|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.01.2025
|
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining
Buyrug‘i
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BUXGALTERIYA HISOBI MILLIY STANDARTI (15-SON BHMS) “BUXGALTERIYA BALANSI”NI TASDIQLASH HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2003-yil 20-martda 1226-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 130-sonli “O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (1-sonli BHMS) “Moliyaviy hisobotni taqdim etish va hisob siyosati”ni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3544, 06.08.2024-y.) asosan 2025-yil 1-yanvardan o‘z kuchini yo‘qotadi.
1. O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (15-son BHMS) “Buxgalteriya balansi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab 10 kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2003-yil 12-mart,
45-son
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
BUXGALTERIYA HISOBINING MILLIY STANDARTI 15-SON BHMS
BUXGALTERIYA HISOBINING MILLIY STANDARTI 15-SON BHMS
“BUXGALTERIYA BALANSI”
Mazkur Buxgalteriya hisobi milliy standarti (BHMS) O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan ishlab chiqildi hamda O‘zbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini me’yoriy tartibga solish elementi hisoblanadi.
1-§. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur standartning maqsadi buxgalteriya balansida aktivlar, o‘z sarmoyasi va majburiyatlarning mohiyati va taqdim etilishini belgilash hisoblanadi. Standart moliyaviy hisobotning tarkibiy qismi sifatida buxgalteriya balansini topshirish chog‘ida oshkor qilinadigan axborotga qo‘yiladigan talablarni o‘z ichiga oladi. Ushbu talablar boshqa standartlarda mavjud bo‘lgan hamda buxgalteriya hisobining o‘ziga xos muammolarini qamrab oladigan oshkor qilish talablariga muvofiq to‘ldirilishi mumkin.
2. Buxgalteriya balansi moliyaviy hisobotning tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi, xo‘jalik yurituvchi subyektning mulkiy va moliyaviy ahvoli haqidagi axborotni to‘playdi hamda oshkor qiladi.
3. Xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan (budjet tashkilotlari, banklar va boshqa kredit tashkilotlari bundan mustasno) buxgalteriya balansini tayyorlash va oshkor qilish jarayonida mazkur standart talablari bajarilishi lozim.
2-§. AXBOROTNI OSHKOR QILISHNING ASOSIY QOIDALARI
4. Buxgalteriya balansidagi barcha axborot to‘g‘ri oshkor qilinishi va foydalanuvchilarga tushunarli bo‘lishi kerak. Zarur hollarda buxgalteriya balansiga kiritiladigan moddalar ularni tushuntirib beradigan axborotlar bilan to‘ldiriladi.
5. Buxgalteriya balansining manzil qismida xo‘jalik yurituvchi subyektning hisobot sanasi, nomi, tarmog‘i, mulk shakli, tashkiliy-huquqiy shakli va to‘liq yuridik manzili, xo‘jalik yurituvchi subyekt egaligida bo‘lgan organning nomi, buxgalteriya balansini tayyorlash chog‘ida foydalanilgan o‘lchov birligi ko‘rsatilishi shart.
6. Buxgalteriya balansi hisobot davri boshidagi va oxiridagi tegishli ma’lumotlarni oshkor qilishi kerak.
7. Joriy aktivlar va joriy majburiyatlar moddalari saldolanmaydi. Buxgalteriya balansining ayrim moddalari boshqa moddalarga kiritilmaydi va ular bilan saldolanmaydi.
8. Buxgalteriya balansida uzoq muddatli va joriy aktivlar, o‘z sarmoyasi, uzoq muddatli va joriy majburiyatlar hamda ularni oshkor qilish xo‘jalik yurituvchi subyektning moliyaviy ahvolini tahlil qilishda moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilar uchun yordam bera oladigan axborotdan iborat bo‘ladi.
9. Buxgalteriya balansida uzoq muddatli va joriy aktivlar, xususiy sarmoya, uzoq muddatli va joriy majburiyatlarning umumiy summasi oshkor qilinishi kerak.
10. Uzoq muddatli va joriy aktivlar, xususiy sarmoya, uzoq muddatli va joriy majburiyatlar tushunchalari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 1998-yil 26-iyulda 17-07/86-son bilan tasdiqlangan Moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etish uchun konseptual asosda (ro‘yxat raqami 475, 1998-yil 14-avgust, “O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi”, 1999-yil, 5-son) hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida 1998-yil 26-iyulda 17-07/85-son bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Buxgalteriya hisobi milliy standarti (1-son BHMS) “Hisob siyosati va moliyaviy hisobot”da (ro‘yxat raqami 474, 1998-yil 14-avgust, “O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi”, 1999-yil, 5-son) keltirilgan.
3-§. UZOQ MUDDATLI AKTIVLAR
11. “Uzoq muddatli aktivlar” bo‘limida asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar qiymati, uzoq muddatli investitsiyalar, o‘rnatiladigan uskunalar, kapital qo‘yilmalar, uzoq muddatli debitorlik qarzlari va muddati kechiktirilgan uzoq muddatli xarajatlar summalari oshkor qilinishi kerak.
12. O‘zbekiston Respublikasining Buxgalteriya hisobi milliy standarti (5-son BHMS) “Asosiy vositalar” (ro‘yxat raqami 1299, 2004-yil 20-yanvar) hamda O‘zbekiston Respublikasining Buxgalteriya hisobi milliy standarti (7-son BHMS) “Nomoddiy aktivlar”ga (ro‘yxat raqami 1485-son, 2005-yil 27-iyun) ko‘ra asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar boshlang‘ich (tiklash) qiymati, eskirish (amortizatsiya) summasi, qoldiq qiymati bo‘yicha oshkor qilinishi lozim.
13. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida 1998-yil 25-dekabrda 65-son bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Buxgalteriya hisobi milliy standarti (12-son BHMS) “Moliyaviy investitsiyalar hisobi”ga (ro‘yxat raqami 596, 1999-yil 16-yanvar, “O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi”, 1999-yil, 6-son) ko‘ra uzoq muddatli investitsiyalar qimmatli qog‘ozlar qiymati, shu’ba xo‘jalik jamiyatlariga investitsiyalar, tobe xo‘jalik jamiyatlariga investitsiyalar, xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi korxonalarga investitsiyalar va boshqa uzoq muddatli investitsiyalar summalari bo‘yicha oshkor qilinishi kerak.
5-§. JORIY AKTIVLAR
14. “Joriy aktivlar” bo‘limida tovar-moddiy zaxiralar, kelgusi davrlar xarajatlari, muddati kechiktirilgan xarajatlarning joriy qismi, debitorlik qarzlari, pul mablag‘lari, qisqa muddatli moliyaviy qo‘yilmalar va boshqa joriy aktivlar summalari oshkor qilinishi kerak.
15. O‘zbekiston Respublikasining Buxgalteriya hisobi milliy standarti (4-son BHMS) “Tovar-moddiy zaxiralar”ga (ro‘yxat raqami 1595, 2006-yil 17-iyul) muvofiq tovar-moddiy zaxiralarga quyidagi alohida oshkor qilinadiganlar kiritiladi:
a) ishlab chiqarish jarayonida yoki ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishda foydalanish uchun mo‘ljallangan xom ashyo, xarid qilinadigan yarim tayyor mahsulotlar va butlovchi buyumlar, yoqilg‘i, idish, ehtiyot qismlar, inventar va xo‘jalik anjomlari, boshqa materiallar zaxiralarini, parvarish qilinayotgan va bo‘rdoqiga boqiladigan hayvonlar, materiallarni tayyorlash va xarid qilish bo‘yicha xarajatlar, materiallar qiymatidagi tafovutlarni o‘z ichiga oladigan ishlab chiqarish zaxiralari;
b) tugallanmagan asosiy ishlab chiqarish, xususiy ishlab chiqarishdagi yarim tayyor mahsulotlar, tugallanmagan yordamchi va boshqa ishlab chiqarishlar, ishlab chiqarishdagi brakni o‘z ichiga oladigan tugallanmagan ishlab chiqarish;
v) tayyor mahsulot;
d) tovarlar.
16. Debitorlik qarzlari bo‘yicha xaridor va buyurtmachilarning qarzlari, alohida bo‘linmalar qarzlari, shu’ba va tobe xo‘jalik jamiyatlari qarzlari, xodimlarga berilgan bo‘naklar, yetkazib beruvchilar va pudratchilarga berilgan bo‘naklar, budjetga soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha bo‘nak to‘lovlari, davlat maqsadli jamg‘armalariga va sug‘urta bo‘yicha bo‘nak to‘lovlari, ustav sarmoyasiga qo‘yilmalar bo‘yicha ta’sischilarning bo‘nak to‘lovlari, boshqa operatsiyalar bo‘yicha xodimlar qarzlari hamda boshqa debitorlar qarzlari summalari oshkor qilinishi kerak.
17. Pul mablag‘lari bo‘yicha kassadagi naqd pul mablag‘lari qoldig‘i, hisob-kitob schyotidagi pul mablag‘lari, valyuta schyotidagi pul mablag‘lari va boshqa pul mablag‘lari (bankdagi maxsus schyotlar, pul ekvivalentlari, yo‘ldagi (o‘tkaziladigan) pul mablag‘lari) summalari oshkor qilinishi lozim.
6-§. O‘Z SARMOYASI (O‘Z SARMOYASI MANBALARI)
18. “Xususiy sarmoya” bo‘limida ustav sarmoyasi, qo‘shilgan sarmoya, zaxira sarmoya, sotib olingan o‘z aksiyalari, taqsimlanmagan foyda (qoplanmagan zarar), maqsadli tushumlar hamda bo‘lg‘usi xarajatlar va to‘lovlar zaxiralari oshkor qilinishi kerak.
7-§. MAJBURIYATLAR
19. “Majburiyatlar” bo‘limida uzoq muddatli va joriy majburiyatlar bo‘yicha axborotlar alohida oshkor etilishi lozim.
20. Uzoq muddatli majburiyatlar bo‘yicha yetkazib beruvchilar va pudratchilarga uzoq muddatli qarzlar, alohida bo‘linmalarga uzoq muddatli qarzlar, shu’ba va tobe xo‘jalik jamiyatlariga uzoq muddatli qarzlar, muddati kechiktirilgan uzoq muddatli daromadlar, soliqlar va majburiy to‘lovlar bo‘yicha muddati kechiktirilgan majburiyatlar, boshqa uzoq muddatli kechiktirilgan majburiyatlar, xaridorlar va buyurtmachilardan olingan bo‘naklar, uzoq muddatli bank kreditlari, uzoq muddatli qarzlar va boshqa uzoq muddatli kreditorlik qarzlari summalari ko‘rsatilishi kerak.
Foiz stavkalari umumlashuvi, shartnoma majburiyatlarini qoplash shartlari, qoplash navbatliligi, muomala shartlarini umumlashtirish hamda mukofot va diskont summalari buxgalteriya balansi qismida tushuntirish xatida ko‘rsatilishi lozim.
21. Joriy majburiyatlar bo‘yicha yetkazib beruvchilar va pudratchilarga qarzlar, alohida bo‘linmalarga qarzlar, shu’ba va tobe xo‘jalik jamiyatlariga qarzlar, muddati kechiktirilgan daromadlar, soliqlar va majburiy to‘lovlar bo‘yicha muddati kechiktirilgan majburiyatlar, boshqa muddati kechiktirilgan majburiyatlar, olingan bo‘naklar, budjetga to‘lovlar bo‘yicha qarzlar, sug‘urtaga oid qarzlar, davlat maqsadli jamg‘armalaridan to‘lovlarga oid qarzlar, ta’sischilardan qarzlar, mehnatga haq to‘lashga oid qarzlar, qisqa muddatli bank kreditlari, qisqa muddatli qarzlar, uzoq muddatli majburiyatlarning joriy qismi va boshqa kreditorlik qarzlari summalari oshkor qilinadi.
22. Agar korxona kredit bitimiga binoan uzoq muddatliligi asosida majburiyatlarni qayta moliyalashni nazarda tutayotgan bo‘lsa, uzoq muddatli majburiyatlarning joriy ulushi joriy majburiyatlardan chiqarib tashlanadi. Bunday holda majburiyatlar summasi va qayta moliyalash shartlari oshkor etilishi kerak.
9-§. BUXGALTERIYA BALANSI QISMIDAGI TUSHUNTIRISHLAR
23. Buxgalteriya balansi qismidagi tushuntirishlar buxgalteriya balansidan foydalanuvchilarni amalda korxonaning mulkiy va moliyaviy ahvolini baholash uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha ma’lumotlar bilan ta’minlashi lozim, ularga shu jumladan:
a) aktivlarga mulk huquqlaridagi cheklashlar;
b) majburiyatlar bo‘yicha berilgan kafolatlar;
v) shartli (ko‘zda tutilmagan) aktivlar va majburiyatlar, imkon qadar miqdor ko‘rinishida;
g) bo‘lg‘usi uzoq muddatli investitsiyalarni moliyalash uchun mo‘ljallangan mablag‘lar kiradi.
24. Buxgalteriya balansi qismidagi tushuntirish xati O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida 1998-yil 26-iyulda 17-07/86-son bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Buxgalteriya hisobi milliy standarti (1-son BHMS) “Hisob siyosati va moliyaviy hisobot” (ro‘yxat raqami 474, 1998-yil 14-avgust, “O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi”, 1999-yil, 5-son) talablariga muvofiq tuziladi.