Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan tibbiy yordam koʻrsatish
tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 23-sentabrdagi PQ-330-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-sentabrdagi PQ-330-son qaroriga muvofiq davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan tibbiy yordam koʻrsatish belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan tibbiy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
bemorlarni tibbiyot tashkilotlariga qabul qilish tartibi;
bemorlarni tibbiyot tashkilotlariga yoʻllashda tibbiy yoʻllanmani shakllantirish;
bemorlarni bir tibbiyot tashkilotidan ikkinchisiga oʻtkazish hamda bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish tartibi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Ushbu qaror 2026-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.A. Xudayarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 4-noyabr,
694-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 4-noyabrdagi 694-son qaroriga
1-ILOVA
Davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan tibbiy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlariga Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasiga ajratilgan Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan tibbiy yordam koʻrsatish uchun bemorlarni yoʻllash va tibbiy yordam koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
imtiyozli toifaga kiruvchi shaxs (keyingi oʻrinlarda — imtiyozli bemor) — ijtimoiy maqomi yoki ayrim kasalliklarning mavjudligi munosabati bilan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlanadigan, ushbu Nizomga muvofiq tibbiy yordam koʻrsatiladigan shaxs;
yoʻllanma — bemorning xohishiga koʻra muayyan kasalligi boʻyicha davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlarida rejali statsionar davolanish imkonini beruvchi matritsali shtrix kod (QR-kod)ga ega boʻlgan hujjat;
yoʻllanma qiymati — tibbiy xizmatlarning yoʻllanmada qayd etilgan va koʻrsatiladigan tibbiy xizmatning bazaviy narxiga teng qiymati;
mablagʻlarning umumiy qiymati (keyingi oʻrinlarda — umumiy qiymat) — Davlat budjetidan Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) maqsadli ajratilgan mablagʻlarning umumiy qiymati boʻlib, choraklik va yillik taqsimlanadi;
idoraviy tibbiyot muassasasi — qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari huzuridagi idoraviy tibbiyot muassasalari;
tibbiy-tanlov komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — TTK) — kasalliklar roʻyxatiga muvofiq bemorni shifoxonaga yotqizish xulosasini beruvchi yoʻnalishlar boʻyicha hududiy va respublika darajasida tashkil etiladigan mutaxassislardan iborat komissiya;
tibbiyot tashkiloti — Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan shartnoma tuzgan davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari;
tashxislash yoʻllanmasi — TTK xulosasi uchun amaldagi klinik protokollar hamda tashxislash va davolash standartlariga muvofiq tuman (shahar) darajasidagi tibbiyot muassasasining moddiy-texnik bazasi va kadrlar taʼminotidan kelib chiqib, hudud (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) darajasidagi davlat tibbiyot tashkilotlarida imtiyozli bemorlarda oʻtkaziladigan tibbiy tekshiruvlar uchun beriladigan hujjat;
elektron axborot tizimi — tibbiyot tashkilotlarida bemorlarga Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan tibbiy xizmat koʻrsatish uchun hisobga olish, navbatga qoʻyish va davolashga yoʻnaltirish imkonini beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining axborot tizimi.
4. TTKning faoliyat yuritish tartibi, tibbiy xizmat turlari, hajmi, shuningdek, klinik protokollar hamda tashxislash va davolash standartlari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
5. Imtiyozli bemorlarni tibbiyot tashkilotlariga elektron axborot tizimida tasdiqlanadigan yoʻllanmalar asosida yoʻnaltiriladi. Bunda:
bemor yoʻllanma asosida tibbiy xizmat koʻrsatish uchun tibbiyot tashkilotini oʻz xohishiga koʻra erkin tanlaydi;
tibbiyot tashkiloti va Jamgʻarma oʻrtasida tuzilgan shartnomada tibbiyot tashkilotining tibbiy xizmat koʻrsatishi mumkin boʻlgan (tuman (shahar), hududiy, respublika) darajasi aniq koʻrsatiladi;
tuman (shahar) darajasida tibbiy xizmat koʻrsatiladigan bemorlarga hududiy va respublika darajasidagi tibbiyot tashkilotlarida hamda hududiy darajada tibbiy yordam koʻrsatiladigan bemorlarga respublika darajasidagi tibbiyot tashkilotlarida davlat hisobidan tibbiy yordam koʻrsatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi (shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatish talab etiladigan hollar bundan mustasno).
6. Bemor tibbiy yordam olish uchun tegishli yoʻllanmasiz tibbiyot tashkilotiga bevosita murojaat etsa, tibbiy yordam pulli asosda koʻrsatiladi (shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatish talab etiladigan hollar bundan mustasno).
Tibbiy hujjatlarning shakli, ularni toʻldirish va saqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
2-bob. Bemorlarni tibbiyot tashkilotlariga yoʻnaltirish tartibi
7. Tibbiyot tashkilotlarida yoʻllanma asosida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan tibbiy yordam (pulli xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar, boʻlim va oʻrinlar bundan mustasno):
Oldingi tahrirga qarang.
tuman (shahar) darajasida — aholining barcha toifalariga, 2026-yil 1-iyuldan boshlab davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 5-sentabrdagi PQ-311-son qarorining 3-bandida nazarda tutilgan aholi toifalariga hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxs deb topilgan shaxslarga;
(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-avgustdagi 447-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.08.2026-y., 09/26/447/0855-son)
Oldingi tahrirga qarang.
hududiy darajada — imtiyozli bemorlarga, 2026-yil 1-iyuldan boshlab davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentabrdagi “Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-311-son qarorining 3-bandida nazarda tutilgan aholi toifalariga hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxs deb topilgan shaxslarga;
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-avgustdagi 447-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.08.2026-y., 09/26/447/0855-son)
Oldingi tahrirga qarang.
respublika darajasida — imtiyozli bemorlarga, 2027-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentabrdagi “Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy etishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-311-son qarori 3-bandining beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan aholi toifalariga hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxs deb topilgan shaxslarga.
(7-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-avgustdagi 447-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.08.2026-y., 09/26/447/0855-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali elektron axborot tizimiga yuboriladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-avgustdagi 447-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.08.2026-y., 09/26/447/0855-son)
8. Imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar tibbiyot tashkilotlariga elektron axborot tizimi orqali mazkur Nizomga ilovaga muvofiq sxema asosida yoʻnaltiriladi.
9. Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan tibbiy yordam olish uchun elektron axborot tizimi orqali quyidagi tartibda yoʻnaltiriladi:
a) bemorlar tibbiy yordam olish uchun oʻzi biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasiga (idoraviy tibbiyot muassasasi kontingenti oʻzi biriktirilgan muassasaga) murojaat qiladi va biriktirilgan oilaviy shifokor (shifokor) tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi hamda bir ish kunida tuman (shahar) darajasidagi tibbiyot muassasasining yoki idoraviy tibbiyot muassasasining tor soha mutaxassisi (keyingi oʻrinlarda — tor soha mutaxassisi) koʻrigiga yoʻnaltiriladi;
b) tor soha mutaxassisi tomonidan bemorlar bir ish kunida amaldagi klinik protokollar hamda tashxislash va davolash standartlariga muvofiq tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi;
v) bemorlarga rejali statsionar sharoitda tibbiy yordam koʻrsatilishiga koʻrsatma boʻlmasa, ularga ambulator sharoitda davolanishi uchun tavsiya beriladi va biriktirilgan oilaviy shifokorga (shifokorga) qayta yoʻnaltiriladi;
g) bemorlarga statsionar sharoitda tibbiy yordam olishga koʻrsatma boʻlganda, tor soha mutaxassisi yoki oilaviy shifokor (idoraviy tibbiyot muassasasi shifokori) tomonidan tuman (shahar) darajasidagi tibbiyot muassasasida rejali statsionar tibbiy yordam olish uchun elektron axborot tizimi orqali yoʻllanma beriladi. Bunda bemorlar:
davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy qilingan hududlarda ularning xohishiga koʻra hududiy joylashuvidan qatʼi nazar, tibbiy sugʻurta mexanizmlari joriy etilgan barcha tibbiyot muassasalariga (Toshkent shahrida shahar darajasidagi tibbiyot muassasalariga);
davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy qilinmagan hududlarda doimiy yoki vaqtincha yashash (turar) joyi boʻyicha tuman (shahar) darajasidagi statsionar xizmat koʻrsatuvchi tibbiyot muassasasiga yoʻnaltiriladi;
idoraviy tibbiyot muassasalari kontingenti oʻzlari biriktirilgan tibbiyot muassasasiga yoʻnaltiriladi. Bunda idoraviy tibbiyot muassasalari tomonidan zarur tibbiy xizmatlarni koʻrsatish imkoni boʻlmagan taqdirda, idoraviy tibbiyot muassasalariga biriktirilgan kontingent oʻz xohishiga koʻra hudud yoki respublika darajasidagi tibbiyot muassasalariga, shuningdek, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga yoʻnaltirilishi mumkin;
d) bemorning holati, tashxisi va tasdiqlangan kasalliklar roʻyxatiga muvofiq ularga tibbiy yordam hudud yoki respublika darajasidagi tibbiyot tashkilotlarida koʻrsatilishi lozim boʻlganda tor soha mutaxassisi bir ish kunida elektron axborot tizimi orqali hududiy darajada yoʻnalish boʻyicha tashkil qilingan TTKlarga yoʻllanmani tasdiqlash uchun soʻrovnoma yuboradi. Bunda:
bemorda imtiyoz toifasining mavjudligi, shuningdek, chet davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb eʼtirof etilgan elektron axborot tizimida avtomatik ravishda tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlarini integratsiya qilish asosida aniqlanadi;
imtiyoz toifasi mavjud boʻlmagan bemorlarga hudud yoki respublika darajasidagi tibbiyot tashkilotlarida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan davolanish uchun yoʻllanma berilmaydi;
e) bemorning maʼlumotlari bir ish kunida hududiy darajada yoʻnalish boʻyicha TTKlar tomonidan oʻrganilib, tekshiruv va koʻrik natijalari tahlil qilinadi va tasdiqlangan kasalliklar roʻyxatiga muvofiq bemor hududiy darajadagi tibbiyot tashkilotida statsionar davolanishi belgilansa, yoʻllanma tasdiqlanadi;
j) hududiy darajadagi TTKlar tomonidan tasdiqlangan kasalliklar roʻyxatiga muvofiq bemor respublika darajasidagi tibbiyot tashkilotida statsionar davolanishi zarur deb topilsa, bemor maʼlumotlari bir ish kunida yoʻnalishlar boʻyicha respublika darajasidagi TTKga yoʻnaltiriladi. Bunda hududiy darajadagi TTK tomonidan zaruratga koʻra bir ish kunida bemorga qoʻshimcha tekshiruv va (yoki) tor soha mutaxassisi koʻrigi belgilanishi mumkin;
z) bemor maʼlumotlari respublika darajasidagi yoʻnalish boʻyicha TTKlar tomonidan oʻrganiladi va natijasi boʻyicha ikki ish kunida elektron axborot tizimi orqali xulosa beriladi. Bunda:
bemorga zaruratga koʻra qoʻshimcha tekshiruv va (yoki) tor soha mutaxassisi koʻrigi belgilansa, tekshiruv va (yoki) mutaxassis xulosasi olingandan soʻng ikki ish kunida yakuniy xulosa beriladi;
bemorlarga Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan rejali statsionar tibbiy xizmat koʻrsatish lozim boʻlgan tibbiyot tashkiloti darajasi tasdiqlanadi hamda maʼlumot elektron axborot tizimi orqali bemorning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) shaxsiy kabinetiga hamda u biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasi yoki idoraviy tibbiyot muassasasiga yuboriladi;
i) bemorlarga tegishli birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari (tuman (shahar) markaziy shifoxonasining maslahat-diagnostika boʻlimi) yoki YIDXPdagi shaxsiy kabineti (yoxud mobil ilova) orqali yoʻllanmani rasmiylashtirish jarayonini kuzatish hamda tibbiyot tashkilotini erkin tanlash imkoniyati beriladi.
Bunda bemor (uning qonuniy vakili) 30 kun davomida tegishli birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari (tuman (shahar) markaziy shifoxonasining maslahat-diagnostika boʻlimi) yoki YIDXPdagi shaxsiy kabineti (yoxud mobil ilova) orqali Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan shartnoma tuzgan tibbiyot tashkilotlari roʻyxatidan tashxisiga mos ravishda davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotini tanlaydi;
k) bemor (uning qonuniy vakili) tomonidan tibbiyot tashkiloti tanlangandan soʻng ushbu tibbiyot tashkilotida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan davolanish uchun yoʻllanma rasmiylashtiriladi;
l) yoʻllanma asosida rejali statsionar tibbiy xizmat olish uchun navbatda turgan bemorlar qabul qiluvchi tibbiyot tashkiloti tomonidan ularning shifoxonaga kelish shart-sharoitlari toʻgʻrisida xabardor qilinadi;
Oldingi tahrirga qarang.
m) rejali statsionar tibbiy xizmat olish uchun navbatda turgan bemorlarga shakllantirilgan yoʻllanma qabul qiluvchi tibbiyot tashkiloti tomonidan elektron axborot tizimi orqali bemorni shifoxonaga yotish uchun taklif qilingan kundan boshlab 10 kun davomida amal qiladi;
(9-bandning “m” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-77-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2026-y., 06/26/77/0478-son)
Oldingi tahrirga qarang.
n) bemor tomonidan davolanish uchun tibbiyot tashkiloti tanlanayotganda shakllantirilgan yoʻllanma qiymati elektron axborot tizimida avtomatik ravishda aniqlanadi va Davlat budjetidan Jamgʻarmaga maqsadli ajratilgan mablagʻlarning davriy (oylik, choraklik yoki yillik) hajmi qoldigʻi bilan solishtiriladi (homiladorlik davridagi va bolalar patologiyalari, orfan, irsiy-genetik kasalliklar hamda bemorni tegishli yoʻllanma asosida birlamchi qabul qilgan tibbiyot tashkilotidan boshqa tibbiyot tashkilotiga oʻtkazish uchun imtiyozli yoʻllanma rasmiylashtirish bundan mustasno).
(9-band “n” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-77-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2026-y., 06/26/77/0478-son)
Bunda:
mablagʻlar qoldigʻi yoʻllanma qiymatidan koʻp boʻlgan taqdirda, yoʻllanma tasdiqlanadi va mazkur qoldiq yoʻllanma qiymatiga teng qiymatga avtomatik ravishda kamaytiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
mablagʻlar qoldigʻi yoʻllanma qiymatidan kam boʻlgan taqdirda, yoʻllanmani tasdiqlash shakllangan elektron navbat asosida keyingi oyga (chorakka yoki yilga) qoldiriladi;
(9-band “n” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-77-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2026-y., 06/26/77/0478-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat budjetidan Jamgʻarmaga maqsadli ajratilgan mablagʻlar qoldigʻi keyingi oyda (chorakda yoki yilda) qoʻshib inobatga olinadi;
(9-band “n” kichik bandining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-77-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2026-y., 06/26/77/0478-son)
Oldingi tahrirga qarang.
homiladorlik davridagi va bolalar patologiyalari, orfan, irsiy-genetik kasalliklar hamda birlamchi qabul qilgan tibbiyot tashkiloti tomonidan yoʻllanmani shakllantirishda maqsadli rejalashtirilgan mablagʻ yetarli boʻlmagan taqdirda, davolash xarajatlari Jamgʻarma tomonidan Davlat budjetidan qoʻshimcha ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoplab beriladi;
(9-bandning “n” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PF-77-sonli Farmoniga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2026-y., 06/26/77/0478-son)
Oldingi tahrirga qarang.
o) Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning aʼzolari, oylik daromadi oila aʼzolarining har biriga minimal isteʼmol xarajatlari miqdorining 2 baravaridan koʻp boʻlmagan oilalarning aʼzolari hamda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tegishli “Saxovat va koʻmak”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan davolash uchun elektron axborot tizimida yoʻllanma tasdiqlashda bemorning yashash joyi boʻyicha “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori mavjudligi tekshiriladi va elektron axborot tizimiga ilova qilinadi;
(9-bandning “o” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-maydagi 271-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2026-y., 09/26/271/0529-son)
Oldingi tahrirga qarang.
p) Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning aʼzolari hamda oylik daromadi oila aʼzolarining har biriga minimal isteʼmol xarajatlari miqdorining 2 baravaridan koʻp boʻlmagan oilalarning aʼzolarini davolash:
(9-band “p” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-yanvardagi 35-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son)
Jamgʻarma bilan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga koʻrsatilgan tibbiy yordam xarajatlarini qoplash boʻyicha shartnomasi mavjud tibbiyot tashkiloti tomonidan yoʻllanma asosida amalga oshiriladi;
tuman (shahar) darajasidagi yoki ushbu kichik bandning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilmagan boshqa tibbiyot tashkilotlarida amalga oshirilgan taqdirda, “Saxovat va koʻmak”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari va Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Jamgʻarma orqali moliyalashtirilmaydi.
10. Bemorlarni nodavlat tibbiyot tashkilotlariga statsionar tibbiy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlar darajasi boʻyicha belgilangan kasalliklar roʻyxatiga muvofiq tegishli TTK xulosasisiz toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan davolanadigan kasalliklar roʻyxatiga muvofiqligi tasdiqlangandan soʻng bemorlar tanloviga koʻra ularni elektron axborot tizimi orqali nodavlat tibbiyot tashkilotlarida davolash uchun yoʻllanma rasmiylashtiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning aʼzolari, shuningdek, muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslar hamda oylik daromadi oila aʼzolarining har biriga minimal isteʼmol xarajatlari miqdorining 2 baravaridan koʻp boʻlmagan oilalarning aʼzolari, shuningdek, muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslar tomonidan davolanish uchun tibbiyot tashkiloti tanlanganda, mazkur toifadagi shaxslarni davolash uchun tanlangan tibbiyot tashkilotiga navbat elektron axborot tizimida alohida yuritiladi.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-avgustdagi 447-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.08.2026-y., 09/26/447/0855-son)
12. Tegishli TTK xulosasi uchun qoʻshimcha tekshiruv, mutaxassis koʻrigi, tibbiy hujjatlarga qoʻshimcha yoki aniqliklar kiritish zarurati boʻlgan hollarda, ikki ish kunida bemor ishtirokida yoki ishtirokisiz teletibbiyot orqali bogʻlanish tashkil qilinishi mumkin.
TTK xulosasi uchun amaldagi klinik protokollar hamda tashxislash va davolash standartlariga muvofiq zarur tibbiy tekshiruvlar tashxislash yoʻllanmasi asosida hudud darajasidagi davlat tibbiyot tashkilotlarida ularga Davlat budjetidan tibbiy xizmatlar xaridi uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida oʻtkaziladi.
Bunda TTK elektron axborot tizimida tashxislash yoʻllanmasini asoslantirilgan holda shakllantiradi va bemorga taqdim etilishini taʼminlaydi hamda koʻrsatilgan tibbiy tekshiruvlar uchun bemordan qoʻshimcha toʻlov olinmaydi.
13. Yoʻllanma rasmiylashtirilgan bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish yakuni boʻyicha chiqaruv epikrizidan koʻchirma elektron axborot tizimi orqali tegishli tuman (shahar) darajasidagi tibbiyot tashkilotiga, bemor biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasi yoki idoraviy tibbiyot muassasasiga hamda bemorning YIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuborilishi shart.
14. Bemorlar tibbiyot tashkilotlariga qabul boʻlimi (roʻyxatga olish boʻlimi) orqali qabul qilinadi. Bunda bemorlar tashkilotning ish tartibi, tibbiy xizmatlar roʻyxati, tibbiy xizmatni koʻrsatish va olish shart-sharoitlari, shifokorlar malakasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi bepul, tushunarli va ishonchli axborot bilan taʼminlanishi shart.
Tibbiyot tashkilotida bemorlarni yoʻllanma asosida qabul qilishda, mazkur yoʻllanmaga muvofiq koʻrsatiladigan tibbiy yordam hajmi doirasida tashxislash, davolash va reabilitatsiya jarayonida bemorlarga pulli asosda tibbiy xizmatlar koʻrsatilishi hamda dori vositalari, tibbiy buyumlar va sarflash materiallarining ishlatilishiga hamda oʻz mablagʻlari hisobidan olib kelinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Tibbiyot xodimlari tibbiy yordam koʻrsatishdan oldin bemorga yoki uning qonuniy vakiliga bemor sogʻligʻining holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shu jumladan, tekshirish natijalari, mavjud kasalligi va uni davolash usullari, davolash bilan bogʻliq xavf-xatar, tibbiy aralashuvning ehtimoliy turlari va oqibatlari, amalga oshirilgan davolashning natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etishlari shart.
Bemorlarning talabi boʻyicha ularga tibbiy hujjatlardan ularning salomatligi holatini aks ettiruvchi koʻchirma bepul taqdim etiladi. Bunda bemorlarga tibbiy hujjatlarning asl nusxalarini berish taqiqlanadi.
16. Bemorlarda tibbiyot tashkilotiga yotish uchun rasmiylashtirilgan yoʻllanmada koʻrsatilgan tashxisdan boshqa kasallik yoki holatlar aniqlanganda:
bemorni qabul qilgan tibbiyot tashkilotida bemorni davolash imkoniyati mavjud boʻlganda, bemorga shu tibbiyot tashkilotining oʻzida tibbiy yordam koʻrsatilishi mumkin. Bunda:
mazkur tibbiy xizmatlar yangi aniqlangan boshqa kasallik yoki holatlar uchun tasdiqlangan bazaviy narxlar doirasida qoplab beriladi;
ushbu aniqlangan kasallik yoki holatlar tibbiy yordam koʻrsatayotgan tibbiyot tashkiloti tomonidan bemorni davolash uchun qabul qilishga asos boʻlgan yoʻllanmadagi tashxisni elektron axborot tizimida oʻzgartirilishiga ruxsat beriladi hamda mazkur holatlarning asoslangani Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan nazorat qilinadi;
yoʻllanmadagi oʻzgartirilgan tashxis asosida umumiy qiymatga elektron axborot tizimida tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi;
bemorni birlamchi qabul qilgan tibbiyot tashkilotida davolash imkoniyati mavjud boʻlmaganda, bemorni boshqa tibbiyot tashkilotiga oʻtkazish uchun imtiyozli yoʻllanma bemorni birlamchi qabul qilgan tibbiyot tashkiloti tomonidan rasmiylashtirilib, boshqa tibbiyot tashkilotiga navbatsiz oʻtkaziladi.
17. Respublika darajasidagi psixiatriya muassasalarida tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan, ruhiy holati buzilgan shaxslarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish zarurati tugʻilganda, ular psixiatriya muassasalari tomonidan yoʻllanma asosida toʻgʻridan-toʻgʻri tegishli respublika darajasidagi tibbiyot tashkilotlariga yoʻnaltiriladi.
18. Yuqumli kasalliklar aniqlangan bemorlar yoʻnalish boʻyicha hududiy darajadagi tibbiyot tashkilotining tegishli elektron yoʻllanmasi bilan kvota asosida respublika darajasidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yoʻnaltiriladi.
Surunkali yuqumli kasalliklari mavjud boʻlgan bemorlar rejali ravishda hududiy muassasaning tegishli elektron yoʻllanmasi bilan respublika darajasidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yoʻnaltiriladi (shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan epidemiologik hamda tibbiy yordam koʻrsatish talab etiladigan hollar bundan mustasno).
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
19. TTK raisi yoʻllanmalarning toʻgʻri va belgilangan muddatlarda shakllantirilishiga, tibbiyot tashkiloti rahbarlari bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatilishida klinik protokollar hamda tashxislash va davolash standartlariga qatʼiy rioya qilinishiga javobgar hisoblanadi.
20. Bemor maʼlumotlarining TTK tomonidan belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilishi, yoʻllanmalarning asoslangan holda tasdiqlanishi, koʻrsatilgan tibbiy xizmatlar sifatini baholash, shuningdek, tasdiqlangan klinik protokollar hamda tashxislash va davolash standartlariga muvofiqligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda idoraviy tibbiyot muassasalarining yuqori turuvchi tashkilotlari tomonidan, ajratilgan mablagʻlar samaradorligi va natijadorligini nazorat qilish Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat qilinadi.
21. Ushbu Nizom qoidalari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan tibbiy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarni tibbiyot tashkilotlariga elektron axborot tizimi orqali yoʻnaltirish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Ijro muddati

1-bosqich

Oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar, idoraviy tibbiyot muassasasi

1. Bemorlar oʻzi biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasiga yoki idoraviy tibbiyot muassasasiga murojaat qiladi.

Oʻz xohishiga koʻra

2. Biriktirilgan oilaviy shifokor (idoraviy tibbiyot muassasasi shifokori) tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi hamda tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasining yoki idoraviy tibbiyot muassasasining tor soha mutaxassisi (keyingi oʻrinlarda — tor soha mutaxassisi) koʻrigiga yoʻnaltiradi.

1 ish kunida

2-bosqich

Tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari, idoraviy tibbiyot muassasasi

Tor soha mutaxassisi bemorni tibbiy koʻrikdan, zarur hollarda qoʻshimcha tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazadi hamda hududiy darajada yoʻnalish boʻyicha yoki idoraviy tibbiyot muassasasidagi tashkil qilingan tibbiy tayinlov komissiyalariga (keyingi oʻrinlarda — TTK) yoʻllanmani tasdiqlash uchun soʻrovnoma yuboradi.

1 ish kunida

3-bosqich

Hududiy darajadagi tibbiy-tanlov komissiyasi

1. Tasdiqlangan kasalliklar roʻyxatiga muvofiq bemor hududiy darajadagi tibbiyot tashkiloti yoki idoraviy tibbiyot muassasasida statsionar davolanishi belgilansa, yoʻllanmani tasdiqlaydi hamda davolanishning taxminiy sanasi haqida maʼlumot beradi.

1 ish kunida

2. Bemor respublika darajasidagi tibbiyot tashkilotida statsionar davolanishi zarur deb topilsa, bemor maʼlumotlari yoʻnalishlar boʻyicha respublika darajasidagi TTKga yoʻnaltiridi.

1 ish kunida

4-bosqich

Respublika darajasidagi tibbiy-tanlov komissiyasi

1. Bemor maʼlumotlari respublika darajasidagi yoʻnalish boʻyicha oʻrganadi va natijasi boʻyicha elektron axborot tizimi orqali xulosa beriladi.

2 ish kunida

2. Bemorga zaruratga koʻra qoʻshimcha tekshiruv va (yoki) tor soha mutaxassisi koʻrigi belgilansa, tekshiruv va (yoki) mutaxassis xulosasi olingandan soʻng yakuniy xulosa beradi.

jamgʻarmasi bilan shartnoma tuzgan tibbiyot tashkilotlari roʻyxatidan tashxisiga mos ravishda davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotini tanlaydi.

2 ish kunida

3. Bemor (uning qonuniy vakili) tegishli tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi, elektron axborot tizimi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabineti orqali qoʻyilgan tashxis asosida Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan shartnoma tuzgan tibbiyot tashkilotlari roʻyxatidan tashxisiga mos ravishda davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotini tanlaydi.

30 kun davomida

5-bosqich

Tibbiy xizmat koʻrsatadigan tibbiyot tashkiloti

1. Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan shartnoma tuzgan tibbiyot tashkiloti yoʻllanmada belgilangan muddatda bemorni qabul qiladi.

60 kun davomida

2. Tibbiy xizmat koʻrsatish yakuni boʻyicha chiqaruv epikrizidan koʻchirmani elektron axborot tizimi orqali tegishli tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasiga, bemor biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasi yoki idoraviy tibbiyot muassasasiga hamda bemorning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga yuboradi.

Tibbiy xizmat koʻrsatish yakuni boʻyicha 3 kunda

3. Bemorga koʻrsatilgan tibbiy xizmat uchun toʻlovni undirish uchun Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi bilan tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq ushbu Jamgʻarmaga murojaat qiladi.

Shartnoma shartlariga muvofiq

Izoh.
* Tashxislash yoʻllanmasi TTK xulosasini aniqlashtirish uchun klinik protokollar hamda tashxislash va davolash standartlariga muvofiq asoslantirilgan ravishda faqat zarur hollarda shakllantiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 4-noyabrdagi 694-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot tashkilotlarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga tibbiy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2017-yil 5-sentabrdagi 696-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida” 2021-yil 20-apreldagi OʻRQ-682-son Qonuni)” 2022-yil 4-apreldagi 153-son qaroriga ilovaning 430-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.11.2025-y., 09/25/694/1018-son; 23.01.2026-y., 07/26/19/0067-son; 02.02.2026-y., 09/26/35/0101-son; 12.05.2026-y., 06/26/77/0478-son; 22.05.2026-y., 09/26/271/0529-son; 19.08.2026-y., 09/26/447/0855-son)