Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 10.11.2006
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oldingi tahrirga qarang.
ISTE’MOLChILARNING HUQUQLARINI HIMOYA QILISh va reklama TO‘G‘RISIDAGI QONUN HUJJATLARI BUZILGANLIGI UChUN MONOPOLIYAGA QARShI FAOLIYATNI AMALGA OShIRUVChI DAVLAT ORGANI TOMONIDAN SOLINADIGAN JARIMALARNI XO‘JALIK YuRITUVChI SUBYEKTLARGA QO‘LLASh TARTIBINI TASDIQLASh HAQIDA
(hujjat nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-martdagi 123-sonli qarori tahririda)
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-noyabrdagi 235-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (“Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtirilganligi hamda ularning moliyaviy javobgarligi erkinlashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi O‘RQ-59-son Qonuni)”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Oldingi tahrirga qarang.
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 27-moddasining iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi uchun jarimalar solishga oid qismini “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
(muqaddima O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-martdagi 123-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
1. Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi uchun monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organi tomonidan solinadigan jarimalarni xo‘jalik yurituvchi subyektlarga qo‘llash tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-martdagi 123-sonli qarori tahririda)
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosari B. S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 26-avgust,
370-son
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil
26-avgustdagi 370-son qaroriga
ILOVA
Oldingi tahrirga qarang.
Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi uchun monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organi tomonidan solinadigan jarimalarni xo‘jalik yurituvchi subyektlarga qo‘llash
(ilova nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-martdagi 123-sonli qarori tahririda)
TARTIBI
Oldingi tahrirga qarang.
1. Mazkur Tartib “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 27-moddasini va “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 29-moddasini bajarish yuzasidan ishlab chiqilgan.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-martdagi 123-sonli qarori tahririda)
2. Mazkur Tartibning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘z faoliyatini amalga oshiruvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar (ishlab chiqaruvchi, ijrochi, sotuvchiga, ularning idoraviy bo‘ysunishi va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, joriy etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Tartibning amal qilishi jismoniy shaxslarga nisbatan tatbiq qilinmaydi, mazkur Tartibning 3-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno
(2-bandning ikkinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 27-oktabrdagi 467-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 20-son, 196-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Tartibda nazarda tutilmagan iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini, shuningdek reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun yuridik shaxs bo‘lmagan holda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslardan jarimalar undirish O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga muvofiq amalga oshiriladi.
(2-bandning uchinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 27-oktabrdagi 467-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 20-son, 196-modda)
3. Monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organi (O‘zbekiston Respublikasi Davlat monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi) iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining quyidagi buzilishlari uchun ishlab chiqaruvchiga, ijrochiga va yuridik shaxs bo‘lgan sotuvchiga:
a) yaroqlilik muddati o‘tib ketgan yoki qonun hujjatlarida yaroqlilik muddatlari majburiy ravishda ko‘rsatilishi belgilangan yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan tovarlarni sotish uchun qabul qilganlik va sotganlik uchun eng kam oylik ish haqining besh yuz baravari miqdorida;
b) tovarning sotib olinganligini yoki ishning haqi to‘langanligini tasdiqlovchi, tovar (ish, xizmat)ning bahosi haqidagi ma’lumot ko‘rsatilgan kassa va tovar cheklari hamda boshqa hujjatlar iste’molchiga berilmasdan tovarlar sotilganligi yoki xizmatlar ko‘rsatilganligi uchun eng kam oylik ish haqining yuz baravari miqdorida;
v) iste’molchilar huquqlarining quyidagi buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi yozma ko‘rsatmalarni bajariщdan bo‘yin tovlangan yoki ular o‘z vaqtida bajarilmagan hollarda:
ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) to‘g‘risidagi zarur axborot, tovar (ish, xizmat) to‘g‘risidagi axborot mavjud emasligi, shuningdek tovarni almashirish tartibi va shartlari bajarilmaganligi uchun eng kam oylik ish haqining yetmish baravari miqdorida;
tovar (ish, xizmat) to‘g‘risida ishonchli bo‘lmagan yoki yetarlicha to‘liq bo‘lmagan axborot berilganligi, kafolat muddati belgilanadigan tovarlar kafolat majburiyatlarisiz sotilganligi va tovarlarning ayrim turlarini sotish (xizmatlar ko‘rsatish)ning belgilangan tartibda tasdiqlanadigan tartibi talablari buzilishining boshqa hollari uchun eng kam oylik ish haqining ellik baravari miqdorida jarima solishga haqlidir.
Monopoliyaga qarshi davlat organi (O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi) mazkur bandning “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun tayyorlovchiga, ijrochiga va jismoniy shaxs bo‘lgan sotuvchiga eng kam oylik ish haqining yuz baravari miqdorida jarima solishga haqlidir.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 27-oktabrdagi 467-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 20-son, 196-modda)
4. Monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organi (O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi) reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganliklari uchun reklama beruvchilarga, reklama tayyorlovchilarga va uni tarqatuvchilarga:
(4-bandning birinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 24-oktabrdagi 412-sonli qarori tahririda)
a) noto‘g‘ri reklama, tashqi reklamani joylashtirish tartibiga rioya qilinmaganligi va aksilreklama berish rad etilganligi uchun eng kam oylik ish haqining yuz baravari miqdoridan besh yuz baravari miqdorigacha;
b) “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 27-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan davlat organlariga reklamaga tegishli ma’lumotlar belgilangan muddatda taqdim etilmaganligi uchun eng kam oylik ish haqining qirq baravari miqdoridan ellik baravari miqdorigacha;
v) reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishlarini to‘xtatish to‘g‘risidagi yozma ko‘rsatmalar o‘z vaqtida bajarilmaganligi uchun eng kam oylik ish haqining yuz baravari miqdorigacha jarima solishga haqlidir.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Mazkur Tartibning 3-bandi “b”, “v” va “g” kichik bandlarida, shuningdek, 4-bandi “b” va “v” kichik bandlarida nazarda tutilgan hollarda jarimalar monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy organlari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari tomonidan mustaqil ravishda solinadi, mazkur Tartibning 3-bandi “a” kichik bandida va 4-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan hollarda esa Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi raisi va uning o‘rinbosarlari bilan kelishilgan holda solinadi.
(4-band 5-band deb hisoblanib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-martdagi 123-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 10-oktabrdagi 225-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan— O‘R QHT, 2005-y., 41-42-son, 317-modda)
6. Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi uchun ishlab chiqaruvchiga (ijrochiga, sotuvchiga) solingan jarimalar so‘zsiz tartibda undirib olinadi,
Oldingi tahrirga qarang.
Mazkur Tartibning 3-bandida nazarda tutilgan iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi uchun ishlab chiqaruvchiga (ijrochiga, sotuvchiga) solinadigan jarimalar miqdori O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining maxsus budjetdan tashqari schyotida Narxlarni boshqarish jamg‘armasida jamlanadi va ulardan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Narxlarni boshqarish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 1997-yil 22-iyuldagi 368-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
(6-bandning ikkinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 24-oktabrdagi 412-sonli qarori tahririda)
Monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organi xo‘jalik yurituvchi subyektga jarimani bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish huquqiga egadir, basharti jarima solish to‘g‘risidagi qarorni darhol bajarish uning bankrot bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lsa.
7. Monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organi tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga jarima solinishi ularning mansabdor shaxslarini O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikdan ozod qilmaydi.
8. Jarima to‘lash xo‘jalik yurituvchi subyektlarni ular tomonidan yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq to‘ldirilishidan ozod qilmaydi.
9. Tovar (ish, xizmat)larni ishlab chiqaruvchilar (ijrochilar, sotuvchilar) monopoliyaga qarshi faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organi qarorlarini to‘liq yoki qisman haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishga haqlidirlar.
Ariza berilishi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi uchun jarima solish haqidagi qarorlar ijro etilishini to‘xtatib qo‘ymaydi, basharti ko‘rsatib o‘tilgan qarorning bajarilishi to‘xtatib turilishi to‘g‘risida sud tomonidan ajrim chiqarilmagan bo‘lsa.