Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Suv sohasini raqamlashtirish jarayonini yanada jadallashtirish va barqaror rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Suv sohasini raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, raqamli texnologiyalar yordamida mavjud suv resurslari va elektr energiyasi hisobi yuritilishini taʼminlash hamda ulardan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, sohani barqaror rivojlantirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Ushbu Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilansin:
(a) respublikada foydalanilayotgan suv resurslari hisobining toʻliq yuritilishini yoʻlga qoʻyish, 400 dan ortiq maʼlumotlarni raqamlashtirish;
(b) 600 mingdan ortiq suv isteʼmolchilari, 4,3 million gektar sugʻoriladigan yer maydonlari hamda sugʻorish uchun foydalanilgan suv resurslari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni elektron tarzda shakllantirish;
(v) suv hisobi yuritilishi jarayonida inson omilini kamaytirish, suvdan foydalanuvchilar va iqtisodiyot tarmoqlarida suv resurslaridan foydalanish boʻyicha maʼlumotlar bazasini yaratish;
(g) suv sohasini barqaror rivojlantirish, innovatsion va ilgʻor texnologiyalarni keng joriy etish.
II. Suvdan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish
2. Belgilansinki, suvdan foydalanuvchilarga yetkazib berilayotgan suvning hisobi va hisobotini toʻliq yuritish hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bazasini shakllantirishni tartibga solish maqsadida:
(a) Suv xoʻjaligi vazirligining “Suv hisobi” axborot tizimi orqali suv yetkazib beruvchi tashkilot bilan yuridik shaxs boʻlgan suvdan foydalanuvchi oʻrtasida tuziladigan ikki tomonlama elektron dalolatnoma suvdan foydalanuvchi tomonidan 10 kun muddatda koʻrib chiqilishi hamda eʼtirozi boʻlmaganda mazkur axborot tizimida tasdiqlanishi majburiy hisoblanadi. Bunda:
(i) suvdan foydalanuvchi tomonidan dalolatnoma tasdiqlanmasa yoki uning eʼtirozi boʻlgan taqdirda asoslantiruvchi hujjat yoki maʼlumot axborot tizimiga joylashtirilmasa, dalolatnoma kelishilgan hisoblanadi;
(ii) suv yetkazib beruvchi tashkilot suvdan foydalanuvchiga ikki tomonlama elektron dalolatnoma tuzilgani toʻgʻrisida elektron (SMS-xabarnoma va mobil ilova orqali) xabarnoma yuboradi;
(b) suvni hisobga olish vositalari mavjud boʻlmagan va (yoki) foydalanilgan suvning haqiqiy hajmini suvni hisobga olish vositalari orqali aniqlashning imkoni boʻlmagan hollarda foydalanilgan suvning hajmini quyidagi tartibda aniqlashiga ruxsat beriladi:
(i) Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining davlat kosmik monitoringi doirasida qishloq xoʻjaligi ekin yerlarida aniqlangan foydalanilgan suvning hajmiga asosan kosmik monitoring orqali;
(ii) Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining davlat kosmik monitoringi doirasida aniqlash imkoni boʻlmaganda — “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasiga kiritilgan qishloq xoʻjaligi ekin turlari va maydoni boʻyicha suv resurslari isteʼmoli normativlariga koʻra;
(v) dehqon xoʻjaliklari, shuningdek, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarga ega boʻlgan jismoniy shaxslar tomonidan foydalanilgan suv hajmi ekinlar hamda yashil daraxtzorlarni sugʻorish normalaridan kelib chiqib aniqlanadi.
3. Suv xoʻjaligi vazirligi bir oy muddatda:
(a) Adliya vazirligi hamda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi bilan kelishilgan holda suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnomaning namunaviy shaklini tasdiqlasin;
(b) suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnomani “Suv hisobi” axborot tizimida namunaviy shartnoma asosida elektron shaklda tuzish imkonini yaratsin.
Belgilansinki, mazkur shartnoma boʻyicha yuridik xulosa olish talab etilmaydi.
4. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi uch oy muddatda Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasini “Suv hisobi” axborot tizimiga integratsiya qilinishini taʼminlab, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning yer maydonlari, ekin turlari va ularning joylashuvi (koordinatalari va kontur raqamlari) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni avtomatik tarzda doimiy hamda begʻaraz taqdim etib borishni yoʻlga qoʻysin.
5. Belgilansinki, Suv xoʻjaligi vazirligi buyurtmasi asosida yaratilgan axborot tizimlari, resurslari va dasturiy mahsulotlar, shu jumladan tizim operatori tomonidan ishlab chiqilgan hamda takomillashtirilgan axborot tizimlari, resurslar va dasturiy mahsulotlar Suv xoʻjaligi vazirligining mulki hisoblanadi hamda belgilangan tartibda intellektual mulk sifatida roʻyxatga olinadi.
III. Suv xoʻjaligi tizimi tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish
6. Suv xoʻjaligi sohasida raqamlashtirish jarayonini yanada jadallashtirish maqsadida Suv xoʻjaligi vazirligining tuzilmasida Markaziy dispetcherlik va suv balansi xizmati negizida davlat muassasasi shaklida Suv xoʻjaligini raqamlashtirish va monitoring markazi (keyingi oʻrinlarda — Raqamlashtirish markazi) tashkil etilsin hamda Markaziy dispetcherlik va suv balansi xizmatining boʻshaydigan shtat birliklari, amalga oshirilayotgan va muvofiqlashtirilayotgan loyihalari, balansida boʻlgan mol-mulki va tovar-moddiy boyliklari Raqamlashtirish markaziga oʻtkazilsin.
Raqamlashtirish markazi tashkil etilishi munosabati bilan Suv xoʻjaligini raqamlashtirish markazi tugatilsin va uning boʻshaydigan shtat birliklari, amalga oshirilayotgan va muvofiqlashtirilayotgan loyihalari, balansida boʻlgan mol-mulki va tovar-moddiy boyliklari Raqamlashtirish markaziga oʻtkazilsin.
Belgilansinki, Raqamlashtirish markazi 31 ta shtat birligidan iborat boʻlib, Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi mavjud shtatlar hisobidan shakllantiriladi.
7. Suv xoʻjaligi vazirligining tuzilmasida davlat muassasasi shaklida Suv sohasida barqaror rivojlanish markazi (keyingi oʻrinlarda — Rivojlanish markazi) tashkil etilsin va shu munosabat bilan Suv xoʻjaligida islohotlar markazi tugatilsin hamda uning boʻshaydigan 23 ta shtat birligi, amalga oshirilayotgan va muvofiqlashtirilayotgan loyihalari, balansida boʻlgan mol-mulki va tovar-moddiy boyliklari Rivojlanish markaziga oʻtkazilsin.
8. Belgilansinki:
(g) Raqamlashtirish va Rivojlanish markazlari faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan moliyalashtiriladi;
(d) Raqamlashtirish markazi xodimlarining mehnatiga haq toʻlash tartibi Markaziy dispetcherlik va suv balansi xizmati xodimlariga amalda qoʻllanayotgan tartib boʻyicha belgilanadi;
(j) Rivojlanish markazi xodimlarining mehnatiga haq toʻlash tartibi Suv xoʻjaligida islohotlar markazi xodimlariga amalda qoʻllanayotgan tartib boʻyicha belgilanadi;
(z) Rivojlanish markazi har oyda suv resurslari sohasini isloh qilish holati, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, islohotlarni amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan omillar va ularni bartaraf etish yoʻllari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib boradi.
9. Quyidagilar:
(a) Suv xoʻjaligini raqamlashtirish va monitoring markazining asosiy vazifalari 1-ilovaga muvofiq;
(b) Suv sohasida barqaror rivojlanish markazining asosiy vazifalari 2-ilovaga muvofiq;
(v) Suv xoʻjaligini raqamlashtirish va monitoring markazi faoliyatini moliyalashtirish manbalari 3-ilovaga muvofiq;
(g) Suv sohasida barqaror rivojlanish markazi faoliyatini moliyalashtirish manbalari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Raqamlashtirish va Rivojlanish markazlariga oʻzlarining budjetdan tashqari mablagʻlarini ushbu markazlar faoliyatini moddiy-texnik taʼminlash va joriy xarajatlarga, taʼmirlash, rekonstruksiya va qurilish ishlariga, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish, malakasini oshirish, shu jumladan, xorijiy stajirovkalarni tashkil etish, chet davlatlarda oʻtkaziladigan konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish, tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, jalb qilingan mahalliy va xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq toʻlashga, shuningdek, mazkur markazlar faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan boshqa tadbirlarga yoʻnaltirish huquqi berilsin.
11. Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzsuvqurilish” AJ va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining “Oʻzsuvqurilish” AJga qarashli Toshkent shahri Shayxontohur tumani Labzak koʻchasi 1a-uyda joylashgan binoning umumiy maydoni 1 394 kv metr boʻlgan “B” bloki yertoʻla qismi va 1-qavati hamda mazkur binoga tutash boʻlgan jami 1 912 kv metr yer maydonini “Oʻzsuvqurilish” AJ ustav kapitalida boʻlgan davlat ulushini kamaytirish hisobiga Raqamlashtirish markazi balansiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Raqamlashtirish markazi Toshkent shahri Shayxontohur tumani Labzak koʻchasi 1a-uy manzilidagi binoning “B” bloki yertoʻla qismi va 1-qavatiga operativ boshqaruv huquqi asosida belgilangan tartibda joylashtirilsin.
Rivojlanish markazi Toshkent shahri Shayxontohur tumani Labzak koʻchasi 1a-uy manzilidagi binoning “B” bloki 4-qavatiga bepul foydalanish huquqi asosida belgilangan tartibda joylashtirilsin.
IV. Boshqaruv jarayonlarini takomillashtirish
12. Suv xoʻjaligi sohasidagi jarayonlarni bir joydan kuzatish va suv resurslarini samarali boshqarish maqsadida “Suv xoʻjaligida vaziyatlar markazi” ishga tushirilgani hamda “Suv hisobi”, “Nasos stansiyalari”, “Tomchi Yer”, “Smartwater” axborot tizimlari, “Raqamli suv xoʻjaligi” yagona axborot tizimi, maʼlumotlar bazalari va dasturiy taʼminotlar ishlab chiqilgani hamda amaliyotga joriy etilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
13. Suv xoʻjaligi vazirligi markaziy apparati tuzilmasida amaldagi vazir oʻrinbosarlari lavozimlaridan birining shtat birligi hisobidan suv xoʻjaligi vazirining raqamlashtirish boʻyicha oʻrinbosari (Chief Digital Officer) lavozimi joriy etilsin va unga suv xoʻjaligi sohasini raqamlashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha kompleks dasturlarning amalga oshirilishi hamda ushbu sohada davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun shaxsan javobgarlik yuklansin.
Belgilansinki, suv xoʻjaligi vazirining raqamlashtirish boʻyicha oʻrinbosariga hamda Raqamlashtirish va Rivojlanish markazlariga mazkur Farmonda nazarda tutilgan va raqamlashtirish sohasi va faoliyati yoʻnalishlaridan tashqari boshqa vazifa, funksiya va topshiriqlarni yuklash taqiqlanadi.
V. Suv kadastri va elektr energiya hisobotlariga oid tizimlarni takomillashtirish
14. Suv xoʻjaligi vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi va Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-aprelga qadar Suv xoʻjaligi vazirligiga raqamlashtirish tadbirlari uchun ajratiladigan mablagʻlar hisobidan “Davlat suv kadastri” axborot tizimini ishlab chiqsin va maʼlumotlarni oʻzaro integratsiya qilish ishlarini amalga oshirsin.
Bunda Gidrometeorologiya xizmati agentligi yer usti suvlari, Suv xoʻjaligi vazirligi suvdan foydalanish, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi yer osti suvlari, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi ichimlik va oqova suvlar boʻyicha maʼlumotlarni maxsus himoyalangan aloqa tizimlari orqali “Davlat suv kadastri” axborot tizimiga taqdim etib borsin.
15. Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalariga elektr energiyasi hisoblagichlarini xarid qilish va oʻrnatish bilan bogʻliq xarajatlar tegishliligi boʻyicha “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Oʻzenergosotish” AJ mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.
16. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Oʻzenergosotish” AJ 2026-yil 1-mayga qadar:
(a) nasos stansiyalarida oʻrnatilgan elektr energiyasi hisoblagichlarini “Nasos stansiyalari” axborot tizimiga integratsiya qilish;
(b) integratsiyasi yakunlanib, axborot tizimiga maʼlumoti kelmayotgan hisoblagichlarini almashtirish, nuqsoni mavjudlarini tuzatish, ularni aloqa vositalari bilan taʼminlash ishlarini yakunlasin.
Bosh prokuratura Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda joylardan maʼlumoti kelmayotgan qurilmalarga tashqi taʼsir koʻrsatish holatlari boʻyicha nazorat tadbirlarini tashkil etsin, qonunbuzilish holatlari aniqlangan hollarda qonunchilikda belgilangan qatʼiy choralar koʻrilishini taʼminlasin va har chorakda amalga oshirilgan ishlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.
VI. Moliyaviy resurslar
17. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda:
(a) Suv xoʻjaligi vazirligiga mazkur Farmon bilan qoʻshimcha vazifalar yuklatilganini inobatga olib, 2026-yil uchun Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda suv xoʻjaligida raqamlashtirish tadbirlari, jumladan, Raqamlashtirish markazi faoliyatini moliyalashtirish uchun 50 milliard soʻm mablagʻni nazarda tutsin;
(b) 2026-yildan boshlab Suv xoʻjaligi vazirligiga raqamlashtirish tadbirlari uchun ajratiladigan barcha mablagʻlar Raqamlashtirish markazi orqali moliyalashtirilishini, 2027-yildan boshlab har yili Raqamlashtirish va Rivojlanish markazlari faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur boʻlgan mablagʻlar Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilishini taʼminlasin.
18. Suv xoʻjaligi vazirligi ikki hafta muddatda Raqamlashtirish va Rivojlanish markazlari faoliyatini tashkil qilishga koʻmaklashish, bino va inshootlarni taʼmirlash va jihozlash maqsadida mazkur markazlarning budjetdan tashqari rivojlantirish jamgʻarmalariga Suv xoʻjaligi vazirligining Suv xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har bir markazga 10 milliard soʻmdan mablagʻ ajratsin.
VII. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
19. Ushbu Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib quyidagilar belgilansin:
(a) Bosh vazir oʻrinbosari J. Xodjayev — Farmonning oʻz vaqtida bajarilishini hamda maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishini muhokama qilib, tizimli nazoratni oʻrnatish uchun;
(b) suv xoʻjaligi vaziri Sh. Xamrayev — suv xoʻjaligi sohasini raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish uchun;
(v) raqamli texnologiyalar vaziri oʻrinbosari O. Umarov — axborot tizimlarini ishlab chiqish, takomillashtirish, texnik qoʻllab-quvvatlash, idoralararo integratsion platforma orqali oʻzaro bogʻlash ishlariga koʻmaklashish uchun;
(g) qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Q. Yuldashev — qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarning yer maydonlari, ekin turlari va ularning joylashuvi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar avtomatik tarzda taqdim etilishi uchun;
(d) iqtisodiyot va moliya vazirining oʻrinbosari A. Haydarov — Farmon ijrosini taʼminlashga zarur boʻlgan mablagʻlar oʻz vaqtida va toʻliq ajratilishini taʼminlash uchun;
(j) Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari M. Abdullayev — suv xoʻjaligi sohasiga raqamlashtirish tadbirlari uchun ajratilgan mablagʻlar maqsadli sarflanishi ustidan nazorat oʻrnatish uchun.
20. Suv xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi “Suv xoʻjaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash toʻgʻrisida”gi PF-74-son Farmoniga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
22. Farmon ijrosi boʻyicha masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari T.N. Butunbayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 13-oktabr,
PF-183-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 13-oktabrdagi PF-183-son Farmoniga
1-ILOVA
Suv xoʻjaligini raqamlashtirish va monitoring markazining
ASOSIY VAZIFALARI
1. Suv xoʻjaligi sohasini raqamlashtirish jarayonini tahlil qilish, axborot texnologiyalarini joriy etish boʻyicha yangi tashabbuslar ishlab chiqish va mazkur ishlarda buyurtmachi vazifasini bajarish.
2. Ilgʻor xalqaro tajriba asosida suv xoʻjaligi tizimida boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish orqali maqbullashtirish hamda bu boradagi samarali mexanizmlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish.
3. “Raqamli suv xoʻjaligi” yagona platformasiga tizimdagi barcha dasturiy komplekslarni integratsiya qilish, ularning boshqa davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyasini taʼminlash.
4. Suv xoʻjaligida vaziyatlar markazining samarali faoliyat yuritishini taʼminlash.
5. Suv xoʻjaligi obyektlarida suv resurslari va elektr energiyasi hisobini yurituvchi raqamli qurilmalarning texnik shartlarini ishlab chiqish va ularni joriy etish.
6. Suv hisobi yuritilishini raqamlashtirish, suvdan foydalanuvchilar va iqtisodiyot tarmoqlarida suv resurslaridan foydalanish boʻyicha maʼlumotlarni yigʻish va tahlil qilish hamda maʼlumotlar bazasini shakllantirish.
7. Zamonaviy texnologiyalar yordamida yagona suv balansini shakllantirish hamda davlat suv kadastrining yuritilishini takomillashtirib borish.
8. Suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha kunlik, operativ (tezkor) maʼlumotlar tunu kun olinishini taʼminlash hamda tasdiqlangan suv olish limitlari va grafiklari asosida suv olinishini monitoring qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 13-oktabrdagi PF-183-son Farmoniga
2-ILOVA
Suv sohasida barqaror rivojlanish markazining
ASOSIY VAZIFALARI
1. Suv sohasini rivojlantirishga oid dasturiy hujjatlarda belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha asosiy maqsadli koʻrsatkichlar va indikatorlarga erishish holatini tahlil qilib borish.
2. Suv sohasidagi tizimli muammolarni tahlil qilgan holda sohani strategik va innovatsion yechimlar hamda istiqbolli tashabbuslar asosida rivojlantirish boʻyicha takliflar, chora-tadbirlar va istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish.
3. Suv sohasida innovatsion va ilgʻor texnologiyalarni joriy etish boʻyicha tashabbuslarni ilgari surish.
4. Transchegaraviy, xalqaro va mahalliy suv muammolarini tahlil qilish hamda yechimi boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
5. Suv sohasiga oid maʼnan eskirgan qoida va meʼyorlarni belgilovchi hujjatlarni zamon talablariga moslashtirish boʻyicha tashabbuslar ilgari surish.
6. Suv sohasi tashkilotlarining faoliyatini ilgʻor xorijiy amaliyotlar asosida tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
7. Xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, konsalting kompaniyalari va mutaxassislarning tavsiyalarini tahlil qilish va umumlashtirish, maqbul tashabbuslarning samarali implementatsiya qilinishini taʼminlash.
8. Konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlar, treninglar va davra suhbatlarini, shuningdek, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va suv resurslaridan samarali foydalanishni targʻib qilish ishlarini tashkil etish va oʻtkazish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 13-oktabrdagi PF-183-son Farmoniga
3-ILOVA
Suv xoʻjaligini raqamlashtirish va monitoring markazi faoliyatini
MOLIYALASHTIRISH MANBALARI
1. 2025-yilda — Suv xoʻjaligi vazirligi va Suv xoʻjaligini raqamlashtirish markazi uchun Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar, 2026-yildan boshlab — Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladigan mablagʻlar.
2. Suv xoʻjaligi vazirligi tizimiga Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlarning sohani raqamlashtirish hisobiga iqtisod boʻlgan qismi.
3. Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan oʻtkaziladigan grant tanlovlari natijalari asosida ajratiladigan mablagʻlar.
4. Vazirlik, idora va muassasalar tomonidan ularning buyurtmalari asosida tadqiqotlar va baholash ishlarini olib borish uchun ajratiladigan mablagʻlar.
5. Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalar doirasida jalb qilinadigan grant mablagʻlari.
6. Raqamlashtirish markazining vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar.
7. Jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari.
8. Qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 13-oktabrdagi PF-183-son Farmoniga
4-ILOVA
Suv sohasida barqaror rivojlanish markazi faoliyatini
MOLIYALASHTIRISH MANBALARI
1. 2025-yilda — Suv xoʻjaligi vazirligi va Suv xoʻjaligida islohotlar markazi uchun Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar, 2026-yildan boshlab — Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladigan mablagʻlar.
2. Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan oʻtkaziladigan grant tanlovlari natijalari asosida ajratiladigan mablagʻlar.
3. Vazirlik, idora va muassasalar tomonidan ularning buyurtmalari asosida tadqiqotlar va baholash ishlarini olib borish uchun ajratiladigan mablagʻlar.
4. Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalar doirasida jalb qilinadigan grant mablagʻlari.
5. Suv sohasida barqaror rivojlanish markazining vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar.
6. Jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari.
7. Qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 13-oktabrdagi PF-183-son Farmoniga
5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi “Suv xoʻjaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash toʻgʻrisida”gi PF-74-son Farmoniga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
(a) “Suv xoʻjaligida islohotlar markazi” bloki “Suv sohasida barqaror rivojlanish markazi” bloki bilan almashtirilsin;
(b) “Markaziy dispetcherlik va suv balansi xizmati” bloki “Suv xoʻjaligini raqamlashtirish va monitoring markazi” bloki bilan almashtirilsin.
2. 4-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Suv xoʻjaligi vazirligi tashkilotlarining uch boʻgʻindan iborat
VERTIKAL BOSHQARUV TIZIMI HAMDA FUNKSIYALAR TAQSIMOTI

Tarkibiy tuzilma

Boʻysunuv

Funksiyalar

Yuqori boʻgʻin

Markaziy apparat

vazir

1. Suv siyosatini yuritish.

2. Yagona suv balansini yuritish.

3. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish.

4. Hududiy organlar faoliyatini baholashning maqsadli koʻrsatkichlarini belgilash.

5. Transchegaraviy suv resurslarini boshqarish va foydalanish.

Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi

vazir

1. Oʻta muhim gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini, ishonchli ishlashini hamda qoʻriqlanishini nazorat qilish.

2. Oʻta muhim gidrotexnika inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, foydalanishga qabul qilish, konservatsiyalash va tugatish ishlarida ishtirok etish hamda tegishli xulosalar berish.

3. Oʻta muhim gidrotexnika inshootlarining xavfsizlik qoidalarini ishlab chiqish va mezonlarini belgilash.

4. Yer usti suvlari obyektlarida suvning oqilona boshqarilishi, suvdan foydalanish va suv isteʼmoli qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish.

5. Irrigatsiya tizimlari va sugʻorish tarmoqlaridan foydalanish jarayonida ularning barqaror ishlashini nazorat qilish.

Suv sohasida barqaror rivojlanish markazi

vazirning birinchi oʻrinbosari — Suv xoʻjaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori

1. Suv sohasini rivojlantirishga oid dasturiy hujjatlarda belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha asosiy maqsadli koʻrsatkichlar va indikatorlarga erishish holatini tahlil qilib borish.

2. Suv sohasidagi tizimli muammolarni tahlil qilgan holda sohani strategik va innovatsion yechimlar hamda istiqbolli tashabbuslar asosida rivojlantirish boʻyicha takliflar, chora-tadbirlar va istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish.

3. Suv sohasida innovatsion va ilgʻor texnologiyalarni joriy etish boʻyicha tashabbuslarni ilgari surish.

4. Transchegaraviy, xalqaro va mahalliy suv muammolarini tahlil qilish hamda yechimi boʻyicha takliflar ishlab chiqish.

5. Suv sohasiga oid maʼnan eskirgan qoida va meʼyorlarni belgilovchi hujjatlarni zamon talablariga moslashtirish boʻyicha tashabbuslarni ilgari surish.

6. Suv sohasi tashkilotlarining faoliyatini ilgʻor xorijiy amaliyotlar asosida tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.

7. Xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, konsalting kompaniyalari va mutaxassislarning tavsiyalarini tahlil qilish va umumlashtirish, maqbul tashabbuslarning samarali implementatsiya qilinishini taʼminlash.

8. Konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlar, treninglar va davra suhbatlarini, shuningdek, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va suv resurslaridan samarali foydalanishni targʻib qilish ishlarini tashkil etish va oʻtkazish.

Suv xoʻjaligini raqamlashtirish va monitoring markazi

vazirning raqamlashtirish boʻyicha oʻrinbosari

1. Suv xoʻjaligi sohasini raqamlashtirish jarayonini tahlil qilish, axborot texnologiyalarini joriy etish boʻyicha yangi tashabbuslar ishlab chiqish va mazkur ishlarda buyurtmachi vazifasini bajarish.

2. Ilgʻor xalqaro tajriba asosida suv xoʻjaligi tizimida boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish orqali maqbullashtirish hamda bu boradagi samarali mexanizmlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish.

3. “Raqamli suv xoʻjaligi” yagona platformasiga tizimdagi barcha dasturiy komplekslarni integratsiya qilish, ularni boshqa davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyasini taʼminlash.

4. Suv xoʻjaligida vaziyatlar markazining samarali faoliyat yuritishini taʼminlash.

5. Suv xoʻjaligi obyektlarida suv resurslari va elektr energiyasi hisobini yurituvchi raqamli qurilmalarning texnik shartlarini ishlab chiqish va ularni joriy etish.

6. Suv hisobi yuritilishini raqamlashtirish, suvdan foydalanuvchilar va iqtisodiyot tarmoqlarida suv resurslaridan foydalanish boʻyicha maʼlumotlarni yigʻish va tahlil qilish hamda maʼlumotlar bazasini shakllantirish.

7. Zamonaviy texnologiyalar yordamida yagona suv balansini shakllantirish hamda davlat suv kadastrining yuritilishini takomillashtirib borish.

8. Suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha kunlik, operativ (tezkor) maʼlumotlar tunu kun olinishini taʼminlash hamda tasdiqlangan suv olish limitlari va grafiklari asosida suv olinishini monitoring qilish.

Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti

vazir oʻrinbosari

1. Suv muammolarini aniqlash hamda ustuvor ilmiy-tadqiqot ishlari dasturlarini ishlab chiqish.

2. Global iqlim oʻzgarishining respublika iqtisodiyoti tarmoqlariga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash.

3. Sohaga ilmiy-innovatsion yangiliklarni joriy qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish.

4. Suvni tejaydigan texnologiyalar samaradorligini oshirishning ilmiy asoslarini takomillashtirish hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish.

Oʻrta boʻgʻin

Suv xoʻjaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi

vazirning birinchi oʻrinbosari — Suv xoʻjaligi obyektlarini ekspluatatsiya qilish agentligi direktori

1. Tasdiqlangan suv olish limitlari, grafiklari va taqsimoti asosida suv yetkazib berilishini hamda suv resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlash.

2. Nasos stansiyalari ish rejimini tartibga solish hamda elektr energiyasi isteʼmolini kamaytirish choralarini koʻrish.

3. “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari xizmat koʻrsatadigan hududda suv resurslarini boshqarish va hisobga olishda uslubiy va amaliy yordam koʻrsatish.

4. Suv omborlari, sel-suv omborlari va boshqa suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini hamda ishonchli ishlashini taʼminlash.

5. Kollektor-drenaj tarmoqlari va ulardagi inshootlarni rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-tiklash hamda yerlarning meliorativ barqarorligini taʼminlash ishlarini belgilangan tartibda tashkil qilish.

Suv xoʻjaligi loyihalarini amalga oshirish departamenti

Departament direktori

1. Loyihalarni amalga oshirish yuzasidan tizimli monitoring yuritish, shuningdek, buyurtmachi va pudratchi tashkilotlar tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilishini taʼminlash.

2. Suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-tiklash ishlari boʻyicha loyihalarning loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda ishlab chiqish, ekspertizadan oʻtkazish va bosh pudrat tashkilotlarini tender savdolari asosida aniqlash hamda tegishli shartnomalarni rasmiylashtirishni nazorat qilish.

3. Investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha tender savdolari asosida bosh pudrat tashkilotlarini belgilangan tartibda aniqlash hamda tegishli shartnomalarni rasmiylashtirish.

4. Suv xoʻjaligi sohasidagi loyiha-qidiruv ishlarini belgilangan tartibda ilmiy-texnik jihatdan kuzatishni tashkil qilish.

“Suv xoʻjaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi

vazir oʻrinbosari

1. Suv obyektlaridan baliqchilik maqsadlarida foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.

2. Suv xoʻjaligi obyektlarining sohil boʻyi mintaqa zonalari auksion orqali ijaraga berilishini tashkil etish.

3. Sohil boʻyi mintaqalari boʻyicha normativ hujjatlarni qayta koʻrib chiqish.

4. Suv oqimlarini boshqarishda daryo oʻzanlari hamda qirgʻoqlaridan foydalanishni tartibga solish.

Quyi boʻgʻin

“Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari

Ekspluatatsiya agentligi

1. Belgilangan limitlar asosida suv isteʼmolchilariga suv yetkazib berish.

2. Oʻziga biriktirilgan hududda suvning hisobi va hisobotini yuritish.

3. Sugʻorish tarmoqlari va ulardagi gidrotexnik inshootlarni himoya zonalari bilan birgalikda soz holatda saqlash, taʼmirlash-tiklash ishlarini amalga oshirish.

4. Isteʼmolchilar kesimida yetkazib berilgan suv hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soliq organlariga taqdim etib borish.

5. Oʻz hisobidagi suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash, suv monitoringi, hisobi va hisobotini yuritishni raqamlashtirish.

”.

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.10.2025-y., 06/25/183/0954-son)