Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Professional taʼlim muassasalariga yil davomida oʻquvchilarni dual taʼlim shaklida oʻqishga qabul qilish tizimi joriy etilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Mamlakatimizda ish beruvchilarning ehtiyojlari asosida oʻrta boʻgʻin kadrlarni tayyorlash jarayonlari boʻyicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, iqtisodiyotning barcha sohalarida malakali va zamonaviy kasbiy koʻnikmalarga ega oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash, yoshlarning kasb va mutaxassisliklarni egallashga boʻlgan qiziqishlarini inobatga olib, oʻz kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish uchun professional taʼlim muassasalarida dual taʼlim shaklida oʻqitish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Shu bilan birga, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari asosida tashkil etilayotgan ish oʻrinlarida oʻrta boʻgʻin kadrlariga boʻlgan ehtiyojning yanada oshishi natijasida professional taʼlim muassasalarida tashkilotlarning buyurtmalari asosida yil davomida dual taʼlim shaklida oʻqitishni yoʻlga qoʻyish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 3-iyuldagi PQ-200-son qarori ijrosini taʼminlash, mehnat bozori uchun raqobatbardosh oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish hamda oʻquvchilarni dual taʼlim shaklida qabul qilishning yangi mexanizmlarini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
professional taʼlim muassasalarida oʻquvchilarni yil davomida tashkilotlarning buyurtmalari asosida dual taʼlim shaklida oʻqitish;
ish beruvchilarning oʻrta boʻgʻin kadrlariga boʻlgan mavjud ehtiyoji asosida dual taʼlim shakli boʻyicha oʻqishga qabul qilishni soddalashtirish;
oʻquvchilarni dual taʼlim shakli boʻyicha oʻqishga qabul qilish tizimini raqamlashtirish.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hududdagi tashkilotlarning mavjud imkoniyatlari va takliflari asosida professional taʼlim muassasalarida dual taʼlim shaklida oʻqitishni yoʻlga qoʻyish borasida doimiy koʻmaklashib borsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi:
2024/2025 oʻquv yilidan boshlab tashkilotlar va tadbirkorlik subyektlaridagi mavjud ish oʻrinlari hamda ularda yaratilgan shart-sharoitlar boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantirsin;
har yili 1-avgustga qadar professional taʼlim muassasalarida oʻquvchilarni dual taʼlim shaklida oʻqitishni tashkil etish boʻyicha Yagona milliy mehnat tizimidan roʻyxatdan oʻtgan tashkilotlar va tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻysin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
tashkilotlardan biriktirilgan ustozlarning pedagogik mahoratini ixtiyoriy ravishda oshirish uchun har yili dual taʼlim shakli boʻyicha bepul qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etsin;
dual taʼlim shakli joriy etilgan kasb va mutaxassisliklar boʻyicha tegishli taʼlim dasturlarini takomillashtirsin hamda Germaniya tajribasi asosida metodik materiallarni ishlab chiqsin;
2024/2025 oʻquv yiliga qadar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda mehnat bozorining oʻrta boʻgʻin kadrlariga boʻlgan joriy va istiqbolli ehtiyojni aniqlashga moʻljallangan elektron platformani ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan ishga tushirsin hamda oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlash istagida boʻlgan tashkilotlar va professional taʼlim muassasalari bilan tuziladigan shartnomalarni elektron shaklda imzolash tizimini joriy etsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari K.X. Karimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 7-dekabr,
647-son

Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-dekabrdagi 647-son qaroriga

ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi 715-son qarori bilan tasdiqlangan Professional taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 1-bandi quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Ushbu Nizom kollej va texnikumlarga oʻquvchilarni dual taʼlim shakli boʻyicha oʻqishga qabul qilish jarayonlariga nisbatan tatbiq etilmaydi”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-martdagi 163-son qarori bilan tasdiqlangan Professional taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 3-banddagi “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi” soʻzlari “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Oʻquvchilar oʻqishga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan qabul parametrlari doirasida vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan alohida elektron platforma yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali dual taʼlim shakli boʻyicha qabul qilinadi”;
v) 8-banddagi “Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi” soʻzlari “Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) 12-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12. Tashkilotning tegishli buyrugʻi asosida oʻquvchi(lar)ga dual taʼlim boʻyicha tashkilotning tajribali xodimlaridan ustoz biriktiriladi.
Ustozga tashkilot tomonidan belgilangan tartibda mehnatga haq toʻlash tartibi joriy etiladi.
Dual taʼlim shaklida kasblarning (mutaxassislik) murakkablik darajasidan kelib chiqqan holda, taʼlim olayotgan har 12 — 15 nafar oʻquvchiga qoidaga koʻra tashkilot tomonidan kamida bir nafar ustoz biriktiriladi. Hunarmandchilikka oid kasblar boʻyicha har 15 nafar oʻquvchiga bir nafar ustoz biriktirilishiga ruxsat etiladi.
Ustozning faoliyati tashkilot mutasaddilari tomonidan nazorat qilinadi”;
d) 19-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmalarining professional taʼlim muassasalarida dual taʼlimni tashkil etish boʻyicha hisobotlarini koʻrib chiqadi”;
e) 28-banddan soʻng quyidagi mazmundagi 31-bob bilan toʻldirilsin:
“31-bob. Oʻquvchilarni yil davomida oʻqishga dual taʼlim shaklida qabul qilish tartibi

281. Kollej va texnikumlarga oʻquvchilar dual taʼlim shakli boʻyicha oʻqishga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmalarining takliflari asosida oʻquv yili davomida qabul qilinadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmalari tomonidan dual taʼlim shakli boʻyicha yil davomida boʻladigan qabul jarayonlari muvofiqlashtiriladi.
282. Yil davomida dual taʼlim shakli boʻyicha oʻqishga qabul qilish tartibi kasb-hunar maktablariga tatbiq etilmaydi.
283. Kollej va texnikumlarga oʻqishga qabul qilish muddatlari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadi.
284. Har oʻquv yilida bir marotaba yangi oʻquv yili uchun shakllantiriladigan qabul parametrlarida dual taʼlim shakli uchun davlat granti oʻrinlari ajratiladi. Qolgan davr mobaynida belgilanadigan qabul parametrlarida oʻquvchilar toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi.
285. Dual taʼlim shakli boʻyicha ish beruvchilarning oʻrta boʻgʻin kadrlariga boʻlgan mavjud ehtiyoji asosida taqdim qilingan talabgorlar toʻgʻridan-toʻgʻri oʻqishga qabul qilinadi.
Bunda kollej va texnikumlar tomonidan dual taʼlim shaklida oʻqishga qabul qilinadigan oʻquvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar elektron platformaga uch ish kunida kiritiladi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan elektron platformaga kiritilgan tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar koʻrib chiqiladi hamda besh ish kunida kollej va texnikumlarga dual taʼlim shakli boʻyicha oʻqish jarayonlarini tashkil etish boʻyicha tegishli xulosa beriladi.
286. Dual taʼlim shaklida oʻqitish boʻyicha takliflar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan elektron platformaga kiritilgan maʼlumotlar ekspertizadan oʻtkazilib, besh ish kunida kollej va texnikumda oʻquv jarayonlarini tashkil etish boʻyicha ruxsat beriladi.
287. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xulosasiga koʻra kollej va texnikum direktori uch ish kunida oʻquvchilarni oʻqishga qabul qilish boʻyicha tegishli buyruqni qabul qiladi va tashkilot bilan kelishgan holda oʻquv jarayoni grafigini tasdiqlaydi”;
j) 31-banddagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalariga” soʻzlari “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmalariga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
z) Professional taʼlim tizimida dual taʼlimni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovada:
“Subyektlar” ustunidagi “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi” soʻzlari “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Muddatlar” ustunidagi “Har yili 1-martga qadar” va “Har yili 1-iyulga qadar” soʻzlari tegishlicha “Oʻquv yili mobaynida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2023-y., 09/23/647/0926-son)