Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
Mayning-pul faoliyatini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 20-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3507]
Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3150-son “Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi va 2018-yil 3-iyuldagi PQ-3832-son “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Mayning-pul faoliyatini amalga oshirish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2024-yil 19-fevral,
17-son
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2024-yil 19-fevraldagi 17-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Mayning-pul faoliyatini amalga oshirish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar mayning-pul faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
mayning-pul — mayning jarayonini taʼminlash maqsadida hisoblash quvvatlarini birlashtiruvchi elektron platformani taqdim etuvchi tashkilot;
mayning faoliyati (bundan buyon matnda mayning deb yuritiladi) — hisoblash operatsiyalarini bajarish orqali maʼlumotlarning taqsimlangan reyestrini yuritish, bloklarning yaxlitligini yaratish va tasdiqlash faoliyati;
milliy mayner — Oʻzbekiston Respublikasi hududida mayningni amalga oshirish uchun ruxsatnoma olgan (bundan buyon matnda ruxsatnoma deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaxs;
xorijiy mayner — Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti boʻlgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida mayning bilan shugʻullanuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs;
mayning-pulning elektron platformasiga ulanish — mayning-pulning elektron platformasiga ulanish va mayning-pul ishtirokchisi maqomini olishga moʻljallangan tashkiliy-texnik chora-tadbirlar majmui;
mayning-pul ishtirokchisi — mayningni amalga oshirish uchun belgilangan tartibda mayning-pulning elektron platformasiga ulanish tartibidan oʻtgan milliy va xorijiy mayner;
listing — mayning-pul tomonidan kripto-aktivlarni mayning-pulning elektron platformasiga mazkur kripto-aktivlarni mayning qilish uchun qoʻshish jarayoni;
delisting — kripto-aktivlarni mayning-pulning elektron platformasidan chiqarib tashlash jarayoni;
mayning-pulning elektron platformasi — quyidagi jarayonlar amalga oshiriladigan axborot tizimi va (yoki) apparat-dasturiy kompleksi:
mayning-pulning elektron platformasiga ulanish;
mayning-pul ishtirokchilarining hisoblash quvvatlarini birlashtirish;
kripto-aktivlarni mayning-pul ishtirokchilari oʻrtasida taqsimlash;
kripto-aktivlarni mayning-pul ishtirokchilarining kripto-hamyonlariga chiqarish;
listing va delisting;
mayning operatsiyalari boʻyicha hisobot hujjatlarini tayyorlash hamda shakllantirish;
mayning bilan bogʻliq operatsiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni saqlash, qayta ishlash va oshkor qilish;
mayning-pulning toʻplagan quvvatlarini turli kripto-aktivlar mayningi uchun taqsimlash;
mayning jarayonlarini qulaylashtirishga qaratilgan boshqa tashkiliy-texnik ishlar;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi.
2. Mayning-pul faoliyatini tashkil etish Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 3380, 2022-yil 15-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
Mayning-pul oʻz faoliyatini faqatgina mayning-pulning elektron platformasi orqali amalga oshiradi.
3. Mayning-pul:
oʻz elektron platformasining zarur darajada ishlashini taʼminlashi;
mayning-pul ishtirokchilari operatsiyalari hisobini alohida yuritishi;
milliy va xorijiy maynerlarni oʻzining elektron platformasiga ulanish boʻyicha talabnomalarini koʻrib chiqish;
mayning-pul ishtirokchilarining, mayning-pulning elektron platformasida ular tomonidan mayningni amalga oshirishda topilgan kripto-aktivlarini chiqarish boʻyicha talabnomalari ijrosini taʼminlashi;
oʻzining elektron platformasining axborot xavfsizligini taʼminlashi;
mayning-pul ishtirokchilarining reyestrini olib borishi;
har kuni kun yakuni boʻyicha mayning-pul ishtirokchilari tomonidan amalga oshirilgan operatsiyalar haqidagi barcha maʼlumotlarning (elektron tashuvchi vositalarda) zaxira nusxasini yaratishi;
mayning-pul xodimlari va mayning-pul tomonidan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida jalb qilingan shaxslarning mayning-pul faoliyatini tartibga soluvchi, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlari va mayning-pul tomonidan tasdiqlanadigan lokal hujjatlarni (bundan buyon matnda lokal hujjat deb yuritiladi) bilish darajasini doimiy oshirib borishi;
kripto-aktivlarni reklama qilish va oʻz faoliyatini amalga oshirishda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan talablarga rioya etishi lozim.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonuni.
4. Mayning-pul quyidagilarni tartibga soluvchi lokal hujjatlarni ishlab chiqishi va tasdiqlashi lozim:
mayning-pulga ulanish;
mayningni, topilgan kripto-aktivlarni mayning-pul ishtirokchilari oʻrtasida taqsimlash va ularning kripto-hamyonlariga chiqarish jarayonlarini amalga oshirish;
mayning-pulning elektron platformasida kripto-aktivlar listingi va delistingini amalga oshirish;
maynerlarni identifikatsiyadan oʻtkazish qoidalari.
5. Mayning-pulning elektron platformasida quyidagilarni amalga oshirish taʼqiqlanadi:
mayningni amalga oshirish jarayonida topilgan kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) boshqa kripto-aktivlarga ayirboshlash boʻyicha operatsiyalari;
mayning-pul ishtirokchilarining kripto-aktivlarini saqlash;
muqaddam muomalaga kiritilgan kripto-aktivlarni mayning-pul va mayning-pul ishtirokchilarining kripto-hamyonlariga oʻtkazish;
anonim kripto-aktivlar mayningi va boshqa operatsiyalarni amalga oshirish.
6. Mayning-pul mayning-pul ishtirokchilarining mayningni amalga oshirishda topilgan kripto-aktivlarini (shu jumladan ularning nomidan) kripto-aktivlar bilan boshqa operatsiyalarni amalga oshirish maqsadida ishlatishga haqli emas.
2-bob. Xorijiy va milliy maynerlar bilan munosabatlarni tashkil etish
7. Xorijiy va milliy maynerlar bilan munosabatlarni tashkil etish mayning-pulning lokal hujjatlari hamda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq shartnoma asosida amalga oshiriladi.
8. Xorijiy va milliy maynerlar mayning-pulning elektron platformasiga ulanish va mayningni amalga oshirish uchun majburiy identifikatsiyadan oʻtadi.
9. Milliy maynerlar majburiy identifikatsiyadan oʻtish uchun quyidagi hujjatlar va maʼlumotlarni taqdim etadilar:
a) maynerga, mayningni amalga oshirish huquqini beruvchi vakolatli organ tomonidan taqdim etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning nusxasi;
b) soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR);
v) yuridik shaxsning toʻliq nomi va tashkiliy-huquqiy shakli;
g) yuridik shaxsning joylashgan yeri (pochta manzili), telefon raqami, elektron pochta manzili;
d) mayningni amalga oshirishda topilgan kripto-aktivlarni chiqarish moʻljallanayotgan kripto-aktivning kripto-hamyon manzili;
e) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa maʼlumotlar.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
10. Xorijiy maynerlar, majburiy identifikatsiyadan oʻtish uchun quyidagi hujjatlar va maʼlumotlarni taqdim etadilar:
a) xorijiy mayner — jismoniy shaxs:
familiyasi, ismi, otasining ismi;
jismoniy shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi;
bogʻlanish maʼlumotlari (yashash manzili, elektron pochta manzili va telefon raqami);
mayningni amalga oshirishda topilgan kripto-aktivlarni chiqarish moʻljallanayotgan kripto-aktivning kripto-hamyon manzili;
b) xorijiy mayner — yuridik shaxs:
yuridik shaxsning toʻliq nomi va tashkiliy-huquqiy shakli;
toʻliq pochta manzili, telefon raqami va elektron pochta manzili;
davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnomaning raqami va berilgan sanasi;
yuridik shaxsning bank rekvizitlari;
mayningni amalga oshirishda topilgan kripto-aktivlarni chiqarish moʻljallanayotgan kripto-aktivning kripto-hamyon manzili.
11. Milliy va xorijiy maynerning arizada elektron pochta manzilini koʻrsatishi uning barcha xabarnoma va qarorlarni elektron hujjat shaklida olishga roziligini anglatadi.
12. Mayning-pul quyidagilar bilan shartnoma tuzishga haqli emas:
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan jismoniy shaxslar;
oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar;
mazkur Qoidalarning 8-bandida nazarda tutilgan majburiy identifikatsiyadan oʻtmagan milliy va xorijiy maynerlar;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga asosan terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslar roʻyxatiga kiritilgan shaxslar.
13. Mayning-pul shartnoma tuzish shartlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda shartnomaning matnini oʻzining elektron platformasida joylashtiradi. Bunda, shartnoma tuzish shartlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda shartnomaning matni mijozlarga shartnoma tuzilishidan oldin ogʻzaki, yozma yoxud elektron shaklda yetkazilishi lozim.
14. Mayning-pul shartnoma tuzishdan oldin milliy va xorijiy maynerlarni quyidagi shartlar haqida xabardor qilishi shart:
mayning-pul va mayning-pul ishtirokchilari faoliyatiga tegishli boʻlgan hujjatlar va maʼlumotlarni vakolatli organga yuborilishi mumkinligi;
mayning-pul ishtirokchilari bilan muzokaralar ularning roziligi bilan audio- yoki videoyozuv shaklida yozib borilishi, shuningdek yozishmalar tarixi saqlab qoʻyilishi;
mayning-pul ishtirokchilarining shartnomada nazarda tutilgan huquq va majburiyatlari.
15. Mayning-pul va milliy yoki xorijiy mayner oʻrtasida shartnoma tuzilgan taqdirda, unga mayning-pulning elektron platformasida hisobga olish yozuvi (shaxsiy kabinet) yaratiladi.
Mayning-pulning elektron platformasida mayning-pulning bir ishtirokchisiga faqat bitta hisobga olish yozuvi (shaxsiy kabineti) yaratilishi mumkin.
16. Mayning-pul ishtirokchisi shartnoma va mayning-pulning lokal hujjatlari talablarini buzgan taqdirda, mayning-pul tomonidan uning elektron platformada mayningni amalga oshirish imkoniyati uch oy muddatga cheklanadi.
17. Mayning-pul bilan uning ishtirokchilari oʻrtasidagi shartnoma ular mayning-pulning elektron platformasida roʻyxatdan oʻtgan vaqtdan boshlab tuzilgan hisoblanadi.
18. Mayning-pul ishtirokchilari mayning-pulning elektron platformasida roʻyxatdan oʻtganidan soʻng oʻzlarining mayning uskunalarini mayning-pulning elektron platformasiga ulashga haqli.
19. Mayning-pul ishtirokchilarini mayning-pulning elektron platformasidan uzish quyidagilar asosida amalga oshiriladi:
mayning-pul ishtirokchisining arizasi;
mayning-pul va mayning-pul ishtirokchisi oʻrtasida tuzilgan shartnomaning talablari buzilganda
vakolatli organning ruxsatnomani amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish haqidagi qarori.
Mayning-pul mayning-pul ishtirokchisi boʻlgan milliy maynerni mayning faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsatnomaning muddati tugaganidan soʻng 1 ish kuni ichida elektron platformadan uzib qoʻyishi lozim.
20. Mayning-pul mayning-pul ishtirokchilarini mayning-pulning elektron platformasiga kirishini cheklash yoki mayning-pul elektron platformasining faoliyatini toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab bir kun ichida:
mayning-pul ishtirokchilarining elektron pochta manziliga xabarnoma yuborish orqali xabardor qilishi;
oʻzining veb-resursida xabarnomani (faqat mayning-pul elektron platformasining ishlash faoliyati toʻxtatilgan taqdirda) eʼlon qilishi lozim.
3-bob. Mayning-pul ishtirokchilarining daromadlarini taqsimlash
21. Mayningni amalga oshirishdan tushgan daromadlarni mayning-pul ishtirokchilari orasida taqsimlash qoidalari mayning-pulning lokal aktlari bilan belgilanadi. Mazkur qoidalar majburiy ravishda mayning-pul va mayning-pul ishtirokchisi oʻrtasida tuzilgan shartnomada aks ettirilishi lozim.
22. Mayning-pul daromadlarni mayning-pul ishtirokchilari oʻrtasida faqat mayning-pul ishtirokchisi tomonidan mayningni amalga oshirishda topilgan kripto-aktivlarda taqsimlaydi hamda shartnomada belgilangan shartlar va muddatlarda ularni mayning-pul ishtirokchisining roʻyxatdan oʻtishda taqdim etgan kripto-hamyon manziliga chiqaradi.
23. Mayning-pul mayning-pul ishtirokchisi bilan tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq koʻrsatgan xizmatlari uchun xizmat haqini kripto-aktivlarda olishi mumkin.
4-bob. Mayning-pul ishtirokchilarining reyestrini yuritish
24. Mayning-pul quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan mayning-pul ishtirokchilarining reyestrini elektron shaklda yuritadi:
mayning-pul ishtirokchilari tomonidan mazkur Qoidalarning 9 va 10-bandlariga muvofiq taqdim etilgan maʼlumotlarni;
mayning-pul ishtirokchilarining umumiy soni;
milliy va xorijiy maynerlarning soni (maʼlumotlar alohida taqdim etilishi lozim);
milliy maynerlar tomonidan topilayotgan kripto-aktivlarning nomlanishi va umumiy hajmi, va ular tomonidan mayning-pulning elektron platformasiga ulanuvchi mayning uskunalarining nomlanishi va soni;
xorijiy maynerlar tomonidan topilayotgan kripto-aktivlarning nomlanishi va umumiy hajmi, va ular tomonidan mayning-pulning elektron platformasiga ulanuvchi mayning uskunalarining nomlanishi va soni.
25. Mazkur reyestrga kiritilgan maʼlumotlar vakolatli organga uning soʻrovida koʻrsatilgan muddatlarga muvofiq bepul taqdim etilishi lozim.
5-bob. Yakuniy qoida
26. Mazkur Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1555-moddasi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.03.2024-y., 10/24/3507/0237-son)