Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
DINIY JAMOALAR, OQIMLAR VA GURUHLAR FAOLIYATINING QONUNIYLIGINI OʻRGANISh BOʻYIChA IDORALARARO MUVOFIQLAShTIRUVChI KOMISSIYANI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oxirgi vaqtda ayrim diniy jamoalar, oqim va guruhlarning vakillari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi va “Jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi Qonunlar talablariga zid xatti-harakatlarga yoʻl qoʻyilishi, xorijdan mamlakatda barqaror muhitni izdan chiqarish niyatidagi guruhlarning qonunsiz kirib kelishi, dinni niqob qilib fuqarolarning hayoti va mulkiga qarshi qaratilgan ogʻir jinoyatlarning sodir etilishi oqibatida konstitutsiyaviy tuzum va jamoat xavfsizligiga tahdid solinmoqda.
Respublikada barqaror ijtimoiy-siyosiy muhitni saqlab qolish, diniy koʻrinishdagi ekstremizm va terrorchilikka yoʻl qoʻymaslik hamda amaldagi qonunlarga rioya etilishini taʼminlash maqsadida:
1. Mamlakatda mavjud boʻlgan barcha diniy jamoa, oqim va guruhlar faoliyatining qonuniyligini oʻrganish va amaldagi qonun talablariga moslashtirish boʻyicha 1 va 2-ilovalarga* koʻra idoralararo muvofiqlashtiruvchi komissiya hamda uning tarkibida ishchi guruhlari tuzilsin.
* 1, 2-ilovalar berilmaydi.
2. Komissiya va ishchi guruhlarining asosiy vazifasi tariqasida quyidagilar belgilansin:
amalda boʻlgan qonun talablari doirasida islom, xristian, budda va boshqa barcha dinlarga qarashli jamoalar, oqimlar, guruhlarni xatlash hamda qaytadan roʻyxatdan oʻtkazish, qonunsiz faoliyat koʻrsatayotgan jamoa, oqim va guruhlarning faoliyatini toʻxtatish;
ekstremistik yoʻnalishdagi huquqqa zid harakat qilayotgan diniy guruhlarni aniqlash, ularni bartaraf etish yuzasidan qatʼiy choralar koʻrish;
aholi orasida diniy va milliy nizolarni keltirib chiqarish holatlarining oldini olish yuzasidan choralar koʻrish haqida joylardagi davlat hokimiyati idoralariga zarur tavsiyalar berish;
huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda terrorchilik va ekstremizmni targʻib qilishga, xorijdan shu maqsadda mamlakatga daʼvatchilarning qonunsiz kirib kelishiga qarshi qatʼiy choralar koʻrish:
joylardagi ommaviy axborot vositalari, rasmiy diniy tashkilotlar bilan birgalikda noqonuniy diniy oqim va guruhlarning faoliyati, dinning terrorchilik, ekstremizm va boshqa jinoiy koʻrinishlarga zid ekanligi haqida aholi orasida keng tushuntirish ishlarini tashkil etish;
diniy jamoalar, oqimlar va guruhlar faoliyatini tartibga soluvchi amaldagi qonunlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlash.
3. Idoralararo muvofiqlashtiruvchi komissiyaning qarorlari joylardagi davlat hokimiyati, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa idoralar uchun majburiy ekanligi belgilab qoʻyilsin.
4. Amalga oshirilgan ishlarning natijalari yuzasidan komissiya uch oylik muddatda Respublika Prezidentiga batafsil axborotnoma taqdim etsin.
5. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi U.Ch. Hudoyqulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 21-aprel,
PF-1989-son