Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 20.01.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻSIMLIKLARNI HIMOYA QILISh VOSITALARINI EKSPERTIZA QILISh VA ULARNI ROʻYXATDAN OʻTKAZIShNI TAKOMILLAShTIRISh ChORA- TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 20-yanvardagi 33-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kimyolashtirish va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari davlat komissiyasi (davlat kimyo komissiyasi)ni tashkil etish va uning faoliyati masalalari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻsimliklarni himoya qilishning samarali hamda kam zaharli kimyoviy va biologik vositalarini, respublika qishloq xoʻjaligida qoʻllaniladigan gerbitsidlar, defoliantlar va oʻstirish regulyatorlarini roʻyxatdan oʻtkazishni takomillashtirish va ularning keng assortimentini shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar zararkunandalari va kasalliklariga, begona oʻtlarga qarshi kurashishning kimyoviy hamda biologik vositalarini roʻyxatga olish komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklarni himoya qilish vositalari davlat komissiyasi (Davlat kimyo komissiyasi)ga aylantirilsin.
2. Quyidagilar:
Davlat kimyo komissiyasi tarkibi 1-ilovaga* muvofiq;
* 1-ilova keltirilmaydi.
Davlat kimyo komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Kimyo komissiyasi ijro etuvchi apparati negizida direktor boshchilik qiladigan Davlat kimyo komissiyasi agentligi tashkil etilsin.
Agentlik boshqaruv apparati tuzilmasi va uning xodimlarining cheklangan soni 14 kishi (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari)dan iborat etib tasdiqlansin, ulardan 5 nafari 3 va 3a-ilovalarga* muvofiq qoʻshimcha ajratiladi. Belgilansinki, qoʻshimcha xodimlarni saqlash uchun mablagʻlar Agentlikning oʻz xoʻjalik hisobidagi faoliyati hisobidan taʼminlanadi.
* 3a-ilova keltirilmaydi.
Davlat kimyo komissiyasi Agentlik toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. Quyidagilar Davlat kimyo komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
qishloq xoʻjaligi ekinlarining hosildorligini oshirishga hamda yuqori samarali, ekologiya jihatidan xavfsiz va kam zaharli kimyoviy va biologik preparatlarni qoʻllash hisobiga hosilni saqlab qolishga qaratilgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalaridan foydalanishning yagona siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirish;
qishloq xoʻjaligida foydalanish uchun tavsiya etilayotgan oʻzimizda va chet ellarda ishlab chiqarilgan kimyoviy hamda biologik preparatlar ilmiy-texnika hujjatlarini ekspertiza qilish, ularning biologik samaradorligini, toksikologiya-gigiyenik va ekologik xususiyatlarini aniqlash uchun sinovlar tashkil etish va ularni oʻtkazish;
oʻsimliklarni himoya qilishning kimyoviy va biologik vositalarini qoʻllash tartibini tasdiqlash, ularni roʻyxatdan oʻtkazish va qayta roʻyxatdan oʻtkazish, respublika qishloq xoʻjaligida qoʻllash uchun ruxsat etilgan preparatlar roʻyxatiga kiritish va roʻyxatdan chiqarish;
respublika korxonalarida ishlab chiqariladigan hamda import boʻyicha keltiriladigan oʻsimliklarni himoya qilish vositalari va biopreparatlar sifati ustidan nazorat oʻrnatish, inson salomatligiga va atrof-muhitga yomon taʼsir qilishi aniqlanganda ularni qoʻllashni taqiqlash.
5. Belgilansinki, Davlat kimyo komissiyasi tomonidan belgilanadigan preparatlarni qoʻllash tartibi va shartlari, mulkchilik shakllari va idoraviy boʻysunishlaridan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi barcha foydalanuvchilar uchun majburiy hisoblanadi.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan pestitsidlar, gerbitsidlar va boshqa preparatlardan respublika hududida foydalanish va ularni reklama qilish taqiqlansin.
6. Agentlik direktoriga xodimlarning lavozim maoshlariga belgilangan mehnatga haq toʻlash fondi doirasida ularning yuksak malakalari uchun maxsus ustamalar belgilash huquqi berilsin.
7. Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 2-iyundagi 196-F-son farmoyishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari I.X. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 3-fevral,
56-son
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil
3-fevraldagi 56-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat kimyo komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat kimyo komissiyasi respublika qishloq xoʻjaligida qoʻllaniladigan, zararkunandalarga, oʻsimliklar kasalliklariga, begona oʻtlarga qarshi kurashning kimyoviy va biologik vositalarini, oʻsimliklarni oʻstirish regulyatorlarini, defoliantlarni va boshqa agrokimyobiopreparatlarni ekspertiza qiluvchi, sinovchi va roʻyxatdan oʻtkazuvchi davlat organi hisoblanadi.
Davlat kimyo komissiyasi tomonidan belgilanadigan agrokimyobiopreparatlarni qoʻllash tartibi, mulkchilik shakllari va idoraviy boʻysunishlaridan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi barcha foydalanuvchilar uchun majburiy hisoblanadi.
2. Davlat kimyo komissiyasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oliy Majlis qarorlari va boshqa hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga va boshqa meʼyoriy hujjatlarga amal qiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat kimyo komissiyasi agentligi komissiya faoliyatini taʼminlovchi va mazkur Nizomda belgilab berilgan funksiyalarni bajaruvchi ijro etuvchi apparat, yuridik shaxs hisoblanadi, banklarda joriy va valyuta schyotlariga ega boʻladi.
4. Davlat kimyo komissiyasi oʻz yigʻilishlarini zaruriyatga qarab, biroq bir yilda kamida ikki marta oʻtkazadi.
II. DAVLAT KIMYo KOMISSIYASINING ASOSIY VAZIFALARI
Quyidagilar davlat kimyo komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini oshirishga hamda yuqori samarali, ekologik jihatidan xavfsiz va kam zaharli kimyoviy va biologik preparatlarni qoʻllash hisobiga hosilni saqlab qolishga qaratilgan oʻsimliklarni himoya qilish vositalaridan foydalanishning yagona strategik siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirish;
tavsiyanomalar ishlab chiqish va inson salomatligi va atrof-muhit uchun xavfsiz oʻsimliklarni himoya qilishning yangi vositalarini qoʻllash tartiblarini tasdiqlash;
mamlakatimizda va chet ellarda ishlab chiqarilgan, zararkunandalar, oʻsimliklar va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari zaxiralari kasalliklari, begona oʻtlarga qarshi kurashning yangi kimyoviy va biologik vositalari (insektoakaritsidlar, fungatsidlar, urugʻlarni dorilash, zootsidlar, feromonlar, gerbitsidlar va boshqalarning, bundan keyin agrokimyobiopreparatlar deb ataluvchi oʻsimliklarni oʻstirish regulyatorlari, defoliantlar va desikantlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun idoralararo sinovdan oʻtkazilishini tashkil etish;
yangi agrokimyo biopreparatlarni roʻyxatdan oʻtkazish, mavjudlarini qayta roʻyxatdan oʻtkazish, ilmiy tadqiqotlar va ekspertiza natijalariga koʻra samarali va kam xavfli agrokimyobiopreparatlarni qoʻllash sohasini kengaytirish;
“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligida qoʻllash uchun ruxsat etilgan, zarrarkunandalar, oʻsimliklar kasalliklari va begona oʻtlarga qarshi kurashning kimyoviy va biologik vositalari, defoliantlar va oʻsimliklarni oʻstirish regulyatorlari roʻyxati”ni va unga qoʻshimchalarni, oziq-ovqat mahsulotlarida, suvda va suv havzalarida, havo atmosferasida, ish zonasi havosida, tuproqda pestitsidlar mavjud boʻlishining cheklangan miqdorini, shuningdek, ularni qoʻllash boʻyicha boshqa cheklashlarni belgilagan holda, shakllantirish va nashr etish;
inson salomatligiga va atrof-muhitga ularning yomon taʼsiri aniqlangan taqdirda agrokimyobiopreparatlarni qoʻllashni taqiqlash.
III. DAVLAT KIMYo KOMISSIYASI FUNKSIYALARI
Davlat kimyo komissiyasi quyidagi funksiyalarni bajaradi:
oʻsimliklar himoyasi sohasida tashqi iqtisodiy va xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha takliflar kiritadi, xalqaro tashkilotlarda, kongresslarda, simpoziumlarda, muzokaralarda va Davlat kimyo komissiyasi vakolatiga kiruvchi boshqa tadbirlarda vakillik qiladi;
respublika korxonalarida agrokimyobiopreparatlarni ishlab chiqarishni joylashtirish masalalari boʻyicha ham, ularni chiqarishni toʻxtatish boʻyicha ham takliflar tayyorlashda qatnashadi;
manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda kimyoviy va biologik vositalarni sinash sohasidagi ustuvor yoʻnalishlarni belgilaydi, ushbu ishlarni amalga oshirish uchun tegishli ilmiy-tadqiqot va boshqa tashkilotlarga buyurtmanoma-topshiriqlar beradi, ishlarni nazorat qiladi va tugallangan ishlarni qabul qiladi;
oʻzimizda ishlab chiqarilgan preparatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun sinovlarni muvofiqlashtiradi;
“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligida qoʻllash uchun ruxsat etilgan, zararkunandalar, oʻsimliklar kasalliklari va begona oʻtlarga qarshi kurashning kimyoviy va biologik vositalari, defoliantlar va oʻsimliklarni oʻstirish regulyatorlari roʻyxati”ni va ruxsat etilgan agrokimyobiopreparatlarni qoʻllash tartibini tasdiqlaydi.
IV. DAVLAT KIMYo KOMISSIYASINING HUQUQLARI VA VAZIFALARI
Davlat kimyo komissiyasi quyidagi huquqlarga ega:
yuqori samarali agrokimyobiopreparatlarni qoʻllashga ruxsat berish, noxush toksikologik-gigiyenik xususiyatlarga ega boʻlgan, ekologiya uchun xavfli preparatlarni, shuningdek, eskirgan va samarasi kam pestitsidlardan foydalanishni taqiqlash;
agrokimyobiopreparatlarning roʻyxatga olingan taʼrifnomasining, ularni oʻrash va markirovkalashning preparatlar sifati sertifikati standartiga muvofiqligini nazorat qilish;
roʻyxatdan oʻtkazish uchun sinovlarni amalga oshirish, agrokimyobiopreparatlarni qoʻllash boʻyicha uslubiyotlarni va tavsiyanomalarni ishlab chiqish vakolatiga ega boʻlgan ilmiy-tadqiqot va boshqa tashkilotlar roʻyxatini belgilash va tasdiqlash;
“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligida qoʻllash uchun ruxsat etilgan, zararkunandalar, oʻsimliklar kasalliklari va begona oʻtlarga qarshi kurashning kimyoviy va biologik vositalari, defoliantlar va oʻsimliklarni oʻstirish regulyatorlari roʻyxati”ga kiritilmagan agrokimyobiopreparatlarning respublikaga olib kelinishini va ulardan foydalanishni taqiqlash, sinovdan oʻtkazilayotgan preparatlar namunalari bundan mustasno;
shartnomalar va kontraktlar, jumladan eksport-import operatsiyalari boʻyicha shartnomalar va kontraktlar tuzishda maslahat xizmati koʻrsatish;
respublika oʻsimliklarni himoya qilish xizmatlari organlari va ilmiy-tadqiqot institutlaridan ishlab chiqarishda qoʻllanilayotgan agrokimyobiopreparatlarning biologik samaradorligi boʻyicha materiallarni soʻrab olish;
agrokimyobiopreparatlarni qoʻllash va saqlashning amaldagi qoidalari va tartibiga rioya qilinishini tekshirish uchun qishloq xoʻjaligi dalalarini va boshqa joylarni, zaharli ximikatlar omborlarini borib koʻrish;
mazkur Nizomdan kelib chiquvchi barcha vazifalarni bajaradi.
Davlat kimyo komissiyasi belgilangan muddatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oldida hisob beradi.
V. RAHBARIYAT
Davlat kimyo komissiyasini lavozimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari boʻlgan rais boshqaradi, ijro etuvchi agentlikni esa, ayni paytda raisning oʻrinbosari hisoblanadigan direktor boshqaradi.
Davlat kimyo komissiyasi raisi:
ishlarni tashkil etadi va Davlat kimyo komissiyasiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini sinash dasturlarini shakllantirish va roʻyobga chiqarish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtiradi;
Davlat kimyo komissiyasi tematik ish rejasini tasdiqlaydi, uning soni va shaxsiy tarkibi boʻyicha takliflar kiritadi.
Direktor:
Agentlik faoliyatini tashkil etish va taʼminlash masalalarini hal qiladi, barcha pul va bank hujjatlarida birinchi imzo qoʻyish huquqiga ega, agentlikka yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi, direktor oʻrinbosari va mutaxassislar vazifalarini belgilaydi, Davlat kimyo komissiyasi vakolatiga kiruvchi masalalar koʻrib chiqilayotganda tegishli vazirliklar va idoralar tadbirlarida qatnashadi, raisning topshirigʻiga koʻra komissiya nomidan Oʻzbekiston Respublikasi davlat va boshqa organlarida hamda muassasalarida, shuningdek, xalqaro tashkilotlarda vakillik qiladi;
roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomalarini imzolaydi, kontraktlar va shartnomalar tuzadi, oʻz vakolatlari doirasida buyruqlar chiqaradi, ishonchnomalar beradi, bank schyotlarini ochadi, shtatlar jadvalini va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
xodimlarni ishga qabul qiladi va ishdan boʻshatadi, shuningdek, ragʻbatlantiradi, qonunchilikka muvofiq agentlik xodimlariga intizom jazolarini qoʻllaydi.
Davlat kimyo komissiyasi agentligi direktori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
VI. DAVLAT KIMYo KOMISSIYASI MABLAGʻLARI
Davlat kimyo komissiyasi agentligi xarajatlari respublika budjeti mablagʻlari, shuningdek, oʻz xoʻjalik faoliyatidan olingan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
Ilmiy tadqiqotlar, ekspertizadan, roʻyxatdan oʻtkazish, agrokimyobiopreparatlarni qayta roʻyxatdan oʻtkazish va reklama qilish xarajatlari ishlanma egasi tomonidan toʻlanadi.
Davlat kimyo komissiyasi agentligi schyotiga tushgan mablagʻlardan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq foydalaniladi.
VII. DAVLAT KIMYo KOMISSIYASINING ATRIBUTLARI
Davlat kimyo komissiyasi agentligi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan, oʻz nomi yozilgan muhrga, shtamp va firma blanklariga ega boʻladi.
VIII. DAVLAT KIMYo KOMISSIYASI VA UNING AGENTLIGI FAOLIYATINI TOʻXTATISh TARTIBI
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat kimyo komissiyasi va uning Agentligi faoliyati belgilangan tartibda toʻxtatiladi.
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil
3-fevraldagi 56-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat kimyo komissiyasi agentligi
TUZILMASI
Hammasi — 14 kishi, xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari.