 2005-yil 21-sentabrdan keyin tugagan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga 21-sentabrdan 2006-yil 1-yanvargacha boʻlgan davrda, ularga nisbatan faoliyatni litsenziyasiz amalga oshirganlik uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlik choralari qoʻllanilmasdan, ulgurji savdo faoliyatini amalga oshirish huquqi berilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari V.A. Golishev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2005-yil 5-noyabr,
242-son
Vazirlar Mahkamasining
2005-yil 5-noyabrdagi 242-son qaroriga
ILOVA
Ulgurji savdo faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom ulgurji savdo faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
Qonun hujjatlariga muvofiq boshqa litsenziyalar asosida tovarlarning ayrim turlari bilan ulgurji savdo qiluvchi yuridik shaxslarning ulgurji savdo faoliyatini amalga oshirish litsenziyasini olishlari talab etilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Ulgurji savdoni amalga oshirish faoliyati litsenziyalanishi kerak.
Tijorat maqsadlarida foydalanish yoki oʻz ishlab chiqarish-xoʻjalik ehtiyojlari uchun hisob-kitoblarning naqd pulsiz shaklida xarid qilinadigan tovarlarni sotish ulgurji savdo faoliyati deb eʼtirof etiladi.
3. Ulgurji savdo faoliyati bilan faqat yuridik shaxslar shugʻullanishlari mumkin.
4. Ulgurji savdo faoliyatini amalga oshirish huquqiga namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi.
5. Ulgurji savdo faoliyatini litsenziyalash yuridik shaxs-litsenziya talabgori roʻyxatdan oʻtkazilgan joydagi shahar (tuman) hokimligi (keyingi oʻrinlarda “litsenziyalovchi organ” deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
6. Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya talabgorining arizasi koʻrib chiqilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdorida yigʻim undiriladi. Litsenziya berish yuzasidan hujjatlar koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim summasi litsenziyalovchi organ hisob raqamiga oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Litsenziya berilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida davlat boji undiriladi. Davlat boji summasi respublika budjetiga oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Ulgurji savdo faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya cheklanmagan muddatga beriladi.
II. Litsenziya talablari va shartlari
9. Quyidagilar ulgurji savdo faoliyatini amalga oshirishning litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasining ulgurji savdo faoliyatini amalga oshirishni tartibga soluvchi qonun hujjatlariga rioya qilish;
eng kam oylik ish haqining kamida 3500 baravari miqdorida, ulardan eng kam oylik ish haqining kamida 1200 baravari miqdorida pul mablagʻlari bilan shakllantirilgan ustav fondining mavjud boʻlishi;
Keyingi tahrirga qarang.
majburiy tartibda sertifikatlanishi kerak boʻlgan tovarlar sotilgan taqdirda muvofiqlik sertifikatlari yoki mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarda sertifikatlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yoxud ularning nusxalari mavjud boʻlishi.
III. Litsenziya olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar
10. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bank muassasasidagi hisob raqami, faoliyatning litsenziyalanadigan turi koʻrsatilgan holda litsenziya berish toʻgʻrisida ariza;
Oldingi tahrirga qarang.
b) yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;
(10-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
v) eng kam oylik ish haqining kamida 3500 baravari miqdorida ustav fondi shakllantirilganligini tasdiqlovchi hujjatning, shu jumladan eng kam oylik ish haqining kamida 1200 baravari miqdorida pul mablagʻlari kiritilganligini tasdiqlovchi bank hujjatining nusxasi;
Keyingi tahrirga qarang.
g) litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza litsenziyalovchi organ tomonidan koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
11. Litsenziya talabgoridan mazkur Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlar va boshqa maʼlumotlarning taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12.Hujjatlar litsenziya talabgori tomonidan litsenziyalovchi organga bevosita yoxud olinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan pochta aloqasi vositasi orqali yetkazib beriladi.
13. Litsenziya olish uchun taqdim etilgan hujjatlar litsenziyalovchi organ masʼul xodimi tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, roʻyxatning nusxasi hujjatlar qabul qilib olingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda ariza beruvchiga yuboriladi (topshiriladi).
IV. Arizani koʻrib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
14. Hujjatlarni koʻrib chiqish va ulgurji savdo faoliyatini amalga oshirishga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish muddati ariza va litsenziya olish uchun barcha zarur hujjatlar tushgan kundan boshlab ikki ish kunini tashkil etadi.
15. Litsenziyalovchi organ tegishli qaror qabul qilingandan keyin bir ish kuni mobaynida litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida xabardor qiladi.
Litsenziya berish haqida qaror qilinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga bank hisob raqami rekvizitlari va davlat boji toʻlash muddati koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
16. Litsenziya bitimi litsenziyalovchi organ bilan litsenziat oʻrtasida tuziladi, unda quyidagilar boʻlishi kerak:
bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, egallab turgan lavozimi;
tomonlarning rekvizitlari;
amalga oshirilishiga litsenziya berilayotgan faoliyat turi nomi;
litsenziatga qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
litsenziat tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishini litsenziyalovchi organ tomonidan nazorat qilish tartibi.
Litsenziya bitimi ikki nusxada — litsenziat va litsenziyalovchi organ uchun bir nusxadan tuziladi.
17. Litsenziyalar litsenziyalovchi organ tomonidan mazkur Nizomga ilova qilingan shakl boʻyicha blankalarda rasmiylashtiriladi va shahar (tuman) hokimi yoki uning oʻrinbosarlari tomonidan imzolanadi.
Litsenziyalar blankalari qatʼiy hisobot beriladigan hujjatlar hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega boʻladi.
Litsenziyalar blankalarini tayyorlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 20-dekabrdagi 488-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
18. Litsenziya talabgori tomonidan davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgan kunda litsenziya bitimi tuziladi va litsenziya beriladi.
19. Agar litsenziat litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy mobaynida litsenziyalovchi organga litsenziya berilganligi uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasa yoxud litsenziya bitimini imzolamasa, litsenziyalovchi organ litsenziyani bekor qilishga haqlidir.
20. Litsenziya berish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha rad etilishi mumkin.
Litsenziya berishni boshqa asoslarga, shu jumladan maqsadga muvofiq emasligi sabablariga koʻra rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Litsenziya talabgori litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror, shuningdek litsenziyalovchi organ mansabdor shaxsining xatti-harakati (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadir.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga rad etishning aniq sabablari va litsenziya talabgori koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni qayta koʻrib chiqishga taqdim etishi uchun yetarli boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib boʻlishi kerak.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
22. Litsenziya berish rad etilishiga asos boʻlgan sabablar litsenziya talabgori tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni qayta koʻrib chiqish litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab bir ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
Litsenziya talabgorlarining arizalari takroran koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Litsenziya berish rad etilganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.
V. Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, dublikat berish
Oldingi tahrirga qarang.
23. Litsenziat qayta tashkil etilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgargandan keyin bir oy muddatda litsenziyalovchi organga koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish uchun litsenziyalovchi organga murojaat qilishi shart.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
24. Litsenziat litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar unda koʻrsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
25. Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziyalovchi organ litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish litsenziyalovchi organ tomonidan tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza olingan kundan boshlab ikki kun mobaynida amalga oshiriladi.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Litsenziya qayta rasmiylashtirilganligi uchun yigʻim summasi litsenziyalovchi organ hisob raqamiga oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
26. Yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan litsenziya oʻrniga litsenziatning arizasiga koʻra uning dublikati berilishi mumkin.
Litsenziya dublikati olish uchun litsenziat litsenziyalovchi organga yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli koʻrsatilgan va litsenziya dublikati berilganligi uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etgan holda dublikat berish toʻgʻrisida ariza beradi.
Litsenziya dublikati berishda qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Litsenziya dublikati berilganligi uchun yigʻim summasi litsenziyalovchi organ hisob raqamiga oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
VI. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
27. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshirishlar oʻtkazish yoʻli bilan tegishli nazorat qiluvchi organlar tomonidan amalga oshiriladi.
Tegishli nazorat qiluvchi organlar litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida paydo boʻladigan masalalar yuzasidan litsenziatdan zarur axborotni soʻrashi va olishlari mumkin.
Tekshirishlar natijalari asosida tekshirish dalolatnomasi tuziladi. Buzilishlar aniqlangan taqdirda, tekshirish dalolatnomasida litsenziya talablari va shartlari buzilishlarining aniq holatlari koʻrsatiladi.
Tekshirish dalolatnomasi nusxasi litsenziyalovchi organga yuboriladi, litsenziyalovchi organ litsenziya talablari va shartlari buzilishi holatlari mavjud boʻlgan taqdirda litsenziatga litsenziya talablari va shartlarining aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qaror chiqaradi, bunday buzilishlarni bartaraf etish muddatlarini belgilaydi.
28. Tekshirish dalolatnomasi ikki nusxada tuziladi, ularning bittasi litsenziatga beriladi, ikkinchi nusxasi nazorat qiluvchi organda qoladi.
VII. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish, litsenziyani bekor qilish
29. Litsenziyaning amal qilishini oʻn kundan ortiq boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq litsenziyalovchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
Litsenziyaning amal qilishini oʻn kundan ortiq muddatga toʻxtatib turish sud tartibida amalga oshiriladi.
Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilish mumkin. Litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilishi asossiz ekanligi sud tomonidan eʼtirof etilgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida litsenziat koʻrgan zarar miqdorida javob beradi.
30. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish va uni bekor qilish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 23 va 24-moddalariga muvofiq amalga oshiriladi.
VIII. Litsenziyalar reyestri
31. Litsenziyalovchi organ belgilangan tartibda litsenziyalar reyestrini yuritadi.
32. Litsenziyalar reyestrida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
a) litsenziatlar haqidagi asosiy maʼlumotlar, u quyidagilarni oʻz ichiga oladi: yuridik shaxsning toʻliq va qisqartirilgan nomi, davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqidagi maʼlumotlar (roʻyxatga olish sanasi, berilgan sanasi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning tartib raqami), pochta manzili, va, mavjud boʻlgan taqdirda, telefon, faks raqami, elektron pochta manzili;
b) faoliyatning litsenziyalanadigan turi;
v) litsenziyaning berilgan sanasi va tartib raqami;
g) litsenziyani qayta rasmiylashtirish, uning amal qilishini toʻxtatib turish va tiklashning asoslari va sanasi;
d) litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish asoslari va sanasi;
e) litsenziyani bekor qilishning asoslari va sanasi.
Oldingi tahrirga qarang.
33. Litsenziyalarning reyestrlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar litsenziyalovchi organning veb-saytida joylashtiriladi va tanishish uchun ochiq boʻladi.
(33-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(35-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Ulgurji savdo faoliyatini
litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA

‎‎

‎‎OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI‎
‎_______________________________ hokimligi


‎LITSENZIYA
‎AA № 000 ‎

‎‎Mazkur litsenziya bilan ___________________________________________ ga

‎‎(litsenziya egasining toʻliq nomi)

‎‎__________________________________________________________________

‎‎(faoliyatning ruxsat berilgan turi)

___________________________ni amalga oshirishga ruxsat beriladi.
‎‎Litsenziya egasining joylashgan joyi (pochta manzili):
‎‎__________________________________________________________________
‎‎
‎Soliq toʻlovchi–litsenziya egasining identifikatsiya raqami ______________
‎Litsenziya berilgan sana _____________________________
‎Litsenziyaning amal qilish muddati cheklanmagan.
‎Reyestr boʻyicha tartib raqami ______________________________
‎Vakolatli shaxs:
‎‎_________________________________________

____________________‎

(F.I.O.)‎

(imzo)‎

M.Oʻ.‎

(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 43-44-son ,331-modda; 2012-y., 6-son, 57-modda, 44-son, 507-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.05.2018-y., 09/18/323/1159-son, 30.10.2018-y., 09/18/884/2128-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)