Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 10.12.2018
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QIShLOQ VA SUV XO‘JALIGI VAZIRLIGI HUZURIDA BOShOQLI DON EKINLARI URUG‘ChILIGI RESPUBLIKA BOShQARMASINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq va suv xo‘jaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 17-apreldagi PF-5418-son Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 17-apreldagi PQ-3671-son qarori, “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 17-apreldagi PQ-3672-son qarori)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Boshoqli Don ekinlarining o‘zimizda yetishtirilgan urug‘larining mustahkam asosini yaratish, respublika xo‘jaliklarini boshoqli don ekinlari yuqori hosilli navlarining sifatli urug‘ligi bilan kafolatli ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi:
xodimlarning umumiy soni doirasida vazirlik huzurida Boshoqli don ekinlari urug‘chiligi respublika boshqarmasini tashkil etsin;
o‘n kun muddatda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Boshoqli don ekinlari urug‘chiligi respublika boshqarmasi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda Andijon don va dukkakli don ekinlari ilmiy-tadqiqot, institutining yuridik shaxs huquqiga ega bo‘lgan Qoraqalpog‘iston respublika va viloyatlar filiallarini hamda davlat nav sinash uchastkalarini xo‘jaliklar negizida 1-ilovaga* muvofiq tashkil etsin.
* 1-ilova berilmaydi.
Ko‘rsatib o‘tilgan institutning Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 25-avgustdagi 413-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan Qoraqalpog‘iston, Farg‘ona, Buxoro, Sirdaryo, Surxondaryo, Xorazm bo‘limlari tugatilsin.
3. Andijon ilmiy-tadqiqot institutining filiallari tomonidan davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida bajariladigan ilmiy-texnika dasturlarini mablag‘ bilan ta’minlash “Fan” tarmog‘i bo‘yicha ajratiladigan budjet mablag‘lari va o‘z xo‘jalik faoliyati hisobiga amalga oshirilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qo‘mitasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi ilmiy ishlab-chiqarish markazi bilan birgalikda 1999-yilgi ilmiy-tadqiqot ishlari prognozida Andijon don ilmiy-tadqiqot instituti va uning filiallari tomonidan tegishli davlat ilmiy-texnika dasturlari bajarilishini nazarda tutsin.
5. “Elita” O‘zbekiston—Irlandiya qo‘shma korxonasi (“Elita” Q.K, Samarqand viloyati) tomonidan 1998-yilda boshoqli don ekinlarining 18 ming tonna elita va superelita urug‘lari yetishtirilganligi, 1999-yilda urug‘ yetishtirish hajmi 32,0 ming tonnaga yetkazilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
“O‘zdonmahsulot” davlat korporatsiyasi 1999-yil hosilidan boshlab Andijon viloyati xo‘jaliklaridan urug‘ sotib olish hajmini tegishli ravishda qisqartirgan holda ko‘rsatilgan urug‘ miqdorini “Elita” qo‘shma korxonasidan sotib olsin.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi 1999-yil hosilidan boshlab Boshoqli don ekinlari urug‘ini Samarqand viloyatida ishlab chiqarilgan hajmni hisobga olgan holda taqsimlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 17-iyundagi 168-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2009-y., 25-son, 288-modda)
7. Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi, Pensiya jamg‘armasi va Mehnat vazirligi bilan birgalikda:
1-ilovada ko‘rsatilgan xo‘jaliklarning budjet, Pensiya jamg‘armasi va Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish jamg‘armasi oldidagi qarzlarini qaytarishni 1998-yil 1-yanvardagi holatiga ko‘ra penya hisoblamasdan 3 yilga kechiktirsinlar;
budjetga muddatida to‘lanmagan to‘lovlar bo‘yicha hisoblangan penyalar 1998-yil 1-yanvardagi holatiga ko‘ra hisobdan chiqarilsin;
Andijon don ilmiy-tadqiqot instituti filiallariga almashlab ekish va qishloq xo‘jaligi ekinlari navini almashtirishning amaldagi sxemalari doirasida xo‘jaliklarning har bir filial uchun 300 gektargacha ajratiladigan yerlari yer solig‘i to‘lashdan 1999-yil 1-yanvardan boshlab 3 yilga ozod etilsin.
8. “O‘zdonmahsulot” davlat korporatsiyasi Andijon ilmiy-tadqiqot instituti filiallari va nav sinash uchastkalari tashkil etilgan xo‘jaliklarga va sinov o‘tkaziladigan boshqa xo‘jaliklarga boshoqli don ekinlarining istiqbolli va yuqori hosilli navlari urug‘larini 2-ilovaga* muvofiq yetkazib bersin.
* 2-ilova berilmaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda boshoqli don ekinlarining keng ishlab chiqarish sinovi o‘tkaziladigan xo‘jaliklarni aniqlasinlar.
9. “O‘zdonmahsulot” davlat korporatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda boshoqli don ekinlari urug‘larini qabul qiladigan, saqlaydigan va sotadigan ixtisoslashtirilgan don qabul qilish korxonalari ro‘yxatini aniqlasin, boshoqli don ekinlari urug‘larini esa faqat Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “O‘zdavurug‘nazoratmarkaz”ning xulosasi bo‘yicha sotsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari I.H. Jo‘rabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 7-avgust,
344-son