|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 31.01.2008
|
O‘zbekiston Respublikasi
Moliya vazirligi tomonidan
1999-yil 12-avgust,
EG/04-02-05/1690-son
“TASDIQLANGAN”
O‘zbekiston Respublikasi Davlat
soliq qo‘mitasi tomonidan
1999-yil 12-avgust
99-96-son
“TASDIQLANGAN”
IMPORT QILINGAN TOVARLAR (IShLAR, XIZMATLAR) BO‘YIChA QO‘ShILGAN QIYMAT SOLIG‘I SUMMALARNI HISOBGA OLISh TARTIBINI
tushuntirish
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 13-sentabrda 817-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
Mazkur tushuntirish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining 2008-yil 21-yanvardagi 2, 2008-04-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining ayrim normativ-huquqiy hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qarori (ro‘yxat raqami 1761, 21.01.2008-y.) bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 25-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” Qonuni, O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq va “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga asosan Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasi uning import qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlarga oid qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini hisobga olish tartibini tushuntiradilar.
O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 25-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga binoan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 74 va 75-moddalari o‘zgartirilishi munosabati bilan 1999-yilning 17-yanvaridan boshlab budjetga badal sifatida kiritilishi lozim bo‘lgan QQS summasi soliqqa tortiladigan oborotlar asosida hisoblangan QQS summasi bilan hisobot davri mobaynida haqiqatda kelib tushgan tovarlar (ishlar, xizmatlar), shu jumladan, nol stavkasi bo‘yicha oborot bilan birgalikda soliq solinadigan oborot uchun foydalaniladigan, import qilingan tovarlar, (ishlar, xizmatlar) uchun olingan hisobvaraq-fakturalar bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan QQS summasi o‘rtasidagi farq ko‘rinishida belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining Adliya vazirligida 1997-yil 27-dekabrda 383-son bilan ro‘yxatga olingan “Ishlab chiqariladigan va sotiladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnomasiga muvofiq import qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha hisobga olish uchun quyidagilar asos bo‘lib hisoblanadi:
bojxona yuk deklaratsiyasi (bajarilgan ishlar. ko‘rsatilgan xizmatlar dalolatnomalari);
qo‘shilgan qiymat solig‘ining haqiqatda to‘langanligini tasdiqlovchi to‘lov hujjatlari.
Bunda 1999-yilda bojxona qonunchiligi va hukumat qarorlariga muvofiq tarkibiga qo‘shilgan qiymat solig‘i ham kiruvchi bojxona to‘lovlarini to‘lash muddatlarining uzaytirilishi va bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi taqdim etilgan hollarda, ushbu import qilingan tovarlarga oid QQS summasi 19-hisobvaraqda (tegishli ilova hisobvaragida) hisobga olinadi va qo‘shilgan qiymat solig‘ining haqiqatda to‘lanishiga qarab hisobga olib boriladi.
Vazir o‘rinbosari E.F. GADOYEV
Raisning birinchi o‘rinbosari B.A. XODJAYEV
(O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 1999-y., 11-son)