O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOSHGUZAR-BOYSUN-QUMQO‘RG‘ON YANGI TEMIR YO‘L LINIYASI QURILISHI LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH UCHUN YAPONIYA HUKUMATI TOMONIDAN BERILAYOTGAN IMTIYOZLI KREDITDAN FOYDALANISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘l liniyasi qurilishi uchun Yaponiya Hukumati tomonidan berilayotgan uzoq muddatli imtiyozli kreditdan samarali foydalanilishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘l liniyasi qurilishining bir qismini moliyalashtirish uchun 40 yil muddatga, shu jumladan o‘n yillik imtiyozli davrga 0,4 yillik foiz ostida Yaponiya xalqaro hamkorlik bankining 16359 mln Yaponiya yeni (151,47 mln AQSH dollariga teng) miqdoridagi imtiyozli krediti jalb etilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Yaponiya xalqaro hamkorlik bankining krediti bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan qarz oluvchi hisoblanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki kreditga xizmat ko‘rsatuvchi moliyaviy agent hisoblanadi;
“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi loyihani amalga oshirish bo‘yicha ijro etuvchi agentlik hisoblanadi;
kredit bo‘yicha foizlar, vositachilik haqi va asosiy qarzni to‘lash “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining o‘z mablag‘lari hisobiga 1-ilovaga* muvofiq jadvalga ko‘ra amalga oshiriladi;
* 1-ilova berilmaydi.
loyihani hammoliyalashtirish ulushi O‘zbekiston tomonidan davlat budjeti mablag‘lari (20% miqdorida) va “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining o‘z mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘l liniyasi qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy parametrlari 2-ilovaga* muvofiq;
Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘l liniyasi qurilishining kapital qo‘yilmalari hajmi va moliyalashtirish manbalari 3-ilovaga* muvofiq;
Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘l liniyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish jadvali 4-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2—4-ilovalar berilmaydi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri Yaponiya xalqaro hamkorlik bankining uzoq muddatli imtiyozli kreditini olish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan kredit bitimini imzolashga vakil qilinsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan Yaponiya xalqaro hamkorlik banki o‘rtasidagi kredit bitimi yuzasidan belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Yaponiya Hukumati tomonidan vakil qilingan bank bilan banklararo bitim, shuningdek Yaponiya xalqaro hamkorlik bankining imtiyozli kreditidan foydalanish va uni qaytarish tartibi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan agentlik bitimi tuzsin.
7. Mazkur loyiha bo‘yicha Yaponiya hamkorlik banki tomonidan berilayotgan kreditdan to‘liq, maqsadli va samarali foydalanish uchun javobgarlik “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga yuklansin.
8. Loyihani amalga oshirishni tezlashtirish maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining loyihaning maslahatchisi sifatida loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarining hamishlab chiquvchisi bo‘lgan Japan Transportation Consultants kompaniyasini tanlash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
9. “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi loyihani samarali amalga oshirish va Yaponiya xalqaro hamkorlik bankining kreditidan samarali foydalanish uchun ikki hafta muddatda xodimlar soni 6 kishigacha bo‘lgan Loyihani amalga oshirish guruhi tashkil etsin, mazkur Guruh to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin. Loyihani amalga oshirish guruhi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligidan bir nafardan vakil kiritsin.
Loyihani amalga oshirish guruhiga quyidagi asosiy vazifalarni bajarish:
loyiha amalga oshirilishining doimiy monitoringini olib borish;
amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq asbob-uskunalar xarid qilish va xizmatlar ko‘rsatilishiga tanlov savdolarini tashkil etish va o‘tkazish;
tuziladigan kontraktlarni o‘z vaqtida bajarish;
ishlarning har oylik hajmlarini va moliyaviy xarajatlarni belgilash;
moliyaviy mablag‘lar harakatini nazorat qilish;
loyihaning amalga oshirilishi to‘g‘risida belgilangan shakllardagi hisobotlarni keyinchalik Vazirlar Mahkamasiga axborot berish uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga taqdim etish yuklansin.
10. Loyihani amalga oshirish davrida:
loyihani amalga oshirishda qatnashayotgan xorijiy banklar, sug‘urta agentliklari va xorijiy kompaniyalarning daromadlari O‘zbekiston Respublikasi hududida to‘lov manbaida daromad solig‘i to‘lashdan ozod qilinsin;
“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi respublikada ishlab chiqarilmaydigan tovarlar, asbob-uskunalar, moddiy resurslar va ishlar (xizmatlar)ni import qilishda bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxonada rasmiylashtirish yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinsin.
11. Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sohada ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi burg‘ulash-portlatish ishlarini amalga oshirish texnologiyalarini qo‘llash imkoniyatlarini belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazsin va xulosa bersin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi 2005—2007-yillar investitsiya dasturida Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘li qurilishini tugallash uchun davlat budjeti hisobiga zarur kapital qo‘yilmalarni nazarda tutsinlar.
13. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining buyurtmanomalariga ko‘ra loyihani amalga oshirishda qatnashadigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari konsullik yig‘imlari va boshqa yig‘imlar undirilmasdan berilishini ta’minlasin;
14. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining buyurtmanomalariga ko‘ra loyihani amalga oshirishda qatnashadigan xorijiy mutaxassislarga davlat bojlari undirilmasdan ko‘p martalik vizalar berilishini, shuningdek ular vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishini va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini ta’minlasin.
15. Vazirlar Mahkamasining “Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘l liniyasi qurilishini jadallashtirish to‘g‘risida” 2003-yil 24-yanvardagi 43-son qaroriga 2-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari R.S.Azimov va R.F.Fayzullayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 4-oktabr,
458-son