Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili lavozimini joriy etish toʻgʻrisida
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlis palatalari bilan hamkorligining tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish, qonun ijodkorligi jarayonida va ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda Vazirlar Mahkamasi ishtirokining samaradorligini oshirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalarini bajarishda Hukumat masʼuliyatini kuchaytirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi tuzilmasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili (keyingi oʻrinlarda Vakolatli vakil deb ataladi) lavozimi joriy etilsin.
2. Quyidagilar Vakolatli vakilning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Oldingi tahrirga qarang.
birinchi — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyatining (keyingi oʻrinlarda Bosh vazir kotibiyati deb ataladi) tarkibiy boʻlinmalari, Bosh vazir oʻrinbosarlarining kotibiyatlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida koʻrib chiqiladigan qonunlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlashda oʻzaro yaqin hamkorligini taʼminlash, ularni Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqish, kelishish va axborot berish jarayonlarida ishtirok etish;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoni tahririda)
ikkinchi — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida qonunlar loyihalari, boshqa masalalarni muhokama etish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida qonun loyihalarini (qonunlarni) koʻrib chiqishda ishtirok etadigan Hukumat vakillari tarkibini shakllantirishda ishtirok etish;
uchinchi — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari bilan qonun ijodkorligi faoliyatida, avvalambor, mamlakat parlamentida qonunlarni koʻrib chiqish, muhokama etish va qabul qilish jarayonlarida yaqin hamkorligini tashkil etish;
toʻrtinchi — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida koʻrib chiqiladigan qonun loyihalari, qonunlar, davlat dasturlari va boshqa masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kelishilgan nuqtai nazarini ifoda etish;
Oldingi tahrirga qarang.
beshinchi — qonun ijodkorligi jarayoni, qonunchilik tashabbuslarining qabul qilinishi, parlament nazorati natijalari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa masalalarning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida koʻrib chiqilishi haqida Bosh vazirga hamda Bosh vazir kotibiyati rahbariga tizimli asosda axborot berish;
(2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoni tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
oltinchi — yangi qabul qilingan qonunlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari, rejalari hamda qarorlari tayyorlanishini tashkil etish, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan amaldagi qonunlar bajarilishini oʻrganish hamda tahlil qilish;
(2-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoni tahririda)
yettinchi — qonunlar, davlat dasturlarining bajarilishi va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha parlament nazoratini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ishtirokini taʼminlash.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Vakolatli vakil:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri rahbarligida amalga oshiradi, bir vaqtning oʻzida uning faoliyati Bosh vazir kotibiyati rahbari tomonidan muvofiqlashtiriladi.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoni tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
4. Vakolatli vakilga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, ularning kengashlari, qoʻmitalari, komissiyalari (ishchi guruhlari), shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi deputatlar birlashmalari majlislarida qonunlar loyihalari va qonunlarni koʻrib chiqishda ularni har tomonlama asoslash, iqtisodiy, moliyaviy, huquqiy va boshqa turdagi ekspertizadan toʻliq oʻtkazilishini taʼminlash boʻyicha shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoni tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoni tahririda)
6. Yangi joriy etilgan Vakolatli vakil lavozimi uchun Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning 19-razryadi belgilansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Ishlar boshqarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi binosida Vakolatli vakil uchun xona ajratilishini, shuningdek uni zarur uskunalar, kompyuter texnikasi, mebel, aloqa vositalari, jumladan, hukumat aloqasi bilan taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Vakolatli vakil va uning apparatini Hukumat binosida joylashtirish, uning ishlarini samarali tashkil etish uchun tashkiliy va moddiy-texnik, shu jumladan transport taʼminoti masalalarini hal etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ijro etuvchi apparatining shtat jadvaliga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin;
qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar haqida bir oy muddatda takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 28-sentabr,
PQ-3294-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-sentabrdagi PQ-3294-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakilining (keyingi oʻrinlarda — Vakolatli vakil) asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligini, shuningdek uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Vakolatli vakil oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, shuningdek mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Vakolatli vakil oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri rahbarligida amalga oshiradi, bir vaqtning oʻzida uning faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyati rahbari tomonidan muvofiqlashtiriladi.
4. Vakolatli vakil Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlar Mahkamasi) Oliy Majlis palatalari bilan oʻzaro hamkorligi masalasida oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari (keyingi oʻrinlarda — Oliy Majlis palatalari), ularning kengashlari, qoʻmitalari, komissiyalari (ishchi guruhlari), shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi deputatlar birlashmalari (keyingi oʻrinlarda — deputatlar birlashmalari), Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyatining (keyingi oʻrinlarda — Bosh vazir kotibiyati) tarkibiy boʻlinmalari, Bosh vazir oʻrinbosarlarining kotibiyatlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
2-bob. Vakolatli vakilning asosiy vazifalari va funksiyalari
5. Quyidagilar Vakolatli vakilning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Bosh vazir kotibiyatining tarkibiy boʻlinmalari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining Oliy Majlis palatalarida koʻrib chiqiladigan qonunlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlashda oʻzaro yaqin hamkorligini taʼminlash, ularni Bosh vazir kotibiyatida koʻrib chiqish, kelishish va axborot berish jarayonlarida ishtirok etish;
Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida qonunlar loyihalari, boshqa masalalarni muhokama qilish va Oliy Majlisi palatalarida qonun loyihalarini (qonunlarni) koʻrib chiqishda ishtirok etadigan Hukumat vakillari tarkibini shakllantirishda ishtirok etish;
Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlis palatalari bilan qonun ijodkorligi faoliyatida, ayniqsa, mamlakat parlamentida qonunlarni koʻrib chiqish, muhokama etish va qabul qilish jarayonlarida yaqin hamkorligini tashkil etish;
Oliy Majlis palatalarida koʻrib chiqiladigan qonun loyihalari, qonunlar, davlat dasturlari va boshqa masalalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasining kelishilgan nuqtai nazarini ifoda etish;
qonun ijodkorligi jarayoni, qonunchilik tashabbuslarining qabul qilinishi, parlament nazorati natijalari va oʻz faoliyatiga taalluqli boshqa masalalarning Oliy Majlis palatalarida koʻrib chiqilishi haqida Bosh vazirga hamda Bosh vazir kotibiyati rahbariga tizimli asosda axborot berish;
yangi qabul qilingan qonunlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari, rejalari hamda qarorlari tayyorlanishini tashkil etish, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan amaldagi qonunlar ijrosini oʻrganish va tahlil qilish;
qonunlar, davlat dasturlarining bajarilishi va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha parlament nazoratini amalga oshirishda Vazirlar Mahkamasining ishtirokini taʼminlash.
6. Vakolatli vakil zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) Bosh vazir kotibiyatining tarkibiy boʻlinmalari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining Oliy Majlis palatalarida koʻrib chiqiladigan qonunlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlashda oʻzaro yaqin hamkorligini taʼminlash, ularni Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqish, kelishish va axborot berish jarayonlarida ishtirok etish sohasida:
Bosh vazir kotibiyatining tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda qonun loyihalarini ishlab chiqish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritishini taʼminlaydi;
qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritishni monitoring qilib boradi, shuningdek ularning oʻz vaqtida va sifatli kiritilishini taʼminlash boʻyicha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar ishini muvofiqlashtirishda ishtirok etadi;
Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan qonunlar loyihalarini har tomonlama ekspertizadan oʻtkazish, shuningdek ularga ilova qilinadigan materiallarni puxta va sifatli tayyorlash maqsadida Bosh vazir kotibiyatining Axborot-tahlil va yuridik taʼminlash departamenti bilan hamkorlik qiladi, qonunlar loyihalarini tayyorlashda uslubiy yordam koʻrsatadi;
Bosh vazir kotibiyatining Axborot-tahlil va yuridik taʼminlash departamentida qonunlar loyihalarini tayyorlash va iqtisodiy, moliyaviy, huquqiy hamda boshqa turdagi ekspertizadan oʻtkazishda ishtirok etadi;
Bosh vazir kotibiyatining Axborot-tahlil va yuridik taʼminlash departamenti tomonidan axborot berish uchun tayyorlangan qonunlar loyihalarini koʻrib chiqadi va rasmiylashtiradi, zarur hollarda ular yuzasidan oʻz takliflari va fikr-mulohazalarini bildiradi;
qonunchilikni takomillashtirish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va Bosh vazir kotibiyati rahbarining topshiriqlariga muvofiq qonunlar loyihalarini ishlab chiqadi;
zarur hollarda, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining qonun loyihalarini tayyorlash boʻyicha ishchi guruh yigʻilishlarida Oliy Majlis palatalari vakillarining kelishilgan holda ishtirokini taʼminlaydi;
b) Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida qonunlar loyihalari, boshqa masalalarni muhokama qilish va Oliy Majlis palatalarida qonun loyihalarini (qonunlarni) koʻrib chiqishda ishtirok etadigan Hukumat vakillari tarkibini shakllantirishda ishtirok etish sohasida:
Vazirlar Mahkamasi Rayosati koʻrib chiqishi uchun Bosh vazir kotibiyatining tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda qonunlar loyihalari va Oliy Majlis palatalari bilan oʻzaro hamkorlikka aloqador boshqa masalalar tayyorlanishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga taqdim etiladigan qonunlar loyihalari, boshqa masalalarning Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida muhokama qilinishida ishtirok etadi;
zarur hollarda, muhokama etiladigan qonunlar loyihalari, boshqa masalalar yuzasidan oʻz takliflari va eʼtirozlarini Vazirlar Mahkamasi Rayosati koʻrib chiqishi uchun taqdim etadi;
Vazirlar Mahkamasi vakillarining roʻyxatini kelishadi, Oliy Majlis palatalarida qonunlar loyihalarini (qonunlarni) koʻrib chiqishda ishtirok etadigan nomzodlarni Vazirlar Mahkamasi vakillari tarkibiga kiritish uchun tavsiya qiladi;
v) qonun ijodkorligi faoliyatida Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlis palatalari bilan yaqin hamkorligini yoʻlga qoʻyish sohasida:
Oliy Majlis palatalarida qonunlar loyihalarini koʻrib chiqish va muhokama qilish masalalari boʻyicha oʻtkaziladigan Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari, qoʻmitalari va komissiyalari (ishchi guruhlari), deputatlar birlashmalari majlislarida, shuningdek Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlar, Hukumat va idoralararo komissiyalar hamda kengashlar majlislarda, Bosh vazir kotibiyati rahbari oʻtkazadigan majlislarda ishtirok etadi;
qonunlar loyihalarini (qonunlarni) koʻrib chiqish, muhokama qilish va qabul qilish, ushbu sohada tizimli muammolar hamda kamchiliklarga yoʻl qoʻymaslik masalalarida Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlis palatalari bilan oʻzaro hamkorligi samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;
Oliy Majlis palatalariga qabul qilinadigan qarorlar sifatini yaxshilash, huquqiy tartibga solishning tizimliligi va yaxlitligini, shuningdek ularning toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsirini taʼminlashga doir tegishli choralar koʻrishda amaliy yordam koʻrsatadi;
qonunlar loyihalarida ulardagi normalarni amalga oshirishning aniq mexanizmlari mavjud boʻlishini tahlil qiladi;
qonunlar loyihalari, qonunlar va Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa masalalarning Oliy Majlis palatalarida koʻrib chiqilishini monitoring qilib boradi va ularning tizimlashtirilgan maʼlumotlar bazasini yuritadi, uning muntazam yangilab turilishini taʼminlaydi;
g) Oliy Majlis palatalarida koʻrib chiqiladigan qonun loyihalari, qonunlar, davlat dasturlari va boshqa masalalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasining kelishilgan nuqtai nazarini ifoda etish sohasida:
Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari, qoʻmitalari va komissiyalari (ishchi guruhlari), deputatlar birlashmalari qonunlar loyihalari, qonunlar va Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa masalalarni koʻrib chiqishda Vazirlar Mahkamasi nuqtai nazarini himoya qilishda ishtirok etadi;
Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari, qoʻmitalari va komissiyalari (ishchi guruhlari), deputatlar birlashmalarida qonunlar loyihalari va qonunlar, shuningdek Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa masalalarni koʻrib chiqishning barcha bosqichlarida Vazirlar Mahkamasining belgilangan tartibda kelishilgan manfaatlarini ifoda etadi;
Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari, qoʻmitalari, komissiyalari (ishchi guruhlari), deputatlar birlashmalarining qonunlar loyihalari, qonunlar va boshqa masalalar boʻyicha ishlarida Bosh vazir kotibiyatining tarkibiy boʻlinmalari, Bosh vazir oʻrinbosarlari kotibiyatlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tegishli rahbarlari va mutaxassislarining ishtirok etishini taʼminlaydi;
Oliy Majlis palatalari majlislarida qonunlar loyihalari, qonunlar va boshqa masalalarni koʻrib chiqishda Vazirlar Mahkamasi vakillarining ishtirok etish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, Bosh vazir kotibiyati tarkibiy boʻlinmalarining tegishli rahbarlari bilan kelishgan holda ularni almashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
Oliy Majlis palatalari ishlarida ishtirok etadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan qonunlar loyihalari va boshqa masalalar boʻyicha nuqtai nazari Vazirlar Mahkamasi nuqtai nazariga mos kelmaslik holatlarini aniqlaydi va ularni bartaraf etish uchun zarur choralar koʻradi;
Bosh vazir kotibiyatining tarkibiy boʻlinmalari, Bosh vazir oʻrinbosarlari kotibiyatlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda qonunlar loyihalari hamda Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa hujjatlarni Oliy Majlis palatalarida koʻrib chiqishda keyinchalik axborot berish uchun ularga kiritiladigan konseptual oʻzgartirishlar hamda qoʻshimchalar belgilangan tartibda ishlab chiqilishini taʼminlaydi;
d) qonun ijodkorligi jarayoni, qonunchilik tashabbuslarining qabul qilinishi, parlament nazorati natijalari va Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa masalalarning Oliy Majlis palatalarida koʻrib chiqilishi haqida Bosh vazirga va Bosh vazir kotibiyati rahbariga tizimli asosda axborot berish sohasida:
Oliy Majlis palatalarida qonun ijodkorligi jarayoni, qonunchilik tashabbuslarining qabul qilinishi, parlament nazorati natijalari va Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa masalalarning koʻrib chiqilishi borishi haqida Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vazirini, uning oʻrinbosarlari, Bosh vazir kotibiyati rahbarini tizimli asosda xabardor qilib boradi;
Oliy Majlis palatalari yalpi majlislarining kun tartiblari, shu jumladan ularga kiritiladigan qonunlar loyihalari va qonunlar haqida Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga, uning oʻrinbosarlari, Bosh vazir kotibiyati rahbariga axborot taqdim qiladi, Bosh vazir kotibiyatining tarkibiy boʻlinmalari va Bosh vazir oʻrinbosarlari kotibiyatlari vakillarining ushbu yalpi majlislarda ishtirok etishini taʼminlaydi;
Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari, qoʻmitalari, komissiyalari (ishchi guruhlari), deputatlar birlashmalari koʻrib chiqadigan qonunlar loyihalari, qonunlar va Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa masalalar boʻyicha tahliliy hamda boshqa materiallar tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri ishtirokida oʻtkaziladigan kengashlar, Hukumat majlislariga tayyorgarlik koʻrish bilan bogʻliq materiallarni ishlab chiqish hamda qarorlarni rasmiylashtirishda, shuningdek uning faoliyati sohasiga kiradigan masalalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasi majlislari va uning Rayosati majlislarining bayonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosi nazorat qilinishini taʼminlashda ishtirok etadi;
e) yangi qabul qilingan qonunlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari, rejalari hamda qarorlari tayyorlanishini tashkil etish, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan amaldagi qonunlar bajarilishini oʻrganish hamda tahlil qilish sohasida:
yangi qabul qilingan qonunlarning amalga oshirilishini tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari, rejalari va qarorlari tayyorlanishini taʼminlaydi, shuningdek Bosh vazir kotibiyatining tarkibiy boʻlinmalari va Bosh vazir oʻrinbosarlari kotibiyatlari tomonidan tayyorlangan hujjatlarni kelishadi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qabul qilingan qonunlarning ijro etilishi holatini tizimli asosda oʻrganadi;
Bosh vazir kotibiyatining tarkibiy boʻlinmalari va Bosh vazir oʻrinbosarlari kotibiyatlari bilan birgalikda yangi qabul qilingan qonunlar qoidalarini amalga oshirishning aniq mexanizmlarini belgilaydigan qonunosti hujjatlarining oʻz vaqtida qabul qilinishi boʻyicha choralar koʻradi;
qonunlarni nazorat qilish va bajarish sohasidagi qonunchilik hujjatlari hamda huquqni qoʻllash amaliyotini yanada takomillashtirishga oid takliflar tayyorlaydi;
yangi qabul qilingan qonunlarni amalga oshirish boʻyicha tizimlashtirilgan maʼlumotlar bazasini shakllantiradi va yuritadi;
j) qonunlar, davlat dasturlarining bajarilishi va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha parlament nazoratini amalga oshirishda Vazirlar Mahkamasining ishtirokini taʼminlash sohasida:
Oliy Majlis palatalari tomonidan qonunlar, davlat dasturlari ijro etilishi holatini va boshqa yoʻnalishlarni oʻrganish boʻyicha parlament nazoratini amalga oshirishda ishtirok etadi;
navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti loyihasi, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari, soliq va budjet siyosati asosiy yoʻnalishlarining Oliy Majlis palatalariga koʻrib chiqish uchun belgilangan tartibda taqdim etilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari hamda soliq va budjet siyosati asosiy yoʻnalishlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga belgilangan tartibda taqdim etilishini taʼminlaydi;
Vazirlar Mahkamasining oʻtgan yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va navbatdagi yilda nazarda tutilgan asosiy ustuvor yoʻnalishlar toʻgʻrisida har yillik maʼruzasini, shuningdek Vazirlar Mahkamasi aʼzolarining oʻz faoliyatiga doir masalalar boʻyicha axborotining Oliy Majlis palatalariga belgilangan tartibda taqdim etilishini taʼminlaydi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonuni 261-moddasining birinchi qismi.
zarur hollarda, Oliy Majlis palatalarining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ayrim dolzarb masalalari boʻyicha hisobotini eshitishini tashkil etish choralarini koʻradi;
Hukumat aʼzolarining oʻz faoliyatiga doir masalalar boʻyicha axborotining eshitilishini tashkil etish boʻyicha choralarni koʻradi;
parlament soʻroviga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati yoki Senati aʼzosining Vazirlar Mahkamasi aʼzolari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga yoʻllangan soʻroviga oʻz vaqtida javob yuborilishini taʼminlashga koʻmaklashadi;
Oliy Majlis palatalari qoʻmitalarining qonunlar, Oliy Majlis palatalari qarorlari ijrosini, huquqni qoʻllash amaliyoti holatini oʻrganishda zarur sharoitlar yaratish choralarini koʻradi, shuningdek respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ushbu yoʻnalishdagi ishlarini muvofiqlashtiradi, yuborilgan soʻrovlar va ularga berilgan javoblar tahlili va monitoringini olib boradi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining qonunlarga rioya etishi, Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari va qoʻmitalari qarorlarini bajarishi toʻgʻrisida axborotini eshitishda ishtirok etadi.
Vakolatli vakil qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Vakolatli vakilning huquqlari va masʼuliyati
7. Vakolatli vakil zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifalar va funksiyalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan maʼlumotlar, tahliliy va boshqa materiallarni belgilangan tartibda olish;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda vakillari ishtirokida yigʻilishlar oʻtkazish;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining yigʻilishlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshirigʻiga binoan boshqa davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va boshqa tashkilotlarning uning faoliyati sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan majlislarida ishtirok etish;
qonun loyihalari boʻyicha Vazirlar Mahkamasining nuqtai nazarini himoya qilish uchun vakillar guruhi aʼzolarini parlament palatalari yigʻilishlarida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlaridan ishtirok etishini talab qilish;
vakillar guruhi aʼzolari oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmagan taqdirda, Bosh vazir kotibiyati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari bilan kelishgan holda ularni almashtirish hamda ularga nisbatan tegishli chora koʻrish yuzasidan Bosh vazirga taqdimnoma kiritish;
Bosh vazir kotibiyatining tarkibiy boʻlinmalari, Bosh vazir oʻrinbosarlari kotibiyatlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining uning faoliyati sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha tegishli rahbarlari hamda mutaxassislarini jalb etish, shuningdek muvaqqat ishchi guruhlarini tashkil etish;
Vakolatli vakil qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Vakolatli vakilning zarur maʼlumotlar, tahliliy va boshqa materiallarni taqdim etish, shuningdek uning faoliyati sohasiga kiradigan boshqa masalalar boʻyicha talablari va topshiriqlari belgilangan muddatlarda albatta bajarilishi shart.
8. Vakolatli vakil:
zimmasiga yuklatilgan vazifalarning lozim darajada va samarali bajarilishi;
Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari, qoʻmitalari, komissiyalari (ishchi guruhlari), shuningdek deputatlar birlashmalari majlislarida qonunlar loyihalari, qonunlar va Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa masalalarni koʻrib chiqishda ularni har tomonlama asoslash, iqtisodiy, moliyaviy, huquqiy va boshqa turdagi ekspertizadan toʻliq oʻtkazilishini taʼminlash;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan qonunlar, Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari va qoʻmitalari qarorlari, shuningdek uning faoliyati sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha boshqa hujjatlarning oʻz vaqtida hamda sifatli ijro etilishini nazorat qilishni taʼminlash;
ijro intizomini mustahkamlash uchun shaxsan javob beradi.
4-bob. Vakolatli vakil faoliyatni tashkil etish tartibi
9. Vakolatli vakilning faoliyatini tashkil etish uning kotibiyati tomonidan taʼminlanadi.
Vakolatli vakil kotibiyatining tuzilmasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
10. Vakolatli vakil Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Vakolatli vakil kotibiyatining bosh mutaxassisi, referenti va inspektori belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
11. Vakolatli vakil kotibiyatining ishi Vazirlar Mahkamasi va Vakolatli vakil ish rejalariga muvofiq tashkil etiladi.
12. Vakolatli vakil:
Vakolatli vakil kotibiyatiga bevosita rahbarlikni amalga oshiradi, mutaxassislar ishini tashkil etadi;
Vakolatli vakil kotibiyati xodimlari oʻrtasida majburiyatlar taqsimotini, har yarim yillik ish rejalarini ishlab chiqadi hamda Bosh vazir kotibiyati rahbari bilan kelishgan holda tasdiqlaydi, shuningdek kotibiyat xodimlarining shaxsiy ish rejalarini tasdiqlaydi;
Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari, qoʻmitalari (ishchi guruhlari) va komissiyalari, shuningdek deputatlar birlashmalari majlislarida ishtirok etadi;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari, Bosh vazir kotibiyati rahbari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Hukumat va idoralararo komissiyalar hamda kengashlar majlislarida ishtirok etadi;
Oliy Majlis palatalarida qonunlar loyihalari, qonunlar va Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa masalalar koʻrib chiqilishining tizimli monitoringini tashkil etadi va ularni koʻrib chiqish holati hamda samaradorligi toʻgʻrisida elektron maʼlumotlar bankini shakllantiradi va yangilab boradi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga uning faoliyati sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha hujjatlarni koʻrib chiqish uchun yuboradi;
tasdiqlangan tuzilma va shtatlar jadvaliga muvofiq lavozimga tavsiya etilgan nomzodlar, mutaxassislarning kasb darajasi va malakasini oshirish, ularni ragʻbatlantirish hamda jazolash choralari boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi va Bosh vazir kotibiyati rahbari bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga koʻrib chiqish uchun kiritadi;
kadrlar zaxirasini shakllantirish va yangilashni taʼminlaydi, kadrlar zaxirasiga kiritilgan shaxslar bilan muntazam ishlaydi;
Bosh vazir kotibiyatida amalda boʻlgan yoʻriqnomaga muvofiq ish yuritilishini taʼminlaydi, shuningdek chiquvchi hujjatlarni imzolaydi.
13. Vakolatli vakil zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Axborot-tahlil va yuridik taʼminlash departamenti bilan qonunlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish hamda boshqa huquqiy masalalar boʻyicha, shuningdek qonunlar loyihalarini ishlab chiqish va ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish, qonunlar loyihalari va boshqa hujjatlarga kiritiladigan konseptual oʻzgartirishlarni Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari, qoʻmitalari va komissiyalari (ishchi guruhlari), shuningdek deputatlar birlashmalari tomonidan koʻrib chiqilishida yaqin hamkorlikni amalga oshiradi.
14. Vakolatli vakil vaqtinchalik boʻlmagan taqdirda uning vakolatlarini bosh mutaxassis belgilangan tartibda amalga oshiradi.
15. Bosh mutaxassis:
materiallar va hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi, Vakolatli vakil topshiriqlarini bajaradi, materiallar va hujjatlar loyihalarining oʻz vaqtida tayyorlanishi, sifatli ishlab chiqilishi uchun shaxsan javob beradi, Vakolatli vakilning boshqa topshiriqlari ijrosining nazoratini taʼminlaydi;
Bosh vazir kotibiyatining tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda qonunlar loyihalarini ishlab chiqish va ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga kiritish dasturlarini tayyorlaydi hamda amalga oshiradi, shuningdek ularning ijrosini monitoring qilib boradi;
qonun loyihalarini tayyorlash va iqtisodiy, moliyaviy, huquqiy hamda boshqa turdagi ekspertizadan oʻtkazishda ishtirok etadi, qonunlar loyihalarida ulardagi normalarni amalga oshirish boʻyicha aniq mexanizmlar mavjudligini, huquqiy tartibga solishning tizimliligi va yaxlitligini tahlil qiladi, shuningdek qonunlar loyihalari, qonunlar va Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa masalalarni Oliy Majlis palatalarida koʻrib chiqishning barcha bosqichlarida ishtirok etadi;
qonunlar loyihalarini sifatli tayyorlashda Bosh vazir kotibiyatining tarkibiy boʻlinmalariga va Bosh vazir oʻrinbosarlarining kotibiyatlariga koʻmaklashadi;
Oliy Majlis palatalari yalpi majlislarining kun tartiblari, shu jumladan ularga kiritilgan qonunlar loyihalari va qonunlar haqida axborot tayyorlaydi, Bosh vazir kotibiyatining tarkibiy boʻlinmalari va Bosh vazir oʻrinbosarlari kotibiyatlarining ushbu yalpi majlislarda ishtirok etadigan vakillari roʻyxatini shakllantiradi;
Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari, qoʻmitalari va komissiyalari (ishchi guruhlari), deputatlar birlashmalari majlislarida, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Hukumat va idoralararo komissiyalar, kengashlar majlislarida, Bosh vazir kotibiyati rahbari va uning oʻrinbosari oʻtkazadigan majlislarda belgilangan tartibda ishtirok etadi;
Oliy Majlis palatalarida koʻrib chiqiladigan qonunlar loyihalari, qonunlar va Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa masalalar boʻyicha tizimlashtirilgan elektron maʼlumotlar bazasini yuritadi, ularni muntazam yangilab boradi;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga Oliy Majlis palatalarida qonunchilik jarayoni va qonunchilik tashabbuslarining qabul qilinishi hamda Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa masalalar toʻgʻrisida axborot berish uchun tahliliy materiallar tayyorlaydi:
Bosh vazir kotibiyati rahbariga Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari, qoʻmitalari va komissiyalari (ishchi guruhlari), shuningdek deputatlar birlashmalarida koʻrib chiqiladigan qonunlar loyihalari, qonunlar va Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa masalalar boʻyicha hisobot tayyorlaydi;
Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari, qoʻmitalari va komissiyalari (ishchi guruhlari), shuningdek deputatlar birlashmalari tomonidan qonunlar loyihalari, qonunlar va boshqa masalalarni koʻrib chiqishda Vazirlar Mahkamasi vakillarining ishtirok etishini taʼminlaydi;
Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari, qoʻmitalari va komissiyalari (ishchi guruhlari), shuningdek deputatlar birlashmalari qonunlar loyihalari, qonunlar va Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa masalalarni koʻrib chiqishda Vazirlar Mahkamasining nuqtai nazarini himoya qilishda ishtirok etadi;
Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari, qoʻmitalari va komissiyalari (ishchi guruhlari), shuningdek deputatlar birlashmalarida qonunlar loyihalari, qonunlar va Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa masalalarni koʻrib chiqishning barcha bosqichlarida Vazirlar Mahkamasining belgilangan tartibda kelishilgan manfaatlarini ifoda etishda ishtirok etadi;
Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari, qoʻmitalari va komissiyalari (ishchi guruhlari), shuningdek deputatlar birlashmalari qonunlar loyihalari, qonunlar va Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa masalalarni koʻrib chiqishda Vazirlar Mahkamasining nuqtai nazarini himoya qilishda ishtirok etadigan Vazirlar Mahkamasi vakillarining roʻyxatini kelishishni taʼminlaydi;
Oliy Majlis palatalari majlislarida qonunlar loyihalari, qonunlar va boshqa masalalarni koʻrib chiqishda Vazirlar Mahkamasi vakillarining ishtirok etish imkoniyati boʻlmaganda, Bosh vazir kotibiyatining tegishli rahbarlari bilan kelishgan holda ularni almashtirish toʻgʻrisida takliflar tayyorlaydi;
Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari, qoʻmitalari va komissiyalari (ishchi guruhlari), shuningdek deputatlar birlashmalarining qonunlar loyihalari, qonunlar va boshqa masalalar boʻyicha ishlarida Bosh vazir kotibiyatining tarkibiy boʻlinmalari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning tegishli rahbarlari va mutaxassislarining ishtirokini taʼminlaydi;
Oliy Majlis palatalari ishlarida ishtirok etadigan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlarning Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan qonunlar loyihalari va boshqa masalalar boʻyicha nuqtai nazari Vazirlar Mahkamasi nuqtai nazariga mos kelmaslik holatlarini aniqlaydi va ularni bartaraf etish uchun zarur choralar koʻradi;
Bosh vazir kotibiyatining tarkibiy boʻlinmalari, Bosh vazir oʻrinbosarlarining kotibiyatlari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda qonunlar loyihalari hamda Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa hujjatlarni Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari, qoʻmitalari va komissiyalari (ishchi guruhlari) shuningdek deputatlar birlashmalari tomonidan koʻrib chiqishda keyinchalik axborot berish uchun ularga kiritiladigan konseptual oʻzgartirishlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
Oliy Majlis palatalarida Vazirlar Mahkamasi nuqtai nazarini ifoda etish va oʻz faoliyati sohasiga kiradigan boshqa yoʻnalishlarda Bosh vazir kotibiyatining tarkibiy boʻlinmalari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlarning tegishli rahbarlari va mutaxassislarining ishini muvofiqlashtiradi;
Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari, qoʻmitalari va komissiyalari (ishchi guruhlari), shuningdek deputatlar birlashmalari tomonidan koʻrib chiqiladigan qonunlar loyihalari, qonunlar va Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa masalalar yuzasidan tahliliy hamda boshqa materiallar tayyorlaydi;
uning faoliyati sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlar, Hukumat va idoralararo komissiyalar va kengashlar majlislarida, Bosh vazir kotibiyati rahbari va uning oʻrinbosari oʻtkazadigan majlislarda koʻrib chiqishga materiallar tayyorlash uchun respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari vakillari bilan yigʻilishlar oʻtkazadi;
qonun ijodkorligi jarayonida qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
jismoniy va yuridik shaxslarning uning faoliyati sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha murojaatlarini koʻrib chiqadi, ularda koʻtarilgan masalalarni hal etishga doir takliflar tayyorlaydi, ularni tegishli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga koʻrib chiqish hamda choralar koʻrish uchun yuboradi, ularning oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini nazorat qiladi, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini qabul qiladi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
Bosh mutaxassis vaqtinchalik boʻlmaganda uning vakolatlarini Vakolatli vakil kotibiyatining referenti belgilangan tartibda amalga oshiradi.
16. Referent:
materiallar va hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi, Vakolatli vakilning topshiriqlarini bajaradi, materiallar va hujjatlar loyihalarining oʻz vaqtida tayyorlanishi, sifatli ishlab chiqilishi uchun shaxsan javob beradi, Vakolatli vakilning boshqa topshiriqlari ijrosining nazoratini taʼminlaydi;
qonunlar, davlat dasturlarining bajarilishi holati va boshqa yoʻnalishlarni oʻrganish boʻyicha Oliy Majlis palatalari tomonidan parlament nazorati amalga oshirilishida ishtirok etadi;
budjet boʻyicha murojaat loyihasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisidagi hisobotlarning Oliy Majlis palatalariga koʻrib chiqish uchun belgilangan tartibda taqdim etilishini taʼminlashda ishtirok etadi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunining 241-moddasi.
Oliy Majlis palatalariga Vazirlar Mahkamasining oʻtgan yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va navbatdagi yilda nazarda tutilgan asosiy ustuvor yoʻnalishlar toʻgʻrisida har yillik maʼruzasini, shuningdek Vazirlar Mahkamasi aʼzolarining oʻz faoliyatiga doir masalalar boʻyicha axborotini belgilangan tartibda taqdim etilishini taʼminlashda ishtirok etadi;
zarur hollarda, Oliy Majlis palatalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ayrim dolzarb masalalari boʻyicha hisoboti eshitilishini tashkil etishda ishtirok etadi;
Hukumat aʼzolarining oʻz faoliyatiga doir masalalar boʻyicha axborotining eshitilishini tashkil etishda ishtirok etadi;
parlament soʻroviga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati yoki Senati aʼzosining Vazirlar Mahkamasi aʼzolari, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslariga yoʻllangan soʻroviga oʻz vaqtida javob yuborilishini taʼminlashda ishtirok etadi;
Oliy Majlis palatalarining qoʻmitalari va komissiyalarining (ishchi guruhlari) qonunlarga rioya etish, Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari va qoʻmitalari qarorlarini bajarish holatlarini oʻrganishi uchun zarur sharoitlar yaratish choralarini koʻradi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining qonunlarga rioya etishi, Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari va qoʻmitalari qarorlarini bajarishi toʻgʻrisida axborotini eshitishda ishtirok etadi;
Oliy Majlis palatalariga qabul qilinadigan qonunlar sifatini yaxshilash, huquqiy tartibga solishning tizimliligi va yaxlitligini, shuningdek ularning toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsirini taʼminlashga doir tegishli choralar koʻrishda amaliy yordam koʻrsatadi;
Bosh vazir kotibiyatining tarkibiy boʻlinmalari va Bosh vazir oʻrinbosarlarining kotibiyatlari bilan birgalikda yangi qabul qilingan qonunlar qoidalarini amalga oshirishning aniq mexanizmlarini belgilaydigan qonunosti hujjatlarning oʻz vaqtida qabul qilinishi boʻyicha choralar koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga, uning oʻrinbosarlari va Bosh vazir kotibiyati rahbariga parlament nazorati natijalarini koʻrib chiqishning borishi toʻgʻrisida, shuningdek Vazirlar Mahkamasi faoliyatiga taalluqli boshqa masalalar boʻyicha axborot tayyorlaydi;
Oliy Majlis palatalari, ularning kengashlari, qoʻmitalari va komissiyalari (ishchi guruhlari), deputatlar birlashmalari, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Hukumat va idoralararo komissiyalar, kengashlar majlislarida, Bosh vazir kotibiyati rahbari oʻtkazadigan majlislarda belgilangan tartibda ishtirok etadi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan qabul qilingan qonunlarning bajarilishi holatini oʻrganadi;
yangi qabul qilingan qonunlar amalga oshirilishini tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari, rejalari va qarorlarini tayyorlashda ishtirok etadi;
yangi qabul qilingan qonunlarni amalga oshirish boʻyicha tizimlashtirilgan elektron maʼlumotlar bazasini shakllantiradi va yuritadi;
qonunlarning ijrosini taʼminlash sohasida qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini yanada takomillashtirishga doir takliflar tayyorlaydi;
yuridik va jismoniy shaxslarning uning faoliyati sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha murojaatlarini koʻrib chiqadi, ularda koʻtarilgan masalalarni hal etishga doir takliflar tayyorlaydi, ularni tegishli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga koʻrib chiqish hamda choralar koʻrish uchun yuboradi, ularning oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini nazorat qiladi, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini qabul qiladi;
ish yuritilishini taʼminlaydi va hujjatlar qabul qilinishini nazorat qiladi;
hujjatlar yigʻmajildlarini tayyorlash va arxivda saqlash uchun oʻz vaqtida topshirishni taʼminlaydi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
Referent boʻlmaganda uning vakolatlarini bosh mutaxassis belgilangan tartibda amalga oshiradi.
17. Inspektor:
ish yuritilishini taʼminlaydi va hujjatlar qabul qilinishini nazorat qiladi;
hujjatlar yigʻmajildlarini tayyorlash va arxivda saqlash uchun oʻz vaqtida topshirishni taʼminlaydi.
Inspektor qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
5-bob. Yakuniy qoida
18. Mazkur Nizom talablarini buzishda aybdor shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
(ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoni tahririda)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2017-y., 07/17/3294/0030-son)