Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.12.2024
“TASDIQLAYMAN”
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri oʻrinbosari Sh.Abdullayev
1999-yil 26-yanvar
“TASDIQLAYMAN”
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari B. Yuldashev
Statsionar davolash-profilaktika muassasalarida budjet mablagʻlari hisobiga sotib olinadigan dori vositalari va tibbiy mahsulotlarni berish, hisobga olish va ulardan foydalanish ustidan nazorat qilish
TARTIBI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 18-fevralda 639-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
 LexUZ sharhi
Mazkur tartib Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 24-sentabrdagi 25-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3555, 25.09.2024-y.) asosan 2024-yil 28-dekabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Mazkur Tartib Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 14-yanvardagi 19-sonli “Dori vositalari va tibbiy mahsulotlarni sotishni tartibga solish haqida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, statsionar davolash-profilaktika muassasalarida budjet mablagʻlari hisobidan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot mahsulotlarni berish, hisobga olish va ulardan foydalanish nazoratini tashkil qilish umumiy uslublari va shakllarini eʼtiborga oladi, bu hujjat 1999-yilning 1-martidan amalga kiritiladi.
I. Umumiy qoidalar
1. Tibbiy sanitariya xizmatining kafolatlangan hajmi doirasida bepul xizmat koʻrsatuvchi statsionar davolash-profilaktika muassasalarida quyidagilar hisobga olinadi:
a) dori vositalari, damlama va vaksinalar, shifobaxsh oʻsimliklar xom ashyosi, shifobaxsh maʼdanli suvlar, dezinfeksiyalovchi moddalar, tikuv materiallari va boshqa tibbiy mahsulotlar;
b) qon, uning preparatlari va komponentlari;
v) reaktivlar, rentgen tasma, spirt va boshqalar;
g) bogʻlash materiallari: doka, bint, paxta, siquvchi kleyonka va qogʻoz, alegnin va boshqalar;
d) yordamchi materiallar: mumlangan, pergament va filtrlovchi qogʻozlar, qogʻoz quti va xaltachalar, kapsula va gʻiloflar, qalpoqcha, tiqin, iplar, signaturalar, yorliq, rezina doirachalar, qatron va retseptur bankalari;
e) xarid qilingan dori vositalarining narxiga qoʻshilmay, toʻlov varaqalarida alohida koʻrsatilgan idishlar: 500 ml va undan kattaroq hajmli sklyanka va bankalar, shisha idishlar, bidonlar, quti va qaytariladigan idishlar.
2. Dori vositalari va tibbiy mahsulotlar shifoxona dorixonasidan quyidagi maqsadlar uchun tarqatiladi:
ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan kasalliklar va atrofdagilar uchun xavf tugʻdiruvchi kasalliklar (sil, onkologik, ruhiy, narkologiya, endokrin, infeksiyaviy, tanosil, OITS, moxov va kasb kasalliklariga chalingan shaxslar)ga maxsus tibbiy yordam koʻrsatish;
aholiga davolash-profilaktika muassasalarida shoshilinch, tez tibbiy yordam koʻrsatish;
bolalarni tekshiruvdan oʻtkazish va davolash (pullik shifoxonalardan tashqari);
chaqiruv komissiyasi yoʻllanmalari boʻyicha 18 — 27 yoshli chaqiriluvchi shaxslarni va 15 — 17 yoshli oʻsmirlarni tekshiruvdan oʻtkazish va davolash;
tugʻishga yordam beruvchi xizmatlar koʻrsatish (pul toʻlanadigan muassasalardan tashqari);
davlat davolash-profilaktika muassasalarida imtiyozli toifalarga mansub bemorlar (nogiron, urush faxriylari, chin yetimlar)ni davolash.
3. Mazkur Tartibning 1-bandida sanab oʻtilgan dori vositalari va tibbiy mahsulotlarning hisobi muassasalar tarkibida dorixona mavjud yoki mavjud emasligiga qarab har xil olib boriladi.
II. Shifoxona tarkibida ichki dorixonasi boʻlgan davolash-profilaktika muassasalarida dori vositalari va tibbiy mahsulotlarning hisobini olib borish
4. Shifoxona tarkibida ichki dorixonasi boʻlgan statsionar davolash-profilaktika muassasalarida dori vositalari va tibbiy mahsulotlarni berish, hisobga olish va ulardan foydalanishni nazorat qilish Sogʻliqni saqlash vazirligining amaldagi yoʻriqnomasiga muvofiq olib boriladi.
5. Bir vaqtning oʻzida boʻlimning katta hamshirasi dorixonadan olingan dori vositalari hisobini olib borish uchun “Olingan dorilarni hisobga olish jurnali”ni yuritadi, bu jurnalda qaysi bemorlar uchun dori olingan boʻlsa, ularning familiya, ism, otasining ismlari va kasallik varaqalarining tartib raqamlarini roʻyxatdan oʻtkazadi, shuningdek dori vositalari va tibbiy mahsulotlarni shifokor tavsiyalarini bajarish uchun palata hamshiralariga imzo qoʻydirib tarqatadi.
6. Palata hamshiralari shifokor tavsiyalarining bajarilishi haqida va unga ishlatilgan dorilarni qayd etish, shuningdek bemorlarning familiya, ism, otasining ismlari va kasallik varaqalarining tartib raqamlarini belgilab borish uchun maxsus “Foydalanilgan dorilarni hisobga olish jurnali”ni yuritadilar.
Qayd etilgan jurnalning sahifalari, tartib raqami qoʻyilgan, qalin ip oʻtkazilib tikilgan va muassasa rahbarining imzosi bilan muhrlangan boʻlishi shart.
Mazkur jurnalda statsionar davolanishda boʻlgan bemorlar haqiqatda ularga ishlatilgan dorilar miqdorini tasdiqlab imzolarini qoʻyadilar.
Es-xushini yoʻqotgan yoki reanimatsiya boʻlimi hamda sunʼiy nafas oldirish boʻlimida davolanayotgan bemorlarga ishlatilgan dori vositalari va tibbiy mahsulotlar miqdori hisobga olish jurnalida boʻlim mudiri, davolovchi shifokor va katta hamshiraning imzolari bilan tasdiqlanadi.
7. “Olingan dorilarni hisobga olish jurnali” va “Foydalanilgan dorilarni hisobga olish jurnali” kitoblari toʻldirilib boʻlingandan soʻng katta hamshira va palata hamshiralari tomonidan boʻlim mudirlariga saqlash uchun topshiriladi.
8. Foydalanilgan “Olingan dorilarni hisobga olish jurnali” va “Foydalanilgan dorilarni hisobga olish jurnali” boʻlimda 3 yil davomida saqlanadi.
III. Shifoxona tarkibida ichki dorixonasi mavjud boʻlmagan statsionar davolash-profilaktika muassasalarida dori vositalari va tibbiy mahsulotlarning hisobini olib borish
9. Tarkibida ichki dorixonasi mavjud boʻlmagan statsionar davolash-profilaktika muassasalari “Dori-darmon” Davlat aksiyadorlik uyushmasi (DAU)ning oʻzlari biriktirilgan xoʻjalik hisobidagi dorixonalaridan dori vositalari va tibbiy mahsulotlar bilan taʼminlanadilar. Davolash-profilaktika muassasalariga barcha dori vositalari va tibbiy mahsulotlar faqat joiz ehtiyojlariga qarab sotib olinadi.
10. Dori vositalari va tibbiy mahsulotlar xoʻjalik hisobidagi dorixonalardan statsionar davolash-profilaktika muassasalariga Sogʻliqni saqlash vazirligining amaldagi yoʻriqnomasiga muvofiq yozib beriladi.
11. Dorixonadan olingan va foydalanilgan dorilarning hisobini olib borish, mazkur Tartibning ikkinchi boʻlimi 5, 6, 7, 8-bandlaridagi “Olingan dorilarni hisobga olish jurnali” va “Foydalanilgan dorilarni hisobga olish jurnali”da bayon etilgan tarzda, tarkibida dorixona mavjud boʻlmagan statsionar davolash-profilaktika muassasalarida ham qoʻllaniladi.
12. Har bir davolash-profilaktika muassasasi oʻzining muayyan sharoiti va xususiyatlaridan kelib chiqqan xolda, mazkur Tartib talablarining bajarilishini taʼminlaydigan muassasa hujjatini ishlab chiqadi va amalga kiritadi.
13. Mazkur Tartibning bajarilishi va budjet mablagʻlari hisobidan sotib olinadigan dori vositalari va tibbiy mahsulotlardan foydalanish uchun masʼuliyat statsionar davolash-profilaktika muassasalarining rahbarlariga yuklatiladi.