|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.02.2021
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VA POLSHA RESPUBLIKASI O‘RTASIDAGI HUKUMATLARARO BITIMLAR DOIRASIDAGI LOYIHALARNI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi va Polsha Respublikasi o‘rtasida moliya va investitsiya hamkorligini rivojlantirish to‘g‘risida erishilgan ahdlashuvlarning amalga oshirilishini ta’minlash, jalb etilayotgan kreditlarni samarali o‘zlashtirish va o‘z vaqtida qaytarishni tashkil qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Polsha Respublikasi Hukumati o‘rtasida quyidagi shartlarda jami 30 mln AQSH dollari miqdorida kreditlar berish to‘g‘risida Bitimlar imzolanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin:
kasb-hunar ta’limini rivojlantirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kontraktlar qiymatining 90 foizini moliyalashtirish uchun 0,16 foiz yillik foiz stavkasi bo‘yicha, ikki yillik imtiyozli davr bilan birga 17 yil muddatga 15 mln AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli kredit;
Oldingi tahrirga qarang.
turizm infratuzilmasini rivojlantirish hamda kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kontraktlar qiymatining 85 foizini moliyalashtirish uchun LIBOR+1 foizli stavka bo‘yicha, ikki yillik imtiyozli davr bilan birga 12 yil muddatga 15 mln AQSH dollari miqdoridagi tijorat krediti.
(1-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 17-yanvardagi 28-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 3-son, 31-modda)
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi — berilayotgan kreditlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan qarz oluvchi etib;
“Bank Gospodarstva va Krayevogo” (Polsha Respublikasi) bilan imzolangan Bitimlar shartlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki — mazkur kreditlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha moliyaviy agent etib;
avans to‘lovini to‘lash, asosiy qarzni uzish va imtiyozli kreditga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish bo‘yicha — davlat budjeti mablag‘lari, tijorat krediti bo‘yicha esa — subqarz oluvchilarning o‘z mablag‘lari to‘lov manbalari etib belgilansin.
3. Imtiyozli kredit mablag‘lari hisobiga o‘quv va texnologiya anjomlari yetkazib beruvchi korxonalarni Polsha Respublikasi vakolatli organlari bilan birgalikda tanlab olish bo‘yicha idoralararo ishchi guruh tarkibi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ekspertiza natijalari bo‘yicha va loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslashlari tasdiqlangach tegishli subqarz oluvchilar bilan kredit bitimlarini belgilangan tartibda imzolasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Polsha Respublikasi kredit liniyalari bo‘yicha moliyalashtiriladigan loyihalarning O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturiga belgilangan tartibda kiritilishini ta’minlasin.
6. Quyidagilar:
Polsha Respublikasi kredit liniyalari hisobiga moliyalashtiriladigan loyihalar doirasida import bo‘yicha olib kelinayotgan tovarlar, ishlar (xizmatlar), loyihalarni amalga oshirish davrida bojxona to‘lovlaridan (bojxonada rasmiylashtirish yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinsin;
“Bank Gospodarstva Krayevogo”ning (Polsha Respublikasi) Polsha Respublikasi kreditlarini berish to‘g‘risidagi Bitim doirasida olingan daromadlari O‘zbekiston Respublikasidagi to‘lov manbaida daromad (foyda) solig‘i to‘lashdan ozod qilinsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi buyurtmanomasiga ko‘ra Polsha Respublikasi kredit liniyalari bo‘yicha moliyalashtiriladigan loyihalarni amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga kelish vizalari konsullik yig‘imlari undirilmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi buyurtmanomasiga ko‘ra Polsha Respublikasi kredit liniyalari bo‘yicha moliyalashtiriladigan loyihalarni amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga ko‘p martalik vizalar berilishini va vizalarning muddati uzaytirilishini, shuningdek ularning O‘zbekiston Respublikasida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazilishini va vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini davlat boji to‘lashdan ozod qilgan holda ta’minlasin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari E.M. G‘aniyev va R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 14-avgust,
353-son