Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.08.2019

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi tomonidan
1998-yil 28-martda 35-son bilan

TASDIQLANGAN

(4-sonli bayonnoma)

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan

KELIShILGAN

1999-yil 11-yanvar

EG/13-01-44-son

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA ChET EL VALYUTASI BILAN KASSA OPERATSIYALARINI YuRITISh
TARTIBI
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 22-yanvarda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 611]
 LexUZ sharhi
Mazkur Tartib O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 26-avgustdagi 366-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat reyestridan chiqarish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 611-6, 26.08.2019-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Mazkur Tartib O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi va “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, naqd chet el valyutasini qabul qilish, hisobga olish, saqlash va O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari tomonidan kassa intizomiga rioya qilinishining tartibini belgilaydi.
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Yuridik shaxslar (keyingi o‘rinlarda korxonalar) naqd chet el valyutasini Markaziy bank hududiy bosh boshqarmalarining hisob-kitob-kassa markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi (keyingi o‘rinlarda banklar) valyuta hisob raqamlarida saqlashlari shart.
2. Kelib tushgan naqd chet el valyutasi saqlash va valyuta hisob raqamiga o‘tkazish uchun qonun hujjatlarida belgilangan hollarda korxonalar tomonidan banklarga topshirilishi lozim.
3. Banklardan olingan naqd chet el valyutasi qat’iy ravishda maqsadga muvofiq sarflanishi shart.
II. ChET EL VALYUTASINI QABUL QILISh VA BERISh HAMDA KASSA HUJJATLARINI RASMIYLAShTIRISh TARTIBI
4. Chet el valyutasini qabul qilayotganda korxonalarning kassirlari texnik vositalar yordamida chet el valyutasining to‘lovga yaroqliligini aniqlashlari shart. Chet el valyutasining to‘lovga yaroqliligi qo‘shimcha ravishda Markaziy bank tomonidan tavsiya etilgan ma’lumotnomalar bo‘yicha tekshiriladi.
Korxonalarning kassalariga chet el valyutasini qabul qilish ushbu Tartibga 1-shakldagi ilovaga muvofiq kirim kassa ordyerlari orqali amalga oshiriladi.
Naqd chet el valyutasi qabul qilinayotganda, uni topshiruvchiga, bosh buxgalter yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxsning hamda kassirning imzosi qo‘yilgan kvitansiya (kirim kassa orderining milki) beriladi.
(4-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 16-martdagi 5/5-sonli qarori (ro‘yxat raqami 611-5, 08.04.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2019-y., 10/19/611-5/2898-son)
5. Korxonalarning kassalaridan chet el valyutasini berish ushbu Tartibga 2-shakldagi ilovaga muvofiq, oluvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida berilgan chiqim kassa ordyerlari orqali amalga oshiriladi.
Chet el valyutasini berishga doir hujjatlar korxona rahbari va korxona bosh buxgalteri yoki ularning vazifalarini bajaruvchi shaxslar tomonidan imzolangan bo‘lishi shart.
6. Korxona kassasiga kelib tushgan chet el valyutasi to‘laligicha kassaga kirim qilinadi. Bankdan xizmat safari xarajatlari va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari hamda Markaziy bankning me’yoriy hujjatlarida ko‘zda tutilgan boshqa maqsadlar uchun olingan mablag‘lar qat’iy ravishda maqsadga muvofiq ishlatilishi lozim. Ishlatilmagan mablag‘lar uch kundan kechiktirmasdan bankka qaytarilishi shart.
Bankka naqd xorijiy valyutani topshirish usullari bank tomonidan korxona bilan kelishilgan holda belgilanadi.
7. Chet el valyutasi chiqim kassa orderi bo‘yicha jismoniy shaxsga u o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki uning o‘rnini bosuvchi boshqa hujjat) ko‘rsatganda beriladi.
9. Chet el valyutasini kassir faqat chiqim kassa orderida ko‘rsatilgan shaxsgagina beradi. Agar chet el valyutasi belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma bilan berilsa, order matnida chet el valyutasini oluvchining familiyasi, ismi, otasining ismidan keyin buxgalteriya tomonidan chet el valyutasini olishga ishonch bildirilgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi ko‘rsatiladi. Ishonchnoma kassirda qoladi va chiqim kassa orderiga tikib qo‘yiladi.
Chet el valyutasini ishonchnoma bo‘yicha berish mazkur Tartibning 5 va 7-bandlarida bayon etilgan talablarga muvofiq holda amalga oshiriladi.
10. Kirim va chiqim kassa ordyerlari, ularga ilova qilinadigan kvitansiyalar va boshqa hujjatlar buxgalteriya tomonidan binafsha rang siyohli yoki binafsha (ko‘k) rang sharikli ruchkada yoxud texnik vositalar yordamida to‘g‘ri, aniq to‘ldirilishi lozim. Yuqorida sanab o‘tilgan hujjatlarga tuzatishlar kiritish, o‘chirib yozish, oq bo‘yoq ishlatish qat’iyan man etiladi.
Kirim va chiqim ordyerlarida ularni tuzish uchun nima asos bo‘lgani ko‘rsatiladi va ularga ilova qilingan hujjatlar sanab o‘tiladi.
Kirim va chiqim kassa ordyerlarini chet el valyutasini topshiruvchi, oluvchi fuqarolar qo‘liga berish man etiladi.
Chet el valyutasini kassa ordyerlari bo‘yicha qabul qilish va berish faqat shu hujjatlar tayyorlangan kunning o‘zida amalga oshirilishi lozim.
11. Kassir kirim va chiqim kassa ordyerlarini olayotgan vaqtda majburiy ravishda ko‘rsatiladigan rekvizitlarning haqiqiyligini va to‘g‘ri to‘ldirilganligini, shu jumladan, quyidagilarni tekshirishi shart:
— hujjatlarda korxona rahbari yoki u vakolat bergan shaxslar imzolari borligi va ushbu imzolarning haqiqiyligini;
— hujjatlarning to‘g‘ri rasmiylashtirilganligini;
— hujjatlarda sanab o‘tilgan ilovalarning mavjudligini.
Kassir chet el valyutasini 10-bandda belgilangan tartibda qabul qilib olayotganda yoki berayotganda kirim yoki chiqim kassa ordyerlariga imzo chekadi, sana (kun, oy, yil)ni ko‘rsatgan holda ularga berilgan ilovalarga “to‘landi” deb yozadi yoki shunday yozuvli burchakli shtamp qo‘yadi.
(11-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 16-martdagi 5/5-sonli qarori (ro‘yxat raqami 611-5, 08.04.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2019-y., 10/19/611-5/2898-son)
12. Buxgalteriya kirim va chiqim kassa ordyerlarini ular kassaga topshirilishidan avval kirim va chiqim kassa hujjatlari ro‘yxatini yuritish daftarida qayd etadi. Bunda orderning so‘m hisobidagi summasi hamda chet el valyutasidagi nominali ham ko‘rsatilishi lozim. Ro‘yxatga olish daftarini qog‘oz nusxasi ko‘chirilgan holda tegishli dasturiy ta’minot bilan ta’minlangan kompyuterlarda elektron shaklda yuritishga ruxsat etiladi.
III. KASSA DAFTARINI YuRITISh VA NAQD ChET EL VALYUTASINI SAQLASh TARTIBI
13. Kelib tushgan va berilgan naqd chet el valyutasi qog‘oz nusxasi ko‘chirilgan holda tegishli dasturiy ta’minot bilan ta’minlangan kompyuterlarda elektron shaklda yuritilishi mumkin bo‘lgan kassa daftarida hisobga olinishi shart.
14. Naqd chet el valyutasidagi operatsiyalarni aks ettirish uchun korxona chet el valyutasidagi operatsiyalar bo‘yicha alohida kassa daftarini yuritadi. Korxona chet el valyutasidagi operatsiyalar bo‘yicha faqat bitta kassa daftarini tutishi shart.
15. Chet el valyutasidagi operatsiyalar uchun tutilgan kassa daftari varaqlari raqamlangan, tikilgan va surg‘uch yoki mastika bilan shunday muhrlangan bo‘lishi kerakki, ruxsatsiz yoki bekitiqcha varaq qo‘yish (olish)ning iloji bo‘lmasin. Kassa daftaridagi varaqlar soni korxona rahbari va bosh buxgalterining imzolari bilan tasdiqlanadi.
16. Valyuta operatsiyalari bo‘yicha kassa daftariga yozuvlar ikki nusxada qora qog‘oz (nusxa ko‘chirish qog‘ozi) orqali binafsha (ko‘k) rangli siyoh yoki sharikli ruchkada kiritiladi. Varaqlarning ikkinchi nusxalari yirtib olinadigan bo‘lishi kerak, ular kassirning hisoboti bo‘lib xizmat qiladi. Varaqlarning birinchi nusxalari kassa daftarida qoladi. Varaqlarning birinchi va ikkinchi nusxalariga bir xil raqamlar qo‘yiladi.
Kassa daftariga o‘chirib yozish va izohsiz tuzatishlar kiritish man etiladi. Kiritilgan tuzatishlar korxona kassiri, shuningdek bosh buxgalteri yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxs imzolari bilan tasdiqlanadi.
17. Kassir kassa daftarida kun boshida chet el valyutasining qoldig‘ini (chet el valyutasi turlari, nomi, summasi bo‘yicha) ko‘rsatadi. Kun davomida kassir chet el valyutasida bajarilgan har bir operatsiya bo‘yicha kassa daftariga kirim (chiqim)ni (chet el valyutasi turlari, nomi va summasi bo‘yicha) yozib boradi.
18. Kassir har bir order bo‘yicha chet el valyutasi olingan yoki berilganidan keyin buni darhol kassa daftariga yozib qo‘yadi. Har bir ish kuni oxirida kassir kun davomida bajarilgan operatsiyalarga yakun yasaydi, kun oxiridagi kassa qoldig‘ini hisoblab chiqaradi va buxgalteriyaga kassir hisoboti sifatida ikkinchi yirtma varaq (kunlik kassa daftaridagi yozuvlar nusxasi)ni kirim va chiqim kassa hujjatlari bilan birga topshiradi va bu haqda kassa daftariga imzo qo‘ydiradi.
20. Kassa operatsiyalar to‘g‘ri amalga oshirilishini nazorat qilish korxona bosh buxgalteri (uning vazifasini bajaruvchi shaxs)ning zimmasiga yuklatiladi.
21. Buxgalteriya hisobidan o‘tkazilmagan tilxatlar va boshqa hujjatlar summalari kassada mavjud bo‘lgan naqd pul qoldig‘i to‘g‘riligini isbotlash uchun asos bo‘la olmaydi. Ushbu summa kamomad hisoblanib, kassirdan undirib olinadi. Kirim kassa ordyerlari bilan rasmiylashtirilmagan naqd pullar kassadagi ortiqcha pul hisoblanadi va budjet daromadiga o‘tkaziladi.
22. Xorijiy valyuta operatsiyalari bo‘yicha kassir (bundan buyon mantda kassir deb yuritiladi) qabul qilib olingan barcha qimmatliklarni saqlash uchun, qasddan qilingan harakatlar natijasida, o‘zining majburiyatlariga insofsiz va ehtiyotsizlik bilan munosabatda bo‘lganligi natijasida tashkilotga yetkazilgan zarar uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida amalda bo‘lgan qonunchilikka muvofiq to‘liq moddiy javobgar bo‘ladi.
23. Korxona rahbari (bosh buxgalteri) kassir ishga tayinlanganligi haqida buyruq chiqqandan keyin uni O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasidagi kassa operatsiyalarini amalga oshirish Tartibi bilan tanishtirib, bu haqda imzo qo‘ydirib olishi shart, shundan keyin kassir bilan yakka tartibdagi to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risida shartnoma tuziladi.
24. Kassir o‘ziga topshirilgan vazifani bajarishni birovga ishonib topshirishi yoki ayrim vazifalarini boshqa shaxslar zimmasiga yuklashi man etiladi.
25. Shtatlar jadvali bo‘yicha bitta kassiri bo‘lgan korxonalarda kassirni vaqtincha almashtirish yoki unga yordamchi biriktirib qo‘yish zarurati tug‘ilganda kassir vazifasini bajarish korxona rahbarining yozma buyrug‘i asosida yakka tartibdagi to‘liq moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi tegishli shartnoma tuzilganidan keyin boshqa xodim zimmasiga yuklatilishi mumkin. Bunday hollarda mazkur Tartibda kassirlar uchun belgilangan barcha huquq va majburiyatlarning hammasi bunday shaxslarga ham taalluqli bo‘ladi.
Kassir to‘satdan ishini bajara olmay qolgan hollarda (kasalligi va boshqa sabablarga ko‘ra) uning hisobidagi chet el valyutasi va boshqa qimmatliklar korxona rahbari va bosh buxgalteri ishtirokida yoki korxona rahbari tayinlagan shaxslardan iborat komissiya ishtirokida ushbu qimmatliklarni qabul qilib olayotgan boshqa kassir tomonidan zudlik bilan qayta sanab olinadi. Qayta hisoblash natijasi va qimmatliklarning boshqa kassirga topshirilgani to‘g‘risida dalolatnoma tuzilib, unga yuqorida qayd etilgan shaxslar imzo chekadilar.
Agar ushbu vaziyatda chet el valyutasi va boshqa qimmatliklarni qayta sanash imkoniyati mavjud bo‘lmagan (ikkinchi kassir bo‘lmasa va h.k.) holda, kassa chet el valyutasi va boshqa qimmatliklar qayta hisoblanmasdan yopiladi hamda muhrlab qo‘yiladi.
Korxona rahbari tomonidan buxgalteriya xodimlaridan tayinlangan shaxs keyingi ish kunidan kechiktirmay bosh buxgalter va korxona rahbari ishtirokida yoki korxona rahbari tayinlagan kamida uch kishidan iborat komissiya ishtirokida chet el valyutasi hamda qimmatliklarini qayta sanab chiqadi.
Chet el valyutasi va boshqa boyliklarni qayta sanash natijalari barcha hollarda rahbar va bosh buxgalter yoki komissiya a’zolari imzo chekkan dalolatnomada aks ettiriladi.
26. Korxonaning kassa hujjatlariga imzo chekish huquqiga ega bo‘lgan buxgaltyerlari va boshqa xodimlari kassir vazifasini bajarishlari mumkin emas.
27. Har bir korxona naqd chet el valyutasidagi operatsiyalarni amalga oshirish uchun alohida xonaga joylashtirilgan kassaga ega bo‘lishi lozim. So‘m operatsiyalariga doir kassa bilan naqd chet el valyutasidagi operatsiyalarga doir kassa bir xonaga joylashtirilishi mumkin, biroq bunda chet el valyutasini so‘m mablag‘laridan ajratilgan holda saqlash uchun alohida temir javon (sandiq)lar yoki seyflar bo‘lishi shart.
28. Naqd chet el valyutasi va boshqa boyliklarni qabul qilish, berish va vaqtincha saqlash uchun mo‘ljallab, maxsus jihozlangan va ajratilgan xona kassa hisoblanadi. Korxona rahbarlari kassa jihozlanishini hamda naqd chet el valyutasi va boshqa qimmatliklarni saqlash, tashish vaqtida but saqlanishini ta’minlashlari shart, ularning aybi bilan saqlash va tashish vaqtida pul mablag‘larining but saqlanishini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmagan hollarda bu shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
29. Kassa quyidagilar bilan jihozlanishi shart:
a) chet el valyutalarining haqiqiyligini, to‘lovga yaroqliligini aniqlash uchun farqlash belgilari kataloglari (ma’lumotnomalar);
b) naqd chet el valyutasi kupyuralari haqiqiyligini tekshirish uchun texnik asboblar.
30. Kassa xonasi alohida tarzda to‘liq ajratilgan bo‘lishi, operatsiya vaqtida kassa eshigi ichkaridan qulflanadigan bo‘lishi shart. Kassa ishiga aloqasi bo‘lmagan xodimlarning unga kirishi man etiladi.
31. Barcha chet el valyutasi (to‘lov hujjatlari) va boshqa qimmatliklar yonmaydigan temir javonlar yoki seyflarda saqlanishi, ular kassa ishi tugaganda qulflanishi va muhrlanishi (plombalanishi) hamda qo‘riqlash signalizatsiyasi yoqilishi shart. Temir javonlarning kalitlari va muhrlar kassirlarda saqlanadi, ularni shartlashilgan joylarda qoldirish, begona shaxslarga berish, hisobda turmaydigan nusxalarini tayyorlash taqiqlanadi. Temir javonlar turgan xonalar eshiklarini ochiq qoldirish hamda ushbu javonlar eshiklarida ham kalitlarni qoldirish qat’iyan man etiladi.
Kalitlarning hisobga olingan nusxalari kassir tomonidan qog‘oz xalta, qutichalarga solinib, muhrlanadi va korxona rahbarida saqlanadi. Ular chorak davomida kamida bir marotaba komissiya tomonidan tekshirib turiladi.
Kalitlar yo‘qolib qolganligi aniqlangan holda korxona rahbari amaldagi qonunchilikka muvofiq chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Kassada mazkur korxonaga tegishli bo‘lmagan naqd chet el valyutasini va boshqa boyliklarni saqlash man etiladi.
32. Kassir kassa xonasi va temir javonlarni ochishdan avval qulflar, eshiklar, deraza panjaralari va muhrlar butligini tekshirishi, qo‘riqlash signalizatsiyasi ishdan chiqmaganligiga ishonch hosil qilishi zarur.
Muhr buzilgan yoki olib tashlangan, qulflar, eshiklar yoki panjaralar buzilgan bo‘lsa, kassir zudlik bilan bu haqda amaldagi qonunchilikka muvofiq chora-tadbirlar ko‘rilishi uchun korxona rahbariga ma’lum qilishi lozim.
Bu holda korxona rahbari, bosh buxgalteri yoki ularning vazifalarini bajaruvchi shaxslar hamda korxona kassiri kassada saqlanayotgan naqd chet el valyutasi va boshqa qimmatliklarning mavjudligini tekshiradilar. Bu tekshiruv kassa operatsiyalari boshlangunga kadar o‘tkazilishi kerak. Tekshiruv natijalari to‘g‘risida to‘rt nusxada dalolatnoma tuzilib, unga tekshiruvda qatnashgan barcha shaxslar imzo chekadilar. Dalolatnomaning birinchi nusxasi sug‘urta kompaniyasiga (agar kassa sug‘urta qilingan bo‘lsa), ikkinchisi — yuqori turuvchi tashkilotga (agar shunday tashkilot mavjud bo‘lsa) jo‘natiladi, uchinchi va to‘rtinchi nusxalari esa korxonada qoladi.
IV. KASSA TAFTIShINI O‘TKAZISh VA KASSA INTIZOMIGA RIOYA QILINIShINI NAZORAT QILISh
33. Valyuta-kassa intizomiga rioya qilinishi uchun javobgarlik korxonalar rahbarlari, bosh buxgaltyerlari va kassirlari zimmasiga yuklatiladi.
34. Korxona rahbari belgilagan muddatlarda, lekin har chorakda kamida bir marotaba har bir korxona kassasida to‘satdan taftish o‘tkaziladi. Taftish davomida kassadagi barcha naqd valyuta birma-bir to‘la qayta sanaladi va saqlanayotgan boshqa qimmatliklar tekshirib chiqiladi. Kassani taftish qilish uchun korxona rahbarining buyrug‘i bilan komissiya tayinlanadi, shu komissiya taftish dalolatnomasini tuzadi. Taftish vaqtida kassadagi qimmatliklarning kam yoki ortiqcha chiqqanligi aniqlangan holda dalolatnomada ularning summasi hamda buning sababi ko‘rsatiladi.
Kassa daftari elektron shaklda yuritiladigan shart-sharoitda kompyuterlarda kassa hujjatlariga ishlov beruvchi dasturiy vositalarning to‘g‘ri ishlashini tekshirish amalga oshiriladi.
35. Yuqori tashkilotlar o‘zlariga tobe har bir korxonadagi hujjatlarni taftish qilish davomida majburiy tartibda kassani taftish qiladilar va kassa intizomiga rioya qilinishini tekshiradilar. Taftish o‘tkazilganda pul va qimmatliklarni saqlash qanday ta’minlanganligiga alohida ahamiyat berilishi lozim.
Aksiyadorlik, jamoa va boshqa korxonalarda bunday taftishlar (agar ularning ustavida ko‘zda tutilgan bo‘lsa) taftish komissiyalari tomonidan o‘tkaziladi.
36. Kassa intizomini muntazam ravishda buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari S. RAHIMOV
Tartibga
1-ILOVA
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 16-martdagi 5/5-sonli qarori (ro‘yxat raqami 611-5, 08.04.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.04.2019-y., 10/19/611-5/2898-son)
Tartibga
2-ILOVA

‎________________________
(korxonaning nomi)

“NAMUNA”


OKUD bo‘yicha kodi________
‎‎

ChIQIM KASSA ORDERI№

‎‎

Kun

Oy

‎‎‎ ‎‎

Aloqalanuvchi hisobvaraq, ikkilamchi hisobvaraq

Analitik hisob
‎xos raqami

Summasi

Maqsadli foydalanish xos raqami

‎‎ ‎‎‎ ‎‎
_______________________________________________________________________________________ga berilsin

(familiyasi, ismi, sharifi)‎‎‎

________________________________________________________________________________________________
________________________________________________________________________________dagi chet el valyutasi
‎________________________________________________________________________________________________

(nomi, nominal bo‘yicha summasi yozuv va raqamlarda)

Asos: ___________________________________________________________________________________________
‎________________________________________________________________________________________________
‎O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining
operatsiyani amalga oshirilgan kundagi kursi___________________________________________________________
‎Milliy valyutadagi ekvivalenti______________________________________________________________________________________
‎_________________________________________________________________________ sum. ______________ tiyin

(O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi bo‘yicha summasi yozuv va raqamlarda)‎‎

‎‎Ilova___________________________________________________________________________________________
‎________________________________________________________________________________________________
Rahbar____________ ‎ Bosh buxgalter________________‎
‎‎________________________________________________________________________________________________

‎‎(nomi, nominal bo‘yicha summasi yozuv va raqamlarda)‎

______________________________________________________________dagi chet el valyutasini qabul qilib oldim
‎Milliy valyutadagi ekvivalenti ______________________________________________________________________
‎______________________________________________________________________________sum _________ tiyin.

‎‎(summasi yozuv va raqamlarda)‎

“_____” ___________________ 200_____ y. Imzo _________________‎
__________________________________________________________________________‎______________________
‎__________________________________________________________________________________________bo‘yicha

‎‎(oluvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat nomi, raqami, berilgan joyi va vaqti)

Kassir __________________________________________________________________________ tomonidan berildi.