O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida
Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘lamini kengaytirish, fuqarolarning daromadlarini izchil oshirib borish siyosatini davom ettirish hamda ularning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, shuningdek, pedagog va tibbiyot xodimlari mehnatini qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida:
1. 2024-yil 1-sentabrdan boshlab pensiyalar va nafaqalar miqdori 15 foizga oshirilsin. Bunda:
pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori — oyiga 428 000 so‘m etib;
yoshga doir eng kam pensiya miqdori — oyiga 834 000 so‘m etib;
nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori — oyiga 920 000 so‘m etib;
fuqarolarga to‘lanadigan boshqa pensiyalar va nafaqalar miqdorlari ilovaga muvofiq belgilansin.
2. 2024-yil 1-oktabrdan boshlab:
Oldingi tahrirga qarang.
budjet tashkilotlarida ishlovchi tibbiyot va farmatsevtika xodimlari, shuningdek, maktabgacha, umumta’lim, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari va tashkilotlari, “G‘amxo‘rlik” markazlari, “Mehribonlik” va Bolalar uylari, bolalar sanatoriyalarida ishlovchi pedagog xodimlarning ish haqi miqdori — 15 foizga oshirilsin;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-apreldagi PF-69-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.04.2026-y., 06/26/69/0420-son)
budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori — 10 foizga oshirilsin, mazkur bandning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan xodimlar bundan mustasno;
mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori — oyiga 1 155 000 so‘m etib belgilansin;
bazaviy hisoblash miqdori — 375 000 so‘m etib belgilansin.
3. Budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqlari, pensiyalar va nafaqalar miqdori oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplansin.
4. Ish beruvchilarga ish haqi miqdorini qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan holda to‘lashni ta’minlab, ish haqi miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga muvofiq oshirish tavsiya etilsin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ushbu Farmonning maqsadi, vazifalari va undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qilsin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini ta’minlash uchun mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 12-avgust,
PF-108-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-avgustdagi PF-108-son Farmoniga
ILOVA
2024-yil 1-sentabrdan boshlab fuqarolarga to‘lanadigan boshqa pensiyalar va nafaqalar
MIQDORLARI
1. Ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — oyiga 920 000 so‘m.
2. Mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 920 000 so‘m.
3. 1941 — 1945-yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda — oyiga 4 056 000 so‘m.
4. Belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (834 000 so‘mdan) 920 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori — oyiga 920 000 so‘m.
5. Zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 745 000 so‘m.
6. Ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — oyiga 745 000 so‘m.
7. O‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 745 000 so‘m.
8. Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 745 000 so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun — 244 000 so‘mdan qo‘shiladi.
9. Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori — oyiga 745 000 so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 13.08.2024-y., 06/24/108/0607-son; 30.12.2024-y., 06/24/230/1096-son; 28.04.2026-y., 06/26/69/0420-son)