Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining faoliyatini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini hamda bandligini oshirish, tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish, gender tengligini taʼminlash borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi.
Xotin-qizlarning rahbar lavozimlardagi ulushi 35 foizga yetdi, birgina 2022-2023-yillarda 398 ming nafarining bandligi taʼminlandi, 100 ming nafari imtiyozli asoslarda oliygohlarga qabul qilindi, 170 ming nafariga tahsil olayotgan oliygohlarining shartnoma toʻlovlari uchun imtiyozli taʼlim kreditlari ajratildi, 14 ming nafari magistraturada bepul oʻqitilmoqda, 198 ming nafari kasbga oʻqitildi.
Bundan tashqari, ayollar tadbirkorligi dasturlari doirasida joriy yilning oʻtgan davrida 225 mingdan ziyod loyihalarga 4,4 trillion soʻmga yaqin kredit, 40 mingga yaqin xotin-qizlarga jami 179,1 milliard soʻm subsidiya ajratildi.
2020-yildan boshlab yoʻlga qoʻyilgan “Ayollar daftari” tizimi orqali qariyb 2,5 milliondan ortiq xotin-qizlarga ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy, huquqiy va psixologik koʻmak berish uchun 5,1 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltirildi.
11 mingdan ortiq zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlarga tibbiy, psixologik va moddiy yordamlar koʻrsatilib, ular reabilitatsiya markazlarida ijtimoiy hayotga moslashtirildi.
Shu bilan birga, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash borasida markaziy va quyi tashkilotlar oʻrtasida tuzilmaviy aloqalardagi kamchiliklar, masʼul vazirlik va idoralar faoliyatida oʻzaro hamkorlikning yetarli emasligi sohada qator kamchiliklar vujudga kelishiga sabab boʻlmoqda.
Jumladan, xotin-qizlarni fan, taʼlim va ilmiy-ijodiy faoliyatga keng jalb etish, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasb-hunarga oʻqitish, ishlash istagidagi xotin-qizlarning bandligiga koʻmaklashish, tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini hamda rahbar lavozimlardagi ulushini oshirish, shuningdek, huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida bir qator kamchiliklar mavjud.
Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash sohasidagi vazirlik va idoralar hamda nodavlat tashkilotlari oʻzaro hamkorlikda faoliyat yuritishlariga koʻmaklashish, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi quyi tashkilotlarining joylarda ishini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish maqsadida:
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-avgustdagi 500-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi faoliyatini tartibga solish sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
1. Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) boʻysunuvi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligidan Vazirlar Mahkamasiga oʻtkazilsin.
2. Quyidagilar Qoʻmita faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquqlarini himoya qilish va qonuniy manfaatlarini ifodalash;
erkaklar va xotin-qizlarning teng huquq hamda imkoniyatlarini taʼminlash, xotin-qizlar va oilani har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga oid qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
davlat xizmati, taʼlim, ilm-fan va innovatsiya, sport, sogʻliqni saqlash hamda boshqa ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
iqtidorli xotin-qizlarni aniqlash va qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish;
xotin-qizlarning kasbiy koʻnikmalar olishlari, munosib ish topishlariga koʻmaklashish, tadbirkorligini rivojlantirish;
oila aʼzolarining huquqiy madaniyatini oshirish, ular oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini olib borish, ijtimoiy xodim va boshqa davlat xizmatchilari bilan hamkorlikda xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilish;
oilalarda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, sogʻlom ovqatlanish hamda reproduktiv salomatlik qoidalarini ommalashtirish;
oila institutini mustahkamlash, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, umuminsoniy va milliy qadriyatlarni targʻib qilish;
migratsiyadan qaytgan, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan, ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarning ijtimoiy moslashuviga, ular bilan manzilli ishlash orqali zarur yordamlar olishlariga koʻmaklashish;
keys menejment qoʻllagan holda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni aniqlash hamda ular bilan manzilli ishlash;
oʻziga yuklatilgan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun davlat tashkilotlari, xalqaro moliya institutlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqindan hamkorlik oʻrnatish.
3. Qoʻmita faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida:
a) Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida mavjud Bosh vazir oʻrinbosari shtati negizida Bosh vazir oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi lavozimi joriy etilsin;
b) Qoʻmita raisi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi lavozimi;
viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari oʻrinbosarlari — viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari lavozimi;
tuman (shahar) hokimlarining oʻrinbosarlari — tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimlari boshliqlari lavozimi kiritilsin;
v) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining oila va xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi hamda viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimlarining oila va xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimlari tugatilsin;
g) ilmiy va amaliy tadqiqotlar natijalari asosida erkaklar va xotin-qizlar teng huquqliligini taʼminlash boʻyicha davlat organlari va tashkilotlari hamda jamiyatda qulay shart-sharoit yaratish maqsadida Oila va xotin-qizlar ilmiy-tadqiqot instituti negizida Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Qoʻmita tizimi xodimlari, shuningdek, mahalladagi xotin-qizlar faollarining malakasini oshirish, ularning faoliyatini uslubiy qoʻllab-quvvatlash;
oila, xotin-qizlar va gender tenglik masalalariga oid muammolarni chuqur tahlil qilish, natijalari boʻyicha muammolar yechimi yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari uchun tavsiyalar ishlab chiqish va kiritish;
oila, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha aholi oʻrtasida oʻtkaziladigan targʻibot ishlari uchun uslubiy qoʻllanmalar va targʻibot materiallarini tayyorlash;
oila, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha fanlararo fundamental, ilmiy-amaliy tadqiqotlar, sotsiologik soʻrov, ilmiy konferensiyalar oʻtkazish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish;
olimlar va ilmiy salohiyatli kadrlarni tayyorlash, oila, xotin-qizlar va gender tenglik masalalarida ilmiy tadqiqot oʻtkazayotgan izlanuvchilarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning ishlanmalari amaliyotga joriy etilishiga koʻmaklashish;
oila, xotin-qizlar va gender tenglik masalalariga oid xalqaro indeks va reytinglarda Oʻzbekiston oʻrnini yaxshilash boʻyicha ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish va tegishliligi boʻyicha vazirlik va idoralarga kiritib borish;
d) Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti hamda Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi Qoʻmita tuzilmasiga oʻtkazilsin.
4. Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilansinki:
a) mahalladagi xotin-qizlar faollari oʻz faoliyatida Qoʻmita va uning hududiy boʻlinmalariga boʻysunadi hamda ular oldida hisobdor boʻladi;
b) Qoʻmitaning boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soni 582 nafar, shu jumladan rais oʻrinbosari soni 2 nafar etib belgilanadi;
v) Qoʻmitaga ajratiladigan shtat birliklarining:
152 tasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining amaldagi shtatlari;
222 tasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining oila va xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimlarining oila va xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari shtatlari;
208 tasi tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimlaridagi oila va xotin-qizlar bilan ishlash boʻyicha bosh mutaxassis shtatlarini qisqartirish hisobiga shakllantiriladi;
g) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisiga, Qoʻmitaning viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) boʻlimlari rahbarlariga 1 tadan shaxsiy biriktirilgan xizmat avtotransport vositalarini saqlash uchun limit ajratiladi;
d) Qoʻmitaning tuman (shahar) boʻlimlari xodimlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari orqali markazlashgan tarzda moliyalashtiriladi.
6. Qoʻmita xodimlarining mehnatiga haq toʻlash shartlari quyidagicha belgilansin:
Qoʻmita markaziy apparati xodimlari — Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining markaziy apparati xodimlari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari rahbarlari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining oʻrinbosarlari;
tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimlari rahbarlari — tuman va shahar hokimlarining oʻrinbosarlari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari xodimlari — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmalari xodimlari;
tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimlari xodimlariga tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimlari xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etiladi.
Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari rahbarlari hamda tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimlari rahbarlari tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shartlariga koʻra tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimlarining oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi.
7. Qoʻmita uch oy muddatda Oila va gender ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish hamda Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisidagi qaror loyihalarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 21-dekabr,
PF-208-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi PF-208-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasi
|
Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi |
|||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti |
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi |
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
Respublika va hududiy “Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari” |
Tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimlari |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
“Saodat” jurnali, “Markaziy Osiyoda jamiyat, gender va oila” xalqaro ilmiy jurnali tahririyati |
Mahalladagi xotin-qizlar faollari |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
|
“Olima ayollar” jamiyati |
|||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2023-y., 06/23/208/0960-son)