Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.12.2002
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
DAVLAT STATISTIKASI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2002-yil 12-dekabrdagi 442-II-son “Davlat statistikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasida statistikani tashkil etish masalalarini tartibga soladi, davlat statistika organlarining vakolatlari va vazifalarini belgilab beradi hamda respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga doir statistika ma’lumotlarining yagona tizimini yuritish uchun asos yaratib beradi.
I BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Davlat statistikasi to‘g‘risidagi qonunlar
Davlat statistikasiga doir qonunlar ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlaridan ham iboratdir.
2-modda. Davlat statistikasining asosiy vazifalari
Davlat statistikasining asosiy vazifalari:
statistika sohasidagi davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish;
O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy va ijtimoiy hayotida ro‘y beradigan jarayonlarga doir statistika ma’lumotlari to‘plash, tayyorlash, ularni umumlashtirish va har tomonlama tahlil etish;
ilmiy tadqiqotlarning natijalari, xalqaro standartlar va tavsiyalar negizida statistikaga doir ishlar uslubini ishlab chiqish va joriy etish;
statistika ma’lumotlari aniq, xolis, tezkor, barqaror va to‘la-to‘kis bo‘lishini ta’minlash;
amaldagi qonunlar doirasida statistika ma’lumotlarining majmui oshkora va ochiq bo‘lishi hamda ulardan barchaning foydalana olishini ta’minlash;
respublika xususiyatlarini aks ettiruvchi statistika ko‘rsatkichlari har tomonlama to‘liq va izchil bo‘lishini ta’minlashdan iboratdir.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan statistika sohasidagi o‘zaro munosabatlari
O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan statistika sohasidagi o‘zaro munosabatlari xalqaro shartnoma va bitimlar orqali tartibga solinadi.
O‘zbekiston Respublikasi xalqaro statistika tashkilotlarining ishida ishtirok etadi, ular bilan zarur ijtimoiy-iqtisodiy ma’lumotlar va ish tajribalari almashadi.
II BOB. DAVLAT STATISTIKASINI TAShKIL ETISh. DAVLAT STATISTIKA KUZATUVI
4-modda. Davlat statistika organlari
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasida davlat statistikasini Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi, viloyatlar, tumanlar va shaharlardagi organlari amalga oshiradilar. Uqtirib o‘tilgan organlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan o‘z Nizomlari asosida ishlaydi va O‘zbekiston Respublikasi davlat statistikasi organlarining yagona tizimini tashkil etadi.
(4-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
5-modda. Davlat statistikasi bilan shug‘ullanuvchi boshqa organlar
Davlat statistika organlaridan tashqari O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralari, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, birlashmalar, davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqaruv organlari o‘z vakolatlari doirasidagi vazifalarni bajarish uchun davlat statistika hisobotining tasdiqlangan shakllariga muvofiq davlat statistikasi bilan shug‘ullanadilar.
Idoraviy (tarmoq) statistika hisobotining hajmlari davlat statistika organlari bilan kelishilgan holda vazirliklar va idoralar tomonidan mustaqil belgilanadi.
6-modda. Davlat statistika organlarini moliyaviy va moddiy-texnika ta’minoti
Oldingi tahrirga qarang.
Makroiqtisodiyot va statistika vazirligining, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi, viloyatlar, tumanlar va shaharlardagi davlat statistika organlarining ta’minoti davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi.
(6-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
Davlat statistika organlariga qarashli korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va ayrim bo‘linmalar o‘z faoliyatini xo‘jalik hisobi prinsiplarida amalga oshirishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan statistika ishlari rejasiga binoan o‘tkaziladigan statistika kuzatuvi davlat budjetidan pul bilan ta’minlanadi. Qo‘shimcha ishlarni bajarishga buyurtmachi tomonidan haq to‘lanadi.
Davlat statistika organlarining moddiy-texnika ta’minoti O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan amalga oshiriladi.
7-modda. Statistika kuzatuvining turlari
Statistika kuzatuvining davlat statistika kuzatuvi, tarmoq statistika kuzatuvi, mintaqaviy statistika kuzatuvi va tashabbuskorlik asosidagi statistika kuzatuvidan iborat turlari bo‘lishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat statistika kuzatuvini amalga oshirish tartibini, tegishli hujjatlarni respublikada statistika ishlarini tashkil etishning asosiy prinsiplariga asoslangan holda O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi.
(7-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
8-modda. Davlat statistika kuzatuvlari
Davlat statistika kuzatuvlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan davlat statistika organlari, shuningdek davlat statistikasi bilan shug‘ullanuvchi boshqa organlar, o‘zga yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat statistika organlarida ishlamaydigan shaxslarni jalb etgan holda davlat statistika kuzatuvini o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan ana shu qarorda belgilangan shartlarda amalga oshiriladi. Uqtirib o‘tilgan ishlar bajarilishini tashkil etish vazifasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Hukumatining, davlat hokimiyati mahalliy organlarining zimmasiga yuklatiladi. Statistika kuzatuvi o‘tkazishga jalb etilgan shaxslar davlat statistika organlarining mansabdor shaxslari bilan teng huquqlardan foydalanadilar va javobgarlikni zimmaga oladilar.
9-modda. Tarmoq, mintaqaviy va tashabbuskorlik asosidagi statistika kuzatuvlari
Tarmoq, mintaqaviy va tashabbuskorlik asosidagi statistika kuzatuvlari vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, birlashmalar, davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqaruv organlari va shartnoma asosida boshqa yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
10-modda. Statistika kuzatuvlari o‘tkazishda yuridik shaxslar va fuqarolarning vazifalari
Statistika kuzatuvlari o‘tkazilishi vaqtida yuridik va jismoniy shaxslar dastlabki hujjatlardan foydalanish imkoniyatini, basharti, qonunlarga zid kelmasa, zaruratga qarab, xizmat va uy-joy binolaridan, yer uchastkalaridan foydalanish imkoniyatlarini ham ta’minlab berishlari shart.
III BOB. STATISTIKA MA’LUMOTLARINI TAQDIM ETISh VA ULARDAN FOYDALANISh
11-modda. Statistika ma’lumotlari taqdim etish
Barcha yuridik shaxslar va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslar, struktura birliklari, basharti, O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida boshqa qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, davlat statistika kuzatuvlari o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni bepul taqdim etadilar.
Statistika ma’lumotlari aniq bo‘lib, to‘la hajmda, belgilangan muddatda va belgilangan adreslar bo‘yicha taqdim etilishi lozim. Statistika ma’lumotlarini taqdim etish tartibi davlat statistika organlari tomonidan tasdiqlangan davlat hisoboti shakllarida belgilab beriladi.
12-modda. Statistika ma’lumotlaridan foydalanish
Dastlabki statistika ma’lumotlaridan, odatda, jamlama statistika ishlarida, to‘plamlar tuzishda, ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni sharhlash va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishda foydalaniladi.
Jismoniy shaxslar to‘g‘risida to‘plangan ma’lumotlardan faqatgina aniq shaxslar ko‘rsatilmagan holda yoki jamlama ma’lumotlar tarzida foydalanilishi, yuridik shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan esa davlat va tijorat sirlarini saqlagan holda foydalanilishi mumkin.
Ommaviy axborot vositalarida, ilmiy ishlarda statistika ma’lumotlaridan faqat ana shu ma’lumotlar olingan manba ko‘rsatilgan holdagina foydalanilishi mumkin.
IV BOB. DAVLAT STATISTIKA ORGANLARI HAMDA DAVLAT STATISTIKASI BILAN ShUG‘ULLANUVChI BOShQA ORGANLARNING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
13-modda. Davlat statistika organlarining huquqlari
Davlat statistika organlari:
moliya, bank, bojxona hamda boshqa idoralar va xizmatlardan, jamoat birlashmalaridan va tashkilotlardan, jismoniy shaxslardan davlat statistika hisobotini va davlat statistika kuzatuvi o‘tkazish uchun boshqa zarur ma’lumotlarni (ma’lumotlar tayyorlash qaysi jarayonda ekanligidan qat’i nazar), shuningdek hisobotga ilova qilinadigan tushuntirishlarni berishni talab qilish va belgilangan tartibda bepul olish hamda ulardan foydalanish;
respublika hududidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda statistika ma’lumotlarining dastlabki tarzda ro‘yxatga olinishini va ularning qay darajada aniq ekanligini tekshirish;
olinayotgan statistika ma’lumotlari qay darajada to‘liq va xolis ekanligini tekshirishning mustaqil ekspertizasini tashkil etish va o‘tkazish;
davlat statistikasi va u bilan bog‘liq ma’lumotlarni dastlabki tarzda ro‘yxatga olish masalalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga zid bo‘lgan idoraviy hujjatlarning amal qilishini aniqlangan qoidabuzarliklarga barham berilguniga qadar to‘xtatib qo‘yish;
boshqa davlatlar statistika organlari va xalqaro statistika tashkilotlari bilan belgilangan tartibda shartnomalar va bitimlar tuzish;
davlat statistika hisobotlari va boshqa kuzatuvlar uchun ma’lumotlar taqdim etmagan yoxud ma’lumotlarni kechikib yoinki buzib taqdim etgan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda jarima solish choralarini qo‘llash;
bank muassasalaridan tadbirkorlik subyektlari, notijorat faoliyat bilan shug‘ullanuvchi subyektlar va jamoat birlashmalari uchun schyotlar ochilganligi to‘g‘risida axborotlar olish huquqiga egadir.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat statistika organlari O‘zbekiston Respublikasining hududida joylashgan barcha mulk shakllaridagi va xo‘jalik yuritishning barcha shakllaridagi korxonalar va tashkilotlar yagona davlat registri yuritilishini yo‘lga qo‘yadilar, bu registrda yuridik va jismoniy shaxslarning moliya-xo‘jalik faoliyatini ifodalovchi statistika ko‘rsatkichlarining majburiy tarkibi ro‘yxatga olinadi.
(13-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
Davlat statistika organlarining o‘z vakolatlari doirasida chiqargan qarorlari barcha yuridik va jismoniy shaxslarning bajarishi uchun majburiydir.
14-modda. Davlat statistikasi bilan shug‘ullanuvchi boshqa organlarning huquqlari
O‘zbekiston Respublikasining vazirliklari va idoralari, ushbu Qonunning 5-moddasiga muvofiq davlat statistikasi bilan shug‘ullanuvchi boshqa yuridik shaxslar:
ushbu Qonunning 11 va 12-moddalarida nazarda tutilgan tartibda ishlar bajarish uchun statistika ma’lumotlari olish va ulardan foydalanish;
statistika ma’lumotlarini dastlabki tarzda ro‘yxatga olish va statistika hisobotining ahvoli ustidan nazoratni amalga oshirish, o‘zlariga hisobdor bo‘lgan birliklarning statistika ma’lumotlari qay darajada aniq ekanligini tekshirish huquqiga egadir.
15-modda. Davlat statistika organlarining vazifalari
Davlat statistika organlari:
O‘zbekiston Respublikasi, uning mintaqalari va xalq xo‘jaligi tarmoqlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish davlat dasturlari bajarilishining borishi ustidan statistika kuzatuvini tashkil etishlari va amalga oshirishlari;
davlat statistika ma’lumotlari to‘planishini, fuqarolarning roziligi bilan oila budjetlari yuritilishini, ro‘yxatlar tuzilishini, bir gallik ro‘yxatga olishlarni, so‘rovlarni, oralatib monografiya tadqiqotlari hamda o‘zga tekshirishlar o‘tkazilishini tashkil etishlari va ta’minlashlari;
iqtisodiy va ijtimoiy masalalarga doir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bajarilishining borishi ustidan statistika kuzatuvini amalga oshirishlari;
iqtisodiyotning strukturaviy qayta qurilishini, ko‘p ukladli iqtisodiyot shakllanishini, xalq xo‘jaligini texnika bilan qayta qurollantirishni, ijtimoiy sohalar, bozor munosabatlari, davlatlararo va mintaqalararo aloqalar rivojlanishini, almashuv teng qiymatli bo‘lishini, mehnat bozori va tovar bozori shakllanishini, moliyaviy ahvolni, aholi turmush darajasini, fuqarolar ijtimoiy jihatdan himoya qilinishini, ijtimoiy ishlab chiqarish samaradorligini, narxlar va tariflar o‘zgarishidagi tamoyillarni, atrof muhit holatini, tabiatni muhofaza qilish tadbirlari bajarilishini va boshqa jarayonlarni tahlil qilishlari;
statistika ma’lumotlari aniq va xolis bo‘lishini, ularning ijtimoiy-iqtisodiy voqealar va jarayonlarga mos bo‘lishini ta’minlashlari;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini belgilangan tartibda statistika va tahliliy ma’lumotlar bilan ta’minlashlari;
statistika ma’lumotlari oshkora bo‘lishini ta’minlashlari;
O‘zbekiston Respublikasi, uning mintaqalari va xalq xo‘jaligi tarmoqlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlarini yoritish uchun statistika ko‘rsatkichlari metodologiyasini ishlab chiqishlari va takomillashtirishlari;
xalqaro statistika standartlari tizimini davlat statistika amaliyotiga joriy etishlari;
davlat statistika kuzatuvlari o‘tkazish shakllari, dasturlari va yo‘riqnomalarini hamda ma’lumotlarni dastlabki tarzda ro‘yxatga olish hujjatlarining namunaviy shakllarini tasdiqlashlari;
Oldingi tahrirga qarang.
kodlar belgilashlari va barcha mulk shakllaridagi va xo‘jalik yuritishning barcha shakllaridagi korxonalar va tashkilotlar yagona davlat registrini yuritishlari;
(15-moddaning o‘n ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
yuridik va jismoniy shaxslarning iltimoslariga binoan ularga davlat statistika ma’lumotlarining jamlamasi pulli asosda berilishini ta’minlashlari (ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari);
statistika ma’lumotlari but saqlanishi va himoya qilinishini, yuridik shaxslar tomonidan davlat va tijorat sirlariga rioya etilishini, jismoniy shaxslarga doir ma’lumotlarda aniq shaxslar ko‘rsatilmasligini ta’minlashlari;
xalqaro va mintaqalararo statistika taqqoslamalari o‘tkazishlari shart;
Oldingi tahrirga qarang.
yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan jismoniy shaxslar faoliyatining natijalarini muntazam ravishda biryo‘la statistik tadqiq etib turilishi kerak;
(15-modda O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 1-maydagi 621-I-son Qonuniga muvofiq o‘n oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 102-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
hamma uchun ochiq bo‘lgan statistik ma’lumot muntazam e’lon qilib turilishini ta’minlab turishlari shart.
(15-modda O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 15-dekabrdagi 175-II-son Qonuniga muvofiq o‘n yettinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 102-modda)
16-modda. Davlat statistikasi bilan shug‘ullanuvchi boshqa organlarning vazifalari
Davlat statistikasi bilan shug‘ullanuvchi O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari, boshqa yuridik shaxslar:
o‘z bo‘ysunuvlaridagi birliklardan davlat statistika kuzatuviga doir ma’lumotlar to‘planishini va ularni tayyorlashni tashkil etishlari;
statistika ma’lumotlari aniq bo‘lishini ta’minlashlari;
davlat statistika organlariga ularning talabiga ko‘ra davlat statistika hisobotida nazarda tutilgan statistika ma’lumotlarini va davlat statistika kuzatuvlari o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni taqdim etishlari;
yuridik shaxslarning davlat va tijorat sirlariga rioya etishlari, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga doir ma’lumotlarda aniq shaxslar ko‘rsatilmasligini ta’minlashlari shart;
Oldingi tahrirga qarang.
idoraviy (tarmoq) statistika hisoboti joriy etilgan taqdirda uni taqdim etishning shakllari va tartibini davlat statistika organlari bilan kelishib olishlari.
(16-modda O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuniga muvofiq oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
V BOB. UShBU QONUNNI BUZGANLIK UChUN JAVOBGARLIK
17-modda. Davlat statistika kuzatuvlariga doir ma’lumotlarni taqdim etish tartibini buzganlik uchun javobgarlik
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat statistika kuzatuvi o‘tkazish uchun statistika ma’lumotlarini taqdim etmagan yoki ularni noto‘g‘ri yoinki kechikib taqdim etgan, ma’lumotlarni dastlabki tarzda ro‘yxatga olishni lozim darajada ta’minlamagan, barcha mulk shakllaridagi va xo‘jalik yuritishning barcha shakllaridagi korxonalar va tashkilotlar yagona davlat registri yuritish tartibini buzgan mansabdor shaxslar va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslar O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan javobgarlikka tortilishlari mumkin.
(17-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
18-modda. Statistika ma’lumotlaridan foydalanishda yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarlik uchun javobgarlik
Statistika to‘g‘risidagi qonunlar talablarini buzganlik, statistika ma’lumotlarini yashirganlik yoki buzganlik uchun davlat statistika organlarining hamda davlat statistikasi bilan shug‘ullanuvchi boshqa organlarning xodimlari O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
Ommaviy axborot vositalarida, ilmiy ishlarda statistika ma’lumotlaridan foydalanuvchi mansabdor shaxslar va fuqarolar statistika ma’lumotlari olingan manbalarni ko‘rsatmaganlik uchun O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 2-sentabr,
920-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 327-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 102-modda; 2000-y., 5-6-son, 153-modda; 2001-y., 1-2-son, 23-modda)