Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida suv xoʻjaligi balanslarini tuzish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv xoʻjaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash toʻgʻrisida” 2024-yil 7-maydagi PF-74-son Farmoniga muvofiq suv xoʻjaligi balansini tuzish ishlarini yoʻlga qoʻyish hamda Davlat suv kadastrini yuritishni yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasida suv xoʻjaligi balanslarini tuzish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
daryolar havzalari suv xoʻjaligi balanslarini tuzish va ulardan foydalanish tartibi;
irrigatsiya tizimlari havzalari suv xoʻjaligi balanslarini tuzish va ulardan foydalanish tartibi;
iqtisodiy mintaqalar boʻyicha suv xoʻjaligi balanslarini tuzish va ulardan foydalanish tartibi;
Oʻzbekiston Respublikasining yagona suv xoʻjaligi balansini tuzish va undan foydalanish tartibi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi bilan birgalikda 2026-yil 1-aprelga qadar suv xoʻjaligi balanslarini tuzish uchun real vaqt rejimida maʼlumotlar almashish imkonini beruvchi elektron platformaning ishga tushirilishini taʼminlasin.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 28-avgust,
545-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-avgustdagi 545-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida suv xoʻjaligi balanslarini tuzish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasida suv xoʻjaligi balanslarini tuzish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanadi:
daryolar havzalari suv xoʻjaligi balanslari — daryo havzasida kutilayotgan va chiqib ketadigan suv miqdori, suv xoʻjaligining joriy holati hamda havzadagi suvga boʻlgan umumiy talab;
irrigatsiya tizimlari havzalari suv xoʻjaligi balanslari — irrigatsiya tizimi havzasida kutilayotgan va chiqib ketadigan suv miqdori, suv xoʻjaligining joriy holati hamda havzadagi suvga boʻlgan umumiy talab;
iqtisodiy mintaqalar boʻyicha suv xoʻjaligi balanslari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar, tumanlar, shaharlar hududida kutilayotgan va chiqib ketadigan suv miqdori, yerosti suv resurslarining mavjud zaxirasi, suv xoʻjaligining joriy holati hamda hududdagi ishlatilishi rejalashtirilgan suv resurslari miqdori;
suv obyekti — suvlar doimiy ravishda yoki vaqtincha toʻplanadigan va suv rejimining oʻziga xos shakllari hamda belgilari boʻlgan tabiiy (jilgʻalar, soylar, daryolar va boshqalar) hamda sunʼiy (ochiq va yopiq kanallar, shuningdek, kollektor-drenaj tarmoqlari) suv oqimlari, tabiiy (koʻllar, dengizlar, yerosti suvli qatlamlari) va sunʼiy (suv omborlari, sel suvlari toʻplanadigan joylar, hovuzlar va boshqalar) suv havzalari, shuningdek, buloqlar va boshqa obyektlar;
suv resurslari — foydalaniladigan yoki foydalanilishi lozim boʻlgan suv obyektlari suvlari;
suvdan foydalanish — yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan suv resurslarini suv obyektidan olmagan holda ulardan oʻz ehtiyojlari uchun foydalanish;
suvdan foydalanuvchi — suv resurslarini suv obyektidan olmagan holda ulardan oʻz ehtiyojlari uchun foydalanuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
suv xoʻjaligi obyekti — suv resurslarini toʻplash, boshqarish, yetkazib berish, ulardan foydalanish, ularni isteʼmol qilish, ajratib berish va muhofaza qilish maqsadida suv xoʻjaligi faoliyati amalga oshiriladigan suv obyekti;
yagona suv xoʻjaligi balansi — mamlakat hududiga yerusti suv obyektlari orqali kirib keladigan va chiqib ketadigan hamda respublika hududida ishlatilishi rejalashtirilgan suv resurslari miqdori, togʻlardagi muzliklar va qor zaxiralari, shuningdek, suv omborlaridagi, koʻllardagi, suv havzalaridagi, yerosti suv resurslarining mavjud zaxirasi toʻgʻrisida kelgusi gidrologik yil (vegetatsiya va kuzgi-qishki davr) uchun tayyorlangan hamda umumlashtirilgan maʼlumotlar majmui.
3. Suv xoʻjaligi balanslari quyidagi maqsadlarda foydalanish uchun tuziladi:
suv resurslarini samarali boshqarish, suvning tanqis yoki ortiqcha boʻlish holatlarining oldini olish, suvga boʻlgan talab va suv taʼminoti oʻrtasidagi muvozanatni saqlash, suv bilan taʼminlanganlik darajasi yuqori boʻlgan manbalardan suv tanqis boʻlgan hududlarga yoʻnaltirish;
suvdan foydalanishni joriy va istiqbolli rejalashtirish hamda suvni muhofaza qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish;
suvdan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan qishloq xoʻjaligi, transport vositalari, sanoat korxonalari va inshootlari, ishlab chiqarish quvvatlarini toʻgʻri joylashtirish;
suvdan kompleks foydalanish va uni muhofaza qilish sxemalarini ishlab chiqish;
suv xavfsizligini taʼminlash, suv toshqini, qurgʻoqchilik bilan bogʻliq xavflarning va suvning zararli taʼsirining oldini olish hamda uni bartaraf qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish;
joriy qilinadigan suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarining turlari va sugʻorish usullarini belgilash;
suvdan foydalanishni rejalashtirish va suvni muhofaza qilish bilan bogʻliq boshqa masalalarni hal etish.
4. Suv xoʻjaligi balanslari quyidagi turlarga ajratiladi:
daryolar havzalarining suv xoʻjaligi balanslari;
irrigatsiya tizimlari havzalarining suv xoʻjaligi balanslari;
iqtisodiy mintaqalar (keyingi oʻrinlarda — hududlar) suv xoʻjaligi balanslari;
Oʻzbekiston Respublikasining yagona suv xoʻjaligi balansi.
5. Suv xoʻjaligi balanslarini tuzishda hududlardagi barcha suv resurslari miqdori va suvdan foydalanuvchilarning suvga boʻlgan talabi toʻliq hisobga olinishi shart.
6. Suv xoʻjaligi balansi ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxemada tuziladi.
2-bob. Suv xoʻjaligi balansini tuzish
1-§. Suv xoʻjaligi balansining mazmuni
7. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlar suv xoʻjaligi balanslarini tuzish, uni amalga oshirish va muvofiqlashtirish boʻyicha maxsus vakolatli organ hisoblanadi.
8. Suv xoʻjaligi balanslari suv resurslarining mavjud miqdori, suvga boʻlgan talab, suv resurslari taqsimoti, ularning taqchilligi yoki ortiqcha miqdorini koʻrsatadigan jadvallarda ishlab chiqiladi.
Ishlab chiqilgan jadvallar asosida tuzilgan grafiklar maxsus tushuntirish qismlari boʻlgan yigʻma hisobot koʻrinishida bayon qilinadi hamda tegishli vazirlik va idoralarga elektron shaklda yuboriladi.
9. Suv xoʻjaligi balanslarini tuzish uchun zarur gidrologik (daryolar, koʻllar, suv omborlari va yerosti suvlari miqdori) va meteorologik (yogʻingarchilik, havo harorati, bugʻlanish va namlik) maʼlumotlar hamda suvdan foydalanuvchilarning suvga boʻlgan talabi vakolatli organ bilan kelishilgan shakllardagi jadvallarda ifodalanadi.
10. Quyidagilar suv xoʻjaligi balanslari maʼlumotlarini shakllantiruvchi tashkilotlar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi — mamlakat hududiga qoʻshni davlatlardan kirib keladigan va mamlakat oʻz hududida shakllanadigan suv resurslari toʻgʻrisida maʼlumotlar, shuningdek, kutiladigan yogʻingarchiliklar miqdori va havo harorati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi — mamlakat boʻyicha hududlar kesimida yerosti suvlarining mavjud zaxirasi, iqtisodiyot tarmoqlarining yer ostidan olinadigan suvga boʻlgan talabi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi — suv resurslarini boshqarish, taqsimlash hamda iqtisodiyot tarmoqlari, hududlar va suv obyektlari kesimida ularning suvga boʻlgan talabi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni shakllantiradi.
11. Suv xoʻjaligi balanslarini tuzish boʻyicha maʼlumotlar shakllari Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi tomonidan tasdiqlanadi.
Suv xoʻjaligi balanslarini tuzish boʻyicha maʼlumotlar elektron onlayn shaklda yuritiladi va ularning bazasi shakllantirib boriladi.
12. Suv xoʻjaligi balanslarini ishlab chiqishda:
barcha toifadagi suvdan foydalanuvchilarning yaqin kelajak (1 yillik va/yoki 3 — 5 yillik) uchun suvga boʻlgan talabi aniqlanadi hamda suvdan foydalanishning ustuvor yoʻnalishlari belgilanadi;
daryolar, suv omborlari, yerosti suvlari va boshqa manbalarning joriy hajmi, shuningdek, suv resurslaridan foydalanishda ekologik muvozanatni saqlash uchun maqbul darajani hisobga olgan holda suv resurslarining mavjud miqdori baholanadi;
suv resurslarining mavjudligiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan mavsumiy va suv obyektlarida mavsum davomida kuzatiladigan suv oqimi miqdorining oʻzgarishlarini hisobga olgan holda suv oqimining mavsumiy va hududiy oʻzgarishlari tahlil qilinadi;
qoʻshni mamlakatlar, viloyatlar yoki boshqa daryo havzalaridan suv olish ehtiyojlari va imkoniyatlari baholanadi;
suv resurslarining miqdori baholanadi hamda suvga boʻlgan talab va uning mavjud miqdori oʻzaro solishtiriladi, natijalar jadval koʻrinishida ifodalanadi;
hisob-kitoblar natijasida suv resurslarining yetishmasligi aniqlansa, yetishmayotgan suv miqdorini qoplashning mumkin boʻlgan variantlari ishlab chiqiladi;
agar maʼlum bir hududlar yoki fasllarda suv resurslarining ortiqcha miqdori aniqlansa, ularni yigʻib saqlash hamda qayta taqsimlash yoki suv yetishmayotgan boshqa havza va hududlarga yoʻnaltirish imkoniyatlari baholanadi.
13. Daryo havzalari yoki ayrim hududlar boʻyicha tuzilgan suv xoʻjaligi balanslari maʼlumotlari asosida daryo havzasi yoki tegishli hududni rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqiladi hamda tegishli tadbirlar rejalashtiriladi. Jumladan:
suv resurslarini boshqarish boʻyicha tegishli tavsiyalar (suv tanqisligi va ortiqcha suv boʻlgan holatlarni tahlil qilish asosida undan oqilona foydalanish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, tozalash inshootlari ishini yaxshilash va oqova suvlarni utilizatsiya qilish) ishlab chiqiladi;
suv resurslarini muhofaza qilish tadbirlari (suv sifatini saqlash va yaxshilash, suv obyektlari ifloslanishining oldini olish, tabiiy suv havzalarini tiklash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish) rejalashtiriladi;
suv balansini buzishi mumkin boʻlgan qurgʻoqchilik, suv toshqini va boshqa tabiiy hodisalarga tayyorgarlikni oʻz ichiga olgan favqulodda harakatlar rejasi ishlab chiqiladi. Bunda suv resurslarini tezkor taqsimlash va suv tanqisligining oldini olish choralari nazarda tutiladi.
2-§. Daryolar va irrigatsiya tizimlari havzalarining suv xoʻjaligi balanslarini tuzish
14. Daryolar yoki irrigatsiya tizimlari havzalarining suv xoʻjaligi balanslari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari hamda magistral tizimlardan foydalanish boshqarmalari tomonidan oʻz hududlarida joylashgan daryo yoki irrigatsiya tizimlari havzalari boʻyicha tuziladi.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari soʻrovlariga asosan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda tegishli tashkilotlar daryolar yoki irrigatsiya tizimlari havzalarining suv xoʻjaligi balanslarini tuzish uchun zarur boʻladigan maʼlumotlarni kelishilgan shakllarda taqdim etadi.
16. Daryolar yoki irrigatsiya tizimlari havzalarining suv xoʻjaligi balanslarini tuzishda ushbu obyektlarda kutilayotgan suv miqdori, suvga boʻlgan talab, suv xoʻjaligining joriy holati hamda suv resurslarining havzadagi suvga boʻlgan talabini qanoatlantirish uchun yetarliligi baholanadi.
17. Daryolar yoki irrigatsiya tizimlari havzalarining suv xoʻjaligi balanslari tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzurida tashkil etiladigan Havza suv kengashi (keyingi oʻrinlarda — Havza suv kengashi) yigʻilishida muhokama qilinadi va tasdiqlanadi.
Viloyatlararo yirik daryolar yoki irrigatsiya tizimlari havzalarining suv xoʻjaligi balanslari Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etiladigan Respublika suv kengashida (keyingi oʻrinlarda — Respublika suv kengashi) koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi.
3-§. Hududlarning suv xoʻjaligi balanslarini tuzish
18. Hududlarning suv xoʻjaligi balanslari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tomonidan oʻzlari xizmat koʻrsatadigan hududlar (tumanlar va shaharlar) boʻyicha tuziladi.
19. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari soʻroviga asosan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda tegishli tashkilotlar hududlarning suv xoʻjaligi balanslarini tuzish uchun zarur boʻladigan maʼlumotlarni kelishilgan shakllar asosida taqdim qilishi lozim.
20. Hududlarning suv xoʻjaligi balanslarini tuzishda kutilayotgan suv miqdori, suv omborlaridagi va yerosti suv resurslarining mavjud suv zaxirasi, suvga boʻlgan talab va uni qanoatlantirish uchun yetarliligi, shuningdek, yaqin kelajak (1 yillik va/yoki 3 — 5 yillik) uchun suv xoʻjaligi majmuasini rivojlantirish imkoniyatlari baholanadi.
21. Hududlarning suv xoʻjaligi balanslari Havza suv kengashi yigʻilishida muhokama qilinadi va tasdiqlanadi.
4-§. Oʻzbekiston Respublikasining yagona suv xoʻjaligi balansini tuzish
22. Oʻzbekiston Respublikasining yagona suv xoʻjaligi balansi daryo havzalarining (viloyatlararo va yirik irrigatsiya tizimlari, shuningdek, kanallar havzalarining) hamda hududlarning suv xoʻjaligi balanslari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan tuziladi.
Oʻzbekiston Respublikasining yagona suv xoʻjaligi balansini tuzishda Orol dengizi havzasidagi davlatlar bilan davlatlararo kelishuvlar asosida belgilangan suv olish limitlari doirasida transchegaraviy suv obyektlarining (Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon daryolari hamda kichik daryo va soylar, ularning irmoqlari va kanallarining) suv resurslari toʻliq hisobga olinishi lozim.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Energetika vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi Oʻzbekiston Respublikasining yagona suv xoʻjaligi balansini tuzish uchun zarur boʻladigan gidrologik, meteorologik va suvdan foydalanuvchilarning suvga boʻlgan talabi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har yili 1-oktabrga qadar Suv xoʻjaligi vazirligiga taqdim etadi.
24. Oʻzbekiston Respublikasining yagona suv xoʻjaligi balansini ishlab chiqishda hududlarning transchegaraviy suv resurslaridan foydalaniladigan qismlarida ushbu hududlarning qoʻshni davlatlardan oladigan va qoʻshni davlatlarga yetkazib beradigan suv miqdori, mamlakat hududida joylashgan suv omborlari yoki sugʻorish tarmoqlariga qoʻshni davlatlardan olinadigan suv miqdori hisobga olinadi va tahlil qilinadi.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining yagona suv xoʻjaligi balansini asosiy daryo havzalari (viloyatlararo va yirik irrigatsiya tizimlari, shuningdek, kanallar havzalari) hamda hududlar kesimida umumlashtiradi va har yili 15-noyabrga qadar Respublika suv kengashiga taqdim qiladi.
Respublika suv kengashida Oʻzbekiston Respublikasining yagona suv xoʻjaligi balansi loyihasi muhokama qilinadi va har yili 1-dekabrga qadar tasdiqlanadi.
3-bob. Suv xoʻjaligi balansidan foydalanish
26. Suvdan foydalanuvchilarni suv resurslari va ulardan foydalanishga oid maʼlumotlar bilan taʼminlashda tezkorlikni oshirish, shuningdek, ularning talabini hisobga olgan holda maʼlumotlarni qayta ishlash va umumlashtirish darajasini oshirish uchun suv xoʻjaligi balanslari boʻyicha axborot tizimlari amaliyotga joriy etiladi hamda mavjud axborot tizimlariga integratsiya qilinadi.
Bunda, yaratiladigan maʼlumotlar bazalari barcha suv manbalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, yerosti suvlari boʻyicha maʼlumotlar Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda tabiiy suv havzalari boʻyicha maʼlumotlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligining tegishli axborot tizimlariga integratsiya qilinadi hamda vazirlik va idoralar oʻrtasida real vaqt rejimida maʼlumotlar almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi.
27. Suv xoʻjaligi balanslariga oid maʼlumotlar vakolatli organ tomonidan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining soʻroviga asosan elektron shaklda, bepul taqdim etiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
28. Suvdan foydalanish sharoitlari sezilarli darajada oʻzgarganda (tabiiy ofatlar, yangi sanoat obyektlarini ishga tushirish, favqulodda suv tanqisligi, qurgʻoqchilik va boshqalar) tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda suv xoʻjaligi balanslariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
29. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasida suv xoʻjaligi balansini tuzish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida suv xoʻjaligi balansini tuzish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

I. Daryolar va irrigatsiya tizimlari havzalarining suv xoʻjaligi balanslarini tuzish

1-bosqich

Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda tegishli tashkilotlar

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari soʻrovlariga asosan zarur maʼlumotlarni taqdim qiladi.

Har yili 1-oktabrga qadar

2-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari

Daryolar yoki irrigatsiya tizimlari havzalarining kanallarning suv xoʻjaligi balanslarini tuzishda ushbu obyektlarda kutilayotgan suv miqdori, suvga boʻlgan talab, suv xoʻjaligining joriy holati hamda suv resurslarining havzadagi suvga boʻlgan talabini qanoatlantirish uchun yetarliligini baholaydi.

Har yili 15-oktabrga qadar

3-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari

1. Daryolar yoki irrigatsiya tizimlari havzalarining suv xoʻjaligi balansi loyihasini ishlab chiqadi va Havza suv kengashlariga taqdim qiladi.

2. Viloyatlararo yirik daryolar yoki irrigatsiya tizimlari havzalarining suv xoʻjaligi balansini Respublika suv kengashiga taqdim etadi.

Har yili 15-noyabrga qadar

4-bosqich

Respublika va Havza suv kengashlari

Daryolar yoki irrigatsiya tizimlari (Viloyatlararo yirik daryolar yoki irrigatsiya tizimlari) havzalarining suv xoʻjaligi balanslari loyihasini muhokama qiladi va tasdiqlaydi.

Har yili 1-dekabrga qadar

II. Hududlarning suv xoʻjaligi balanslarini tuzish

1-bosqich

Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tegishli tashkilotlar

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari soʻrovlariga asosan zarur maʼlumotlarni taqdim qiladi.

Har yili 1-oktabrga qadar

2-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari

Hududlarning suv xoʻjaligi balanslarini tuzishda kutilayotgan suv miqdori, suv omborlaridagi va yerosti suv resurslarining mavjud suv zaxirasi, suvga boʻlgan talab va uni qanoatlantirish uchun yetarliligini, shuningdek, yaqin kelajak (1 yillik va/yoki 3 — 5 yillik) uchun suv xoʻjaligi majmuasini rivojlantirish imkoniyatlarini baholaydi.

Har yili 15-oktabrga qadar

3-bosqich

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari

Hududlarning suv xoʻjaligi balansi loyihasini ishlab chiqadi va Havza suv kengashlariga taqdim qiladi.

Har yili 15-noyabrga qadar

4-bosqich

Havza suv kengashlari

Hududlarning suv xoʻjaligi balanslari loyihasini muhokama qiladi va tasdiqlaydi.

Har yili 1-dekabrga qadar

III. Oʻzbekiston Respublikasining yagona suv xoʻjaligi balansini tuzish

1-bosqich

Qishloq xoʻjaligi vazirligi,

Energetika vazirligi,

Ekologiya vazirligi,

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi,

Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi,

Gidrometeorologiya xizmati agentligi

Oʻzbekiston Respublikasining yagona suv xoʻjaligi balansini tuzish uchun zarur boʻladigan gidrologik va meteorologik maʼlumotlarni hamda suvdan foydalanuvchilarning suvga boʻlgan talabini Suv xoʻjaligi vazirligiga taqdim etadi.

Har yili 1-oktabrga qadar

2-bosqich

Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi

Hududlarning transchegaraviy suv resurslaridan foydalaniladigan qismlarida ushbu hududlarning qoʻshni davlatlardan oladigan va qoʻshni davlatlarga yetkazib beradigan suv miqdori, mamlakat hududida joylashgan suv omborlari yoki sugʻorish tarmoqlariga qoʻshni davlatlardan olinadigan suv miqdorini hisobga olgan holda tahlil qiladi.

Har yili 15-oktabrga qadar

3-bosqich

Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi

Oʻzbekiston Respublikasining yagona suv xoʻjaligi balansini ishlab chiqish uchun asosiy daryo havzalari (viloyatlararo va yirik irrigatsiya tizimlari havzalari) hamda hududlar kesimida olingan maʼlumotlarni umumlashtiradi hamda Respublika suv kengashiga taqdim qiladi.

Har yili 15-noyabrga qadar

4-bosqich

Respublika suv kengashi

Oʻzbekiston Respublikasining yagona suv xoʻjaligi balansi loyihasini muhokama qiladi va tasdiqlaydi.

Har yili 1-dekabrga qadar

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2025-y., 09/25/545/0787-son)