|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 18.10.2021
|
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
BANKLARDAGI DEPOZIT HISOBVARAQLARDAN NAQD PUL TO‘LOVLARINI UZLUKSIZ TA’MINLASh KAFOLATLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-oktabrdagi PF-6325-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Tijorat banklari va ularning filiallari aholi hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning mablag‘larini depozitlarga jalb etib, ularni aylanmaga qo‘yib va shu hisobdan bank daromad olib, amalda omonatchilar hisobiga manfaat ko‘rib, ayni vaqtda o‘zlarining omonatchilar oldidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri majburiyatlarini aniq bajarmasdan, ularning qonuniy talablari va ehtiyojlariga befarq qarayotganliklari, buning ustiga omonatchilarning buyurtmalarini qondirish chog‘ida o‘z mavqeyini suiiste’mol qilib, ularning manfaatlarini pisand qilmasliklari mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holatlar deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining viloyat va shahar bo‘limlari faoliyatida ham xuddi shunday holatlar mavjuddir.
Shuni nazarda tutish kerakki, bunday munosabat banklarga nisbatan ishonchga putur yetkazmoqda, omonatchilarning asosli noroziligiga sabab bo‘lmoqda, aholi, tadbirkorlar va biznesmenlarni, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bo‘sh mablag‘larini tijorat banklaridagi depozitlarga qo‘yishni cheklab, ularni jalb etishni rag‘batlantirmaydi, naqd pulning bankdan tashqari aylanmasini qisqartirishga yordam bermaydi, butun pul muomalasi tizimini beqarorlashtirib mamlakatga katta iqtisodiy ziyon yetkazmoqda.
Ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni batamom tugatish, naqd pul muomalasini yanada mustahkamlash, naqd pul mablag‘larining bankdan tashqari aylanmasini qisqartirish, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning banklardagi depozit hisobvaraqlaridan naqd pullar banklar tomonidan uzluksiz berib borilishini ta’minlash maqsadida:
1. Tijorat banklari tomonidan aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bo‘sh pul mablag‘larini banklardagi depozit hisobvaraqlarga jalb etishni rag‘batlantirish hamda birinchi talab bo‘yicha ularning hisobvaraqlaridan naqd pullar cheklovsiz berilishini amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar qoniqarsiz deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari xodimlarining byurokratik, sansalorlik, loqaydlik va ta’magirlik hollarini juda qisqa muddatlarda tugatish uchun qonunda va amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda unga berilgan barcha ta’sir ko‘rsatish mexanizmlari va vositalaridan keng foydalansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklari 2005-yilning 1-sentabrigacha aholi, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, jismoniy va yuridik shaxslarga ularning talabi bo‘yicha naqd pullar uzluksiz berilishini ta’minlash maqsadida banklardagi depozit hisobvaraqlarda bo‘lgan pul mablag‘larini berish tartibi va amaldagi nizomni qayta ko‘rib chiqish borasida zarur choralar ko‘rsin.
Aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarga depozit hisobvaraqlardan naqd pullar uzluksiz berilishi tijorat banklarining chorak, yarim yillik va yillik ish yakunlarini sarhisob qilishda ular faoliyati samaradorligi va ishonchliligini baholashning eng muhim mezonlaridan biri deb hisoblansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklarining, ish yakunlarini ko‘rib chiqish vaqtida, aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarga banklarning depozit hisobvaraqlaridan naqd pullarni kechiktirmay to‘lash borasida o‘rnatilgan tartib bir necha marta (oyiga uch martadan ko‘proq) buzilgan taqdirda tijorat banklari hududiy bo‘limlari va filiallarining rahbarlari egallab turgan lavozimidan ozod qilinishi lozimligi to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
Naqd pul mablag‘lari uzluksiz berib borilishini ta’minlash uchun tijorat banklarining rahbarlari hamda mansabdor shaxslarini rag‘batlantirish va javobgarligini oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki naqd pul mablag‘lari berishni muntazam kechiktirish hollari mavjud bo‘lganida tijorat banklariga nisbatan qattiq javobgarlik choralari, hatto bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beradigan litsenziyani qaytarib olish choralarini qo‘llasin.
5. Naqd pullar uzluksiz to‘lanishini ta’minlash maqsadida:
tijorat banklari o‘z bo‘linmalarida naqd pul mablag‘lariga bo‘lgan talab tezkorlik bilan to‘ldirilishini va mijozlarning buyurtmalari qondirilishini ta’minlaydigan naqd pul zaxirasini yaratsin;
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki naqd pullarning mintaqaviy zaxira jamg‘armalarini tashkil qilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki:
tijorat banklarini ularning filiallari buyurtmalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi vakillik hisobvaraqlaridagi mablag‘lari doirasida, shu jumladan hisob-kitob-kassa markazlaridagi zaxira jamg‘armalari va aylanma kassa mablag‘lari hisobidan naqd pul mablag‘lari bilan cheklanmagan miqdorda ta’minlasin;
naqd pulga bo‘lgan talabni uzluksiz ta’minlashni nazarda tutgan holda respublika hududlari o‘rtasida naqd pullarni qayta taqsimlash ishlarini amalga oshirsin.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-martdagi PF-5684-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.03.2019-y., 06/19/5684/2708-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-martdagi PF-5684-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.03.2019-y., 06/19/5684/2708-son)
8. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning depozit hisobvaraqlaridan naqd pul so‘zsiz va cheklovsiz to‘lanishini ta’minlash borasidagi ishlarning ahvolini har chorakda umumlashtirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot berib borsin.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)
9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi:
bankdan tashqari aylanmani cheklash bo‘yicha qabul qilingan qarorlarning amalga oshirilishi, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan tovarlar sotish, ish va xizmat ko‘rsatishdan tushadigan naqd pul tushumlarini bank kassalariga to‘liq topshirilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin;
bank kassalariga topshirilgan naqd-savdo tushumi bilan chakana tovar oboroti va pulli xizmatlarni amaldagi hajmlari o‘rtasida mutanosiblik bo‘lishi, shuningdek chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi korxonalari nazorat-kassa mashinalari va hisob-kitob terminallaridan majburiy foydalanish ustidan qattiq nazorat o‘rnatsin. Plastik kartochkalardan foydalangan holda to‘lovni qabul qilishdan huquqqa zid tarzda bosh tortish faktlari aniqlangan hollarda aybdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlik chorasi ko‘rilsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Markaziy bank hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan amaldagi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar mazkur qarorning qoidalariga muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.
11. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Raisi F.M. Mullajonov zimmalariga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 5-avgust,
PQ-147-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 30-31-son, 227-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.01.2018-y., 06/18/5296/0534-son; 06.03.2019-y., 06/19/5684/2708-son)