O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Tashqi savdo va hududiy sanoatni rivojlantirishda tadbirkorlar birlashmalarining rolini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Tarmoqlar va hududlarning sanoat va tashqi savdo imkoniyatlarini kengaytirish, sohada davlat aralashuvini kamaytirish orqali tadbirkorlar birlashmalarining rolini oshirish, eksport faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun eksport va eksportoldi moliyalashtirish mexanizmlarini samarali va shaffof tashkil etish maqsadida:
1. Vazirlar Mahkamasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Savdo-sanoat palatasining quyidagi takliflari ma’qullansin:
Eksportni rag‘batlantirish agentligi hamda Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi negizida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi muassisligida “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatini (keyingi o‘rinlarda — Kompaniya) tashkil etish va uning ustav kapitalidagi davlat ulushini boshqarish funksiyasini ishonchnoma asosida Savdo-sanoat palatasiga berish;
tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga ko‘maklashish (eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish bundan mustasno) uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘larni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida yuridik shaxs tashkil etmasdan ochiladigan Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasiga (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) yo‘naltirish hamda Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish huquqini Kompaniyaga berish;
“O‘zbekekspertiza” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushi va 1-ilovaga muvofiq davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli ulushlarni Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazgan holda davlat ulushini boshqarish funksiyasini ishonchnoma asosida Savdo-sanoat palatasiga berish;
maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalariga investorlarni jalb qilish, ularning ishtirokchilariga ko‘maklashishni Savdo-sanoat palatasining vazifalaridan biri sifatida belgilash.
2. Savdo-sanoat palatasining Kompaniyani va “O‘zbekekspertiza” AJni xalqaro tajriba asosida transformatsiya qilish ishlarini davom ettirgan holda ularning faoliyatini quyidagilarga yo‘naltirish haqidagi taklifiga rozilik berilsin:
a) Kompaniya faoliyati bo‘yicha:
tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarining Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi asosida samaradorligi va natijadorligini oshirish, davlat mablag‘larining yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot eksport qiladigan hamda yangi bozorlarga chiqadigan korxonalarga yetkazilishini ta’minlash;
tadbirkorlik subyektlarini transport logistikasi, sertifikatlash, standartlashtirish va sifat nazorati, soliq va bojxona ma’muriyatchiligi hamda eksport faoliyati bilan bog‘liq boshqa masalalar bo‘yicha axborot va maslahat bilan qo‘llab-quvvatlash;
milliy brendlar va mahsulotlarni xorijda targ‘ib qilish bo‘yicha “Made in Uzbekistan” dasturini amalga oshirish, shu jumladan milliy ko‘rgazmalar, tarmoq va mintaqaviy ko‘rgazmalar hamda tovarlar yarmarkalarini o‘tkazishda ishtirok etish hamda moliyalashtirish;
b) “O‘zbekekspertiza” AJ faoliyati bo‘yicha:
jamiyat tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni va biznes jarayonlarni raqamlashtirish, moddiy-texnik bazasini yaxshilash, laboratoriyalar salohiyatini oshirib borish orqali ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi korxonalarga konsultativ xizmatlarni kengaytirish;
tadbirkorlik subyektlariga xorijiy davlatlarda mahsulotlarga qo‘yilgan majburiy va qo‘shimcha talablar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etib borish;
tadbirkorlik subyektlari uchun biznes-reja ishlab chiqish va ularga tayyor biznes loyihalarini taklif etish, biznesni yuritish va korporativ boshqaruvni yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam beradigan loyiha ofislari faoliyatini yo‘lga qo‘yish.
3. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
Kompaniya boshlang‘ich ustav kapitali Eksportni rag‘batlantirish agentligi va Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi aktivlari balans qiymatida shakllantirilishini hamda davlat ulushini boshqarish funksiyasi ishonchnoma asosida keyinchalik shu muddatga uzaytirish sharti bilan uch yil muddatga;
mazkur qarorga asosan “O‘zbekekspertiza” AJ ustav kapitalidagi ulushlarning Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilishini hamda ulushni boshqarish funksiyasi ishonchnoma asosida keyinchalik shu muddatga uzaytirish sharti bilan uch yil muddatga Savdo-sanoat palatasiga berilishini ta’minlasin.
4. Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga Kompaniya tomonidan taqdim etiladigan qo‘llab-quvvatlash choralari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda 2026-yil 1-yanvardan boshlab Yengil sanoatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan belgilangan tartibda to‘qimachilik, charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik korxonalari uchun qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladigan yo‘nalishlarga Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan mablag‘lar taqdim etilmaydi.
(4-band O‘zbekiston O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-yanvardagi PF-4-sonli Farmoniga asosan ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.01.2026-y., 06/26/4/0043-son)
5. Belgilansinki:
mazkur qarorga 2-ilovaning 1-bandida nazarda tutilgan moliyaviy ko‘mak Jamg‘arma hisobidan taqdim etiladi;
Eksportni rag‘batlantirish agentligi uchun 2024-yil Davlat budjeti parametrida ajratilishi nazarda tutilgan mablag‘lar Jamg‘arma orqali moliyalashtiriladi;
Oldingi tahrirga qarang.
2024-yil 1 maydan boshlab Kompaniya tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi asosida taqdim etiladi;
(5-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-maydagi PF-71-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 03.05.2024-y., 06/24/71/0322-son)
O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar doirasida eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat tomonidan taqdim etilayotgan subsidiya va preferensiyalar Tariflar va savdo bo‘yicha bosh bitimga (GATT) hamda Subsidiyalar va kompensatsiya choralari to‘g‘risidagi bitimga (ASCM) muvofiqlashtiriladi.
6. Belgilab qo‘yilsinki:
a) Kompaniya tomonidan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash shartlari hamda Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish tartibi Savdo-sanoat palatasi taklifiga asosan Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Hukumat komissiyasi) tomonidan belgilanadi;
b) Kompaniyaga o‘z daromadlari hisobidan savdoni rivojlantirish choralarini ko‘rishga ruxsat etiladi;
v) Kompaniyaning Kuzatuv kengashiga:
tadbirkorlik subyektlarining talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, ularni Kompaniya daromadlari hisobidan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha yordam instrumentlarini joriy etish;
samaradorlik ko‘rsatkichlari past bo‘lgan hollarda moliyaviy yordamni to‘xtatish bo‘yicha Hukumat komissiyasiga takliflar kiritib borish vakolati beriladi;
g) Kompaniyaga Kuzatuv kengashi tasdiqlagan nizomga asosan malakali mutaxassislardan iborat tanlov komissiyasi tomonidan mustaqil ravishda:
xalqaro yuridik, auditorlik, investitsiya maslahatchilari, konsalting kompaniyalari, malakali mahalliy va xorijiy ekspertlar hamda konsultantlarni jalb etish;
axborotlashtirish qurilmalari va xizmatlari hamda dasturiy ta’minotlarni yetkazib beruvchi korxonalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish huquqi beriladi.
7. Savdo-sanoat palatasi Eksportni rag‘batlantirish agentligi huzuridagi To‘qimachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining boshqaruvini vaqtinchalik amalga oshirsin hamda bir oy muddatda uni samarali boshqarish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Tadbirkorlik subyektlariga biznesni tashkil etish, yuritish va yanada rivojlantirishga ko‘maklashish, ularning mahsulotlarini xalqaro bozorlarga olib chiqish maqsadida Savdo-sanoat palatasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida quyidagi vazifalarni amalga oshiruvchi Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash loyiha ofislarini (keyingi o‘rinlarda — loyiha ofislari) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlansin:
tadbirkorlik subyektlari uchun biznes-reja ishlab chiqish va ularga tayyor biznes loyihalarini taklif etish, biznesni yuritish va korporativ boshqaruvni yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam berish;
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq zarur axborotlarni olish va amaliy masalalarni hal etishda ekspert, huquqiy va maslahat yordami ko‘rsatish, tadbirkorlarning infratuzilma, xizmatlarni ko‘rsatish (ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish) va eksport qilishdagi muammolarini “yagona darcha” tamoyili asosida tegishli vazirlik va idoralar vakillarini jalb etgan holda tezkor hal etish;
hududlarda elektron platformalarni yo‘lga qo‘yish orqali tadbirkorlik subyektlarining malakasini oshirish, moliyaviy-iqtisodiy va huquqiy maslahatlar berish;
tadbirkorlik subyektlarining investitsiya va ishlab chiqarish jarayonlarini tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirishiga yordam berish;
tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy va tovar-xomashyo resurslari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, texnologik mashinalar va qurilmalar, ishlab chiqarish obyektlari hamda yer maydonlaridan foydalanishda amaliy yordam ko‘rsatish.
Savdo-sanoat palatasiga loyiha ofislari faoliyatini yo‘lga qo‘yishga “O‘zbekekspertiza” AJning moliyaviy va boshqa imkoniyatlarini safarbar etish vakolati berilsin.
9. Savdo-sanoat palatasining 3-ilovaga muvofiq uyushmalarning o‘z faoliyatini Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda olib borish tizimini joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Bunda, Savdo-sanoat palatasi raisiga uyushmalar faoliyatini tashkiliy-boshqaruv masalalari, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarish, savdo va eksport hajmini kengaytirish yuzasidan yo‘naltirib borish vakolati beriladi.
10. Vazirlar Mahkamasi (A. Aripov) o‘n kun muddatda uyushmalarni bir binoda joylashtirish, ularning bo‘shagan davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlarini Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazgan holda sotuvga chiqarish choralarini ko‘rsin.
11. “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining barcha to‘qimachilik korxonalariga yuqori sifatli mahsulotlarni eksport qilishda “Uztextile” tovar belgisidan foydalanish huquqini berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
12. Hisob palatasi Savdo-sanoat palatasi va Kompaniya faoliyatida har yili samaradorlik auditini o‘tkazgan holda, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarining samaradorligi va natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot berib borsin.
13. Savdo-sanoat palatasi:
bir oy muddatda tarmoq va sanoat uyushmalari faoliyatini tanqidiy o‘rganish natijasi bo‘yicha ularni transformatsiya qilish, jumladan uyushmalar vazifalarini kengaytirish, tadbirkorlik subyektlariga taqdim etilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari samaradorligini oshirish hamda ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha takliflarni;
2025-yil 1-yanvarga qadar xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda Savdo-sanoat palatasini rivojlantirish strategiyasini;
ikki oy muddatda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 14-mart,
PQ-126-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-martdagi PQ-126-son qaroriga
1-ILOVA
Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladigan “O‘zbekekspertiza” AJ ustav kapitalidagi ulushlar

T/r

Aksiyador

O‘tkazish mexanizmi

nomi

ulushi, foizda

1.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

51

Bepul o‘tkaziladi

2.

“O‘zsanoateksport” AJ

13,1

“O‘zsanoateksport” AJ ustav kapitalidagi Eksportni rag‘batlantirish agentligiga tegishli ulush bepul berish hisobiga o‘tkaziladi

3.

“O‘zinterimpeks” AJ

10,8

“O‘zinterimpeks” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushi va “O‘ztreyd” AJ ulushi hamda “O‘ztreyd” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushini kamaytirish hisobiga o‘tkaziladi

4.

“O‘zmarkazimpeks” AJ

6,4

“O‘zmarkazimpeks” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushi va “O‘ztreyd” AJ ulushi hamda “O‘ztreyd” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushini kamaytirish hisobiga o‘tkaziladi

Izoh: korxonalarning boshqaruv organlari yig‘ilishlarida davlat va davlat ishtirokidagi korxonalar ulushini nominal qiymatda kamaytirish tashabbusi bilan chiqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-martdagi PQ-126-son qaroriga
2-ILOVA
Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan taqdim etiladigan qo‘llab-quvvatlash choralari
1. Moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha:
standartlashtirish va sertifikatlashning xalqaro tizimlarini joriy etish, shuningdek, xorijiy vakolatli organlarda milliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) ro‘yxatdan o‘tkazishda eksport qiluvchi tashkilotlarga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish;
eksport qiluvchilarga ular sug‘urta xizmatlaridan foydalanganda sug‘urta mukofotini qoplash uchun kompensatsiyalar taqdim etish;
Oldingi tahrirga qarang.
(O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-228-sonli Farmoniga asosan 4-band to‘rtinchi xatboshisining chiqarilish sanasi 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 06/24/228/1091-son)
moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlar asosida yuritishni joriy qilish xarajatlarini qisman qoplab berish;
mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarning savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, shu bilan birga, reklama kompaniyalarini tashkil qilish bilan bog‘liq chet eldagi xarajatlarining bir qismini qoplab berish;
ko‘rgazma stendlarini tashkil etishda va xalqaro ko‘rgazmalar-yarmarkalarda ishtirok etishda, shuningdek, xorijiy mamlakatlarda bo‘lib o‘tadigan o‘quv seminarlari, biznes-seminarlar, treninglar, savdo missiyalari va biznes-forumlarda ishtirok etish hamda mahalliy mahsulotlar, xizmatlar va brendlar (tovar belgilari) bo‘yicha raqamli reklamani xorijiy Internet jahon tarmog‘i axborot resurslarida, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlar, savdo maydonchalari va mobil ilovalarda joylashtirishda, mahsulotlar namunalarini tanishtirish maqsadida xorijiy mamlakatlarga yuborishda moliyaviy yordam ko‘rsatish;
qishloq xo‘jaligi va sanoat korxonalariga xorijdan malakali dizaynerlar, texnologlar, marketologlar, sifat nazoratchilari va agronomlarni jalb qilish xarajatlarini qoplab berish;
tadbirkorlik subyektlariga nufuzli xalqaro brendlarni jalb qilishga ko‘maklashish, shuningdek, ularning nufuzli xalqaro brendlar egalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jumladan, xalqaro standartlarni joriy qilish, ekologik va muvofiqlik bo‘yicha sertifikatlash, mutaxassislarni o‘qitish xarajatlarini qoplash uchun grantlar ajratish;
eksport akseleratori (“tadbirkordan-eksportchigacha”) dasturi doirasida xorijiy konsalting kompaniyalarni jalb qilishda moliyaviy ko‘maklashish.
2. Tijorat banklariga eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun resurslar ajratish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-martdagi PQ-126-son qaroriga
3-ILOVA
Faoliyatini Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda olib boradigan uyushmalar
RO‘YXATI

1.

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi

2.

“Hunarmand” uyushmasi

3.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi

4.

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi

5.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi

6.

“O‘zyog‘moysanoati” uyushmasi

7.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi

8.

“O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasi

9.

“O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi

10.

“Parrandasanoat” uyushmasi

11.

“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi

12.

“Gul yetishtiruvchilar” uyushmasi

13.

“O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-martdagi PQ-126-son qaroriga
4-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi “Eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish to‘g‘risida”gi PQ-5184-son qarorining 1-bandi quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mazkur bandga asosan ajratilgan mablag‘larni 2026-yil 1-yanvardan boshlab 2026-yil 1-iyulga qadar qaytarish sharti bilan “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatiga qayta rasmiylashtirsin”.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-dekabrdagi “Paxtachilikda urug‘chilik tizimini rivojlantirish hamda paxta hosildorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-391-son qarorining 11-bandida:
a) birinchi xatboshining ikkinchi jumlasi quyidagi mazmundagi ikkinchi — beshinchi xatboshilar bilan almashtirilsin:
“Bunda:
“Paxtasanoat ilmiy markazi” AJga tegishli mol-mulklar (Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Sh. Rustaveli ko‘chasi, 8-uy manzilida joylashgan ma’muriy binodan tashqari) qonunchilikda belgilangan tartibda mazkur institutga o‘tkaziladi;
institut Toshkent viloyati, Qibray tumani, Universitet ko‘chasi, 2-uy manziliga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi;
“Paxtasanoat ilmiy markazi” AJga tegishli Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Sh. Rustaveli ko‘chasi, 8-uy manzilida joylashgan ma’muriy bino jamiyatning ustav kapitalidagi davlat ulushini mazkur binoning balans (qoldiq) qiymatiga kamaytirish hisobiga Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga davlat mulki sifatida operativ boshqaruv huquqi asosida o‘tkaziladi”;
b) ikkinchi xatboshi oltinchi xatboshi deb hisoblansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ma’muriy binolaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi F-26-son farmoyishida:
a) 1-ilovaning 2-bo‘limida:
2-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:

2.

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi

Toshkent shahar, Olmazor tumani, Forobiy ko‘chasi, 333a-uy

;

4-pozitsiyadagi “Eksportni rag‘batlantirish agentligi” so‘zlari “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) 2-ilovaning 9-pozitsiyasi chiqarib tashlansin;
v) 3-ilovaning 3-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.03.2024-y., 07/24/126/0214-son; 03.05.2024-y., 06/24/71/0322-son; 30.12.2024-y., 06/24/228/1091-son; 15.01.2026-y., 06/26/4/0043-son)