Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Paxtachilikda urugʻchilik tizimini rivojlantirish hamda paxta hosildorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Paxtachilikda zamonaviy samarador agrotexnologiyalarni qoʻllash va urugʻchilik tizimiga erkin bozor mexanizmlarini joriy etish orqali hosildorlikni keskin oshirish, paxta xomashyosini yetishtirishda ilmiy-innovatsion yondashuvlarni qoʻllashni kengaytirish maqsadida:
1. Belgilansinki, 2024-yil 1-yanvardan boshlab Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi (keyingi oʻrinlarda — Paxtachilik kengashi) mutaxassislari nazorati ostida tajriba-sinov tariqasida yuqori hosildor xorijiy gʻoʻza navlari va duragaylarini olib kirish hamda paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari tasarrufidagi paxta ekiladigan maydonlarning 10 foizigacha joylashtirishga, istisno tariqasida, ruxsat beriladi. Bunda:
a) quyidagilar talab etiladi:
karantin ruxsatnomasi, eksport qiluvchi mamlakatning oʻsimliklar karantini va ularni himoya qilish boʻyicha davlat organlari tomonidan beriladigan fitosanitariya sertifikati yoki guvohnomasi mavjudligi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-yanvardagi 65-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududini oʻsimliklar karantinidagi zararli organizmlardan himoya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 2-bandi uchinchi xatboshisi.
xorijdan keltiriladigan gʻoʻza navlari va duragaylaridan paxta hosili yetishtirishda hamda ularning urugʻlarini koʻpaytirishda import qiluvchi tomonidan intellektual mulkka daʼvo qilmaslik;
xorijiy gʻoʻza navlari va duragaylarini olib kelishda nav originatorlari (patent egasi) bilan litsenziya shartnomasi tuzish talab qilinsa, litsenziya xarajatlarini import qiluvchi korxona tomonidan qoplash;
kelgusi yillarda ekish uchun xorijiy gʻoʻza navlari va duragaylarini mahalliy sharoitda yetishtirishni tashkil etish;
navlarning biologik va mexanik ifloslanishining oldini olish maqsadida gʻoʻza navlari ekilayotgan hududlarda nav joylashtirish tartibiga qatʼiy amal qilish;
b) xorijdan keltirilgan gʻoʻza navlari va duragaylarini parvarishlashda har bir navga xos boʻlgan yuqori samarador agrotexnologiyalarni qoʻllash Paxtachilik kengashi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi hamda tegishli ilmiy tashkilotlar kuzatuvida amalga oshiriladi;
v) paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari tomonidan gʻoʻza navlarini joylashtirishda kafolatlangan urugʻ taʼminotiga muvofiq erkinlik beriladi, bunda yuqori hosildor mahalliy navlarga ustuvorlik beriladi. Bir konturda uzluksiz 2 yil davomida bir navni joylashtirishga ruxsat berilmaydi. Hududlarda har 2 yilda ekilayotgan navni toʻla almashtirish, har yili tegishli nav urugʻini boshqa hududlardan olib kelish orqali urugʻ almashtirish va yillik qoʻshimcha urugʻ zaxirasini yaratish bilan kelgusida bosqichma-bosqich “tindirilgan urugʻ” ekish amaliyoti joriy qilinadi.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasiga xorijdan olib kiriladigan oʻrta tolali gʻoʻza navlari va duragaylariga qoʻyiladigan talablar 1-ilovaga muvofiq;
2024 — 2026-yillarda paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari tomonidan paxta hosildorligi gektariga 30 sentnerdan oshmaydigan hududlarda xorijdan import qilinadigan yoki yuqori hosildor yangi mahalliy gʻoʻza navlari sinovlari oʻtkaziladigan hamda yangi ilmiy ishlanma va samarador agrotexnologiyalar joriy qilinadigan hududlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari tomonidan olib kelingan gʻoʻza urugʻlarini kelgusida boshqa hududlarga ekish va ular ekiladigan maydonlarni kengaytirish hosildorlik koʻrsatkichlariga va gʻoʻza urugʻlarining tuproq-iqlim sharoitlariga mos tushganligiga koʻra Paxtachilik kengashining xulosasiga asosan amalga oshirilishi mumkin.
3. Yuqori samarador xorijiy gʻoʻza navlarini hududlarda yetishtirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida quyidagilarga qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligiga — mazkur qarorning talablariga muvofiq xorijiy gʻoʻza navlarini olib kirishga, istisno tariqasida, karantin ruxsatnomasini rasmiylashtirish, shuningdek, import qilingan gʻoʻza navlari ekilgan maydonlarda zararkunanda va kasalliklarga qarshi dala nazorati monitoringini yuritish, aniqlangan zararkunanda va kasalliklarning oʻz vaqtida bartaraf etilishida paxta-toʻqimachilik klasterlari, fermer xoʻjaliklari va boshqa urugʻchilik subyektlariga tezkor amaliy yordam koʻrsatish;
Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga — paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari tomonidan xorijiy gʻoʻza navlari va duragaylarini yetishtirishda ularning aprobatsiyasini toʻgʻri va oʻz muddatida oʻtkazish, urugʻliklarni tayyorlash, qayta ishlash hamda saqlashning xalqaro standartlar va texnik reglamentlarga muvofiqligini taʼminlash;
Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash markaziga — paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari tomonidan xorijiy gʻoʻza navlari va duragaylarini oʻsish davri, hosildorligi, kasallik va zararkunandalarga, turli tuproq-iqlim sharoitlariga chidamliligi hamda mahsulot sifati va boshqa belgilari asosida kelgusi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekishga tavsiya etilgan qishloq xoʻjaligi ekinlari navlari reyestriga kiritib borish;
Oldingi tahrirga qarang.
Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi huzuridagi Respublika agrokimyoviy tahlil markaziga — respublikaning ball boniteti past, suv taʼminoti ogʻir boʻlgan va paxta hosildorligi gektariga 30 sentnerdan oshmaydigan hududlarida tuproq unumdorligini oshirishga qaratilgan “konturbay” amaliy mexanizmlarni joriy etish;
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-maydagi PF-76-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2024-y., 06/24/76/0336-son)
Urugʻchilikni rivojlantirish markaziga — xorijdan keltirilgan gʻoʻza navlarining urugʻchiligi bilan shugʻullanuvchi subyektlarda vegetatsiya davrida paxta maydonlarida kamida uch marta, urugʻliklarni saqlash va qayta ishlash jarayonlarida doimiy monitoring yuritish, ularga yaqindan amaliy yordam koʻrsatish, gʻoʻza navlarining bir maydonda uzluksiz 2 yildan ortiq ekilishining oldini olish maqsadida hududlar uchun muqobil yangi navlar urugʻchiligini tashkil qilish, hududlar oʻrtasida muqobil navlar urugʻlarini qayta taqsimlab borish hamda yillik “tindirilgan urugʻlik” zaxirasini yaratish;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-sentabrdagi 733-son “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Urugʻchilikni rivojlantirish markazi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
Paxtachilik kengashiga — xorijdan olib kiriladigan gʻoʻza navlari va duragaylarini kelgusida ekish maydonini kengaytirish boʻyicha xulosa (koʻrsatma) ishlab chiqish.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2024-yildan boshlab:
paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari tomonidan xorijdan keltirilgan gʻoʻza urugʻlarining genetik tozaligini molekulyar-genetik tahlil qilish boʻyicha mahalliy vakolatli laboratoriyalar xulosasi olinadi hamda barcha import qilinadigan gʻoʻza urugʻlarining ekinboplik sifat koʻrsatkichlari baholanadi;
paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari tomonidan xorijdan olib kelingan gʻoʻza navlari va duragaylari ikki yillik yetishtirish natijalariga koʻra mazkur qarorga 1-ilovada koʻrsatilgan talablarga mos kelgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xoʻjaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritiladi.
5. Respublikada gʻoʻzaning serhosil va sanoatbop yangi navlarini yaratishni jadallashtirish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
a) mahalliy nav originatorlari va mualliflarini ragʻbatlantirish boʻyicha:
belgilangan navni yangilash sxemalarini hamda urugʻlik chigitni koʻpaytirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda sifatli va raqobatbardosh urugʻliklarni yetishtirish maqsadida mahalliy nav originatorlari va urugʻchilik subyektlari (klasterlar, kooperativlar, fermer xoʻjaliklari va boshqalar) oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri kelishuvlar asosida litsenziya shartnomasini tuzish orqali elita va yuqori avlodli urugʻliklarni yetishtirish, oʻz ehtiyojlari uchun foydalanish, ichki va tashqi bozorda sotish yoʻlga qoʻyiladi;
gʻoʻza navlari va duragaylarining urugʻliklarini belgilangan talablarga muvofiq yetishtirish, koʻpaytirish, Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanish va realizatsiya qilish litsenziya shartnomasi asosida patent egasining ruxsati bilan amalga oshiriladi;
patent egasi — litsenziar (shu jumladan, xorijiy kompaniya) bilan kelishilgan holda patentdan kelib chiqadigan barcha huquqlarni patent egasining xohishiga koʻra manfaatdor shaxslarga biron-bir shart va (yoki) cheklovlar qoʻygan holda, shuningdek, seleksiya yutugʻidan litsenziya shartnomasi doirasida foydalanish huquqini litsenziatlarga berishga ruxsat etiladi;
urugʻlik paxta xomashyosini yetishtiruvchilar (paxta-toʻqimachilik klasterlari, fermer xoʻjaliklari, kooperatsiyalar)ga mahalliy olimlar tomonidan yaratilgan rayonlashtirilgan, istiqbolli va yangi gʻoʻza navlarini originatorlar bilan tuziladigan litsenziya shartnomasi asosida joylashtirish huquqi beriladi, bunda urugʻliklar uchun toʻlanadigan ustama mablagʻlar mazkur subyektlar oʻrtasida oʻzaro kelishuv asosida, biroq 3 — 12 foiz royalti toʻlovlaridan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi;
mahalliy istiqbolli gʻoʻza navlarini takomillashtirish, respublika hududida keng rayonlashtirish, uning sifatli elita urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish va navni tijoratlashtirishda nav orginatorlari bilan hamkorlik oʻrnatgan paxta yetishtiruvchi subyektlarga tegishli navga 20 foizli ulushlarda hammualliflik qilishga ruxsat beriladi;
b) gʻoʻza urugʻchiligida erkin raqobat muhitini shakllantirish va bozor munosabatlarini rivojlantirish boʻyicha:
paxta xomashyosi yetishtiruvchilarni sifatli urugʻlik bilan taʼminlash maqsadida sertifikatlangan urugʻlik tayyorlash vazifasi bosqichma-bosqich paxta-toʻqimachilik klasterlari va xususiy urugʻchilik korxonalariga oʻtkaziladi;
2024-yil hosili uchun urugʻlik chigitni Paxtachilik kengashining xulosasiga asosan qoʻshimcha tarzda xususiy urugʻchilik korxonalari tomonidan yetkazib berish amaliyoti joriy etiladi;
qonunchilikda belgilangan tartibda xalqaro standartlarga muvofiq akkreditatsiyadan oʻtish sharti bilan xususiy sertifikatsiya idoralarini tashkil etishga ruxsat etiladi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi uch oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash hamda ilgʻor xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida Urugʻchilikni rivojlantirish markazini transformatsiya qilishga oid tegishli qaror loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi (I. Abduraxmonov):
a) Paxtachilik kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
bir oy muddatda hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos, ertapishar va hosildorligi yuqori gʻoʻza navlari urugʻlarini yetishtirish va taʼminotini tashkil qilish hamda nav almashtirish, urugʻ almashtirish va “tindirilgan urugʻ” ekish tizimi boʻyicha 2024 — 2026-yillarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin;
hosildorligi 30 sentnerdan past boʻlgan paxta maydonlarini muntazam aniqlasin hamda bosqichma-bosqich yangi va istiqbolli navlarni joylashtirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni qoʻllashni joriy qilsin;
bir oy muddatda paxta-toʻqimachilik klasterlari va xorijiy urugʻchilik kompaniyalari takliflarini oʻrgangan holda hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga mos gʻoʻza navlari va duragaylarini mazkur qarorning 1-ilovasidagi talablar asosida olib kelish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin;
ikki oy muddatda yangi va istiqbolli navlarning urugʻlarini dastlabki koʻpaytiruvchi elita xoʻjaliklarining faoliyatini amalga oshirish mexanizmini va rayonlashgan navlarning birlamchi urugʻligini tashkil etishning yangi tartibini tasdiqlasin;
2024-yil paxta hosilidan har bir hududda kamida 500 gektar maydonda yuqori agrotexnologiyalarga asoslangan tajriba maydonlarini tashkil qilib, paxta yetishtiruvchi subyektlar uchun amaliy dala seminarlarini oʻtkazib borsin;
b) respublikada mahalliy va xorijiy seleksiyaga mansub nav va duragaylardan yetishtirilayotgan paxta tolasi sifatini muntazam solishtirib borish uchun akkreditatsiyadan oʻtgan sinov laboratoriyalarida sifat koʻrsatkichlari boʻyicha baholash (NVI) natijalariga asosan yagona maʼlumotlar bazasini yaratsin;
v) ikki oy muddatda xorijdan keltirilgan gʻoʻza urugʻliklarining genetik tozaligi boʻyicha molekulyar-genetik tahlillar oʻtkazish yuzasidan mahalliy vakolatli laboratoriya xulosasini olish tartibini tasdiqlasin;
g) “Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ bilan birgalikda urugʻlik paxta xomashyosini jamgʻarish, belgilangan standart talablari boʻyicha saqlash va dastlabki qayta ishlashgacha boʻlgan jarayonning toʻgʻri bajarilishi boʻyicha tegishli normativ-huquqiy hujjatni hamda urugʻlik chigit tayyorlovchi korxonalarda urugʻlik paxtani qayta ishlashda uskunalarni belgilangan meʼyorlar asosida sozlash tartibini ishlab chiqib, tasdiqlasin;
d) 2024-yil paxta yetishtirish mavsumi oxiriga qadar Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasi tarkibida “e-urugʻ” platformasini ishga tushirsin.
Bunda, mahalliy va xorijiy urugʻchilik korxonalari hamda birlamchi urugʻchilik xoʻjaliklarining oʻzaro integratsiyalashuvi, gʻoʻza navlari va duragaylarining urugʻ taʼminoti va zaxirasi, hududlarga moslashganligi va muqobil nav takliflari, mavjud gʻoʻza navlari va duragaylari hosildorligi, ularni yetishtirish agrotexnologiyalari toʻgʻrisida axborot olish, hududlar sharoitlaridan kelib chiqib erkin va shaffof joylashtirish, qayta taqsimlash hamda sertifikat olish imkoniyatlari yaratiladi.
7. Qishloq xoʻjaligi vazirligi ikki oy muddatda Xitoy, Hindiston, Turkiya, Ispaniya, Avstraliya va Amerika Qoʻshma Shtatlari tajribasini oʻrgangan holda hamda mazkur qaror talablaridan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasining “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi Qonuniga, shuningdek, qonunchilikka tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari bir oy muddatda:
mazkur qaror talablari asosida 2024-yilda oʻz hududidagi paxta ekiladigan maydonlarning 10 foiziga ekiladigan xorijiy gʻoʻza navlari boʻyicha Qishloq xoʻjaligi vazirligiga taklif kiritsin;
xususiy urugʻchilik korxonalarini jalb qilish, xorijiy navlar ekiladigan maydonlarni toʻliq nazoratga olish, hududlarda gʻoʻza urugʻchiligiga oid yangi tizim samaradorligini oshirishning mutaxassis-kadrlar, infratuzilmaviy va tashkiliy taʼminotini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin va ijroga qaratsin;
yangi tizim asosida mazkur qarorga 1-ilovada koʻrsatilgan talablarga muvofiq har bir hududning tuproq-iqlim sharoitlariga mos gʻoʻza navlari boʻyicha birlamchi urugʻchilikni tashkil etish va joylashtirish choralarini koʻrsin.
9. Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy (F. Arziyev), Hindiston (S. Rustambayev), Turkiya (A. Agzamxodjayev), Ispaniya (F. Tursunov), Avstraliya (Q. Shakirov) va Amerika Qoʻshma Shtatlari (F. Sidikov)dagi diplomatik vakolatxonalari bilan birgalikda doimiy ravishda:
paxtachilik va gʻoʻza urugʻchiligiga oid eng ilgʻor tajriba va muhim natijalarni doimiy tahlil qilib borish, yuqori hosildor gʻoʻza navlari va duragaylarini respublikamizga olib kelish, sohaga oid innovatsion texnologiyalarni transfer qilish boʻyicha Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Paxtachilik kengashi va paxta-toʻqimachilik klasterlariga koʻmaklashsin;
gʻoʻza urugʻchiligi boʻyicha xorijiy kompaniyalarni jalb qilish yuzasidan tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
10. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Paxtachilik kengashining ilmiy xulosasiga asosan mazkur qarorga 2-ilovada koʻrsatilgan 14 ta tumanda paxtachilikka oid yangi ilmiy ishlanmalar va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, 2024 — 2027-yillarda anʼanaviy va noanʼanaviy seleksiya usullari orqali yuqori hosildor, tezpishar, tola sifati yuqori, kasallik va hasharotlarga chidamli biotexnologik navlarni yaratish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni ishlab chiqish va innovatsion loyihalarni maqsadli moliyalashtirish choralarini koʻrsin.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Paxtachilik kengashining ilmiy-tadqiqot organi boʻlgan “Paxtasanoat ilmiy markazi” AJ negizida Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi huzuridagi Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Bunda:
“Paxtasanoat ilmiy markazi” AJga tegishli mol-mulklar (Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Sh. Rustaveli koʻchasi, 8-uy manzilida joylashgan maʼmuriy binodan tashqari) qonunchilikda belgilangan tartibda mazkur institutga oʻtkaziladi;
institut Toshkent viloyati, Qibray tumani, Universitet koʻchasi, 2-uy manziliga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi;
“Paxtasanoat ilmiy markazi” AJga tegishli Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Sh. Rustaveli koʻchasi, 8-uy manzilida joylashgan maʼmuriy bino jamiyatning ustav kapitalidagi davlat ulushini mazkur binoning balans (qoldiq) qiymatiga kamaytirish hisobiga Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga davlat mulki sifatida operativ boshqaruv huquqi asosida oʻtkaziladi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi (I. Abduraxmonov) bir oy muddatda Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish bogʻliq barcha zaruriy choralarni koʻrsin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-martdagi PQ-126-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2024-y., 07/24/126/0214-son)
12. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Genetik modifikatsiyalangan organizmlar va uning mahsulotlari xavfsizligining ilmiy ekspertizasini tashkil etish va oʻtkazish tartibini hamda Qishloq xoʻjaligi ekinlarining genetik modifikatsiyalangan navlarining milliy bazasini shakllantirish va yuritish tartibini tasdiqlasin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri I.Y. Abduraxmonov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 15-dekabr,
PQ-391-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-dekabrdagi PQ-391-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasiga xorijdan olib kiriladigan oʻrta tolali gʻoʻza navlari va duragaylariga qoʻyiladigan talablar

T/r

Koʻrsatkichlar nomi

Koʻrsatkichlarning belgilanishi

1.

Vegetatsiya davri

Tezpishar (115 — 120 kun)

2.

Potensial hosildorlik

60 — 80 ts/ga

3.

Koʻsaklarning ochilishi

Koʻsaklarning ochilish surʼati yuqori

4.

Kasalliklarga bardoshlilik

Fuzarioz va vertitsillyoz vilt, virusli kasalliklar

5.

Tola chiqimi

40 foizdan yuqori

6.

Tolaning yuqori oʻr�acha uzunligi (UNM)

1,11 — 1,17 dyuym

7.

Tola mikroneyri (Mic)

4,2 — 4,5

8.

Tolaning yigiriluvchanlik indeksi (SCI)

160 dan yuqori

9.

Tolaning solishtirma uzilish kuchi (Str)

28 — 32 g.kuch/teks.dan kam boʻlmagan

10.

Navning alohida xususiyatlari

Global iqlim oʻzgarishlari sharoitida suv taʼminoti ogʻir, ball boniteti past boʻlgan maydonlarda yetishtirishga mos, yuqori harorat, garmsel, suv tanqisligi, tuproq shoʻrlanishiga bardoshli, sanoatbop

11.

Duragaylar (F1) olib kiriladigan hollarda

Yuqori hosildor duragaylar, shu jumladan, ota-ona shakllarini olib kelgan holda mahalliy sharoitlarda duragay urugʻlarni yetishtirishni yoʻlga qoʻyish

Yuqori navlilik

96 foizdan kam boʻlmagan

12.

Intellektual mulk huquqi

Intellektual mulkka daʼvo qilmaslik yoki xarajatlar import qiluvchi korxona tomonidan qoplanishi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 15-dekabrdagi PQ-391-son qaroriga
2-ILOVA
2024 — 2026-yillarda paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari tomonidan paxta hosildorligi gektariga 30 sentnerdan oshmaydigan hududlarda xorijdan import qilinadigan yoki yuqori hosildor yangi mahalliy gʻoʻza navlari sinovlari oʻtkaziladigan hamda yangi ilmiy ishlanma va samarador agrotexnologiyalar joriy qilinadigan hududlar
ROʻYXATI

T/r

Tumanlar nomi

Hududlar nomi

1.

Ellikqalʼa tumani

Boʻston

2.

Ulugʻnor tumani

Jalaquduq

3.

Vobkent tumani

Ehson

4.

Sharof Rashidov tumani

Samarqand quduq FXXU

5.

Qarshi tumani

Beshkent

6.

Nishon tumani

Samarqand

7.

Navbahor tumani

Yangiqoʻrgʻon

8.

Pop tumani

Mashʼal

9.

Narpay tumani

Ittifoq

10.

Jarqoʻrgʻon tumani

Loyqand chinori

11.

Sayxunobod tumani

Sayxun bahori

12.

Quyi Chirchiq tumani

Toshovul

13.

Beshariq tumani

Chorbogʻturangi

14.

Qoʻshkoʻpir tumani

Nezaxos

Izoh: Qishloq xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishgan holda paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari takliflari asosida ushbu roʻyxatga oʻzgartirish kiritishi mumkin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.12.2023-y., 07/23/391/0946-son; 15.03.2024-y., 07/24/126/0214-son, 10.05.2024-y., 06/24/76/0336-son)