Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.01.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Banklarning hisob siyosati va moliyaviy hisoboti toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2003-yil 3-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1270]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2021-yil 18-noyabrdagi 20/3-sonli “Tijorat banklarining hisob siyosati va moliyaviy hisobotlariga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3337, 27.11.2021-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunining 3, 7 va 51-moddalariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. “Banklarning hisob siyosati va moliyaviy hisoboti toʻgʻrisida” nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Buxgalteriya hisobi, hisoboti va Davlat budjetining kassa ijrosi departamenti (D.A. Oripov)ga ushbu banklarning hisob siyosati va moliyaviy hisoboti toʻgʻrisidagi nizomni 10 kun muddat davomida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etsin.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan soʻng 2004-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi.
4. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari M.R. Jumagaldiyevga yuklatilsin.
Markaziy bank Boshqaruvining raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2003-yil 19-iyul,
15/9-son
Oʻzbekiston Respublikasi
Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan
2003-yil 19-iyul, 15/9-son
“TASDIQLANGAN”
Banklarning hisob siyosati va moliyaviy hisoboti toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq tijorat banklarida (bundan buyon matnda — banklar) buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotning siyosati va tartibotlarini ishlab chiqish hamda joriy etish talablarini oʻrnatish maqsadida ishlab chiqilgan.
Buxgalteriya hisobining asos soluvchi qoidalari (prinsiplari) oʻzida qoidalar (prinsiplar), konsepsiyalar va taʼriflar majmuasini aks ettirib, moliyaviy axborotlarni aniq, bosqichma-bosqich, oʻz vaqtida, tushunarli ravishda aniqlashga, baholashga, hisobga olishga, shakllantirishga va taqdim etishga imkon beradi. Buxgalteriya hisobi oʻzida shunday jarayonni aks ettiradiki, uning natijasida buxgalteriya hisobi asosini tashkil etuvchi qoidalardan foydalangan holda foydali moliyaviy axborotlar shakllantiriladi. Moliyaviy hisobotlarning maqsadi boʻlib, foydalanuvchilarning keng doirasi uchun, ular tomonidan iqtisodiy qarorlarni qabul qilishda foydali boʻlgan axborotlarni, yaʼni bankning moliyaviy holati, faoliyati va moliyaviy holatidagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi axborotlarni taqdim etish hisoblanadi.
Ushbu jarayonni samarali amalga oshirish maqsadida talablarni manfaatdor shaxslarga moliyaviy axborotlarni taqdim etish nuqtai nazaridan koʻrib chiqish zarur. Ushbu talablar odatda ikki toifaga — moliyaviy axborotlar ichki foydalanuvchilar (bank rahbariyati) va tashqi foydalanuvchilar talablari boʻyicha boʻlinadi.
Ichki foydalanuvchilar rejalashtirish, qarorlar qabul qilish va nazoratni amalga oshirish boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishga yordam beruvchi qoʻshimcha boshqaruv va moliyaviy axborotlarni olish huquqiga ega boʻlsalar ham, moliyaviy hisobotlarda mavjud boʻlgan maʼlumotlarni olishdan manfaatdordirlar.
Tashqi foydalanuvchilar, foydalanuvchilarning keng doirasi tomonidan iqtisodiy qarorlarni qabul qilishda foydali boʻlishi mumkin boʻlgan bank faoliyati va koʻrsatkichlari, bankning moliyaviy holatidagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olishdan manfaatdordirlar. Moliyaviy hisobotlar aksariyat foydalanuvchilarning umumiy ehtiyojlarini qanoatlantirishi lozim.
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 41-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki banklarda buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot qoidalarini oʻrnatadi.
2. Mazkur Nizom faqat banklarning buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotiga tatbiq etilib, soliq solish masalalarini oʻz ichiga olmaydi, shuningdek tartibga solish, operatsion, nazorat qilish va hisob-kitoblarni amalga oshirish masalalarini koʻrib chiqmaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobining asosi boʻlib Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (bundan buyon matnda — MHXS) hisoblanadi. Banklar tomonidan chop qilinadigan moliyaviy hisobot, shuningdek buxgalteriya hisobi va hisoboti jarayonida banklar tomonidan foydalaniladigan asosiy prinsiplar (tamoyillari), konsepsiyalar va taʼriflar Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga va MHXSga muvofiq boʻlishi shart.
4. Markaziy bank banklarda buxgalteriya hisobining asos soluvchi prinsiplari (tamoyillari)ni va asosiy qoidalarini belgilaydi. Markaziy bankning buxgalteriya xisobini yuritish boʻyicha meʼyoriy hujjatlari buxgalteriya hisobining aniq tartibotlarini, yaʼni maʼlum bir maqsadlarga erishish uchun amalga oshiriladigan qadamlarning ketma-ketligi, bank tomonidan buxgalteriya operatsiyalarini olib borish usullari yoki shakllari belgilangan toʻplamini taqdim etish uchun moʻljallanmagan.
5. Markaziy bank tomonidan 1-ilovaga muvofiq buxgalteriya hisobi boʻyicha ishlab chiqiladigan meʼyoriy hujjatlar banklarda buxgalteriya hisobining prinsiplari (tamoyillari), konsepsiyalari va taʼriflarini qoʻllash boʻyicha qoidalar va yoʻnalishlarni taqdim etish uchun moʻljallangan. Ushbu prinsiplar (tamoyillar), konsepsiyalar va taʼriflar bankda imkon qadar avtomatlashtirilgan holda buxgalteriya hisobining barcha jarayonlarida bir xil tartibda va bosqichma-bosqich qoʻllanilishi kerak.
6. 1-ilova banklarda buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha meʼyoriy hujjatlar roʻyxatini koʻzda tutadi. Markaziy bankning meʼyoriy hujjatlari asosida banklar oʻzlarining hisob siyosatini va amaliyotlarning batafsil tartibotlarini ishlab chiqishlari lozim.
II. Buxgalteriya hisobining asos soluvchi prinsiplari (tamoyillari)ga koʻra ishni tashkil etish boʻyicha majburiyatlar
7. Buxgalteriya hisobining asos soluvchi prinsiplari (tamoyillari) maqsadlarini amalga oshirish uchun bank Kengashi, bank Boshqaruvi, bank buxgalteriya hisobi va ichki audit departamentlari (boshqarma, boʻlim) aniq majburiyatlari belgilanishi kerak.
8. Bank Kengashining koʻrsatmasiga koʻra bank Boshkaruvi bankni hisob faoliyati siyosatini va tartibotlarini tuzishda mazkur Nizomni qoʻllash boʻyicha masalalarni aniqlab olishi va taʼriflab berishi shart.
9. Banklar bank hisob siyosatining mazkur Nizomga muvofiq tuzilishi boʻyicha javobgardir.
10. Bankning tasdiqlangan hisob siyosati va tartibotlari bankning mansabdor shaxslari va xodimlari tomonidan bajarilishi shart va ularga buxgalteriya hisobining tegishli prinsiplari (tamoyillari)ni qoʻllashda va asoslanmagan qarorlarni qabul qilishdan chetlab oʻtishda yordam berishi kerak.
11. Bank boʻyicha standart usullarni bir hil tartibda va bosqichma-bosqich qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida bank Boshqaruvi tomonidan hisob tartibotlari tasdiqlanadi. Ushbu maqsadlarga samarali (muvaffaqiyatli) erishish uchun buxgalteriya hisobi jarayonining katta qismi avtomatlashtirilgan boʻlishi shart.
12. Barcha banklar oʻzlarining hisob faoliyatini tartibga soluvchi hujjatlarni ishlab chiqishlari va joriy etishlari shart. Zarur boʻlgan taqdirda Markazii bank MHXSga muvofiq ishlab chiqqan meʼyoriy hujjatlarni qoʻllash bilan bogʻliq boʻlgan texnik masalalar boʻyicha tushuntirishlar beradi.
1-§. Bankning kengashi
13. Bank Kengashi mazkur Nizom va Markaziy bankning 1-ilovaga muvofiq buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha boshqa meʼyoriy hujjatlaridan bankning hisob faoliyatida qoʻllanilishi uchun javobgardir.
14. Bank Kengashi hisob siyosati va tartibotlarini ishlab chiqish, shuningdek ularni qoʻllashni Boshqaruvning majburiyatlariga kiritishi kerak. Kengash hisob siyosatini tasdiqlaydi, hamda ularni Markaziy bank tomonidan buxgalteriya hisobi boʻyicha MHXSga muvofiq ishlab chiqilgan meʼyoriy hujjatlariga toʻliq mos kelishini taʼminlash maqsadida bir yilda kamida bir marta, 1-fevralgacha qaytadan koʻrib chiqadi.
15. Bank Kengashi tomonidan hisob siyosati va tartibotlarini ishlab chiqish boʻyicha vakolatlarni Boshqaruvga berilishi Kengashni bankning ushbu siyosat va tartibotlarini mazkur Nizomga muvofiq ishlab chiqilishini va bajarilishini taʼminlash majburiyatidan ozod qilmaydi.
16. Bankning Kengashi yillik moliyaviy hisobotlarini chop etishdan avval ularni tasdiqlashi kerak. Bunda, Kengash chop etilayotgan moliyaviy hisobotlarni Markaziy bank tomonidan MHXSga muvofiq ishlab chiqilgan meʼyoriy hujjatlarga toʻliq mos kelishini taʼminlash uchun barcha choralarni koʻrishi lozim.
2-§. Bank Boshqaruvi
17. Bank Boshqaruvi Markaziy bankning meʼyoriy hujjatlari talablariga muvofiq holda hisob tartibotlarini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun javobgardir.
18. Bank Boshqaruvi bankning moliyaviy hisobotlarini tuzish va taqdim qilish uchun javobgardir. Bank Boshqaruvi chiqarilayotgan moliyaviy hisobotlarni Markaziy bank tomonidan MHXSga muvofiq ishlab chiqilgan meʼyoriy hujjatlarga toʻliq mos kelishi uchun barcha zarur choralarni koʻrishi shart.
3-§. Bankning buxgalteriya hisobi departamenti (boshqarmasi, boʻlimi)
19. Bankning buxgalteriya hisobi departamenti (boshqarmasi, boʻlimi) mazkur Nizom va buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha bankning ichki siyosati bilan bogʻliq boʻlgan texnik masalalarni tegishli tarzda tushuntirish va toʻgʻri qoʻllash uchun javobgardir.
20. Bankning buxgalteriya hisobi departamenti (boshqarmasi, boʻlimi) Markaziy bank tomonidan MHXSga muvofiq ishlab chiqilgan buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha meʼyoriy hujjatlarini qoʻllashda tegishli ichki nazoratni, buxgalteriya hisobi va hisob jarayonlari uslubiyotini ishlab chiqishda, shuningdek ularni bank ichida joriy etish uchun javobgardir.
4-§. Bankning ichki auditi
21. Har bir bankning ichki auditi Markaziy bankning MHXSga muvofiq ishlab chiqilgan buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha meʼyoriy hujjatlarini qoʻllashda ichki nazoratni, hisob siyosatini va bankning tartibotlarini, buxgalteriya hisobi va hisob jarayonlarining uslubiyotini, ularni adekvatligi hamda ulardan bankda foydalanilishini tekshirish uchun javob beradi.
22. Ichki audit haqqoniy tekshirishni oʻtkazish, baholash va audit natijalari toʻgʻrisida bankni Kengashiga hisobotlarni taqdim etish yuzasidan javobgardir. Bunda, auditni hisobotlari asosida bankning Kengashi bankda bajarilishi majburiy boʻlgan tegishli qarorni qabul qiladi.
23. Ichki audit Kengashga tekshirish materiallarini, taklif va eʼtirozlarini yuboradi. Kengash Bank Boshqaruvidan auditorlar tomonidan aniqlangan kamchiliklarni va masalalarni hal etilishi boʻyicha davriy hisobotlarni talab qilishi shart.
Banklarning hisob siyosati va moliyaviy hisoboti toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Tijorat banklarida buxgalteriya xisobini yuritish boʻyicha meʼyoriy hujjatlar
Roʻyxati

Balans hisoboti

1.010*

Pul mablagʻlarining hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

1.020

Banklardan olinadigan mablagʻlarning hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

1.100

Moliyaviy instrumentlarning hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

1.300

Ssudalarning hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

1.400

Ijara hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

1.500

Asosiy vositalarning hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

1.600

Zaxiralarning hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

1.620

Qarz oluvchini garov mulkiga boʻlgan huquqidan mahrum qilish yoʻli bilan sotib olingan mulkning hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

1.650

Koʻchmas mulkka investitsiyalarning hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

1.700

Faktoring hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

1.750

Nomoddiy aktivlarning hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

1.800

Shuʼba xoʻjalik jamiyatlariga investitsiyalarning hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

1.810

Birlashgan xoʻjalik jamiyatlariga investitsiyalarning hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

1.820

Qoʻshma faoliyatda ishtirok etish ulushining hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

1.900

Aktivlarning qadrsizlanishi hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

2.010

Depozitlar hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

2.200

Qarz mablagʻlari hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

2.300

Xodimlarni mukofotlash hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

2.500

Daromad (foyda) soligʻi hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

2.600

Zaxiralar/shartli majburiyatlar hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

2.800

Uzoq muddatli qarzlar hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

3.000

Kapital hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

Foyda va zararlar toʻgʻrisida hisobot

4.100

Foizlar hisoblashning hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

4.200

Foizlarni oʻstirmaslik hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

4.400

Daromadlarning hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

4.500

Xarajatlarning hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

Boshqalar / Oshkor etish

9.010

Moliyaviy hisobotda maʼlumotlarni aks ettirish boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.030

Pul oqimlari toʻgʻrisidagi hisobotni tuzish boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.040

Davr uchun sof foyda yoki zarar hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.050

Oraliq moliyaviy hisobotni tuzish boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.050

Segment hisobot boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.060

Jamlanma moliyaviy hisobotni tuzish boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.100

Axborotni oshkor etish boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.110

Buxgalteriya balansini tuzish sanasidan keyin sodir boʻlgan voqealarning hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.120

Aloqador tomonlar toʻgʻrisidagi axborotlarni ochib berish boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.130

Aksiya boʻyicha foydaning hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.140

Fundamental xatolar hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.150

Hisob siyosatidagi oʻzgarishlarning hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.160

Tugatilayotgan faoliyatning hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.170

Pul moddalari hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.190

Iqtisodiyotning giperinflatsiya sharoitida moliyaviy hisobotlarni tuzish boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.200

Valyuta kurslarining oʻzgarishi munosabati bilan qayta baholash hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.220

Xorijiy faoliyat hisobotini qayta hisoblash boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.300

Moliyaviy vositalarni tan olish va baholash boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.330

Hosilaviy instrumentlarning hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.350

Xedjirlash hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.400

Hukumat grantlari va yordamlarining hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.410

Pudrat shartnomalarining hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.420

Qarzlar boʻyicha xarajatlar hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.500

Kompaniyalarning birlashishi hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

9.900

Balansdan tashqari moddalarning hisobi boʻyicha meʼyoriy hujjat

Hisobvaraqlar rejasi

10.100

Hisobvaraqlar rejasi

* Shartli raqamlash keltiriladi