Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
Intellektual mulk toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishi holatlari yuzasidan xulosa berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 11-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3529]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-son “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Intellektual mulk toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishi holatlari yuzasidan xulosa berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TASHKULOV
Toshkent sh.,
2024-yil 10-iyul,
16-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 10-iyuldagi 16-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Intellektual mulk toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishi holatlari yuzasidan xulosa berish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (bundan buyon matnda Adliya vazirligi deb yuritiladi) tomonidan intellektual mulk toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishi holatlari yuzasidan xulosa (bundan buyon matnda xulosa deb yuritiladi) berish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizomning amal qilishi protsessual qonunchilik bilan tartibga solinadigan fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat, maʼmuriy sud ishlari va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha mutaxassis fikri va ekspert xulosasini berishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
mualliflik huquqi va turdosh huquq obyektlari — fan, adabiyot va sanʼat asarlari, ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali koʻrsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning koʻrsatuvlari yoki eshittirishlari, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlar va maʼlumotlar bazalari;
sanoat mulki obyektlari — ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, seleksiya yutuqlari, tovar belgilari (xizmat koʻrsatish belgilari), tovar kelib chiqqan joy nomlari, geografik koʻrsatkichlar, firma nomlari.
2. Xulosa davlat organlarining insofsiz raqobatni, intellektual mulk obyektlarining kontrafakt nusxalarini, intellektual mulk obyektlaridan noqonuniy foydalanganlik holatlarini aniqlashga qaratilgan soʻroviga asosan Adliya vazirligi tomonidan beriladi.
3. Davlat organining xulosa berish haqidagi soʻrovi Adliya vazirligiga kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻttiz kunlik muddatda koʻrib chiqiladi.
2-bob. Intellektual mulk toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishi holatlari yuzasidan oʻrganish oʻtkazish va xulosani rasmiylashtirish
4. Davlat organi mualliflik huquqi va turdosh huquq obyektlari hamda sanoat mulki obyektlari (bundan buyon matnda intellektual mulk obyektlari deb yuritiladi) boʻyicha intellektual mulk toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishi holati mavjud yoki mavjud emasligini aniqlash maqsadida Adliya vazirligiga yozma yoki elektron shaklda soʻrov yuboradi.
Soʻrovda intellektual mulk obyektlari toʻgʻrisidagi axborot koʻrsatiladi.
5. Soʻrovga quyidagilar ilova qilinadi:
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari (agar mavjud boʻlsa);
davlat organi tomonidan intellektual mulk obyektlarini himoya qilish choralarini koʻrishda toʻplangan hujjatlar nusxalari;
oʻrganish obyekt(lar)ining namunasi, nusxasi, chizmasi, audio yozuvi foto va video tasvirlari;
mualliflik huquqi va turdosh huquq obyektlarining yaratilish faktini tasdiqlovchi materiallar (nusxasi, chizmasi, audio yozuvi, foto va video tasvirlari hamda boshqalar);
intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazish yoki undan foydalanish faktini tasdiqlovchi shartnoma, sud qarori, meros guvohnomasi va boshqa hujjatlar;
intellektual mulk huquqi buzilishi holatini tasdiqlovchi dalillar (audio yozuvi, foto va video tasvirlari hamda boshqalar).
6. Soʻrov Adliya vazirligiga kelib tushgandan soʻng, intellektual mulk obyektlariga oid qonunchilik talablari buzilgan yoki buzilmaganligini oʻrganish uchun vazirlikning Intellektual mulkni huquqiy himoya qilish boshqarmasiga yuboriladi.
7. Davlat organi tomonidan mazkur Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan hujjat va maʼlumotlar toʻliq taqdim etilmagan boʻlsa, Adliya vazirligi tomonidan davlat organiga kamchiliklarni bartaraf etib, qayta soʻrov yuborish mumkinligi toʻgʻrisida ushbu soʻrov kelib tushgan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida yozma yoki elektron shaklda maʼlum qilinadi.
8. Davlat organi tomonidan mazkur Nizomning 5-bandida nazarda tutilgan hujjat va maʼlumotlar toʻliq taqdim etilgan boʻlsa, Adliya vazirligi Intellektual mulkni huquqiy himoya qilish boshqarmasining masʼul xodimi tomonidan davlat organining soʻrovi boʻyicha quyidagilar koʻrib chiqiladi:
oʻrganish obyekt(lar)ining qonunchilik hujjatlari boʻyicha intellektual mulk obyekti sifatida himoya qilinishi yoki qilinmasligi;
mualliflik huquqi va turdosh huquq obyektlarining yaratilish faktini tasdiqlovchi materiallar (nusxasi, chizmasi, audio yozuvi, foto va video tasvirlari hamda boshqalar);
intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazish yoki undan foydalanish faktini tasdiqlovchi shartnoma, sud qarori, meros guvohnomasi va boshqa hujjatlar;
oʻrganish obyekt(lar)i sanoat mulki obyekti hisoblanganda, uning muhofazaga ega sanoat mulki obyekti bilan aynan bir xil yoki unga adashtirib yuborish darajasida oʻxshashligi;
intellektual mulk huquqi buzilishi holatini tasdiqlovchi dalillar (audio yozuvi, foto va video tasvirlari hamda boshqalar).
9. Oʻrganish obyekti sanoat mulki obyekti hisoblanganda, u muhofazaga ega sanoat mulki obyekti bilan tegishli sanoat mulki obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish reglamentlarida belgilangan talablar asosida taqqoslanadi va oʻrganib chiqiladi.
10. Adliya vazirligi soʻrovni koʻrib chiqish jarayonida:
davlat organlari va boshqa tashkilotlardan hujjat hamda maʼlumotlarni soʻrash va olish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslari hamda xodimlarini, shuningdek intellektual mulk masalalari boʻyicha jismoniy shaxslarni chaqirish, qonunchilik hujjatlarining buzilishi holatlari yuzasidan ogʻzaki va yozma tushuntirishlar talab qilish;
davlat organlaridan oʻrganish obyekt(lar)ini joyiga chiqqan holda oʻrganishning tashkil etilishini soʻrash va joyiga chiqqan holda oʻrganish;
zarur bilim va malakaga ega mutaxassislarni jalb qilish huquqlariga ega.
11. Quyidagi hollarda oʻrganish oʻtkazilmaydi va xulosa berish rad etiladi:
soʻrov yuborgan davlat organining soʻrovni koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi murojaati kelib tushganda;
davlat organining soʻrovida intellektual mulk obyekti hisoblanmaydigan obyektlar yoki mazkur Nizomning 2-bandida nazarda tutilmagan holatlar boʻyicha xulosa berish soʻralganda;
fan, texnika, sanʼat yoki hunar sohasida maxsus bilimlar asosida aniqlanadigan masalalar boʻyicha xulosa berish soʻralganda.
12. Masʼul xodim tomonidan oʻrganish natijalariga koʻra intellektual mulk obyektlariga oid qonunchilik hujjatlari buzilganligi yoki buzilmaganligi yuzasidan yakuniy xulosa tayyorlanadi.
13. Xulosada quyidagilar koʻrsatiladi:
oʻrganish oʻtkazish joyi va vaqti;
davlat organining soʻrovi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
oʻrganish oʻtkazish uchun asos boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar;
huquqbuzarlik holati aniqlangan yoki aniqlanmaganligi.
14. Xulosa masʼul xodim, tarkibiy boʻlinmalar rahbari tomonidan imzolanadi.
15. Adliya vazirligi tomonidan intellektual mulk toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishi holatlari yuzasidan xulosa taqdim etilgan oʻrganish obyekt(lar)i nusxalari (chizmalar, audio yozuv, foto va video tasvirlar va boshqalar (agar mavjud boʻlsa) bilan birgalikda davlat organiga yuboriladi.
16. Xulosaga tartib raqam berish va ularning hisobini yuritish Adliya vazirligining elektron axborot almashinuv tizimi orqali amalga oshiriladi.
3-bob. Yakuniy qoida
17. Mazkur Nizom talablarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1771, 1772-moddasi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.07.2024-y., 10/24/3529/0498-son)