|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 13.09.1999
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
INVESTITSIYa FAOLIYATINI TA’MINLASh BO‘YIChA NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLARNI TASDIQLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 13-sentabrdagi 420-sonli “O‘zbekiston Respublikasi investitsiya dasturini shakllantirish va amalga oshirish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Investitsiya dasturlari departamentini tashkil etish to‘g‘risida” 1997-yil 27-dekabrdagi 572-son qaroriga muvofiq, shuningdek, investitsiya jarayonini tartibga solishning samaradorligini yanada oshirish, O‘zbekiston Respublikasi investitsiya dasturini shakllantirish va uni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi investitsiya dasturini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalarni mablag‘ bilan ta’minlash va kreditlash Tartibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Investitsiya dasturlari departamentiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 15-may,
215-son
O‘zbekiston Respublikasi investitsiya dasturini shakllantirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasi investitsiya dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlarining tarkibiy qismi hisoblanadi va davlat investitsiya siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini aks ettiradi.
2. O‘zbekiston iqtisodiyotini barqaror rivojlantirishga erishish va zarur tarkibiy o‘zgartirishlarni, moliyaviy, moddiy va mehnat resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlovchi investitsiyalarni jalb etish asosida uning dunyo iqtisodiyotiga integratsiyalanishiga Dasturning asosiy vazifalari hisoblanadi.
3. Quyidagilar Dasturning tarkibiy qismi hisoblanadi:
mablag‘ bilan ta’minlash manbalari bo‘yicha kapital qo‘yilmalar prognozi;
investitsiya loyihalarining aniq dasturi;
ustuvor investitsiya takliflarining yig‘ma ro‘yxati.
II. Dasturning muvozanatlanganligini ta’minlash
4. Dastur o‘zida moliyaviy, moddiy va mehnat resurslaridan foydalanishning samaradorligini oshirishni ta’minlashga mo‘ljallangan iqtisodiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarning o‘zaro bog‘langan kompleksini ifodalaydi. Bunday chora-tadbirlarga:
Dastur asosiy ko‘rsatkichlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozining boshqa bo‘limlari va respublika Davlat budjeti bilan o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash;
Dasturning obyektlarni ishga tushirish bo‘yicha ko‘rsatkichlarini mablag‘ bilan ta’minlashning tasdiqlangan manbalari, qurilish industriyasi va qurilish materiallari sanoati quvvatlari bilan muvozanatlash;
yangi korxonalarni iqtisodiy va ekologik jihatdan asoslangan holda joylashtirish hamda iqtisodiy rayonlar ixtisoslashtirilishi va kompleks rivojlantirilishi, tabiiy boyliklardan, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish infratuzilmalaridan, mehnat resurslaridan yanada samaraliroq foydalanilishini hisobga olgan holda ishlab turgan korxonalarda qo‘shimcha quvvatlar tashkil etish kiradi.
III. Dasturni shakllantirish tartibi va muddatlari
5. Dasturni shakllantirish davlat maqsadli dasturlari, iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlarini va alohida mintaqalarni rivojlantirish bo‘yicha direktiv qarorlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar va idoralar, mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar va tashkilotlar, shu jumladan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning takliflari asosida amalga oshiriladi.
6. Dasturni ishlab chiqish va ro‘yobga chiqarishga oid ishlarni muvofiqlashtirishni Vazirlar Mahkamasining Investitsiya dasturlari departamenti amalga oshiradi.
7. Dastur mazkur Nizom bilan tasdiqlangan investitsiya loyihalarini tanlab olish mezonlari asosida Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi.
8. Dasturni ishlab chiqish uchun Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi manfaatdor vazirliklar hamda idoralarga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga, korxonalar va tashkilotlarga investitsiya takliflarini tayyorlashga oid metodik ko‘rsatmalarni va ularni taqdim etish muddatlarini yetkazadi.
9. Ishlab chiqilgan Dastur Vazirlar Mahkamasining Ish tartibiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
IV. Investitsiya loyihalarini tanlab olish mezonlari
10. Quyidagilar Dasturga kiritish uchun (ekologik normalar va talablarga muvofiq kelishi uchun majburiy shartlar) investitsiya loyihalarini tanlab olishning asosiy mezonlari hisoblanadi:
a) ishlab chiqarish maqsadidagi obyektlar bo‘yicha:
mahalliy xomashyo va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash ko‘lamini kengaytirish, ularni raqobatbardosh tayyor mahsulot darajasigacha yetkazish;
eksport potensialini rivojlantirishga mo‘ljallangan rentabelli va yuqori texnologiyali resurslarni tejovchi ishlab chiqarishlarni tashkil etish;
kommunikatsiyalar, sug‘orish va ishlab chiqarish infratuzilmasining zamonaviy tizimlarini rivojlantirish;
iste’mol bozorini eng zarur tovarlar va xizmatlar bilan to‘ldirish;
b) noishlab chiqarish maqsadidagi obyektlar bo‘yicha:
aholining ijtimoiy infratuzilmalar xizmatlariga bo‘lgan birinchi navbatdagi ehtiyojlarini qondirish;
noishlab chiqarish infratuzilmalari xizmatlari sifatini oshirish va ular bilan aholini qamrab olishni ko‘paytirish.
Bunda Dasturga kiritish uchun:
xorijiy investitsiyalar va kreditlar ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalar;
qishloq joylarda va ishchi kuchi ortiqcha bo‘lgan mintaqalarda joylashtiriladigan loyihalar;
eksportga mo‘ljallangan ishlab chiqarishlar loyihalari ustuvorlik huquqidan foydalanadilar.
V. Kapital qo‘yilmalar prognozi
11. Kapital qo‘yilmalar asosiy fondlarni yaratish va ularni ko‘paytirish uchun foydalaniladigan mablag‘ bilan ta’minlashning barcha manbalari hisobiga shakllantiriladi. Kapital qo‘yilmalar ko‘rsatkichlari Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi tomonidan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda joriy yilda va prognozlashtirilayotgan yillarda sur’at, qurilishi tugallanmagan va ishga tushiriladigan obyektlar bo‘yicha ishlar hajmi ajratib ko‘rsatilgan holda ishlab chiqarish va noishlab chiqarish qurilishlari bo‘yicha ishlab chiqiladi.
12. Kapital qo‘yilmalar quyidagilarga bo‘linadi:
a) markazlashtirilgan qo‘yilmalar, ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
davlat budjeti va davlat budjetidan tashqari fondlar mablag‘lari;
Hukumat kafolati ostida beriladigan chet el investitsiyalari va kreditlari;
b) markazlashtirilmagan investitsiyalar, ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
korxonalar mablag‘lari, shu jumladan qo‘shma korxonalar, xorijiy korxonalar va xususiy korxonalarning mablag‘lari;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mablag‘lari;
banklarning, shu jumladan, xorijiy banklarning tijorat kreditlari;
jismoniy shaxslarning, shu jumladan xorijiy jismoniy shaxslarning mablag‘lari.
13. Markazlashtirilgan investitsiyalar hajmlari quyidagilar hisobiga belgilanadi:
Davlat budjeti va davlat budjetdan tashqari fondlar mablag‘larn — O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetini shakllantirish chog‘ida belgilangan tartibda va yig‘ma budjet tarkibida tasdiqlanadi;
Hukumat kafolati ostida jalb qilinadigan xorijiy investitsiyalar va kreditlar — alohida ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarorlariga muvofiq.
14. Markazlashtirilgan investitsiyalar, qoidaga ko‘ra, quyidagilarga ajratiladi:
respublika iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha investitsiya loyihalarini, davlat maqsadli dasturlarini va davlatlararo bitimlarni amalga oshirishga;
nomi ko‘rsatilgan uy-joy obligatsiyalari bo‘yicha uy-joy qurilishiga;
yangi yerlarni o‘zlashtirish va sug‘oriladigan yerlarni tiklash, suv xo‘jaligi qurilishi va kichik gidroenergetikani rivojlantirishga;
aholi yashash joylarining, birinchi navbatda, yakka tartibda qurilgan uy-joy mavzelarining muhandislik infratuzilmasini rivojlantirishga;
maorif, sog‘liqni saqlash, madaniyat va ijtimoiy infratuzilmaning boshqa tarmoqlari obyektlari qurilishiga;
davlat boshqaruv organlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlashga;
davlat ilmiy muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlashga;
tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishga va tabiiy ofatlardan himoya qilish inshootlari qurilishiga.
VI. Investitsiya loyihalarining aniq dasturi
15. Investitsiya loyihalarining aniq dasturi (keyingi o‘rinlarda Aniq dastur deb ataladi) har yili ishlab chiqiladi va asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlar va mablag‘ bilan ta’minlash manbalari ko‘rsatilgan ustuvor investitsiya loyihalari ro‘yxatini ifodalaydi.
Yirik va strategik jihatdan muhim bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun potensial investorlarni jalb etish tender asosida amalga oshirilishi mumkin. Bunday loyihalarning ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
16. Investitsiya loyihalarining Aniq dasturi dastur tarkibida tasdiqlanadi va unga yil davomida qo‘shimcha investitsiya loyihalari kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar bundan mustasno.
17. Buyurtmachilar yoki ularning yuqori organlari tomonidan Aniq dasturga investitsiya loyihalarini kiritish uchun har bir investitsiya loyihasi bo‘yicha Makroiqtisodiyot va statistika vazirligiga quyidagilar taqdim etiladi:
odatda “O‘zinvestloyiha” kompaniyasi tavsiyanomalariga muvofiq ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan texnik-iqtisodiy asoslash;
zarur asbob-uskuna, butlovchi materiallar, jihozlar va konstruksiyalar yetkazib berish yuzasidan kontraktlar;
mablag‘ bilan ta’minlash manbalari mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar.
18. Tasdiqlangan Aniq dasturga muvofiq buyurtmachilar tomonidan Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi bilan kelishilgan holda mablag‘ bilan ta’minlashni boshlash uchun asos bo‘lib hisoblanadigan aniq ro‘yxatlar tasdiqlanadi.
VII. Ustuvor investitsiya takliflarining yig‘ma ro‘yxati
19. Ustuvor investitsiya takliflarining yig‘ma ro‘yxati (keyingi o‘rinlarda Yig‘ma ro‘yxat deb ataladi) Moliya vazirligi, “O‘zinvestloyiha” kompaniyasi va Xorijiy investitsiyalar bo‘yicha agentlik bilan birgalikda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar va idoralar, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, korxonalar va tashkilotlarning takliflaridan kelib chiqib, mazkur Nizomning IV bo‘limida ko‘rsatib o‘tilgan investitsiya loyihalarini tanlab olish mezonlari asosida, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi tomonidan tuziladi.
20. Yig‘ma ro‘yxat xorijiy investorlarni jalb qilish uchun aniq ustuvor yo‘nalishlarning qisqacha bayoni hisoblanadi, u ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi, tegishli vositalar, xalqaro axborotnomalar, Moliya institutlari, INTERNET tarmog‘i orqali potensial xorijiy investorlarga yetkaziladi.
Yig‘ma ro‘yxatga kiritilgan investitsiya takliflari:
keyinchalik Aniq dasturga kiritish uchun ular investitsiya loyihasi jarayoniga kelgunga qadar shakllantirishning barcha bosqichlarida doimiy monitoring amalga oshirilishi va injiniring jihatidan kompleks kuzatib borilishi kerak;
davlat kafolati ostidagi xorijiy kredit liniyalaridan foydalanishning ustuvor huquqidan foydalanadi.
21. Yig‘ma ro‘yxatga kiritilgan investitsiya taklifining tashabbuskori uni amalga oshirishda qatnashishdan manfaatdor bo‘lgan xorijiy sheriklar (potensial investorlar) bilan oldindan kelishuv yakunlari bo‘yicha “O‘zinvestloyiha” kompaniyasi yoki boshqa injiniring tashkiloti bilan birgalikda ekspertiza qilinadigan va belgilangan tartibda tasdiqlanadigan, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqadi.
VIII. Dasturni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
22. Investitsiya dasturiga kiritilgan investitsiya loyihalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari mablag‘ bilan ta’minlashda ko‘maklashish, soliq imtiyozlari va boshqa imtiyozlar berish, davlat monitoringini tashkil etish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
23. Mablag‘ bilan ta’minlashda ko‘maklashish qaytarib berish yoki qaytarib bermaslik asosida eng muhim ishlab chiqarish investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shu jumladan, xorijiy kreditlar bo‘yicha majburiy avans to‘lovlari va boshqa to‘lovlarni to‘lash uchun budjet mablag‘lari, shuningdek, xorijiy kreditlar uchun Hukumat kafolatlari berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Amalga oshirilishi uchun davlat tomonidan markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hisobiga qo‘llab-quvvatlash zarur bo‘lgan ustuvor investitsiya loyihalari Vazirlar Mahkamasining Investitsiya dasturlari departamenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tayyorlangan taklifi asosida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadi.
Ko‘rsatib o‘tilgan maqsadlar uchun mablag‘lar miqdori har yili markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hajmida belgilangan tartibda nazarda tutiladi.
24. Soliq imtiyozlariga va boshqa imtiyozlarga soliqlardan vaqtincha ozod qilish, soliq solishning imtiyozli tartibini va jadallashtirilgan amortizatsiya, bojxona imtiyozlari berish va boshqalar kiradi. Har bir loyiha yoki umuman dastur bo‘yicha imtiyozlar ro‘yxati amaldagi qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
25. Davlat monitoringgi Dasturga kiritilgan investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi ustidan davlat nazoratining asosiy mexanizmi hisoblanadi.
IX. Dasturning amalga oshirilishini nazorat qilish
26. Quyidagilar Dasturga kiritilgan investitsiya loyihalari monitoringining asosiy vazifalari hisoblanadi:
investitsiya loyihalarining va, birinchi navbatda, markazlashtirilgan investitsiyalar hisobiga ro‘yobga chiqarilayotgan investitsiya loyihalarining o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi ustidan nazoratni ta’minlash;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, investitsiya jarayoni boshqa qatnashchilarining faoliyatini muvofiqlashtirish, Dasturda nazarda tutilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarning o‘z vaqtida hal qilinishi uchun ularning javobgarligini oshirish;
xorijiy sheriklar oldida qabul qilingan majburiyatlarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash;
loyihalarni amalga oshirishda paydo bo‘ladigan muammoli masalalarni kuzatib borish va ularning tezkorlik bilan bartaraf etilishini ta’minlash;
investitsiya iqlimini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.
27. Davlat monitoringgi loyihalari Dasturga kiritilgan manfaatdor vazirliklar va idoralar, korxonalar va tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan axborotlar asosida Vazirlar Mahkamasining Investitsiya dasturi departamenti tomonidan tashkil etiladi.
28. Axborot berish tartibi, muddatlari, shuningdek Davlat monitoringgini amalga oshirish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalarni mablag‘ bilan ta’minlash va kreditlash
TARTIBI
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Tartib (bundan keyin Tartib deb ataladi) O‘zbekiston Respublikasi investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalarni mablag‘ bilan ta’minlash va kreditlashni tartibga soladi.
2. Tasdiqlangan davlat investitsiya dasturiga muvofiq mablag‘ bilan ta’minlanadigan va kreditlanadigan loyihalar aniq ro‘yxati (bundan keyin Aniq ro‘yxat deb ataladi) shakllantiriladi.
II. Markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hisobiga mablag‘ bilan ta’minlanadigan aniq ro‘yxatlarni shakllantirish
3. Markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hisobidan mablag‘ bilan ta’minlanadigan Aniq ro‘yxatlar quyidagi tartibda shakllantiriladi:
a) Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi investitsiya dasturida belgilangan markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalarning dastlabki hajmlarini buyurtmachilar (investorlar, investorlar tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirishga vakil qilingan boshqa jismoniy va yuridik shaxslar) bo‘yicha aniqlaydi va ularni obyektlar bo‘yicha taqsimlash uchun ularga xabar beradi, (qurilishi boshlangan investitsiya loyihalarini birinchi navbatda Aniq ro‘yxatga kiritishni hisobga olgan holda);
b) buyurtmachi belgilangan tartibda va muddatlarda Makroiqtisodiyot va statistika vazirligiga investitsiya loyihalari bo‘yicha takliflar taqdim etadi.
Ko‘rsatib o‘tilgan takliflarni asoslash uchun qurilishning butun davriga tegishli ko‘rsatkichlari bilan va joriy yil limitlari doirasida kreditorlik qarzlarini to‘lash hajmlari albatta ajratib ko‘rsatilgan holda qurilishlar va obyektlar ro‘yxati taqdim etiladi.
Ko‘rsatib o‘tilgan ro‘yxatga yangidan boshlanayotgan qurilishlarni va obyektlarni kiritishga, boshlangan qurilishlar va obyektlar, shu jumladan ularda xuddi shunday quvvatlar yaratilayotgan qurilishlar va obyektlar, kapital qo‘yilmalarning zarur hajmlari bilan ta’minlangandagina yo‘l qo‘yiladi.
Markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalar ajratilayotgan buyurtmachi ulardan aniq maqsad va samarali foydalanilishi uchun javob beradi.
v) O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi Moliya vazirligi ishtirokida buyurtmachilar tomonidan taqdim etilgan yangidan boshlanadigan qurilishlar va obyektlar bo‘yicha takliflarni qo‘rib chiqadi va ularni Aniq ro‘yxatga kiritishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Aniq ro‘yxatga kiritish uchun qurilishlar va obyektlarni tanlab olish asosan tanlov asosida amalga oshiriladi;
g) yangidan boshlanayotgan qurilishlar va obyektlar Aniq ro‘yxatga kiritilgan paytdan boshlab buyurtmachilar ushbu obyektlar qurilishi bo‘yicha pudratchilarni belgilaydilar va pudrat savdolari (tendyerlar) o‘tkazishni tashkil etadilar;
d) Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi va Moliya vazirligi buyurtmachilar tomonidan tuzilgan kontraktlar (pudrat shartnomalari) asosida Aniq ro‘yxatga kiritilgan yangidan boshlanayotgan har bir qurilish va obyekt bo‘yicha qurilishning barcha davriga yillar bo‘yicha taqsimlangan kapital ko‘yilmalarning hajmini, mablag‘ bilan ta’minlash miqdorlari va manbalarini aniqlaydilar.
Zarur hollarda qurilishi tugallanmagan qurilishlar bo‘yicha ularni qurish hamda obyektlar va ishga tushirish komplekslarining tayyorlik darajasini hisobga olgan holda kapital qo‘yilmalar hajmlariga aniqliklar kiritiladi.
4. Qurilish materiallari va konstruksiyalar, butlovchi buyumlar xarid qilish va pudrat ishlarini bajarish uchun erkin muomaladagi valyuta xarajatlari bilan amalga oshiriladigan Aniq ro‘yxatlar Pul-kredit siyosati bo‘yicha respublika komissiyasi bilan kelishib olinishi kerak.
III. Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan mablag‘ bilan ta’minlash va kreditlash
5. Buyurtmachilarga davlat budjeti mablag‘lari ajratish tasdiqlangan Aniq ro‘yxatga muvofiq bir yilga belgilangan limitlar doirasida amalga oshiriladi.
6. Buyurtmachilar davlat budjeti mablag‘lari hisobiga mablag‘ bilan ta’minlash limitlarini quruvchi korxonalarga yetkazadilar va bir yilga belgilangan limitlar doirasida amalda bajarilgan ishlar uchun ajratilgan mablag‘larni ularga har oyda o‘tkazadilar.
Smetalarda nazarda tutilgan asbob-uskunalarni sotib olish yuzasidan kontraktlar (shartnomalar) bo‘yicha haq to‘lash, shuningdek, buyurtmachining materiallarini import operatsiyalari bo‘yicha yetkazib berish ular belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin import qiluvchi korxonaga xizmat ko‘rsatuvchi bankning muqobil kafolati mavjud bo‘lgan holda kontrakt qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda avans to‘lovini o‘tkazish shartlarida amalga oshiriladi.
Mablag‘ bilan ta’minlash uchun Moliya vazirligi mablag‘ bilan ta’minlovchi banklarga belgilangan tartibda aniqlangan oylik ehtiyoj miqdorida xarajat jadvallarini beradi, keyinchalik bu xarajatlarni budjetdan qoplaydi.
Xarajat jadvali asosida buyurtmachilar mablag‘ bilan ta’minlovchi banklarga budjet mablag‘lari bilan qoplangan mablag‘ bilan ta’minlash limitlarini yetkazadilar.
Davlat budjeti hisobidan markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalarni mablag‘ bilan ta’minlashni rasmiylashtirish uchun buyurtmachilar mablag‘ bilan ta’minlash operatsiyalarini amalga oshiruvchi banklarga:
loyihaning belgilangan tartibda tasdiqlangan texnik-iqtisodiy asoslanishini (loyiha hujjatlarini);
Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi bilan belgilangan tartibda kelishilgan yangidan boshlanayotgan qurilishlarning yillar bo‘yicha bo‘lingan Aniq ro‘yxatlarini;
qurilishning barcha davri uchun bajarilgan ishlar uchun hisob-kitob shakllari ko‘rsatilgan kontraktlar (pudrat shartnomalari)ni;
qurilish qiymatining yig‘ma smeta-moliyaviy hisob-kitoblarini;
loyiha hujjatlari bo‘yicha “Davarxitektqurilish” qo‘mitasining davlat idoradan tashqari ekspertizasi va davlat ekologiya ekspertizasining belgilangan tartibda tayyorlangan xulosalarini;
qurilishi tugallanmagan qurilishlar bo‘yicha kapital qo‘yilmalarning va qurilish-montaj ishlarining aniqlangan hajmlarini taqdim etadilar.
7. Buyurtmachilar har oyda Moliya vazirligiga markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalarni mablag‘ bilan ta’minlashga yo‘naltiriladigan ajratilgan budjet mablag‘larining foydalanilishi to‘g‘risida belgilangan hisobot shakli bo‘yicha axborot taqdim etadilar.
8. Buyurtmachilarga markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalarning tasdiqlangan limitlarida nazarda tutilgan qaytarib berish asosidagi davlat budjeti mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgan holda binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, qurilishi tugallanmagan obyektlar, moddiy boyliklar va boshqa mol-mulkni garovga qo‘yish shartnomasi asosida beriladi.
Foizlar miqdori va ularni hisoblab qo‘shish muddatlari, shuningdek, qaytarish asosidagi budjet mablag‘lari bo‘yicha asosiy qarz va foizlarni qaytarish tartibi buyurtmachi va Moliya vazirligi o‘rtasidagi shartnoma bilan tartibga solinadi.
9. Hisob-kitob operatsiyalarini amalga oshirish va kapital qo‘yilmalarni mablag‘ bilan ta’minlash jarayonida banklar markazlashtirilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishini, qurilish muddatlariga, ajratilgan mablag‘larni qaytarish muddatlariga rioya qilinishini va ulardan foydalanganlik uchun haq to‘lanishini nazorat qiladilar, bajarilgan ishlar hajmini nazorat tartibida o‘lchaydilar. Nazorat tijorat banklari tomonidan mablag‘ bilan ta’minlovchi tomon bilan tuzilgan shartnoma asosida bankka vositachilik haqi to‘langan holda amalga oshirilishi mumkin. Qonun buzilishlar, qo‘shib yozishlar yoki ishlar hajmlarini boshqacha tarzda oshirish hollari aniqlangan taqdirda mablag‘lar belgilangan tartibda olib qo‘yiladi.
Tijorat banklari tomonidan olingan davlat budjeti mablag‘lari qat’iy ravishda maqsadli foydalanilishi kerak va ular depozit schyotlarga o‘tkazilishi, banklararo kreditlar berish uchun foydalanilishi va boshqa qisqa muddatli xususiyatdagi operatsiyalarga jalb qilinishi mumkin emas.
Qurilishning davom etish muddatlari buzilganda, kredit resurslaridan boshqa maqsadlarda foydalanilganda, kapital qo‘yilmalarni o‘zlashtirish to‘g‘risidagi hisobot ma’lumotlari oshirib yozilganda tijorat banklari buyurtmachilarga, alohida hollarda esa pudratchilarga nisbatan ham mavjud qonunchilik bilan belgilangan kredit ta’sir ko‘rsatish choralarini qo‘llaydilar.
IV. Boshqa mablag‘lar hisobidan mablag‘ bilan ta’minlash va kreditlash
10. O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarining uzoq muddatli kreditlari (shu jumladan xorijiy investitsiyalar va Hukumat kafolati ostida beriladigan kreditlar) hisobiga mablag‘ bilan ta’minlash (qayta moliyalash) tomonlarning kelishuviga ko‘ra kreditlashning amaldagi qoidalari normalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Tijorat banklari kreditlari hisobiga mablag‘ bilan ta’minlanadigan aniq ro‘yxatlar Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi bilan kelishishdan oldin ushbu banklar bilan kelishib olinishi kerak.
Banklarning buyurtmachilar bilan o‘zaro munosabatlari kredit shartnomalari asosida quriladi. Kreditlash muddatlilik, haq to‘lash, qaytarish, ta’minlanish va maqsadli foydalanish shartlarida amalga oshiriladi.
11. Buyurtmachining o‘z mablag‘lari hisobidan mablag‘ bilan ta’minlash tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq kapital qo‘yilmalar yillik limitlarining 10 foizi miqdoridagi mablag‘lar buyurtmachilar tomonidan maxsus schyotlarda band qilinganda amalga oshiriladi.
12. Aralash investitsiyalash obyektlari qurilishini mablag‘ bilan ta’minlash va kreditlash, obyektlar qurilishining barcha davri mobaynida budjet mablag‘larini, boshqa markazlashtirilgan mablag‘larni va o‘z mablag‘larini xarajat qilish nisbatiga rioya qilgan holda, mazkur Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
V. Kapital qurilishdagi hisob-kitoblar
13. Mablag‘ bilan ta’minlanish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshiruvchi banklar buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni tekshirib chiqadilar va ular qo‘yiladigan talablarga muvofiq bo‘lganda qurilishni mablag‘ bilan ta’minlash schyotlarini ochadilar. Qurilishni hisob-kitob schyotlaridan mablag‘ bilan ta’minlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
14. Banklar buyurtmachilar, pudrat tashkilotlari va investitsiya jarayonining boshqa qatnashchilari o‘rtasida bajarilgan ishlar, yetkazib berilgan moddiy va energiya resurslari va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun hisob-kitoblarni, shuningdek, boshqa hisob-kitoblarni amaldagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiradilar.
Qurilishning barcha davriga tuzilgan kontrakt (pudrat shartnomasi) buyurtmachi va pudrat tashkiloti o‘zaro munosabatlarini tartibga soluvchi asosiy hujjat hisoblanadi. Buyurtmachi bilan pudrat tashkiloti o‘rtasidagi hisob-kitoblar kontrakt (pudrat shartnomasi)da nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Investitsiya jarayonining boshqa qatnashchilari tomonidan tuzilgan shartnoma (kontrakt)lar ular o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblar uchun asosiy hujjat hisoblanadi.
15. Buyurtmachilar pudrat tashkilotlarining bajargan ishlari va boshqa xarajatlari uchun ularning schyotlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri haq to‘laydilar, yetkazib berilayotgan materiallar, konstruksiyalar, energiya resurslari, transport xizmatlari va asbob-uskunalar uchun belgilangan tartibda oldindan haq to‘laydilar.
To‘lov shakli qonun hujjatlariga muvofiq kontraktlar (pudrat shartnomalari) bilan belgilanadi.
Buyurtmachi tomonidan materiallar va buyumlar yetkazib berilganda uning va pudrat tashkilotlari o‘rtasidagi hisob-kitoblar ularning jo‘natilishiga ko‘ra bank orqali yoki qarzlarni o‘zaro hisobga olish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Butlovchi tashkilotlar yoki mahsulot yetkazib beruvchi korxonalar bilan yig‘ma konstruksiyalar, buyumlar va materiallar uchun hisob-kitoblar shartnoma (kontrakt)da nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.