1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.08.00 Taʼlim turlari / 13.01.08.03 Professional taʼlim;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.16.00 Amaliyot. Stajirovka]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilarining ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kasbiy taʼlimda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro taʼlim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 16-oktabrdagi PF-158-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining 2025-yil 1-yanvardan boshlab kasbiy taʼlim tashkilotlarida oʻquvchilarning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash, xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribalari asosida ishlab chiqarish amaliyotining quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
oʻquvchilar uchun ishlab chiqarish amaliyoti va diplom oldi amaliyoti oʻrniga yagona ishlab chiqarish amaliyoti tizimini joriy etish;
ishlab chiqarish amaliyotini oʻtaydigan oʻquvchilarga tegishli tashkilotlardagi malakali mutaxassislarni “ustoz” sifatida biriktirish;
oʻquvchilarning amaliyot jarayonida egallangan amaliy koʻnikmalarini ish beruvchilar bilan birgalikda baholash tizimini yoʻlga qoʻyish.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilarining ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
amaliyot dasturlarini tegishli tarmoq va soha korxonalari (tashkilotlari) bilan kelishilgan holda ishlab chiqish hamda tasdiqlash;
amaliyotni tegishli tarmoq va soha korxonalarida (tashkilotlarida) tashkil etish;
kasbiy taʼlim tashkilotlari va ish beruvchilarning amaliyotlarni tashkil etish boʻyicha vazifalarini belgilash.
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari / 02.03.02.00 Vazirliklar;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.08.00 Taʼlim turlari / 13.01.08.03 Professional taʼlim;
3.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.16.00 Amaliyot. Stajirovka]
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
2025-yil 1-yanvardan boshlab kasbiy taʼlim tashkilotlarida oʻquvchilarning ishlab chiqarish amaliyotlarini tegishli tarmoq va soha korxonalarida (tashkilotlarida) tashkil etsin;
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish jarayonida oʻquvchilarga korxonalardan (tashkilotlardan) tajribali mutaxassislar “ustoz” sifatida biriktirilishini taʼminlasin;
korxonalardan (tashkilotlardan) biriktirilgan “ustoz”lar uchun ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish boʻyicha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Professional taʼlimni rivojlantirish institutida “Germaniya tajribasi” asosida masofaviy (onlayn) oʻquv kurslarini tashkil etsin;
har yili 1-oktabrga qadar “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritilgan korxona (tashkilot)lar bilan kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻrtasida ishlab chiqarish amaliyotini oʻtash yuzasidan shartnomalar tuzish maqsadida hamkorlikni yoʻlga qoʻysin.
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.10.00.00 Majburiyat huquqi / 03.10.05.00 Shartnoma. Shartnomalarni tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish]
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hududdagi korxonalarning (tashkilotlarning) mavjud imkoniyatlari va takliflari asosida doimiy ravishda oʻquvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini oʻtkazish yuzasidan shartnomalar tuzishda kasbiy taʼlim tashkilotlariga koʻmaklashsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 28-dekabr,
900-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 28-dekabrdagi 900-son qaroriga 1-ILOVA
Kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilarining ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilarining (keyingi oʻrinlarda — oʻquvchilar) korxonada (tashkilotda) ishlab chiqarish amaliyotini (keyingi oʻrinlarda — amaliyot) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
amaliyot — nazariy taʼlim berish jarayonida oʻquvchilar tomonidan oʻzlashtirilgan bilimlarni mustahkamlash, egallanadigan kasbga (mutaxassislikka) tegishli boʻlgan kasbiy bilim va koʻnikma ega boʻlishi uchun oʻquv jarayonining amaliy qismini korxonalarda (tashkilotlarda) oʻtkazish jarayoni;
amaliyot rahbari — oʻquvchilarning amaliyotini tashkil etish, ularni korxonalarga (tashkilotlarga) amaliyot uchun joylashishi, amaliyot dasturiga rioya etilishi, amaliyot hisobotlari tayyorlanishi va yuritilishi, korxonadan (tashkilotdan) oʻquvchilar uchun masʼul xodim biriktirilishi kabi masalalarni muvofiqlashtiruvchi kasbiy taʼlim tashkiloti xodimi;
korxona (tashkilot) — kasbiy taʼlim tashkiloti bilan oʻquvchilar amaliyotini tashkil etish boʻyicha shartnoma tuzgan yuridik shaxs;
ustoz — amaliyot davrida taʼlim jarayonini ishlab chiqarish bilan bogʻliq amaliy qismini oʻtkazish uchun korxona (tashkilot) tomonidan biriktirilgan korxonaning (tashkilotning) malakali mutaxassisi;
shartnoma — kasbiy taʼlim tashkiloti va korxona (tashkilot) oʻrtasida oʻquvchilarning amaliyotini tashkil etish uchun tuzilgan hujjat.
3. Nazariy taʼlim berish jarayonida oʻquvchilar tomonidan olingan bilimlarni mustahkamlash, egallanadigan kasb (mutaxassislik) boʻyicha zarur koʻnikmalarga va amaliy ish tajribasiga ega boʻlish amaliyotning maqsadi hisoblanadi.
4. Kasbiy taʼlim tashkilotlari tomonidan amaliyot dasturlari tegishli korxonalar (tashkilotlar) bilan kelishilgan holda ishlab chiqiladi hamda tasdiqlanadi.
[OKOZ:
1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.08.00 Taʼlim turlari / 13.01.08.03 Professional taʼlim;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.16.00 Amaliyot. Stajirovka]
5. Amaliyot kasbiy taʼlim tashkiloti va oʻquvchilar taʼlim olayotgan kasbga (mutaxassislikka) mos korxonalar (tashkilotlar) oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida tashkil etiladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi belgilangan tartibda shartnoma shakli hamda oʻquvchilarning amaliyot kundaligi namunasini tasdiqlaydi.
7. Kasbiy taʼlim tashkilotlarining ishlab chiqarish amaliyoti ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema asosida tashkil etiladi.
2-bob. Amaliyotni tashkil etish va oʻtkazish
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.03.00.00 Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari / 02.03.02.00 Vazirliklar;
2.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.10.00.00 Majburiyat huquqi / 03.10.05.00 Shartnoma. Shartnomalarni tuzish, oʻzgartirish va bekor qilish]
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi har yili 1-oktabrga qadar “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritilgan korxonalar (tashkilotlar) bilan kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻrtasida ishlab chiqarish amaliyotini oʻtash yuzasidan shartnomalar tuzish maqsadida hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi.
9. Kasbiy taʼlim tashkiloti va korxona (tashkilot) oʻrtasida amaliyotni oʻtkazish boʻyicha shartnoma amaliyot boshlanishidan kamida uch hafta oldin rasmiylashtiriladi.
10. Amaliyotni tashkil etish bilan bogʻliq jarayonlarga kasbiy taʼlim tashkiloti direktori masʼul va shaxsiy javobgar hisoblanadi.
11. Kasbiy taʼlim tashkiloti direktorining amaliyotni tashkil etish boʻyicha buyrugʻi amaliyot boshlanishidan kamida ikki hafta oldin qabul qilinadi.
Ushbu buyruqda oʻquvchilarning roʻyxati va amaliyot oʻtkaziladigan korxona (tashkilot) hamda kasbiy taʼlim tashkiloti tomonidan biriktirilgan amaliyot rahbarlari belgilanadi.
[OKOZ:
1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.08.00 Taʼlim turlari / 13.01.08.03 Professional taʼlim]
12. Kasbiy taʼlim tashkiloti amaliyot oʻtkaziladigan korxona (tashkilot) bilan birgalikda mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
13. Amaliyotning dastlabki kunida kasbiy taʼlim tashkilotidan amaliyot rahbari va korxonadan (tashkilotdan) biriktirilgan ustoz tomonidan oʻquvchilarga:
korxonaning (tashkilotning) mehnatni muhofaza qilish, yongʻin xavfsizligi hamda ichki mehnat tartib qoidalari;
amaliyot davrida bajariladigan ishlar, ularni amaliyot kundaligida qayd etib borish tartibi, korxona (tashkilot)ning faoliyat yoʻnalishlari tushuntiriladi.
14. Kasbning (mutaxassislikning) murakkablik darajasidan kelib chiqib, amaliyot oʻtashning haftalik yuklamasi 36 — 40 akademik soatni tashkil etadi.
[OKOZ:
1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.02.00.00 Mehnat / 05.02.17.00 Attestatsiya (xodimlarni) (shuningdek, 13.02.04.00 va 13.01.16.00ga qarang)]
15. Uzrsiz sabablarga koʻra amaliyot oʻtamagan yoki amaliyot davrida qoniqarsiz baho olgan oʻquvchilar yakuniy davlat attestatsiyasiga qoʻyilmaydi.
16. Kasbiy taʼlim tashkilotining sirtqi taʼlim shaklida taʼlim olayotgan oʻquvchi oʻz kasbi (mutaxassisligi) boʻyicha mehnat faoliyati bilan shugʻullangan taqdirda, amaliyotdan ozod qilinadi. Bunda oʻquvchi kasbiy taʼlim tashkilotiga ish joyidan maʼlumotnoma va kasbiy faoliyatini aks ettiruvchi tavsifnoma taqdim etadi.
Ish joyiga ega boʻlmagan sirtqi taʼlim shaklida taʼlim olayotgan oʻquvchi amaliyot oʻtaydi.
17. Oʻquvchilarning amaliyot dasturlari bajarilishiga korxonadan (tashkilotdan) ustoz, kasbiy taʼlim tashkilotidan amaliyot rahbari masʼul hisoblanadi.
18. Nogironligi boʻlgan oʻquvchilarning amaliyotlari mos mehnat sharoitlariga ega korxonalarda (tashkilotlarda) tashkil etiladi.
19. Oʻquv rejasidagi fanlar boʻyicha qarzdorlikka ega boʻlgan oʻquvchilar qarzdorlikni oʻquv yili yakuniga qadar bartaraf etish sharti bilan amaliyotga jalb etiladi.
20. Quyidagi hollarda oʻquvchilar amaliyotdan chetlashtiriladi:
uzrsiz sabablarga koʻra 24 akademik soatdan ortiq amaliyot jarayonlarida ishtirok etmaganda;
amaliyot oʻtaydigan korxonaning (tashkilotning) ichki tartib qoidalarini buzgan hollarda;
oʻquvchiga salomatligini tiklash boʻyicha doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi komissiyasining xulosasi mavjud boʻlmaganda.
21. Amaliyotdan chetlashtirilgan yoki amaliyotni oʻtash jarayonida bajargan ishlarining natijalari qoniqarsiz deb topilgan va fanlar boʻyicha qarzdorligi mavjud boʻlmagan oʻquvchilarga yangi oʻquv yili boshlangunga qadar qaytadan amaliyotni oʻtash imkoniyati beriladi.
Bunda kasbiy taʼlim tashkiloti direktorining oʻquvchini qayta amaliyotga yuborish haqida buyrugʻi qabul qilinadi hamda unga amaliyot rahbari sifatida direktor oʻrinbosari biriktiriladi.
[OKOZ:
1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.02.00.00 Mehnat / 05.02.07.00 Mehnat shartnomasi (kontrakt);
2.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.03.00.00 Mehnatga haq toʻlash / 05.03.01.00 Umumiy masalalar]
22. Oʻquvchilar amaliyot oʻtayotgan korxonada (tashkilotda) boʻsh ish oʻrinlari mavjud boʻlsa, korxona (tashkilot) va oʻquvchi oʻrtasida qoʻshimcha shartnoma tuzilishi va oʻquvchiga ish haqi toʻlanishi mumkin.
3-bob. Korxona (tashkilot), kasbiy taʼlim tashkiloti va oʻquvchilarning vazifalari, huquqlari hamda majburiyatlari
[OKOZ:
1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.16.00 Amaliyot. Stajirovka]
23. Korxona (tashkilot) amaliyotni oʻtkazish davrida:
kasbiy taʼlim tashkiloti bilan hamkorlikda amaliyotni oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini belgilaydi;
kasbiy taʼlim tashkiloti bilan birgalikda oʻquvchilar amaliyotini oʻtkazish boʻyicha tegishli shartnomalarni rasmiylashtiradi;
korxonaga (tashkilotga) amaliyot oʻtash uchun qabul qilinayotgan oʻquvchilar tarkibini kasbiy taʼlim tashkiloti bilan kelishadi;
oʻquvchilarga amaliyot jarayonlarida korxonaning (tashkilotning) malakali va tajribali mutaxassislar orasidan amaliyotchi bilan ishlash koʻnikmasiga ega boʻlgan ustoz biriktiradi;
oʻquvchilarni amaliyot davrida korxonada (tashkilotda) faoliyat yuritishi uchun korxona (tashkilot) rahbarining buyrugʻini rasmiylashtiradi;
oʻquvchilarga mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi boʻyicha zarur koʻrsatma va tushunchalar beradi;
ichki imkoniyatlardan kelib chiqqan holda, oʻquvchilarning korxonaga (tashkilotga) borish-kelish, ovqatlanish xarajatlarini qoplaydi;
oʻquvchilarning amaliyotini oʻtkazish rejalarida nazarda tutilgan ekskursiyalarni tashkil etadi;
oʻquvchining amaliy koʻnikmalarini baholash jarayonida qatnashadi.
[OKOZ:
1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.08.00 Taʼlim turlari / 13.01.08.03 Professional taʼlim;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.16.00 Amaliyot. Stajirovka]
24. Korxona (tashkilot) amaliyotni tashkil etishda quyidagi huquqlarga ega:
oʻquvchilarning amaliyotni oʻtash vaqtida korxonaning (tashkilotning) ichki mehnat tartib qoidalariga amal qilishi yuzasidan ogohlantirish;
korxonaning (tashkilotning) ichki mehnat intizomini buzgan oʻquvchilar haqida amaliyot rahbarini xabardor qilish;
amaliyot jarayonlarini sifatli tashkil etish boʻyicha kasbiy taʼlim tashkilotlariga takliflar berish;
bir nechta kasbiy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlik qilish.
Korxona (tashkilot) qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
25. Korxona (tashkilot) oʻquvchilarning amaliyoti davrida quyidagi majburiyatlarni oladi:
oʻquvchilarni ishlab chiqarish binolari, trening kabinetlari, zarur materiallar, asbob-uskunalar, texnik hujjatlar bilan oʻz vaqtida taʼminlash;
oʻquvchilarni korxonaning (tashkilotning) ichki tartib-qoidalari, tibbiy (sanitariya), yongʻin xavfsizligi qoidalari hamda boshqa talablar bilan tanishtirish;
oʻquvchilarni amaliyot davrida xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish va tegishli maxsus kiyim-kechak (maxsus kiyim) hamda ishlab chiqarish vositalari va xomashyo bilan taʼminlash;
oʻquvchilar kundaligi yuritilishini nazorat qilish;
kasbiy taʼlim tashkiloti bilan birgalikda amaliyot jarayonlari yakuni boʻyicha hisobotlarni tayyorlash;
oʻquvchilar amaliyotni oʻtash davrida amaliyot oʻtash joyida baxtsiz hodisaga uchragan holatlar boʻyicha javobgarlik masalalarini qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal qilish choralarini koʻrish.
Korxonaga (tashkilotga) qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
26. Kasbiy taʼlim tashkiloti amaliyotni oʻtkazish davrida:
korxona (tashkilot) bilan birgalikda oʻquvchilarni uch hafta oldin amaliyotni oʻtkazish boʻyicha tegishli shartnomalarni rasmiylashtiradi;
korxona (tashkilot) bilan amaliyot jarayonida ishtirok etadigan oʻquvchilarning roʻyxatini tasdiqlaydi;
oʻquvchilarni amaliyot oʻtash uchun korxonaga (tashkilotga) yuborish va ularga amaliyot rahbarini biriktirish boʻyicha buyruq qabul qiladi;
oʻquvchilar amaliyotga yuborilishidan oldin ularga mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalari toʻgʻrisida tushuntirish beradi;
amaliyot rahbarlari tomonidan amaliyot jarayonlarining tashkil etilganlik holati yuzasidan tizimli nazorat oʻrnatadi.
27. Kasbiy taʼlim tashkiloti amaliyotni oʻtkazish boʻyicha kuyidagi huquqlarga ega:
amaliyot jarayonlarini sifatli tashkil etish yuzasidan korxonaga (tashkilotga) takliflar berish;
amaliyot jarayonini oʻtkazish uchun tuzilgan shartnomalarga tomonlar bilan kelishgan holda oʻzgartirishlar kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻz nomidan yuridik shaxslar bilan vakolati doirasida oʻquvchilar amaliyotini oʻtkazish boʻyicha shartnomalar va boshqa hujjatlar tuzish.
Kasbiy taʼlim tashkiloti qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
[OKOZ:
1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.16.00 Amaliyot. Stajirovka]
28. Kasbiy taʼlim tashkiloti amaliyot davri uchun quyidagi majburiyatlarni oladi:
oʻquvchilarning ishlab chiqarish asbob-uskunalari, jihozlari, moslamalari va boshqa mehnat anjomlariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlishini tushuntirish;
xom ashyo materiallari va elektr energiyasining tejamli sarflanishini taʼminlash;
korxonaning (tashkilotning) maʼmuriy va ishlab chiqarish xodimi koʻrsatmalari va farmoyishlarini bajarish;
oʻquvchilar va amaliyot rahbarlari faoliyatini hamda oʻquvchilar kundaligi yuritilishini tizimli nazorat qilish.
Kasbiy taʼlim tashkilotiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
29. Oʻquvchilar amaliyotni oʻtash davrida:
amaliyot jarayonini boshlashdan oldin korxonaning (tashkilotning) mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi qoidalari yoʻriqnomasi bilan tanishadi;
korxonaning (tashkilotning) ichki tartib qoidalariga boʻysunadi;
korxonaning (tashkilotning) ustaviga muvofiq ish jarayonlarida belgilangan tartibda qatnashadi.
30. Oʻquvchilar amaliyotni oʻtash boʻyicha quyidagi huquqlarga ega:
amaliyotda qatnashish;
amaliyotni oʻtash joyi, reja-jadvali, dasturi va tartibi bilan oldindan tanishish;
korxonadagi (tashkilotdagi) mehnat va jamoat ishlarida qatnashish;
korxona (tashkilot) va kasbiy taʼlim tashkilotiga amaliyotni oʻtkazish boʻyicha oʻz fikr-mulohazalari hamda tegishli takliflarini bildirish;
oʻquvchilar amaliyot oʻtash uchun oʻz kasbi (mutaxassisligi) boʻyicha boshqa ixtiyoriy korxonani (tashkilotni) tanlash huquqiga ega boʻlib, ushbu Nizomda belgilangan amaliyotni tashkil etish bilan bogʻliq barcha jarayonlarni bajarish.
Oʻquvchilar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
[OKOZ:
1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.08.00 Taʼlim turlari / 13.01.08.03 Professional taʼlim;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.16.00 Amaliyot. Stajirovka]
31. Oʻquvchilar amaliyotni oʻtash davrida quyidagi majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi:
amaliyot dasturida nazarda tutilgan barcha topshiriqlarni belgilangan muddatlarda, toʻliq hajmda va sifatli bajarish;
amaliyot kundaligini har kuni yuritish;
amaliyot rahbari va ustoz tomonidan berilgan topshiriqlarni bajarish;
korxonaning (tashkilotning) ichki mehnat tartib qoidalariga rioya qilish;
kasalligi tufayli amaliyotga qatnasha olmagan taqdirda, tibbiy muassasadan uch ish kuni ichida maʼlumotnoma taqdim etish;
amaliyot yakuni boʻyicha hisobot topshirish.
4-bob. Amaliyotni yakunlash
32. Korxonada (tashkilotda) amaliyotni oʻtashda oʻquvchilar tomonidan amaliyot kundaligi yuritiladi.
Kundalik kasbiy taʼlim tashkiloti tomonidan tasdiqlangan holda beriladi va oʻquvchi amaliyot oʻtash davrida kundalikka amaliyot dasturi asosida kunlik bajargan ishlari va mustaqil ish topshirigʻi bajarilishi toʻgʻrisida qisqacha maʼlumotlarni yozib boradi.
33. Oʻquvchilar amaliyot yakunida amaliyot kundaligini korxonadan (tashkilotdan) biriktirilgan ustozga imzolatib, uch ish kunida amaliyot rahbariga topshiradi.
34. Amaliyot yakunida amaliyotni toʻliq oʻtagan oʻquvchilarga korxona (tashkilot) tomonidan amaliyot oʻtaganligi toʻgʻrisida tavsifnoma beriladi.
35. Oʻquvchilar tomonidan amaliyotni oʻtash jarayonida bajarilgan ishlarning natijalari va ularning egallagan amaliy koʻnikmalari kasbiy taʼlim tashkilotining ishlab chiqarish taʼlimi boʻyicha direktor oʻrinbosari hamda ish beruvchilarning vakillari rahbarligida 3-5 nafar aʼzolardan iborat (har bir guruh uchun) alohida ishchi guruh tomonidan baholanadi.
[OKOZ:
1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.03.00.00 Axborot resurslari. Axborot resurslaridan foydalanish / 12.03.03.00 Arxiv fondi. Arxivlar]
36. Oʻquvchilarning amaliyot kundaliklari va hisobotlari amaliyot rahbari tomonidan kasbiy taʼlim tashkilotining arxiviga topshiriladi. Amaliyot kundaliklari va hisobotlar uch yil muddatgacha kasbiy taʼlim tashkilotining arxivida saqlanadi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
37. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilarining ishlab chiqarish amaliyotini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilarining ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Muddatlar
1-bosqich
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiritilgan korxonalar (tashkilotlar) bilan kasbiy taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari oʻrtasida ishlab chiqarish amaliyotini oʻtash yuzasidan shartnomalar tuzish maqsadida hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi.
Har yili 1-oktabrga qadar
2-bosqich
Kasbiy taʼlim tashkiloti
1. Amaliyotni tashkil etish boʻyicha korxona (tashkilot) bilan shartnoma tuzadi.
Amaliyot boshlanishidan kamida uch hafta oldin
2. Amaliyotni oʻtkazish va amaliyot rahbarini biriktirish boʻyicha buyruq qabul qiladi.
Amaliyot boshlanishidan kamida ikki hafta oldin
3. Oʻquvchilarni amaliyot kundaligi bilan taʼminlaydi va amaliyot jarayonlarini monitoring qiladi.
Belgilangan muddatlarda
3-bosqich
Korxona
(tashkilot)
1. Malakali mutaxassislarni oʻquvchilarga “ustoz” sifatida biriktiradi.
Amaliyot boshlanishidan ikki hafta oldin
2. Oʻquvchilarni korxonaning (tashkilotning) mehnatni muhofaza qilish va ichki mehnat tartibi bilan tanishtiradi hamda zarur asbob-uskunalar va maxsus kiyim-kechak bilan taʼminlaydi.
Amaliyotning dastlabki kunida
4-bosqich
Oʻquvchi
1. Korxonada (tashkilotda) amaliyot oʻtaydi hamda amaliyot kundaligini toʻldirib boradi.
Belgilangan muddatlarda
2. Amaliyot yakuni boʻyicha hisobot va amaliyot kundaligini amaliyot rahbariga topshiradi.
Amaliyot yakunidan soʻng uch ish kunida
5-bosqich
Korxona
(tashkilot)
Oʻquvchi amaliyot jarayonlarida toʻliq qatnashgan taqdirda, tavsifnoma beradi.
Amaliyot yakunida
6-bosqich
Kasbiy taʼlim tashkiloti, korxona (tashkilot)
Oʻquvchilar tomonidan amaliyotni oʻtash davrida bajarilgan ishlarning natijalari va ularning egallagan amaliy koʻnikmalarini baholaydi.
Amaliyot yakunida
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 28-dekabrdagi 900-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Kasb-hunar kollejlari oʻquvchilarining ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish va oʻtkazishni takomillashtirish toʻgʻrisida” 2009-yil 11-fevraldagi 40-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik texnikumlari faoliyatini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 30-oktabrdagi 677-son qaroriga 3-ilovaning 2-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va bandligiga koʻmaklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 20-apreldagi PF-6208-son Farmoni)” 2021-yil 23-iyuldagi 450-son qaroriga ilovaning 1-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida” 2021-yil 20-apreldagi OʻRQ-682-son Qonuni)” 2022-yil 4-apreldagi 153-son qaroriga ilovaning 209-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.01.2025-y., 09/25/900/0006-son)