Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.08.2024
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BOZORLARDA SIFATSIZ OZIQ-OVQAT TOVARLARI SOTILISHINI BARTARAF ETISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Iste’molchilar huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, sertifikatlanmagan, saqlash muddati o‘tib ketgan, iste’mol qilish uchun yaroqsiz bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari sotilishining oldini olish, aholi salomatligiga zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek oziq-ovqat tovarlari savdosini tashkil etishda tartib o‘rnatish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qo‘yilsinki, 1998-yil 10-sentabrdan boshlab, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan un, qand-shakar, mol yog‘i, margarin, quruq sut, bolalar oziq-ovqati, choy, makaron va qandolatchilik mahsulotlari, go‘sht, baliq va meva-sabzavot konservalari, pishloq, kolbasa mahsulotlari, alkogolsiz ichimliklar bilan chakana savdo qilish, zarur asbob-uskunalar bilan jihozlangan, muvofiqlik va sifat sertifikatlari, tayyorlangan sanasi va yaroqlilik muddatlari, narxnomalar, tovarlarni saqlash va sotish uchun sanitariya shart-sharoitlari, amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa talablar mavjud bo‘lishini nazarda tutuvchi savdo qoidalariga albatta rioya qilingan holda faqat turg‘un savdo korxonalari orqali amalga oshiriladi.
Bunda aholiga o‘simlik yog‘i, alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish faqat yuridik shaxs shaklidagi chakana savdo tashkilotlari tomonidan nazorat-kassa apparatlari va to‘lovlarni bank plastik kartochkalaridan qabul qilish terminallari bilan jihozlangan turg‘un savdo shoxobchalari orqali amalga oshiriladi.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 29-maydagi 148-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2012-y., 22-son, 244-modda)
2. Mazkur qarorning 1-bandi bajarilishini ta’minlash uchun javobgarlik O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga va Ichki ishlar vazirligiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklariga yuklansin. Ushbu qarorning 1-bandi bajarilishi to‘g‘risida 1998-yil 1-noyabrda ma’lumot berilsin.
Mazkur qarorning 1-bandida ko‘rsatib o‘tilgan shartlarga rioya qilinmaganda, shuningdek, tovarlar savdo qoidalari buzilgan holda sotilganda, ushbu tovarlar savdosi to‘xtatiladi, uning sotuvchilariga nisbatan amaldagi qonunlarga muvofiq qattiq ma’muriy javobgarlik, qonunchilikda belgilangan tartibda tovarni olib qo‘yib keyinchalik uni musodara qilishgacha bo‘lgan jazo choralari qo‘llaniladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 164, 166, 168-moddalari.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oziq-ovqat mahsulotlarining ayrim turlarini sotishni tartibga solish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 1997-yil 29-iyuldagi 373-son qarorining 1-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning o‘rinbosari M. 3. Usmonov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 4-sentabr,
378-son