Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 23-dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2026-yil 5-fevralda maʼqullangan
Senat tomonidan 2026-yil 5-fevralda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi jismoniy tarbiya va sport sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonunchilik
Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
antidoping qoidalari — Butunjahon antidoping kodeksi va milliy antidoping qoidalari;
jismoniy reabilitatsiya — odam organizmining buzilgan yoki vaqtincha yoʻqotilgan funksiyalarini hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning ijtimoiy va kasbiy faoliyatga boʻlgan qobiliyatini jismoniy tarbiya va sport vositalari hamda usullaridan foydalangan holda tiklash (tuzatish va kompensatsiya qilish);
jismoniy tarbiya — madaniyatning insonni jismoniy tarbiyalash, jismoniy rivojlanish va jismoniy tayyorgarlik orqali jismoniy hamda intellektual jihatdan kamol toptirish, uning qobiliyatini va harakat faolligini takomillashtirish, sogʻlom turmush tarzi koʻnikmalarini shakllantirish, ijtimoiy moslashtirish maqsadida jamiyat tomonidan yaratiladigan hamda foydalaniladigan qadriyatlar, normalar va bilimlar yigʻindisidan iborat boʻlgan qismi;
jismoniy tarbiyalash — yuksak madaniyatga ega boʻlgan har tomonlama yetuk hamda jismonan sogʻlom insonni shakllantirish maqsadida shaxsni tarbiyalashga, uning jismoniy imkoniyatlarini rivojlantirishga, jismoniy tarbiya va sport sohasida malaka va bilimlarini oshirishga qaratilgan jarayon;
jismoniy tarbiya yoki sport tadbiri tashkilotchisi — oʻz tashabbusi bilan jismoniy tarbiya yoki sport tadbiri oʻtkazayotgan va (yoki) bunday tadbirni tayyorlash hamda oʻtkazishni tashkiliy, moliyaviy va moddiy jihatdan taʼminlashni amalga oshirayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish inshooti — ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari va jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun moʻljallangan, oʻziga qoʻyiladigan norma va talablarga javob beradigan yopiq yoki ochiq turdagi inshoot;
jismoniy tarbiya tadbirlari — aholini jismoniy tarbiya mashgʻulotlariga jalb etishga va aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan tadbirlar;
ommaviy sport — sportning tashkil etilgan va (yoki) mustaqil mashgʻulotlarga, shuningdek ommaviy jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini oʻtkazish orqali aholini jismoniy tarbiyalashga, sogʻlomlashtirishga, kamol toptirishga hamda jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlariga jalb etishga doir qismi;
professional sport — sportning sport musobaqalarini tashkil etish va oʻtkazishga doir qismi boʻlib, sportchilar ularda oʻzining asosiy faoliyati sifatida ishtirok etganligi va ularga tayyorgarlik koʻrganligi uchun mukofot va (yoki) ish haqi oladi;
sport — odamlarning muayyan qoidalar boʻyicha tashkil etilgan, ularning jismoniy va intellektual qobiliyatini taqqoslashdan iborat boʻlgan havaskorlik asosidagi va (yoki) professional asosdagi faoliyati, shuningdek ushbu faoliyatga tayyorgarlik koʻrish hamda bu faoliyat jarayonida odamlar oʻrtasida yuzaga keladigan munosabatlar;
sportchi — tanlagan sport turi yoki sport turlari bilan muntazam shugʻullanadigan, doimo oʻzining sport mahoratini oshirib boradigan va sport tadbirlarida qatnashadigan jismoniy shaxs;
sport diskvalifikatsiyasi — sport turining qoidalarini yoki sport musobaqalari toʻgʻrisidagi qoidalarni (nizomlarni, reglamentlarni) yoxud antidoping qoidalarini buzganlik uchun sportchini, trenerni, sport hakamini va sport sohasidagi boshqa mutaxassislarni sport musobaqalarida ishtirok etishdan chetlashtirish;
sport inshooti — sport tadbirlari, sport turlari boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari va oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish uchun moʻljallangan, belgilangan normalar va talablarga javob beradigan yopiq yoki ochiq turdagi ixtisoslashtirilgan inshoot;
sport musobaqasi — sportchilar yoki sport jamoalari oʻrtasida sport turi (sport turlari) boʻyicha eng yaxshi ishtirokchini (ishtirokchilarni) aniqlash maqsadida tasdiqlangan qoidalar asosida oʻtkaziladigan bellashuv;
sport tadbiri — tasdiqlangan qoidalar asosida tashkil etilgan, jismoniy faollik va raqobatga asoslangan musobaqa, shuningdek sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga, sportchilarning mahorati va salohiyatini namoyon etishga hamda aholini sportga jalb etishga qaratilgan tadbir;
sport turi — sport musobaqalariga oʻziga xos tarzda tayyorgarlik koʻrilishi bilan ajralib turuvchi, sport musobaqalarini oʻtkazishga va ularda ishtirok etishga doir talablar va shartlar belgilanadigan qoidalarga (nizomga, reglamentga) ega boʻlgan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi faoliyat turi;
sport turining tarmogʻi — farqlovchi belgilarga ega boʻlgan hamda bitta yoki bir nechta sport musobaqalari dasturlari turlarini oʻz ichiga oladigan sport turining qismi;
sport federatsiyasi (uyushmasi) — mamlakatda muayyan sport turini (turlarini) rivojlantirishni, ommalashtirishni, sport tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazishni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoasi aʼzoligiga nomzodlarni saralashni va tavsiya etishni oʻz faoliyatining asosiy maqsadi sifatida belgilagan, tegishli tartibda Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestriga kiritilgan nodavlat notijorat tashkiloti;
sportning texnik va amaliy turlari — sport natijalariga erishish uchun sportchi tomonidan umumiy jismoniy mashqlar majmuasidan tashqari, sport texnikasidan, moslamalaridan yoki texnikaviy vositalardan foydalana bilish hamda ularni boshqarish sohasidagi koʻnikmalar va mahorat qoʻllaniladigan, shuningdek har xil sport turlaridan olingan, amaliy ahamiyatga ega boʻlgan mashqlar birikmasidan foydalaniladigan sport turlari. Sportning texnik va amaliy turlari yoshlarni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat qilishga tayyorlashning tarkibiy qismidir;
sportning harbiy-amaliy turlari — asosi harbiy xizmatchilar hamda maxsus xizmatni oʻtayotgan shaxslar tomonidan oʻz xizmat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq maxsus harakatlardan (shu jumladan usullardan) iborat boʻlgan sport turlari;
Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari — xalqaro sport musobaqalariga tayyorgarlik koʻrish hamda ularda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan ishtirok etish uchun turli yosh toifalari boʻyicha sportchilardan, trenerlardan, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa mutaxassislardan iborat jamoalar;
havaskorlik sporti — sportning aholini ixtiyoriylik asosida sportga jalb etish orqali odamlar sogʻligʻini mustahkamlashga qaratilgan qismi.
4-modda. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash;
har kimning jismoniy tarbiya va sport bilan erkin shugʻullanishga boʻlgan huquqini taʼminlash;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat hamda jamoatchilik boshqaruvini uygʻunlashtirish;
jismoniy va yuridik shaxslarning jismoniy tarbiya va sport sohasidagi huquqlarining kafolatlarini belgilash;
jismoniy tarbiya va sport sohasida kamsitishga hamda zoʻravonlikka yoʻl qoʻymaslik;
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish hamda aholini sogʻlom turmush tarziga keng jalb etish;
Olimpiya va Paralimpiya harakatini rivojlantirish, sportchilar zaxirasini yaratish, shuningdek xalqaro musobaqalarda sportchilarning ishtirokini taʼminlash;
jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanuvchi shaxslarning, shuningdek jismoniy tarbiya va sport tadbirlari ishtirokchilari hamda tomoshabinlarining hayoti va sogʻligʻi xavfsizligini taʼminlash;
nogironligi boʻlgan shaxslar, shuningdek ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga koʻmaklashish;
Oʻzbekistonning milliy sport turlarini va xalq oʻyinlarini rivojlantirish hamda ommalashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishning uzluksizligi va uzviyligini taʼminlash;
xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
5-modda. Jismoniy tarbiya va sport subyektlari
Jismoniy tarbiya va sport subyektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi;
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi;
Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi;
sport federatsiyalari (uyushmalari) hamda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari;
jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari;
sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantiruvchi tashkilotlar;
jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlari;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni amalga oshiruvchi tashkilotlar;
jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslar, sportchilar, trenerlar, sport hakamlari, sport agentlari hamda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa mutaxassislar, shuningdek jismoniy tarbiya va sport tadbirlarining ishtirokchilari hamda tomoshabinlari;
ushbu Qonunga muvofiq boshqa jismoniy va yuridik shaxslar.
2-bob. Jismoniy tarbiya va sport sohasini davlat tomonidan tartibga solish
6-modda. Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash:
sportchilarning sport tadbirlarida, shu jumladan sport musobaqalari va oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida ishtirok etishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, sport federatsiyalari (uyushmalari) hamda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga moliyaviy jihatdan koʻmaklashish;
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari tomonidan moddiy-texnika va axborot resurslaridan, shuningdek ilmiy-tadqiqotga oid va texnik ishlanmalar hamda texnologiyalardan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish;
davlat mulkida boʻlgan jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarini saqlash;
sport inshootlarini qurish, mavjudlarini taʼmirlash va rekonstruksiya qilish;
jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
jismoniy tarbiya va sport vositalaridan aholining, shu jumladan nogironligi boʻlgan shaxslarning sogʻligʻini mustahkamlash maqsadida foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish;
nogironligi boʻlgan shaxslarning Paralimpiya oʻyinlarida hamda nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasidagi boshqa sport tadbirlarida ishtirok etishini rivojlantirishga va taʼminlashga koʻmaklashish;
sport tadbirlarini, ommaviy sport va jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish tadbirlarini tashkil etish;
jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarining xalqaro hamkorligiga koʻmaklashish;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi dasturlarni, ilmiy-uslubiy tizimlarni hamda kompleks ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
jismoniy tarbiya va sport sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini taʼminlaydi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat dasturlarini va maqsadli dasturlarni tasdiqlaydi hamda ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasini shakllantirish, shuningdek sport turlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalarini shakllantirish tartibini belgilaydi;
xalqaro va respublika miqyosidagi sport hamda ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasini, shuningdek sportning texnik va amaliy turlari boʻyicha sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasini tasdiqlaydi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi vakolatli davlat organining, boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda yoʻnaltiradi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibini belgilaydi;
jismoniy tarbiya va sport musobaqalari hamda tadbirlarini oʻtkazish qoidalarini belgilaydi;
sport unvonlari, sport razryadlari va malaka toifalarini berish tartibini tasdiqlaydi;
sport musobaqalarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarni hamda ularni tayyorlagan trenerlarni va terma jamoalar aʼzolarini ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
8-modda. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi vakolatli davlat organining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi jismoniy tarbiya va sport sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Vakolatli davlat organi:
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat dasturlarini hamda maqsadli dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan monitoring va nazoratni, shuningdek jismoniy tarbiya va sportning rivojlanish tahlilini amalga oshiradi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini oʻz vakolatlari doirasida tashkil etadi;
sport taʼlim tashkilotlarini hamda boshqa jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarini tashkil etish boʻyicha takliflar kiritadi va ularning faoliyati tashkil etilishini taʼminlaydi;
sport turlari boʻyicha yagona sport tasnifini, shuningdek ushbu tasnif toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlaydi;
sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish, ularni sport turlari reyestriga kiritish, reyestrni yuritish va undan chiqarish tartibini belgilaydi;
Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrini shakllantirish, yuritish, reyestrdan chiqarish tartibini belgilaydi;
xalqaro va respublika miqyosidagi sport hamda ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasini shakllantiradi hamda manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ularning moliyalashtirilishi va oʻtkazilishini taʼminlaydi;
jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish yoki sport inshootlari qabul qilib olinayotganda va sport musobaqalari oʻtkazilishidan oldin ularning belgilangan standartlarga muvofiqligini tekshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi sport terma jamoalarining tarkiblarini tasdiqlaydi, Oʻzbekiston sport delegatsiyalarini jamlaydi, ularning tayyorgarlik koʻrishini hamda xalqaro sport musobaqalarida va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida ishtirok etishini taʼminlaydi;
Olimpiya va Paralimpiya harakatini rivojlantirish, xalqaro musobaqalarda sportchilarning ishtirokini taʼminlash boʻyicha zarur chora-tadbirlarni belgilaydi;
sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini tashkil etadi hamda oʻtkazadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport uchun moʻljallangan tovarlarni ishlab chiqarish jarayonining jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid standartlarga muvofiq tashkil etilishiga koʻmaklashadi;
yangi jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari barpo etilishini hamda mavjudlarining taʼmirlanishini va rekonstruksiya qilinishini tashkil etishga koʻmaklashadi;
jismoniy tarbiya va sport boʻyicha ilmiy, oʻquv va ommabop adabiyotlar, sport turlari boʻyicha dasturlar tayyorlanishi va nashr etilishini, shuningdek jismoniy tarbiya va sport sohasida multimedia va raqamli texnologiyalar mahsulotlari ishlab chiqilishini tashkil etadi;
sportni ommalashtirishni va aholini sogʻlom turmush tarziga keng jalb etishni tashkil etadi;
jismoniy tarbiya va sportning ommalashtirilishini respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda tashkil etadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
jismoniy tarbiyadan sogʻliqni mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish va davolash vositasi sifatida foydalanadi;
mamlakatda sport tibbiyotini oʻrganish va rivojlantirish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boradi, dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
aholining jismoniy jihatdan kamol topish holati tahlilini oʻtkazadi va tegishli davlat organlariga takliflar kiritadi;
jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanayotgan shaxslarning tibbiy monitoringini tashkil etadi;
sportchilarning sport musobaqalariga tayyorgarlik koʻrishini tibbiy jihatdan taʼminlashda ishtirok etadi;
davlat sport taʼlim muassasalari sportchilarining belgilangan tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtkazib borilishini taʼminlaydi;
sport tibbiyoti sohasidagi xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
sportchilar va boshqa mutaxassislar sport jarohatlarini olganda ularga tibbiy yordam koʻrsatilishini tashkil etadi, shuningdek ularni jismoniy reabilitatsiya qilish boʻyicha tadbirlar oʻtkazadi;
aholining jinsi va yoshi toifasiga qarab, jismoniy mashqlar dasturini shakllantirishga doir uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
sogʻlomlashtirish markazlarini, davolash-jismoniy tarbiya dispanserlarini tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim tashkilotlarida jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish tashkil etilishini taʼminlaydi;
oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim tashkilotlarida oʻquv-tarbiya jarayonining sogʻlomlashtirishga yoʻnaltirilgan boʻlishini, shuningdek sogʻlom turmush tarzi normalarini joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlaydi;
oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻrtasida jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini tashkil etadi;
jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishda ishtirok etadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi oʻquv-uslubiy adabiyotlarni tayyorlashda ishtirok etadi;
oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim tashkilotlarida sport klublari faoliyati yoʻlga qoʻyilishini taʼminlaydi hamda ularning sport klublari oʻrtasida sport musobaqalarini tizimli ravishda oʻtkazib boradi;
Butunjahon talabalar oʻyinlarida oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining ishtirokini taʼminlaydi;
oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim tashkilotlari sport inshootlarining moddiy-texnika va resurs bazasi saqlanishi hamda rivojlantirilishini taʼminlaydi;
jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishga investitsiya va grantlarni jalb etish, ilmiy va innovatsion faoliyatni moliyalashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
oʻquvchilar va talabalarga sogʻlom turmush tarzini, sport bilan shugʻullanishning muhimligi, jismoniy va maʼnaviy komillikka intilish tushunchasini singdirishga, ularni salbiy taʼsirlardan himoya qilishga hamda zararli odatlardan xalos etishga doir chora-tadbirlar majmuini amalga oshiradi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
oʻquvchilar va talabalarni jismoniy tarbiyalashning zamonaviy shakllari hamda usullarini, jinsi va yoshiga qarab ularga sport koʻnikmalarini singdirishning ilmiy asoslangan tizimlarini ishlab chiqishni hamda ularni joriy etishga koʻmaklashishni tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi:
maktabgacha taʼlim va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishni hamda sport infratuzilmasini mustahkamlashni taʼminlaydi;
maktabgacha taʼlim va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishni tashkil etadi;
bolalar va oʻquvchi yoshlar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini tashkil etadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi oʻquv-uslubiy adabiyotlarni tayyorlashda ishtirok etadi;
umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida maktab sport klublari faoliyati yoʻlga qoʻyilishini taʼminlaydi;
umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining maktab sport klublari va oʻquvchilari oʻrtasida sport musobaqalarini tizimli ravishda oʻtkazib boradi;
jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishda ishtirok etadi;
maktabgacha taʼlim va umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish choralarini koʻradi;
bolalarga sportga nisbatan muhabbatni singdirishga, oʻsib kelayotgan avlodda sport bilan shugʻullanish, sogʻlom turmush tarzini olib borish, jismoniy va maʼnaviy komillikka intilish muhimligi tushunchasini shakllantirishga, bolalarni salbiy taʼsirlardan himoya qilishga va zararli odatlardan xalos etishga doir chora-tadbirlar majmuini amalga oshiradi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
bolalarni jismoniy tarbiyalashning zamonaviy shakllari hamda usullarini, bolalarning jinsi va yoshiga qarab ularga sport koʻnikmalarini singdirishning, sportga qobiliyatli bolalarni ixtisoslashtirilgan sport taʼlim muassasalarida oʻqitish uchun tanlab olishning ilmiy asoslangan tizimlarini ishlab chiqishni hamda ularni joriy etishga koʻmaklashishni tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
12-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari:
tegishli hududda jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirishga ajratiladigan mahalliy budjet mablagʻlarini koʻrib chiqadi, tasdiqlaydi, ularning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
tegishli hududda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi, ularning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
tegishli hududdagi jismoniy tarbiya va sport sohasiga masʼullarning hisobotlarini eshitadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat dasturlarini hamda maqsadli dasturlarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
hududlarda jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijro etilishini tashkil etadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi tadbirlarning mahalliy budjetdan moliyalashtirilishini taʼminlaydi;
jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarini tashkil etishga koʻmaklashadi hamda ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga koʻmaklashadi;
aholini jismoniy tarbiya va sportga jalb etish ishlarini tashkil etadi;
jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini tashkil etish hamda oʻtkazishga, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga koʻmaklashadi;
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish uchun fuqarolarning ish joyi, yashash joyi hamda dam olish joyida shart-sharoitlar yaratadi;
jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport uchun moʻljallangan tovarlar ishlab chiqarilishini, sohaga oid xizmatlar rivojlantirilishini tashkil etishga koʻmaklashadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
13-modda. Fuqarolarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi tadbirlarda ishtirok etishi
Fuqarolar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari:
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy dasturlarni hamda boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan tushuntirish ishlarini amalga oshirishda ishtirok etadi.
Fuqarolar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
3-bob. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi faoliyatni tashkil etish
14-modda. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislar
Sportchilar, trenerlar, sport hakamlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan vakolatli davlat organi bilan birgalikda kasblari va lavozimlarining tasniflangan roʻyxati belgilanadigan boshqa mutaxassislar jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislardir.
Sportchi, trener va sport hakami kasblari va lavozimlariga doir malaka talablari vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa mutaxassislarning kasblari va lavozimlariga doir malaka talablari qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
15-modda. Havaskorlik sporti va professional sport
Fuqarolar havaskorlik sporti, shuningdek professional sport bilan sportchi, trener, sport hakami sifatida shugʻullanish yoki qonunchilikda taqiqlanmagan jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid boshqa faoliyat turlari bilan shugʻullanish huquqiga ega.
Havaskorlik sporti va professional sport sohasidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning tashkil etilishi hamda faoliyat koʻrsatishi tartibi qonunchilikda belgilanadi.
16-modda. Ommaviy sport musobaqalari
Ommaviy sport musobaqalari aholini ommaviy sportga jalb etish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Besh tashabbus paralimpiadasi” va boshqa ommaviy sport tadbirlari shaklida oʻtkazib boriladi.
Ommaviy sport musobaqalari vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda ushbu musobaqalar tashkilotchilari tomonidan belgilanadigan tartib asosida oʻtkaziladi.
17-modda. Sport sinovlari
Sport sinovlari aholi oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish hamda aholining jismoniy faolligini baholash maqsadida oʻtkaziladi.
Sport sinovlari natijalari vakolatli davlat organining axborot tizimiga kiritib boriladi.
Sport sinovlarini oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
18-modda. Oʻzbekiston olimpiya harakati. Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi
Oʻzbekiston olimpiya harakati Xalqaro olimpiya harakatining tarkibiy qismi boʻlib, uning maqsadi olimpiya harakati prinsiplarini ommalashtirishdan, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga koʻmaklashishdan, sport sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdan, Olimpiya oʻyinlarida hamda Xalqaro olimpiya qoʻmitasi shafeligida oʻtkaziladigan boshqa xalqaro sport tadbirlarida ishtirok etishdan iboratdir.
Oʻzbekiston olimpiya harakati oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga, Xalqaro olimpiya qoʻmitasining Olimpiya xartiyasiga hamda oʻz ustaviga muvofiq amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi tomonidan boshqariladi. Davlat Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasiga oʻz ustavida belgilangan maqsadlarini amalga oshirishiga har tomonlama koʻmaklashgan holda, Oʻzbekiston olimpiya harakatini tan oladi va qoʻllab-quvvatlaydi.
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi:
olimpiya harakati prinsiplarini ommalashtiradi, yuksak yutuqlarga erishiladigan sportni va ommaviy sportni rivojlantirishga koʻmaklashadi;
Xalqaro olimpiya qoʻmitasining Olimpiya xartiyasiga muvofiq Olimpiya oʻyinlarida hamda Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi shafeligida oʻtkaziladigan boshqa xalqaro sport tadbirlarida Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlarini ifoda etadi;
sportchilarni Olimpiya oʻyinlarida hamda Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi shafeligida oʻtkaziladigan boshqa xalqaro sport tadbirlarida ishtirok etishga tayyorlashning zarur darajasini taʼminlashga qaratilgan dasturlarni va chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
sportda dopingning oldini olishga hamda unga qarshi kurashishga, shuningdek jismoniy tarbiya va sport sohasida har qanday shakldagi kamsitishlar va zoʻravonliklarning yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslikka koʻmaklashadi;
Xalqaro olimpiya qoʻmitasining hamda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasining olimpiya ramzlaridan, shioridan, bayrogʻidan, madhiyasidan, “olimpiya”, “olimpiada” degan nomlardan foydalanishga boʻlgan huquqlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida himoya qilish choralarini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi oʻz vakolatlarini vakolatli davlat organi, sport federatsiyalari (uyushmalari) hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
Olimpiya oʻyinlarida va Xalqaro olimpiya qoʻmitasi shafeligida oʻtkaziladigan boshqa xalqaro sport tadbirlarida Oʻzbekiston Respublikasi sport terma jamoalarining chiqishlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi ostida oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
19-modda. Oʻzbekiston paralimpiya harakati. Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi
Oʻzbekiston paralimpiya harakati Xalqaro paralimpiya harakatining tarkibiy qismi boʻlib, uning maqsadi paralimpiya harakati prinsiplarini ommalashtirishdan, nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga koʻmaklashishdan, sport sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdan, Paralimpiya oʻyinlarida hamda Xalqaro paralimpiya qoʻmitasi shafeligida oʻtkaziladigan boshqa xalqaro sport tadbirlarida ishtirok etishdan iboratdir.
Oʻzbekiston paralimpiya harakati oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga, Xalqaro paralimpiya qoʻmitasining Paralimpiya xartiyasiga hamda oʻz ustaviga muvofiq amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tomonidan boshqariladi. Davlat Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasiga oʻz ustavida belgilangan maqsadlarini amalga oshirishiga har tomonlama koʻmaklashgan holda, Oʻzbekiston paralimpiya harakatini tan oladi va qoʻllab-quvvatlaydi.
Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi:
paralimpiya harakati prinsiplarini ommalashtiradi, yuksak yutuqlarga erishiladigan sportning paralimpiya turlarini hamda nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirishga koʻmaklashadi;
Xalqaro paralimpiya qoʻmitasining Paralimpiya xartiyasiga muvofiq Paralimpiya oʻyinlarida hamda Xalqaro paralimpiya qoʻmitasi shafeligida oʻtkaziladigan boshqa xalqaro sport tadbirlarida Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlarini ifoda etadi;
sportchilarni Paralimpiya oʻyinlarida hamda Xalqaro paralimpiya qoʻmitasi shafeligida oʻtkaziladigan boshqa xalqaro sport tadbirlarida ishtirok etish uchun tayyorlashning zarur darajasini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
sportning paralimpiya turlari boʻyicha dopingning oldini olishga hamda unga qarshi kurashishga, shuningdek jismoniy tarbiya va sport sohasida har qanday shakldagi kamsitishlar va zoʻravonliklarning yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslikka koʻmaklashadi;
Xalqaro paralimpiya qoʻmitasining hamda Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasining paralimpiya ramzlaridan, shioridan, bayrogʻidan, madhiyasidan, “paralimpiya”, “paralimpiada” degan nomlardan foydalanishga boʻlgan huquqlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida himoya qilish choralarini taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi oʻz vakolatlarini vakolatli davlat organi, sport federatsiyalari (uyushmalari) hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
Paralimpiya oʻyinlarida va Xalqaro paralimpiya qoʻmitasi shafeligida oʻtkaziladigan boshqa xalqaro sport tadbirlarida Oʻzbekiston Respublikasi sport terma jamoalarining chiqishlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi ostida oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
20-modda. Surdlimpiya, maxsus olimpiya, koʻzi ojizlar sporti va boshqa adaptiv sport turlari
Oʻzbekiston surdlimpiya harakati Xalqaro surdlimpiya harakatining tarkibiy qismi boʻlib, uning maqsadi surdlimpiya harakati prinsiplarini ommalashtirishdan, nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga koʻmaklashishdan, sport sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdan, Surdlimpiya oʻyinlarida hamda Xalqaro karlar sporti qoʻmitasi shafeligida oʻtkaziladigan boshqa xalqaro sport tadbirlarida ishtirok etishdan iboratdir.
Oʻzbekiston maxsus olimpiya harakati Xalqaro maxsus olimpiya harakatining tarkibiy qismi boʻlib, uning maqsadi maxsus olimpiya harakati prinsiplarini ommalashtirishdan, nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga koʻmaklashishdan, sport sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdan, xalqaro maxsus olimpiya oʻyinlarida hamda tegishli xalqaro sport tashkilotlari shafeligida oʻtkaziladigan boshqa xalqaro sport tadbirlarida ishtirok etishdan iboratdir.
Oʻzbekiston koʻzi ojizlar sporti harakati Xalqaro koʻzi ojizlar sporti harakatining tarkibiy qismi boʻlib, uning maqsadi koʻzi ojizlar sporti harakati prinsiplarini ommalashtirishdan, koʻzi ojiz shaxslar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga koʻmaklashishdan, sport sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdan, xalqaro koʻzi ojizlar sporti musobaqalarida hamda tegishli xalqaro sport tashkilotlari shafeligida oʻtkaziladigan boshqa xalqaro sport tadbirlarida ishtirok etishdan iboratdir.
Surdlimpiya, maxsus olimpiya, koʻzi ojizlar sporti va boshqa adaptiv sport turlarini rivojlantirish Oʻzbekiston adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi hamda sportning surdlimpiya, maxsus olimpiya va koʻzi ojizlar sporti turlari boʻyicha nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan tashkil etiladi.
21-modda. Sport federatsiyalari (uyushmalari)
Sport federatsiyasi (uyushmasi) mamlakatda muayyan sport turini (turlarini) rivojlantirish, ommalashtirish, sport tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish, tegishli sport turi (turlari) boʻyicha sportchilarni tayyorlash ishlarini amalga oshiradi, xalqaro miqyosdagi barcha sport musobaqalari va tadbirlarida Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini ifoda etadi.
Sport federatsiyasi (uyushmasi) oʻzi rivojlantiradigan sport turi (turlari) boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining chempionatlari va kuboklari musobaqalari oʻtkazib borilishini tashkil etadi.
Sport federatsiyasining (uyushmasining) rasmiy nomi nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi hamda unda sport federatsiyasi (uyushmasi) faoliyatining hududiy sohasi, shuningdek sport federatsiyasi (uyushmasi) qaysi sport turini (turlarini) rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan boʻlsa, oʻsha sport turi (turlari) koʻrsatilishi lozim.
Sport federatsiyalarining (uyushmalarining) tashkil etilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi, ushbu Qonunda nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda, nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
22-modda. Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestri
Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestri vakolatli davlat organi tomonidan yuritiladi.
Quyidagi mezonlarga muvofiq boʻlgan nodavlat notijorat tashkilotlari belgilangan tartibda Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestriga kiritiladi:
ularning rivojlantiradigan sport turi (turlari) boʻyicha xalqaro sport tashkilotiga aʼzo ekanligi (bundan milliy va adaptiv sport turlari mustasno);
ular rivojlantiradigan sport turi (turlari) boʻyicha sport turi qoidalarining mavjudligi;
ularning Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestriga kiritilgan sport federatsiyalari (uyushmalari) nomlaridan farqlanadigan nomga ega ekanligi;
ular rivojlantiradigan sport turining (turlarining) boshqa sport turi (turlari) belgilaridan farqlanishi;
ular rivojlantiradigan sport turi (turlari) boʻyicha Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestriga boshqa sport federatsiyasi (uyushmasi) kiritilmaganligi.
Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestriga, istisno tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan sport turini (turlarini) yoki sportning alohida yoʻnalishlarini rivojlantirishi belgilangan sport federatsiyalari (uyushmalari) toʻgʻridan-toʻgʻri kiritiladi. Bunda sport federatsiyalarini (uyushmalarini) reyestrdan chiqarish boʻyicha qoidalar mazkur qismda koʻrsatib oʻtilgan sport federatsiyalariga (uyushmalariga) nisbatan tatbiq etilmaydi.
Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
sport federatsiyalarining (uyushmalarining) nomlari;
sport federatsiyalari (uyushmalari) tomonidan rivojlantiriladigan sport turi (turlari);
sport federatsiyalari (uyushmalari) rahbar organlarining shaxsiy tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
sport federatsiyalarining (uyushmalarining) xalqaro sport tashkilotiga aʼzoligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestrida koʻrsatilgan maʼlumotlar ochiq boʻladi va vakolatli davlat organining axborot tizimiga joylashtiriladi.
Sport federatsiyalari (uyushmalari) reyestriga vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda boshqa maʼlumotlar ham kiritilishi mumkin.
23-modda. Sport federatsiyalarining (uyushmalarining) huquq va majburiyatlari
Sport federatsiyalari (uyushmalari) quyidagi huquqlarga ega:
sport turini yoki sport turining tarmogʻini Sport turlari reyestriga kiritish yuzasidan taklif kiritish;
sport turi (turlari) boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi sport terma jamoalarining xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etishini tashkil etish;
sport turini (turlarini) rivojlantirish uchun qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan turli manbalardan moliyaviy va boshqa turdagi yordam olish.
Sport federatsiyalari (uyushmalari) qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Sport federatsiyalari (uyushmalari):
sport turini (turlarini) rivojlantirishi va ommalashtirishi;
sport turi (turlari) boʻyicha sport turlari qoidalarini vakolatli davlat organiga davlat tilida taqdim etishi hamda oʻz rasmiy veb-saytida joylashtirishi;
sport turini (turlarini) rivojlantirish boʻyicha kompleks maqsadli dasturlarni ishlab chiqishi;
sportchilar, trenerlar va oʻtkazilayotgan sport musobaqalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni vakolatli davlat organining axborot tizimiga kiritib borishi;
sport turini (turlarini) rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi hisobotlarni vakolatli davlat organiga taqdim etishi;
sport turi (turlari) boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalarini shakllantirish, shuningdek sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasini shakllantirish boʻyicha vakolatli davlat organiga belgilangan tartibda takliflar kiritib borishi;
sport turi (turlari) boʻyicha har qanday shakldagi kamsitishlar va zoʻravonliklarga yoʻl qoʻymasligi;
antidoping qoidalariga muvofiq dopingning oldini olishi va unga qarshi kurashish choralarini koʻrishi shart.
Sport federatsiyalarining (uyushmalarining) zimmasiga qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
24-modda. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi faoliyat. Nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari reyestri
Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi faoliyat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar, oʻzini oʻzi band qilgan trenerlar hamda boshqa jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari xalqaro sport tashkilotlarining aʼzosi boʻlishi mumkin.
Jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari chet davlatlarning sport tashkilotlari bilan munosabatlarda xalqaro sport tashkilotlari tomonidan tasdiqlangan qoidalarga (nizomlarga, reglamentlarga) va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga rioya etadi.
Vakolatli davlat organi tomonidan Nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari reyestri yuritiladi.
Nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari reyestriga sport klublari, sport taʼlim tashkilotlari, jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat yurituvchi boshqa yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda oʻzini oʻzi band qilgan trenerlar kiritiladi.
Nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari reyestriga kiritilgan jismoniy va yuridik shaxslar rasmiy sport musobaqalarida oʻz nomidan ishtirok etishi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalariga nomzod berishi mumkin.
Nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari reyestrini shakllantirish, yuritish hamda reyestrdan chiqarish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
25-modda. Sport klubi
Sport klubi sport faoliyati bilan shugʻullanish, sport turlarini rivojlantirish va ommalashtirish, shuningdek sportchilarni musobaqalarga tayyorlash maqsadida tashkil etiladi.
Sport klubi, idoraviy mansubligi va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, yuridik shaxs maqomi bilan yoki yuridik shaxs maqomisiz tashkil etilishi mumkin.
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan sport klubi qonunchilikka muvofiq davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
26-modda. Sport ligasi
Sport ligasi sport musobaqalarini tashkil etish, oʻtkazish va boshqarish faoliyatini amalga oshirish maqsadida, idoraviy mansubligi hamda mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, yuridik shaxs maqomi bilan yoki yuridik shaxs maqomisiz tashkil etiladi.
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan sport ligasi qonunchilikka muvofiq davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
Sport ligasi sport turi (turlari) boʻyicha professional sport musobaqalarini tashkil etish hamda oʻtkazish uchun professional sport musobaqasini tashkil etish va oʻtkazish qoidalarini (nizomini, reglamentini) qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlaydi.
Professional sport musobaqasini tashkil etish va oʻtkazish qoidalari (nizomi, reglamenti) ochiq maʼlumot sifatida sport ligasining Internetdagi rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi. Bunda mazkur qoidalar (nizom, reglament) qonunchilikka muvofiq boʻlishi kerak.
Sport ligasining faoliyat yuritish tartibi, shuningdek sport ligalari tomonidan professional sport musobaqalarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
27-modda. Oʻzbekiston milliy sport turlari va xalq oʻyinlari
Oʻzbekiston milliy sport turlari va xalq oʻyinlari milliy ijtimoiy-madaniy yoʻnalishga ega boʻlgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida rivojlanayotgan sport va oʻyin turlaridir.
Oʻzbekiston milliy sport turlari va xalq oʻyinlari Oʻzbekiston Respublikasining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi madaniy merosining ajralmas qismi, aholida vatanparvarlik va Vatanga muhabbat, xalqaro maydonda mamlakatning obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga intilish tuygʻularini tarbiyalash poydevoridir.
Davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari, shuningdek boshqa tashkilotlar:
Oʻzbekiston milliy sport turlarini va xalq oʻyinlarini rivojlantirishga har tomonlama koʻmaklashadi hamda ularni aholi oʻrtasida yoyish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
Oʻzbekiston milliy sport turlarining va xalq oʻyinlarining xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini mustahkamlashga koʻmaklashadi.
Oʻzbekiston milliy sport turlarini va xalq oʻyinlarini Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga kiritish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
28-modda. Jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini tashkil etish hamda oʻtkazish
Jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari tashkilotchilari bu tadbirlarni oʻtkazish shartlarini, shu jumladan jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini tashkil etish hamda oʻtkazishni moliyalashtirish shartlarini belgilaydi, bunday tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish uchun masʼul boʻladi.
Jismoniy tarbiya va sport tadbirlari tashkilotchilari quyidagi huquqlarga ega:
jismoniy tarbiya va sport tadbirining nomi va ramzlaridan foydalanish;
jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini oʻtkazish joyida tovarlar, ishlar va xizmatlar reklamasini joylashtirish;
jismoniy tarbiya va sport tadbirlarida foydalaniladigan sport ekipirovkasi, sport uskunalari va anjomlarini ishlab chiqaruvchilarni belgilash;
jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini yoritish;
jismoniy tarbiya va (yoki) sport tadbirini toʻxtatish va bekor qilish, ularni oʻtkazish vaqtini oʻzgartirish hamda ularning yakunlarini tasdiqlash.
Jismoniy tarbiya va sport tadbirlarining nomlaridan, ular asosida tuzilgan soʻz birikmalaridan hamda mazkur tadbirlar ramzlaridan uchinchi shaxslarning foydalanishi jismoniy tarbiya va sport tadbirlari tashkilotchilari bilan yozma shaklda tuziladigan kelishuvlar asosida amalga oshiriladi, bundan ushbu nomlardan, ular asosida tuzilgan soʻz birikmalaridan va mazkur tadbirlar ramzlaridan axborot maqsadida yoxud ommaviy axborot vositalarida jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini yoritish huquqini olgan uchinchi shaxslar tomonidan ushbu huquqlardan foydalanish hollari mustasno.
Ommaviy axborot vositalarida jismoniy tarbiya va sport tadbirlarining jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari tashkilotchilari tomonidan tasdiqlangan, toʻgʻri koʻrsatilgan nomlaridan foydalanilishi kerak. Bunda mazkur nomlar reklama hisoblanmaydi.
Jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini yoritish huquqidan uchinchi shaxslar faqat jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari tashkilotchilarining yozma ruxsatlari bilan yoxud uchinchi shaxslar tomonidan ushbu huquqlarning bunday tadbirlar tashkilotchilaridan sotib olinganligi toʻgʻrisidagi yozma shakldagi kelishuvlar asosida foydalanishi mumkin.
Jismoniy tarbiya va sport tadbirlari toʻgʻrisidagi qoidalarning (nizomlarning, reglamentlarning) mazmuniga nisbatan qoʻyiladigan umumiy talablar vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Faqat rasmiy sport musobaqalari Oʻzbekiston Respublikasi chempionati yoki kubogi maqomiga hamda nomiga ega boʻlishi mumkin.
Rasmiy sport musobaqalarini oʻtkazishga faqat ushbu Qonunning 30-moddasiga muvofiq tasdiqlangan sport turlari qoidalariga asosan yoʻl qoʻyiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida xalqaro sport tadbirlari tegishli sport federatsiyasi (uyushmasi) hamda vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda oʻtkazilishi mumkin.
29-modda. Sport turlarini va sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish. Sport turlarining reyestri
Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan tartibda eʼtirof etilgan sport turlari va sport turining tarmoqlari Sport turlari reyestriga kiritiladi.
Sport turini yoki sport turining tarmogʻini eʼtirof etish uchun u sport turiga yoki sport turining tarmogʻiga mos belgiga, sport turi qoidalariga, mashgʻulot oʻtkazishning oʻziga xos xususiyatlari va uslubiyatiga, sport infratuzilmasiga, foydalaniladigan sport anjomlari va jihozlariga ega boʻlishi hamda sport mashgʻulotlari va sport musobaqalarini oʻtkazish talablariga javob beradigan sport infratuzilmasi mavjud boʻlishi, shuningdek sportchilarning ishtirok etishiga, odamning jismoniy va aqliy rivojlanish qobiliyatini hamda harakat faolligini takomillashtirishga, sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qilishi kerak.
Sport turini yoki sport turining tarmogʻini eʼtirof etish ushbu sport turi yoki sport turining tarmogʻi maʼmuriy-hududiy birliklarning (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) kamida yettitasida rivojlangan boʻlishi kerak, bundan vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan sport turlari yoki sport turining tarmoqlari mustasno.
Sport turlarini yoki sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish sport federatsiyalarining (uyushmalarining), jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarining arizasi asosida vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan sport turlarini yoki sport turining tarmoqlarini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda sport turlarini yoki sport turining tarmoqlarini eʼtirof etish vakolatli davlat organi tomonidan, istisno tariqasida, toʻgʻridan-toʻgʻri eʼtirof etiladi va Sport turlari reyestriga kiritiladi.
Gʻayriinsoniy va inson qadr-qimmatini kamsituvchi sport turlari yoki sport turining tarmoqlari Oʻzbekiston Respublikasida sport turlari yoki sport turining tarmoqlari sifatida eʼtirof etilishi mumkin emas.
Sport turlari reyestri vakolatli davlat organi tomonidan yuritiladi.
30-modda. Sport turlari qoidalari
Sport turlari reyestriga kiritilgan sport turlarining qoidalari xalqaro sport tashkilotlari tomonidan tasdiqlangan qoidalarga muvofiq qoʻllaniladi, bundan harbiy-amaliy, Oʻzbekiston milliy sport turlari va xalq oʻyinlari mustasno.
Harbiy-amaliy, Oʻzbekiston milliy sport turlari va xalq oʻyinlari qoidalari qonunchilikda belgilangan tartibda ishlab chiqiladi.
31-modda. Sport unvonlari, sport razryadlari, malaka toifalari. Sport turlari boʻyicha yagona sport tasnifi
Oʻzbekiston Respublikasida quyidagi sport unvonlari, sport razryadlari, malaka toifalari belgilanadi:
a) sport unvonlari:
xalqaro toifadagi Oʻzbekiston sport ustasi yoki xalqaro grossmeyster;
Oʻzbekiston sport ustasi yoki Oʻzbekiston grossmeysteri;
b) sport razryadlari:
Oʻzbekiston sport ustaligiga yoki Oʻzbekiston grossmeysterligiga nomzod;
birinchi sport razryadi;
ikkinchi sport razryadi;
uchinchi sport razryadi;
oʻsmirlar uchun birinchi sport razryadi;
oʻsmirlar uchun ikkinchi sport razryadi;
oʻsmirlar uchun uchinchi sport razryadi;
v) sport hakamlarining malaka toifalari:
xalqaro toifali sport hakami;
milliy toifali sport hakami;
birinchi toifali sport hakami;
ikkinchi toifali sport hakami;
uchinchi toifali sport hakami;
sport boʻyicha hakam;
g) trenerlarning malaka toifalari:
xalqaro toifali trener;
oliy toifali trener;
birinchi toifali trener;
ikkinchi toifali trener;
d) yoʻriqchi-uslubchilarning malaka toifalari:
oliy toifali yoʻriqchi-uslubchi;
birinchi toifali yoʻriqchi-uslubchi;
ikkinchi toifali yoʻriqchi-uslubchi.
Sport unvonlarini, sport razryadlarini va malaka toifalarini berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Sport turlari boʻyicha yagona sport tasnifi Sport turlari reyestriga kiritilgan sport turlari boʻyicha tegishli sport unvonlari va sport razryadlarini berish uchun bajarilishi zarur boʻlgan normalar hamda talablarni, shuningdek ularni bajarish shartlarini belgilaydi.
Sport turlari boʻyicha yagona sport tasnifi toʻgʻrisidagi nizomda mazkur normalar, talablar va shartlarning mazmuni, shuningdek sport turlari boʻyicha sport unvonlari va sport razryadlarini berish tartibi belgilanadi.
Sport turlari boʻyicha yagona sport tasnifi va u toʻgʻrisidagi nizom vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
32-modda. Xalqaro va respublika miqyosidagi sport hamda ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasi
Xalqaro va respublika miqyosidagi sport hamda ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasi Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻtkaziladigan xalqaro va respublika miqyosidagi rasmiy sport yoki ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari roʻyxatini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi sport terma jamoalarini xalqaro sport tadbirlariga tayyorlash hamda ularning ishtirok etishini taʼminlash boʻyicha tadbirlar roʻyxatini belgilovchi hujjatdir.
Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari xalqaro va respublika miqyosidagi sport hamda ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga sport turlarining oʻziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda kiritiladi.
Xalqaro va respublika miqyosidagi sport hamda ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasi tegishli kalendar yil boshlanguniga qadar tasdiqlanadi.
Xalqaro va respublika miqyosidagi sport hamda ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasiga kiritilgan sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari rasmiy sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari hisoblanadi.
33-modda. Sportchining huquq va majburiyatlari
Sportchi quyidagi huquqlarga ega:
sport turini yoki sport turlarini tanlash;
tanlangan sport turi yoki sport turlari boʻyicha sport musobaqalarida ushbu sport turlari qoidalari hamda sport musobaqalari toʻgʻrisidagi qoidalarda (nizomlarda, reglamentlarda) belgilangan tartibda ishtirok etish;
Sport turlari boʻyicha yagona sport tasnifi normalari va talablarini bajarganda sport unvonlari va sport razryadlarini olish;
jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari hamda boshqa tashkilotlar bilan qonunchilikda belgilangan tartibda shartnomalar tuzish;
oʻz huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish uchun kasaba uyushmalariga va boshqa birlashmalarga birlashish;
tanlangan sport turi boʻyicha sport federatsiyalari (uyushmalari) tomonidan oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarining himoya qilinishini talab qilish;
jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organlarga yoki mansabdor shaxslarga yoxud sudga belgilangan tartibda shikoyat qilish.
Sportchilarning ayrim toifalari qonunchilikda belgilangan tartibda stipendiya va imtiyozli pensiya olish huquqiga ega.
Sportchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat tashkilotlari va sport federatsiyalari (uyushmalari) sportchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini va ularning sogʻligʻi muhofaza qilinishini taʼminlashi shart.
Sportchi:
jismoniy tarbiya va sport tadbirlarida ishtirok etish hamda oʻquv mashgʻulotlar paytida, shuningdek sport obyektlarida boʻlganda xavfsizlik talablariga rioya etishi;
antidoping qoidalariga rioya etishi;
adolatli kurash prinsipiga rioya etishi, shuningdek raqiblari, sport hakamlariga va tomoshabinlarga hurmat bilan munosabatda boʻlishi;
oʻzi ishtirok etayotgan jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari toʻgʻrisidagi qoidalarga (nizomlarga, reglamentlarga) hamda jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari tashkilotchilarining qonuniy talablariga rioya etishi;
sanitariya qoidalariga, normalariga va gigiyena normativlariga, tibbiy talablarga rioya etishi, belgilangan tartibda va muddatlarda tibbiy tekshiruvlardan oʻtishi shart.
Sportchining zimmasiga qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
34-modda. Sportchi pasporti
Sportchi pasporti yagona namunadagi hujjat boʻlib, sportchining jismoniy tarbiya va sport tashkilotiga mansubligini hamda sport malakasini tasdiqlaydi.
Sportchi pasportida quyidagilar koʻrsatiladi:
sportchining familiyasi, ismi, otasining ismi;
jinsi;
tugʻilgan sanasi;
sportchi mansub boʻlgan jismoniy tarbiya va sport tashkiloti;
sportchi tomonidan tanlangan sport turi;
sport unvonlari va sport razryadlari berilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
sport unvonlari va sport razryadlarini berish uchun zarur normalar hamda talablar bajarilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar;
sportchi tibbiy tekshiruvdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi belgi;
sport musobaqalarida erishilgan natijalar;
sportchining sport diskvalifikatsiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
davlat mukofotlari va boshqa shakldagi ragʻbatlantirishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
treneri (trenerlari) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
tanlangan sport turining yoki sport turlarining oʻziga xos xususiyatlari bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlar.
Sportchining jismoniy tarbiya va sport tashkilotiga mansubligi sportchi hamda jismoniy tarbiya va sport tashkiloti oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida va (yoki) sportchining jismoniy tarbiya va sport tashkilotiga aʼzoligini belgilovchi boshqa hujjatlar asosida aniqlanadi.
Sportchi pasporti uning amal qilish muddati cheklanmagan holda vakolatli davlat organining axborot tizimi orqali elektron shaklda beriladi.
Sportchi pasportini berish, almashtirish (yangisini berish) va hisobga olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
35-modda. Trener
Trener sportchilarni tayyorlash hamda ularning musobaqalarga tayyorgarlik koʻrishini tashkil etish, ularga nazariy va amaliy bilimlarni berish, shuningdek ularni jismoniy jihatdan kamol toptirishni amalga oshiruvchi jismoniy shaxsdir.
Trenerlik faoliyati bilan tegishli sport turi boʻyicha malaka sertifikatiga ega boʻlgan shaxslar shugʻullanishi mumkin.
Trenerlik faoliyati vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda eʼtirof etilgan sport turi boʻyicha jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonunchilikka, shuningdek xalqaro sport tashkilotlarining qoidalariga (nizomlariga, reglamentlariga) muvofiq amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi sport terma jamoalarining trenerlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Trenerlik faoliyatini amalga oshirishda quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi:
zoʻravonlikni, diniy ekstremizmni, davlat tuzumiga, mamlakatning tinchligi va xavfsizligiga, uning aholisiga qarshi qaratilgan boshqa harakatlarni targʻib qilishga;
jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanuvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitishga;
oʻquv mashgʻulotlari jarayonida sportga aloqasi boʻlmagan boshqa faoliyatni olib borishga;
taqiqlangan vositalarni, tamaki va alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilishga hamda ularni isteʼmol qilishni targʻib etishga.
Trener quyidagi huquqlarga ega:
trenerlik faoliyatini amalga oshirish;
qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqish;
sport musobaqalarida, jismoniy tarbiya tadbirlarida ishtirok etish.
Trener qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Trener:
jismoniy tarbiya va sportni hamda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishi;
oʻquv-mashgʻulotlarida xavfsizlik, sanitariya qoidalariga, normalariga va gigiyena normativlariga rioya etishi;
trenerga nisbatan qoʻyilgan talablarga qatʼiy rioya etishi;
kasbiy malakasini uzluksiz oshirib borishi shart.
Trenerning zimmasiga qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
Trenerlik malaka sertifikatini berish va trenerlik faoliyatini amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
36-modda. Sport hakami
Sport turi qoidalariga va sport musobaqasi toʻgʻrisidagi nizomga (reglamentga) rioya etilishini taʼminlash uchun vakolat berilgan jismoniy shaxs sport hakamidir.
Sport hakamining faoliyati jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonunchilikka, shuningdek xalqaro sport tashkilotlarining qoidalariga (nizomlariga, reglamentlariga) muvofiq amalga oshiriladi.
Sport hakami xalqaro sport tashkilotlari tomonidan tasdiqlangan qoidalarga (nizomlarga, reglamentlarga), sport turi qoidalariga hamda sport musobaqalarining qoidalariga (nizomlariga, reglamentlariga) muvofiq sport musobaqalariga hakamlik qiladi hamda ularga rioya etilishini taʼminlaydi.
Sport hakami quyidagi huquqlarga ega:
sport musobaqalarida hakamlik qilish;
sport musobaqalarida hakamlik qilganlik uchun haq (daromad) olish;
jamoat birlashmalariga birlashish;
sport musobaqasida hakamlik qilishda sport musobaqasi tashkilotchisidan tegishli shart-sharoitlar yaratilishini talab qilish.
Sport hakami qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Sport hakami:
xalqaro sport tashkilotlari tomonidan tasdiqlangan qoidalarni (reglamentlarni, nizomlarni), sport turi qoidalarini hamda sport musobaqalari qoidalarini (nizomlarini, reglamentlarini) bilishi va ularning talablariga qatʼiy rioya etishi;
yuksak madaniyatni va hamjihatlikni namuna qilib koʻrsatishi, shuningdek qoʻpollik, tartibsizlikning, ishtirokchilar (sportchilar, trenerlar, vakillar, tomoshabinlar) tomonidan sport turlari qoidalari buzilishining oldini olish choralarini koʻrishi shart.
Sport hakamining zimmasiga qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
Sport hakami jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonunchilik, shuningdek xalqaro sport tashkilotlari qoidalari (nizomlari, reglamentlari) boʻyicha talablarni bajarmagan hollarda, uning xatti-harakatlari tegishli sport federatsiyalari (uyushmalari) huzurida tashkil etiladigan sport hakamlari hayʼatlarida koʻrib chiqiladi.
Sport hakami malaka toifasini berish va sport hakami faoliyatini amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
37-modda. Sport agenti
Sport agenti sportchi, trener yoki sport klubi nomidan shartnoma asosida faoliyat koʻrsatuvchi, shartnomalar hamda transfer kelishuvlarini tuzishda vositachilik qiluvchi va ularning shartlariga rioya etilishini kuzatib boruvchi shaxsdir.
Sport agentining faoliyati jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonunchilikka, shuningdek xalqaro sport tashkilotlarining qoidalariga (nizomlariga, reglamentlariga) muvofiq amalga oshiriladi.
Sport agenti quyidagi huquqlarga ega:
sportchilar, trenerlar va sport klublari bilan agentlik shartnomalarini tuzish;
sportchilar, trenerlar va sport klublari nomidan hamda ularning manfaatlarini koʻzlab shartnoma asosida faoliyat koʻrsatish;
shartnomalar tuzishda sportchilarning, trenerlarning va sport klublarining manfaatlarini ifodalash;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi faoliyat bilan shugʻullanadigan homiylar, reklama beruvchilar bilan hamkorlik qilish;
sportchilar, trenerlar va sport klublari manfaatlarini ifoda etganlik uchun haq (daromad) olish.
Sport agenti qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Sport agenti:
xalqaro sport tashkilotlari tomonidan tasdiqlangan qoidalarni (reglamentlarni, nizomlarni), sport turi qoidalari hamda sport musobaqalarining qoidalarini (nizomlarini, reglamentlarini) bilishi va ularning talablariga qatʼiy rioya etishi;
tuzilgan shartnomalarga muvofiq sportchilarning, trenerlarning va sport klublarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini kuzatib borishi hamda himoya qilishi kerak.
Sport agentining zimmasiga qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
Sport agenti faoliyatini amalga oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
38-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi (bundan buyon matnda Milliy antidoping agentligi deb yuritiladi) sportda dopingning oldini olishni va unga qarshi kurashishni hamda doping nazoratini amalga oshiradi.
Milliy antidoping agentligi:
Butunjahon antidoping kodeksi asosida milliy antidoping qoidalarini tasdiqlaydi;
antidoping qoidalariga muvofiq doping nazoratini amalga oshiradi;
Butunjahon antidoping agentligi tomonidan yillik tasdiqlanadigan sportda taqiqlangan substansiyalar va (yoki) usullarning roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasida eʼlon qiladi;
doping nazoratini oʻtkazish tartibini belgilaydi;
doping nazoratidan oʻtkaziladigan sportchilar roʻyxatini tuzadi;
jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonunchilikka va antidoping qoidalariga muvofiq boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
39-modda. Sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashish
Antidoping qoidalarida nazarda tutilgan bir yoki bir nechta qoidabuzarlik, shu jumladan sportda foydalanish taqiqlangan substansiyalar va (yoki) usullar (bundan buyon matnda taqiqlangan substansiya va (yoki) taqiqlangan usul deb yuritiladi) roʻyxatiga kiritilgan substansiyadan va (yoki) usuldan foydalanish yoki foydalanishga urinish sportda doping deb eʼtirof etiladi.
Sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashish antidoping qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Sportchilar va boshqa shaxslar tomonidan antidoping qoidalarining buzilishiga, sport musobaqasida qatnashayotgan jonivorlarga nisbatan taqiqlangan substansiya va (yoki) taqiqlangan usulning qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Dopingga qarshi taʼminot sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan tadbirlarni oʻtkazishdan iborat.
Sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashish chora-tadbirlari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
doping nazoratini oʻtkazishni;
sportchilarning, trenerlarning, jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa mutaxassislarning antidoping qoidalarini buzganlik uchun javobgarligini belgilashni;
taqiqlangan substansiyalar va (yoki) taqiqlangan usullar qoʻllanilishining oldini olishni;
doping nazoratini oʻtkazuvchi mutaxassislarning malakasini oshirishni;
jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlarining qoʻshimcha taʼlim dasturlariga antidoping qoidalari, sportda dopingning sportchilar sogʻligʻi uchun oqibatlari, antidoping qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi boʻlimlarni kiritishni;
ommaviy axborot vositalarida dopingga qarshi targʻibot olib borishni;
sportda dopingning oldini olishni va unga qarshi kurashishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar oʻtkazishni;
sportchilarning ish qobiliyatini tiklash vositalari va usullarini ishlab chiqish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazishni;
doping nazoratini oʻtkazish tartibida nazarda tutilgan doping nazoratini oʻtkazish shartlarini buzganlik uchun jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarining javobgarligini belgilashni;
sportda dopingning oldini olishni va unga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirishni;
antidoping qoidalarida belgilangan boshqa har qanday faoliyatni amalga oshirishni.
Sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashish choralarini koʻrish uchun sport federatsiyalari (uyushmalari):
Butunjahon antidoping kodeksini, milliy antidoping qoidalarini hamda tegishli xalqaro sport federatsiyalari (uyushmalari) tomonidan tasdiqlangan antidoping qoidalarini oʻz rasmiy veb-saytlarida davlat tilida joylashtirishi;
sport musobaqasi davrida hamda musobaqadan tashqari davrda Milliy antidoping agentligiga doping-test oʻtkazish maqsadida sportchilar roʻyxatini shakllantirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni taqdim etishi;
ushbu Qonunga, Butunjahon antidoping kodeksiga, milliy antidoping qoidalariga hamda tegishli xalqaro sport federatsiyalari (uyushmalari) tomonidan tasdiqlangan antidoping qoidalariga muvofiq boshqa talablarni bajarishi shart.
40-modda. Sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda taʼsir koʻrsatishning oldini olish va unga qarshi kurashish
Sportchining, trenerning, sport hakamining yoki sport musobaqalari boshqa ishtirokchilarining yoxud tashkilotchilarining sport musobaqalari natijalarini yoki uning borishini qasddan oʻzgartirish maqsadida qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor boʻlishi yoxud shu maqsadda ushbu shaxslarga moddiy qimmatliklar berish yoki ularni mulkiy manfaatdor qilish, shuningdek ularga ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda noqonuniy taʼsir koʻrsatish sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda taʼsir koʻrsatish hisoblanadi.
Sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda taʼsir koʻrsatishning oldini olish hamda unga qarshi kurashish jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonunchilikka, shuningdek sport federatsiyalari (uyushmalari) tomonidan tasdiqlangan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda taʼsir koʻrsatishning oldini olish va unga qarshi kurashish chora-tadbirlari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda taʼsir koʻrsatganlik uchun javobgarlikni belgilashni;
sport musobaqalari toʻgʻrisidagi tegishli nizomlarda sportchi, trener, sport hakami, sport sohasidagi boshqa mutaxassislarning oʻzaro manfaatlari toʻqnashuvining oldini olish va bartaraf etishga doir qoidalarni, shuningdek sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda taʼsir koʻrsatishni taqiqlash boʻyicha talablarni nazarda tutishni;
sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda taʼsir koʻrsatishning oldini olish hamda unga qarshi kurashishda jismoniy tarbiya va sport subyektlarining huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorligini taʼminlashni;
ommaviy axborot vositalarida sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda taʼsir koʻrsatishning oldini olishga va unga qarshi kurashishga qaratilgan targʻibot ishlarini olib borishni;
sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda taʼsir koʻrsatishning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar oʻtkazishni hamda qonunga xilof ravishda taʼsir koʻrsatilishi hollarini aniqlashga qaratilgan uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqishni;
sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda taʼsir koʻrsatishning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlikni amalga oshirishni.
Sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda taʼsir koʻrsatish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
4-bob. Taʼlim tizimida, fuqarolarning ish joyida, yashash joyida hamda boshqa joylarda jismoniy tarbiya va sport
41-modda. Taʼlim tizimida jismoniy tarbiya va sportni tashkil etish
Taʼlim tizimida jismoniy tarbiya va sportni tashkil etish quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
asosiy taʼlim dasturlari doirasida davlat taʼlim standartlari bilan belgilangan hajmlarda jismoniy tarbiya va sport boʻyicha majburiy mashgʻulotlar, shuningdek qoʻshimcha taʼlim dasturlari doirasida qoʻshimcha (fakultativ) jismoniy mashqlar va sport mashgʻulotlari oʻtkazishni;
taʼlim oluvchilarni jismoniy tarbiya va sport mashgʻulotlariga jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratishni, shu jumladan yoshlarning jismoniy tarbiya va sport tayyorgarligi boʻyicha tadbirlar majmuini oʻtkazish uchun sport jihozlari va anjomlari bilan taʼminlashni;
taʼlim oluvchilarda ularning individual qobiliyatini hamda sogʻligʻi holatini hisobga olgan holda, jismoniy tarbiya va sport koʻnikmalarini shakllantirishni;
iqtidorli bolalar va yoshlarni aniqlashni, tanlashni va professional sportchi sifatida tayyorlashga yoʻnaltirishni;
oʻquv mashgʻulotlari paytida jismoniy tarbiya tadbirlarini amalga oshirishni;
taʼlim oluvchilarning jismoniy tarbiyasi tashkil etilishi ustidan tibbiy nazorat olib borishni;
ota-onalarda yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarda bolalarining sogʻligʻi va ularning jismoniy tarbiyasiga nisbatan masʼuliyatli munosabatni shakllantirishni;
bolalar va yoshlarning jismoniy tayyorgarligini hamda jismoniy rivojlanishini har yili monitoring qilishni;
taʼlim oluvchilar ishtirokida sport tadbirlarini, shu jumladan maktabgacha va maktab taʼlimi tizimining taʼlim muassasalari oʻquvchilari, professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari hamda oliy taʼlim tashkilotlari talabalari ishtirokida sport musobaqalari oʻtkazilishini tashkil etishni.
42-modda. Fuqarolarning ish joyi, yashash joyi hamda dam olish joyida jismoniy tarbiya va sportni tashkil etish
Ish beruvchilar, ularning birlashmalari va xodimlar yoki ularning vakillik organlari oʻrtasidagi jamoa shartnomalari, kelishuvlari va mehnat shartnomalariga:
xodimlarga jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish hamda xodimlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishiga bogʻliq boʻlgan boshqa tadbirlarni oʻtkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisidagi;
xodimlarga va ularning oila aʼzolariga ushbu qismning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun sport obyektlari, sport jihozlari va anjomlaridan foydalanish imkoniyatini yaratish haqidagi qoidalar kiritilishi mumkin.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari fuqarolarning yashash joyi va dam olish joyi boʻyicha jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi, shu jumladan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislarni jalb etish choralarini koʻradi.
Sanatoriy-kurort muassasalari, dam olish uylari va turistik bazalar rahbarlari fuqarolarning sogʻligʻini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish va davolash maqsadida fuqarolarning davolanishi hamda dam olishi jarayonida jismoniy tarbiya komponentlaridan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Ish beruvchilar xodimlarning jismoniy tarbiya va sport bilan faol shugʻullanishi, shu jumladan ish vaqti davomida yoki ish vaqtidan keyin ixtiyoriy ravishda jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi mumkin.
43-modda. Adaptiv jismoniy tarbiya va sport. Nogironligi boʻlgan shaxslarni jismoniy reabilitatsiya qilish
Adaptiv jismoniy tarbiya jismoniy tarbiyaning nogironligi boʻlgan shaxslarni jismoniy reabilitatsiya qilishning kompleks vositalaridan foydalanuvchi qismidir.
Adaptiv sport sportning nogironligi boʻlgan shaxslarni jismoniy reabilitatsiya qilishga hamda ijtimoiy moslashtirishga qaratilgan qismidir.
Adaptiv jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish sport bilan shugʻullanishning ustuvorligi, ommalashuvi hamda ochiqligi prinsiplariga asoslanadi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarni adaptiv jismoniy tarbiya va sport usullaridan foydalangan holda jismoniy reabilitatsiya qilish hamda ijtimoiy moslashtirish jismoniy tarbiya va sport tashkilotlarida, taʼlim tashkilotlarida, shu jumladan reabilitatsiya markazlarida, nogironligi boʻlgan shaxslarning sport klublarida amalga oshiriladi.
Taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun mashgʻulotlar bunday taʼlim oluvchilarning shaxsiy qobiliyatlari hamda sogʻligʻining holati hisobga olingan, adaptiv jismoniy tarbiya va sport vositalaridan foydalanilgan holda tashkil etiladi.
Vakolatli davlat organi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari bilan birgalikda nogironligi boʻlgan shaxslarning jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari vositasida jismoniy tarbiya, jismoniy kamol toptirish va jismoniy tayyorgarlik tizimiga uygʻunlashuviga koʻmaklashadi.
Vakolatli davlat organi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari nogironligi boʻlgan shaxslar ishtirokida jismoniy tarbiya va sport tadbirlari oʻtkazilishini tashkil etadi.
44-modda. Jazoni ijro etish muassasalarida jismoniy tarbiya va sport
Jazoni ijro etish muassasalari mahkumlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishini belgilangan tartibda tashkil etadi.
Jazoni ijro etish muassasalari maʼmuriyati jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi hamda sport turlari qoidalariga muvofiq sport tadbirlarini tashkil etadi.
5-bob. Sport zaxirasini tayyorlash
45-modda. Yuqori malakali sportchilarni va sport zaxirasini tayyorlash
Yuqori malakali sportchilarni va sport zaxirasini tayyorlash sport taʼlim tashkilotlarida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.
Yuqori malakali sportchilarni va sport zaxirasini tegishli sport ekipirovkasi, sport jihozi va anjomi, biologik va tibbiy-tiklovchi preparatlar bilan taʼminlash, shuningdek tibbiy xizmat (profilaktika, davolash) koʻrsatishni tashkil etish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Yuqori malakali sportchilarni va sport zaxirasini tayyorlash sport turining oʻziga xos xususiyatlari inobatga olingan holda tegishli sport turi boʻyicha trenerlar va boshqa mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.
46-modda. Sport zaxirasini tayyorlash bosqichlari
Sport zaxirasini tayyorlashda sportchilarni tayyorlashning quyidagi bosqichlari belgilanadi:
sport-sogʻlomlashtirish (adaptiv sport turlari uchun korreksiya) bosqichi;
boshlangʻich tayyorgarlik bosqichi;
oʻquv-mashgʻulot bosqichi;
sport mahoratini takomillashtirish (sport kamolotiga erishish) bosqichi;
oliy sport mahorati bosqichi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan bosqichlar tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
47-modda. Sportchilar tayyorlashni amalga oshiruvchi jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari hamda taʼlim tashkilotlari
Sportchilar tayyorlash maqsadida oʻquv-mashgʻulot jarayoni boʻyicha, shu jumladan yuqori malakali sportchilarni va sport zaxirasini tayyorlash boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari hamda taʼlim tashkilotlari faoliyat koʻrsatadi. Oʻquv-mashgʻulot jarayonini tashkil etish oʻquv-mashgʻulot va boshqa sport tadbirlarini oʻtkazishni, shuningdek sport tadbirlarida sport ekipirovkasi, sport jihozi va anjomi, tibbiy xizmat, yoʻlkira, ovqatlanish masalalarini hamda qonunchilikda belgilangan boshqa tashkiliy masalalarni oʻz ichiga oladi.
Oʻquv-mashgʻulot jarayonini tashkil etish hamda yuqori malakali sportchilarni va sport zaxirasini tayyorlash sport federatsiyalari (uyushmalari), sport klublari, boshqa jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan trenerlar tomonidan amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan taʼlim tashkilotlari jumlasiga jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlari kiradi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan taʼlim tashkilotlari jumlasiga kirmaydigan taʼlim tashkilotlarida sportchilarni tayyorlash maqsadida sport turlari boʻyicha shunday tayyorgarlikni chuqurlashtirilgan oʻquv-mashgʻulot jarayoni asosida amalga oshiradigan tarkibiy boʻlinmalar, ixtisoslashtirilgan guruhlar va sport klublari tashkil etilishi mumkin.
48-modda. Sport turlari boʻyicha sportchilarni tayyorlashga doir oʻquv dasturlari
Jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi sport taʼlim tashkilotlarida sportchilarni tayyorlash vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlangan namunaviy oʻquv dasturlariga muvofiq olib boriladi.
Sportchilarni tayyorlashning namunaviy oʻquv dasturlari oʻquv-mashgʻulot jarayonini amalga oshiruvchi jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikka muvofiq ishlab chiqiladi hamda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi tegishli ilmiy tadqiqotlar natijalariga hamda jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini oʻtkazish amaliyotiga asoslanadi.
Sportchilarni tayyorlashning namunaviy oʻquv dasturlari vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
Jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlarida oʻquv-mashgʻulot faoliyatini sportchilarni tayyorlashga doir oʻquv dasturlaridan foydalanmasdan tashkil etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi taʼlim tashkilotlarida sportchilarni tayyorlashda raqamli texnologiyalardan foydalanilishi mumkin.
49-modda. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi pedagogik faoliyat
Tegishli maʼlumotga va kasbiy tayyorgarlikka ega boʻlgan shaxslarning jismoniy tarbiya va sport sohasida, shu jumladan davolash jismoniy tarbiyasi sohasida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishiga qonunchilikda belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
6-bob. Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari va ularni shakllantirish
50-modda. Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari
Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari asosiy va zaxira tarkiblardan tashkil topadi.
Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari tarkibiga kiruvchi jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislar roʻyxati tegishli sport federatsiyalari (uyushmalari) bilan kelishilgan holda vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalarini respublika budjeti mablagʻlari hisobidan moddiy-texnikaviy taʼminlash, shu jumladan sport ekipirovkasi bilan taʼminlash, ilmiy-uslubiy, tibbiy-biologik, tibbiy jihatdan, dopingga qarshi taʼminlash vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
51-modda. Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalarini shakllantirish
Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalariga nomzodlar roʻyxatlari har yili sport federatsiyalari (uyushmalari) tomonidan shakllantiriladi va vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalariga nomzodlar roʻyxatlarini shakllantirishning umumiy prinsiplari va mezonlari, ushbu roʻyxatlarni tasdiqlash tartibi vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
Xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etishga tayyorgarlik koʻrish va ishtirok etish uchun Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalari Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalariga nomzodlarning tegishli roʻyxatiga kiritilgan shaxslar orasidan sport federatsiyalari (uyushmalari) tomonidan shakllantiriladi.
7-bob. Jismoniy tarbiya va sportning moddiy, tibbiy, moliyaviy hamda boshqa taʼminoti
52-modda. Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari
Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari xususiy yoki ommaviy mulk boʻlishi mumkin.
Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarini xususiylashtirish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻz hududida jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarining rejalashtirilishi, loyihalashtirilishi, qurilishi hamda foydalanishga topshirilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Taʼlim tashkilotlarining, korxonalarning, turar joy dahalarining asosiy jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari bilan eng kam taʼminlanish normativlari qonunchilikda belgilanadi.
Jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarida fuqarolarning ayrim toifalariga qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli asosda xizmatlar koʻrsatilishi mumkin.
Taʼlim tashkilotlarini, aholi yashash maskanlarini zarur jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlari majmuini barpo etmasdan qurishga va rekonstruksiya qilishga, shuningdek jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish va sport inshootlarini shu hudud doirasida ularga teng inshootlarni barpo etmasdan tugatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sport obyektlari boʻlmagan ayrim yer va suv hududi uchastkalarida, shuningdek havo hududi uchastkalarida ushbu uchastkalarni qonunchilikda belgilangan tartibda muayyan muddatga sport obyektlari (trassalari) sifatida rasmiylashtirgan holda jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini oʻtkazishga qonunchilikda belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
Vakolatli davlat organi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda Sport inshootlari reyestrini yuritadi.
53-modda. Jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlarining tibbiy taʼminoti
Jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlarining tashkilotchilari bu tadbirlar ishtirokchilarini tibbiy yordam bilan taʼminlashni amalga oshirishi shart.
54-modda. Jismoniy tarbiya va sportni moliyalashtirish
Jismoniy tarbiya va sportni moliyalashtirish quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablagʻlari;
tadbirkorlik faoliyati va boshqa xoʻjalik faoliyatidan olinadigan daromadlar;
jismoniy tarbiya va sport sohasida pulli xizmatlar koʻrsatishdan kelib tushadigan mablagʻlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik va xayriya mablagʻlari;
jismoniy tarbiya va sport jamoat birlashmalari ishtirokchilarining aʼzolik badallari;
sport turlari boʻyicha maxsus jamgʻarmalarning mablagʻlari;
sport ramzlari, timsollaridan foydalanganlik uchun toʻlovlar;
chet el investitsiyalari mablagʻlari;
xalqaro va xorijiy tashkilotlarning grantlari hamda texnik koʻmak mablagʻlari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
55-modda. Sportchi va trenerlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Davlat tomonidan sportchi hamda trenerlarga bir martalik va oylik toʻlov (stipendiya, nafaqa va boshqalar) shaklidagi qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etilishi mumkin.
Ushbu moddada koʻrsatib oʻtilgan qoʻllab-quvvatlash choralari qonunchilikda belgilangan sport musobaqalarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilar, shuningdek ularni tayyorlagan trenerlarga taqdim etiladi.
Sportchilar va trenerlarga bir martalik va oylik toʻlov (stipendiya, nafaqa va boshqalar) shaklidagi qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etish tartibi hamda ularning miqdorlari qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
56-modda. Jismoniy tarbiya va sport sohasida xavfsizlik normalari va qoidalariga rioya etilishini, fuqarolarning sogʻligʻi, shaʼni va qadr-qimmati muhofaza qilinishini taʼminlash
Jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlarini oʻtkazadigan tashkilotlar ushbu tadbirlar oʻtkaziladigan joylarning texnika xavfsizligi qoidalariga va sanitariya qoidalariga, normalariga va gigiyena normativlariga muvofiq lozim darajada jihozlanishini taʼminlaydi.
Jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlari ularning ishtirokchilari va tomoshabinlar sogʻligʻiga, shaʼni va qadr-qimmatiga ziyon yetkazilmaydigan tarzda oʻtkazilishi kerak.
Sportchilarning shaʼni va qadr-qimmati kamsitilishiga olib keladigan, shuningdek ularning sport jarohatlari olishiga sabab boʻladigan tayyorgarlik uslublaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Jismoniy tarbiya yoki sport tadbirlarida ishtirok etish vaqtida sogʻligʻiga ziyon yetkazilgan sportchilar, trenerlar hamda sport hakamlariga qonunchilikka muvofiq tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya taʼminlanadi.
Muassasalar va tashkilotlarning voyaga yetmagan sportchilar bilan oʻzaro munosabatlari belgilangan tartibda faqat ularning ota-onasining yoki ota-onasi oʻrnini bosuvchi shaxslarning yoxud ular tarbiyalanayotgan ixtisoslashtirilgan muassasalarning roziligi va ishtirokida amalga oshiriladi.
Sport musobaqalarida ishtirok etuvchi shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda sugʻurta polisiga ega boʻlishi shart.
57-modda. Sport jihozi, anjomi va sport kiyim-boshi
Sport jihozi, anjomi va sport kiyim-boshi tegishli standartlarga, texnik reglamentlarga, normalarga va talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
58-modda. Jismoniy tarbiya va sportning ilmiy-uslubiy hamda texnik taʼminoti
Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish hamda oʻtkazishni taʼlim muassasalari va tarkibida ilmiy markazlar tashkil etiladigan boshqa tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, belgilangan tartibda tashkil etilgan hamda oʻz faoliyatini davlat buyurtmalari va boshqa buyurtmalar asosida olib boradigan laboratoriyalar amalga oshiradi.
Taʼlim muassasalari va boshqa tashkilotlar jismoniy tarbiya vositalari bilan aholi sogʻligʻini mustahkamlashga koʻmaklashadigan aniq dasturlarni ishlab chiqadi hamda amaliyotga joriy etadi, sport zaxiralarini va Oʻzbekiston Respublikasining sport terma jamoalarini xalqaro sport tadbirlariga tayyorlashni ilmiy jihatdan taʼminlashni takomillashtiradi.
Vakolatli davlat organi, boshqa davlat organlari va tashkilotlari taʼlim muassasalari va tashkilotlariga jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishda, shuningdek dolzarb ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmalari hamda boshqa buyurtmalarni shakllantirishda koʻmaklashadi, ilmiy-tadqiqot ishlarining yakunlarini tahlil qiladi va ularning faoliyatiga yordam koʻrsatadi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
59-modda. Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi xalqaro hamkorlik
Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi xalqaro hamkorlik xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan prinsiplari va normalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari va qonunchiligi asosida amalga oshiriladi.
60-modda. Nizolarni hal etish
Jismoniy tarbiya va sport sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
61-modda. Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
62-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 14-yanvarda qabul qilingan “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi 513-XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 3, 160-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 14-yanvarda qabul qilingan “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 514-XII-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 3, 161-modda);
3) Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 6-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 1086-XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-yil, № 5, 161-modda);
4) Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-mayda qabul qilingan “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 76-II-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil, № 5-6, 147-modda);
5) Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 15-sentabrda qabul qilingan “Baʼzi davlat boshqaruv organlarining qayta tashkil etilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-5-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 309-modda) 1-moddasi;
6) Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 4-sentabrda qabul qilingan “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-394-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-yil, № 9, 340-modda);
7) Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-416-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 12, 383-modda) 5-moddasi;
8) Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 13-iyunda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-436-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 6, 300-modda) 4-moddasi;
9) Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 3-yanvarda qabul qilingan “Ayrim davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi, shuningdek fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-456-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 1, 1-modda) 4-moddasi;
10) Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyulda qabul qilingan “Baʼzi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-486-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 7, 431-modda) 2-moddasi;
11) Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 3-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-653-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 12, 691-modda) 2-moddasi;
12) Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-683-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 13-moddasi;
13) Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrda qabul qilingan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-721-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 10, 968-modda) 1-moddasi;
14) Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 17-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-770-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2022-yil, № 5, 464-modda) 3-moddasi;
15) Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 3-noyabrda qabul qilingan “Standartlashtirish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-800-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2022-yil, № 11, 1061-modda) 28-moddasi birinchi qismining 1-bandi;
16) Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 20-yanvarda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-815-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2023-yil, № 1, 2-modda) 1-moddasi;
17) Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-sentabrda qabul qilingan “Maʼmuriy islohotlar doirasida taʼlim sohasida davlat boshqaruvi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-957-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2024-yil, № 9, 958-modda) 2-moddasi.
63-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
64-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
ushbu Qonun 7-moddasi birinchi qismining sakkizinchi xatboshisida nazarda tutilgan jismoniy tarbiya va sport musobaqalari hamda tadbirlarini oʻtkazish qoidalarini ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonun 24-moddasining yettinchi qismida nazarda tutilgan Nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari reyestrini shakllantirish, yuritish hamda reyestrdan chiqarish tartibini ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ushbu Qonun 26-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan sport ligasining faoliyat yuritish tartibini, shuningdek sport ligalari tomonidan professional sport musobaqalarini tashkil etish va oʻtkazish tartibini ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin;
ushbu Qonun 37-moddasining yettinchi qismida nazarda tutilgan sport agenti faoliyatini amalga oshirish tartibini ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
65-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonunning 24-moddasi toʻrtinchi — yettinchi qismlari, 26, 37-moddalari mazkur Qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach amalga kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 24-mart,
OʻRQ-1123-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.03.2026-y., 03/26/1123/0271-son)