Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aholini zilzilada harakatlanishga tayyorlash tizimini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 30-maydagi PF-144-son Farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 16-maydagi PQ-158-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, aholini zilzilada harakatlanishga oldindan tayyorlash, kuchli zilzila bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini kamaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 30-maydagi PF-144-son Farmoniga muvofiq seysmik xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha davlat organlari rahbar kadrlari va xodimlarining “Aholining barcha qatlamlarini zilzilaga tayyorlashga moʻljallangan milliy elektron platforma” (keyingi oʻrinlarda — milliy elektron platforma) orqali malakasini oshirish va qayta tayyorlash kurslari oʻtkazib borilishi belgilanganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2023-yil 16-maydagi PQ-158-son qarorida “Aholini zilzilaga tayyorlash haftaligi” doirasida har yili reja-grafik asosida respublikaning barcha hududlaridagi mahallalarda aholi ishtirokida zilzila bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarda aholi xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qoʻmondonlik-shtab, maxsus-taktik va obyekt oʻquv mashqlari oʻtkazib borilishi nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyuldagi PQ-4794-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Aholini zilzilada harakatlanishga tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlari, professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari hamda oliy taʼlim tashkilotlari talabalarini muammoli-vaziyatli oʻyinlar va mashgʻulotlarda, milliy elektron platforma orqali, shuningdek, aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlashga moʻljallangan mashgʻulotlari orqali tayyorgarlikdan oʻtkazish;
ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlgan aholi, shuningdek, respublika ijro etuvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning rahbarlari, masʼul mutaxassislari, qutqaruv xizmatlari, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari ishchi-xizmatchilarini yigʻinlar va oʻquv mashqlarida tayyorgarlikdan oʻtkazish;
respublika ijro etuvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning rahbarlari va xodimlari bilan yillik jamlash rejasi asosida, shuningdek, fuqarolar bilan ixtiyoriy ravishda milliy elektron platforma orqali aholini zilzilada harakatlanishga tayyorlashga moʻljallangan masofaviy oʻquv kurslarini tashkil etish;
ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlmagan aholi, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar hamda Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurgan turistlarga tegishli qoʻllanmalar tarqatish, maxsus radio va teledasturlarni efirga uzatish, buklet va eslatmalarni tarqatish orqali, shuningdek, milliy elektron platforma va maxsus mobil ilovalardan foydalangan holda tayyorgarlikdan oʻtkazish;
milliy elektron platformaning oʻquv reja va dasturlariga har uch yilda bir marotaba, sohadagi innovatsion yondashuvlarni inobatga olgan holda oʻzgartirishlar kiritib borish;
respublika ijro etuvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash sohasidagi vakolatlari;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalarining aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash sohasidagi ishtiroki.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-maydagi PF-144-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini 2025-yilgacha takomillashtirish konsepsiyasi.
3. Favqulodda vaziyatlar vazirligi vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash boʻyicha milliy elektron platforma orqali malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslari faoliyatini nazoratga olib, doimiy monitoring yuritilishini;
milliy elektron platforma orqali tayyorgarlikdan oʻtgan fuqarolarning joylarda oʻtkaziladigan qoʻmondonlik-shtab va maxsus-taktik oʻquv mashqlariga jalb etib borilishini taʼminlansin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-maydagi PF-144-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonining 13-bandi.
4. Belgilansinki, aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash tadbirlari respublika ijro etuvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarga har yili ajratiladigan budjet mablagʻlari doirasida, shuningdek, budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov va favqulodda vaziyatlar vaziri A.X. Qoʻldoshev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 29-sentabr,
513-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-sentabrdagi 513-son qaroriga
ILOVA
Aholini zilzilada harakatlanishga tayyorlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur nizom aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
zilzila — yer qobigʻining yoki yer ustki qatlamining toʻsatdan roʻy bergan siljishi, yemirilishi yoki oʻpirilishi oqibatida vujudga kelgan, uzoq masofalarga tarqaladigan toʻlqinsimon tebranishlar tarzidagi yer osti silkinishlari va tebranishlari;
kompleks oʻquv mashqlari — obyektlar rahbarlarini, qutqaruv tuzilmalari va fuqaro muhofazasi tuzilmalari aʼzolarini, ular tarkibiga kirmagan ishchi va xizmatchilarini, ishlab chiqarish faoliyatini toʻxtatmagan holda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish hamda fuqaro muhofazasi boʻyicha kompleks tadbirlarni bajarishga tayyorlashning asosiy shakli;
kuchli zilzila — magnitudasi (zilzila quvvati) Rixter oʻlchovi boʻyicha 5,0 va undan yuqori boʻlgan zilzila;
maxsus-taktik oʻquv mashqlari — qutqaruv tuzilmalari va fuqaro muhofazasi tuzilmalarini qutqaruv ishlari va kechiktirib boʻlmaydigan boshqa ishlarni bajarishga hamda fuqaro muhofazasi sohasida tayyorlashning asosiy va samarali shakli;
milliy elektron platforma — masofaviy taʼlim texnologiyasi asosida, mustaqil tarzda zilzilada toʻgʻri harakat qilishni oʻrganishga moʻljallangan, maxsus oʻquv dasturiy taʼminot tizimi;
mobil ilova — maʼlum bir platforma (iOS, Android, Windows Phone va boshqalar) uchun ishlab chiqilgan smartfonlar, planshetlar va boshqa mobil qurilmalarda ishlashga moʻljallangan dastur;
seysmik xavf — muayyan hududda muayyan vaqt oraligʻida aholining hayotiga tahdid soluvchi hamda binolar va inshootlarga zarar yetkazuvchi zilzilalar yuz berishi ehtimoli;
seysmik xavfsizlik — seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan aholi hayotini va infratuzilma obyektlarini zilzilalar natijasida kelib chiqadigan xavflardan himoyalanganlik holati;
qoʻmondonlik-shtab oʻquv mashqlari — Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimining (keyingi oʻrinlarda — FVDT) barcha darajalardagi rahbarlarini va boshqaruv organlarini favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ular sodir boʻlganda bartaraf etish ishlariga rahbarlik qilishga hamda fuqaro muhofazasi sohasida tayyorlash;
FVDTning funksional quyi tizimi — aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha belgilangan funksiyalarni bajaruvchi vazirliklar va idoralar hamda boshqa tashkilotlarni oʻz ichiga olgan quyi tizim;
FVDTning hududiy quyi tizimi — tegishli hududda aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish boʻyicha belgilangan funksiyalarni bajaruvchi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarini oʻz ichiga olgan quyi tizim;
eksternat tartibidagi taʼlim — oʻquv dasturlarini mustaqil ravishda oʻzlashtirishni oʻz ichiga olib, uning yakunlari boʻyicha taʼlim oluvchilardan davlat taʼlim muassasalarida yakuniy va davlat attestatsiyalaridan oʻtishni talab etadigan taʼlim turi.
3. Quyidagilar aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
respublika ijro etuvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning rahbarlari, masʼul mutaxassislari, qutqaruv xizmatlari, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari, ishchi hamda xizmatchilarini zilziladan oldin, zilzila vaqtida va zilziladan keyin oʻzini tutish qoidalari, kuchli zilzilalarga oldindan tayyorgarlik koʻrish hamda ulardan talafotlarsiz chiqish boʻyicha bilimlarini izchil oshirib borish va koʻnikmalarini hosil qilish boʻyicha tegishli chora-tadbir kompleksini amalga oshirish;
maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlari va professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari hamda oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining zilziladan oldin, zilzila vaqtida va zilziladan keyin oʻzini tutish qoidalari, shuningdek, kuchli zilzila bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlardan jabrlanganlarga birinchi yordam koʻrsatish qoidalari va usullariga oʻrgatish;
qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari hamda fuqaro muhofazasi tuzilmalarini kuchli zilzila bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishga oldindan tayyorlash;
ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlmagan, jismoniy imkoniyati cheklangan, shuningdek, faoliyat turidan qatʼi nazar, barcha fuqarolarni zilziladan oldin, zilzila vaqtida va zilziladan keyin toʻgʻri harakatlanishga oʻrgatish.
2-bob. Aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash tartibi
4. Aholini zilzilada harakatlanishga tayyorlash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
a) ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlgan aholi, shuningdek, respublika ijro etuvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlarning rahbarlari, masʼul mutaxassislari, qutqaruv xizmatlari, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari, ishchi va xizmatchilari:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari — FVDTning aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha yillik rejaga muvofiq har yili oʻtkaziladigan kuchli zilzila va uning oqibatlaridan muhofazalanishga oid yigʻinlar va oʻquv mashqlari doirasida;
respublika va viloyat miqyosidagi tashkilotlarning rahbarlari va masʼul mutaxassislari, shuningdek, tumanlar va shaharlar hokimlari hamda ularning oʻrinbosarlari — uch yilda bir marotaba aholining barcha qatlamlarini zilzilaga tayyorlashga moʻljallangan milliy elektron platforma (keyingi oʻrinlarda — milliy elektron platforma) orqali malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarida;
tumanlar va shaharlar miqyosidagi tashkilotlarning rahbarlari, masʼul mutaxassislari, qutqaruv xizmatlari, qutqaruv tuzilmalari, fuqaro muhofazasi tuzilmalari boshliqlari hamda fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari raislari — uch yilda bir marotaba milliy elektron platforma orqali malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarida;
tashkilotlarning ishchi hamda xizmatchilari — doimiy ravishda ish va xizmatdan ajralmagan holda, ish va xizmat joylarida tashkil etiladigan oʻquv mashgʻulotlarida, Internet axborot tarmogʻida kuchli zilzila va uning oqibatlaridan muhofazalanishga oid maʼlumotlardan foydalangan holda, shuningdek, mobil ilovalar hamda milliy elektron platforma orqali malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarida tayyorgarlikdan oʻtkaziladi;
b) maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlari, professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari hamda oliy taʼlim tashkilotlari talabalari Favqulodda vaziyatlar vazirligi va uning hududiy boshqarmalari tashabbuslariga asosan:
maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari — har yili taʼlim-tarbiya jarayonida kuchli zilzila va uning oqibatlariga oid muammoli-vaziyatli oʻyinlar va mashgʻulotlarda;
umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlari, professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari — har oʻquv yili davomida, darslardan tashqari vaqtda tashkillashtiriladigan kuchli zilzila va undan muhofazalanish boʻyicha mashgʻulotlar doirasida, shuningdek, hududiy Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari Hayot faoliyati xavfsizligi oʻquv markazlari (keyingi oʻrinlarda — hududiy oʻquv markazlari) xodimlari ishtirokida;
oliy taʼlim tashkilotlari talabalari — har oʻquv yili davomida, darslardan tashqari vaqtda tashkillashtiriladigan kuchli zilzila va undan muhofazalanish boʻyicha mashgʻulotlar doirasida, Internet axborot tarmogʻida zilzila va uning oqibatlaridan muhofazalanishga oid maʼlumotlardan foydalangan holda, shuningdek, mobil ilovalar hamda milliy elektron platforma orqali, shuningdek, hududiy oʻquv markazlarining aholini zilzilada harakat qilishga tayyorlashga moʻljallangan mashgʻulotlarida tayyorgarlikdan oʻtkaziladi.
Taʼlim tashkilotlarida zilzila vaqtida toʻgʻri harakatlanish qoidalarini oʻrgatishga moʻljallangan darsdan tashqari mashgʻulotlar Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Favqulodda vaziyatlar vazirligi) hududiy boʻlinmalari bilan birgalikda olib boriladi;
v) ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlmagan aholi, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar hamda Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurgan turistlar:
ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlmagan aholi, shu jumladan jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar — muntazam ravishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida tashkil etilgan oʻquv-maslahat punktlarida maʼruzalar oʻqish, oʻquv filmlarini namoyish etish, oʻquv mashqlari va mashgʻulotlarga jalb etish, shuningdek, qoʻllanmalar va eslatmalar tarqatish, maxsus radio va teledasturlarni efirga uzatish mobil ilovalar va milliy elektron platforma orqali malaka oshirish hamda qayta tayyorlash kurslarida;
“Aholini zilzilaga tayyorlash haftaligi” doirasida har yili reja-grafik asosida zilzila bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarda aholi xavfsizligini taʼminlash boʻyicha oʻtkaziladigan qoʻmondonlik-shtab, maxsus-taktik va obyekt oʻquv mashqlarida;
Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurgan turistlar — tashrif davomida, ularga xizmat koʻrsatuvchi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan zilzilada toʻgʻri harakat qilish boʻyicha suhbatlar, yoʻriqnoma oʻtkazish, buklet va eslatmalarni tarqatish, maxsus mobil ilovalardan foydalanish orqali tayyorgarlikdan oʻtkaziladi.
5. Aholini zilzilada harakatlanishga tayyorlashda nazariy bilimlarni oʻzlashtirish, innovatsion texnologiyalarni uygʻunlashtirgan holda masofadan oʻqitish uslublari hamda zamonaviy pedagogik va raqamli texnologiyalar asosida yaratilgan maxsus elektron taʼlim platformasi, shuningdek, mobil ilovadan mustaqil oʻrganish orqali amalga oshiriladi.
6. Aholini zilzilada harakatlanishga tayyorlash boʻyicha amaliy koʻnikmalarini mustahkamlash, FVDT funksional va hududiy quyi tizimi xizmatlarini kuchli zilzilaning muddatli prognozlariga muvofiq harakatlanishga tayyorlash, kuch va vositalarning kuchli zilzila oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan hamkorlikdagi harakatlarini takomillashtirish, shuningdek, ularning kuchli zilzilada harakatlanishga tayyorgarlik darajasini baholash joylarda oʻtkaziladigan qoʻmondonlik-shtab, maxsus-taktik va kompleks oʻquv mashqlari orqali amalga oshiriladi.
7. Aholini zilzilada harakatlanishga tayyorlash ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
3-bob. Aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlashga moʻljallangan milliy elektron platforma orqali malaka oshirish va qayta tayyorlash masofaviy kurslarini tashkil etish
8. Aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlashga moʻljallangan masofaviy oʻquv kurslari respublika ijro etuvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning rahbarlari va xodimlari bilan yillik jamlash rejasi asosida, shuningdek, fuqarolar bilan ixtiyoriy ravishda milliy elektron platforma orqali tashkil etiladi.
9. Milliy elektron platforma dasturiy taʼminotini serverda saqlash, tizimning axborot xavfsizligini taʼminlash va unga texnik xizmat koʻrsatish Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
10. Milliy elektron platformaga maʼlumotlarni kiritish, toʻldirish va yangilab borish Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti (keyingi oʻrinlarda — Fuqaro muhofazasi instituti) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
11. Milliy elektron platforma oʻquv reja va dasturlariga har uch yilda bir marotaba, sohadagi innovatsion yondashuvlarni inobatga olgan holda oʻzgartirishlar kiritib boriladi.
12. Amaldagi oʻquv reja va dasturlarni yangilash zarurati paydo boʻlganda oʻquv kurslari koʻpi bilan 15 kun muddatga vaqtinchalik toʻxtatiladi va ushbu muddatda oʻquv kursi oʻquv hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
13. Milliy elektron platforma orqali malaka oshirish va qayta tayyorgarlik oʻquv kurslarida tayyorgarlikdan oʻtish ketma-ketligi quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
1) respublika ijro etuvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning rahbarlari, masʼul mutaxassislari va xodimlari uchun:
Fuqaro muhofazasi instituti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, hududiy oʻquv markazlari tomonidan tegishli respublika ijro etuvchi va mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlarni tayyorgarlikdan oʻtish boʻyicha avtomatik ravishda xabardor qilish;
milliy elektron platformadan foydalanish uchun login va parolni taqdim etish;
belgilangan oʻquv guruhiga qoʻshilish;
oʻquv modullari boʻyicha taqdim etilgan mavzularni mustaqil oʻzlashtirish;
oʻquv kursi yakuniy nazorat sinovida ishtirok etish;
2) ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlmagan, jismoniy imkoniyati cheklangan, shuningdek, faoliyat turidan qatʼi nazar, barcha fuqarolar:
milliy elektron platformadan foydalanish uchun mustaqil tarzda roʻyxatdan oʻtish hamda login va parol olish;
belgilangan oʻquv guruhiga qoʻshilish;
oʻquv modullari boʻyicha taqdim etilgan mavzularni mustaqil oʻzlashtirish;
oʻquv kursining yakuniy nazorat sinovida ishtirok etish.
14. Respublika ijro etuvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning rahbarlarini, masʼul mutaxassislari va xodimlarini milliy elektron platforma orqali malaka oshirish hamda qayta tayyorlash uchun roʻyxatga olish Fuqaro muhofazasi instituti va hududiy oʻquv markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlmagan, jismoniy imkoniyati cheklangan, shuningdek, faoliyat turidan qatʼi nazar, barcha fuqarolar milliy elektron platformada mustaqil tarzda roʻyxatdan oʻtish uchun shaxsga doir quyidagi maʼlumotlarni kiritadi:
familiyasi, ismi va otasining ismi;
tugʻilgan yil, oy va kuni;
telefon raqami;
yashash joyi (hudud nomi).
Bunda, aholini zilzilada harakatlanishga tayyorlashga moʻljallangan malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslariga ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlmagan, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarni jalb qilish maqsadida Fuqaro muhofazasi instituti, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hududiy boshqarmalari, hududiy oʻquv markazlari fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga (barchasiga) aniq reja-grafik asosida har uch yilda taklif kiritadi.
15. Milliy elektron platforma orqali oʻquv kurslariga jalb etilgan har bir tinglovchi uchun alohida login va parol beriladi.
Login va parol orqali milliy elektron platformaga bogʻlangan tinglovchi uchun uning toifasi boʻyicha virtual auditoriya faollashadi va dastur boʻyicha mavzular taqdim etiladi.
Tinglovchi eksternat tartibidagi taʼlim shaklida har bir mavzuni mustaqil oʻzlashtirib boradi, mavzu boʻyicha bilimlarini “Kutubxona” boʻlimi yordamida yanada mustahkamlaydi va oʻquv kursi yakuni boʻyicha 20 ta savoldan iborat test sinovini topshiradi.
Test sinovi natijalari 5 ballik tizimda baholanadi:
18 — 20 toʻgʻri javob — “5” — aʼlo;
14 — 17 toʻgʻri javob — “4” — yaxshi;
11 — 13 toʻgʻri javob — “3” — qoniqarli;
10 ta va undan kam boʻlgan toʻgʻri javob — “2” — qoniqarsiz.
16. Test sinovi natijalari dasturiy taʼminot orqali avtomatik tarzda baholanadi.
17. Test sinovini qoniqarsiz bahoga topshirgan tinglovchilarga qayta sinovdan oʻtish uchun bir kun muddat beriladi.
Qayta sinov natijalariga koʻra qoniqarsiz baho olgan tinglovchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar administratorga avtomatik tarzda yuboriladi va tinglovchi oʻquv kursidan oʻtmagan hisoblanadi.
18. Oʻquv kursini muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarga elektron shakldagi guvohnoma taqdim etiladi.
19. Oʻquv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchining qayta tayyorgarlikdan oʻtish muddati uch yilni tashkil etadi.
20. Milliy elektron platforma orqali malaka oshirish va qayta tayyorgarlik oʻquv kurslariga qoʻyiladigan talablar:
malaka oshirish va qayta tayyorgarlik oʻquv kurslari materiallari tinglovchilarning quyidagi bilim va malakalarga ega boʻlishini taʼminlashi lozim:
zilzila va uni yuzaga keltiruvchi omillar;
zilzilaga qadar amalga oshiriladigan chora-tadbirlar;
zilzila vaqtida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar;
zilziladan soʻng amalga oshiriladigan chora-tadbirlar.
Milliy elektron platformada malaka oshirish va qayta tayyorgarlik oʻquv kurslari materiallari orqali tinglovchilarda quyidagi koʻnikmalar shakllanishi kerak:
kuchli zilzila vaqtida toʻgʻri harakatlanish, oʻz xavfsizligini taʼminlash;
oʻziga va jabrlanganlarga birinchi yordam koʻrsatish;
obyektlar va aholi turar joylarida zilzilaga qadar amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni bajarish.
21. Milliy elektron platforma orqali malaka oshirish va qayta tayyorgarlik oʻquv kurslari dasturlari Fuqaro muhofazasi instituti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻquv dasturlari tinglovchilar bilim va koʻnikmalariga qoʻyilgan malaka talablari asosida tinglovchilarning toifalariga muvofiq alohida-alohida ishlab chiqiladi.
22. Milliy elektron platformadagi oʻquv kurslarini rejalashtirish, tashkil etish va yuritish uchun Fuqaro muhofazasi instituti va hududiy oʻquv markazlari xodimlari tarkibidan administrator va har bir tashkil etilgan guruhga alohida tyutor (muvofiqlashtiruvchi) tayinlanadi.
Administratorning vazifalari:
yillik tasdiqlangan tinglovchilar jamlash rejasiga muvofiq oʻquv kursi guruhlarini tashkil etish;
tinglovchilarga milliy elektron platforma guruhlariga kirish uchun login va parol berilishini tashkil etish;
oʻquv kursi tinglovchilari faoliyati boʻyicha tashkiliy va oʻquv-uslubiy hujjatlarini ishlab chiqish hamda oʻquv jarayoniga tatbiq etish;
tinglovchilarning oʻquv materiallarini oʻzlashtirish koʻrsatkichlarini monitoring qilish;
tayyorgarlikdan oʻtgan fuqarolar roʻyxatini yuritishdan iborat.
Tyutor (muvofiqlashtiruvchi)ning vazifalari:
guruhlarga jamlangan tinglovchilarning oʻquv modullarini oʻzlashtirishi, sinovlarni topshirishini nazorat qiladi;
tinglovchilarga tashkiliy, uslubiy va texnik jihatdan yordam beradi;
oʻquv kursi yakuniy nazorat sinovlarini oʻtkazish va hujjatlarini rasmiylashtirishda ishtirok etadi.
4-bob. Respublika ijro etuvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash sohasidagi majburiyatlari
23. Respublika ijro etuvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash sohasida:
rahbarlar, masʼul mutaxassislar, qutqaruv tuzilmalari va fuqaro muhofazasi tuzilmalari boshliqlarini belgilangan tartibda kuchli zilzila bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlardan muhofazalanish boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtishini taʼminlaydi;
oʻquv mashqlari va mashgʻulotlarga jalb etilgan rahbarlar, masʼul mutaxassislar, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari xodimlari, ishchi va xizmatchilarning oʻrtacha ish haqi saqlanishini taʼminlaydi;
belgilangan dasturlar asosida qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari masʼul mutaxassislar, xodimlar, ishchi hamda xizmatchilarni oʻqitilishini, shuningdek, kuchli zilzila bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga shayligini taʼminlaydi;
oʻquv jarayonini tashkil etishda kuchli zilzilaning birlamchi va ikkilamchi oqibatlaridan muhofazalanish, kuchli zilzila hamda uning oqibatlariga oid zamonaviy oʻquv-moddiy baza (oʻquv xonasi, zarur koʻrgazmali oʻquv qurollari va darsliklar) bilan taʼminlaydi;
qayta tayyorgarlik va malaka oshirish oʻquv kurslarida tayyorgarlikdan oʻtishi lozim boʻlgan rahbarlar, masʼul mutaxassislar, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari boshliqlari roʻyxatini Favqulodda vaziyatlar vazirligiga taqdim etadi.
24. Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash sohasida:
tashkiliy-metodik rahbarlikni amalga oshiradi, tadbirlarni muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;
tashkiliy koʻrsatmalar va oʻquv dasturlarini ishlab chiqadi;
tinglovchilar bilan jamlash rejalarini tegishli davr uchun shakllantiradi va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri — Fuqaro muhofazasi boshligʻiga kiritadi;
oʻquv mashqlari, mashgʻulotlar, seminarlar va boshqa tadbirlarni tashkil etadi hamda oʻtkazadi;
aholini zilzilada harakatlanishga tayyorlash sohasiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy qiladi va undan keng foydalanishni tashkil etadi;
aholini zilzilalar vaqtida oʻzini tutish qoidalari bilan tanishtiradi, ularga tayyorgarlik koʻrishga doir tegishli uslubiy qoʻllanmalar va tavsiyalar ishlab chiqilishi hamda tarqatilishini taʼminlaydi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash sohasida qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi PQ-4276-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi toʻgʻrisidagi nizom.
25. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash sohasida:
ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlmagan aholini, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni, shuningdek, oʻz tizimidagi tashkilotlarning rahbarlari, ishchi va xizmatchilarini zilziladan oldin, zilzila vaqtida va zilziladan keyin harakatlanishga tayyorlash tadbirlarini tashkil etadi hamda nazorat qiladi;
zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash boʻyicha oʻquv-amaliy tadbirlarni tashkil etadi va oʻtkazadi, ularga mahalliy aholi jalb etilishiga koʻmaklashadi;
aholini kuchli zilzilalar vaqtida tegishli harakatlarni bajarishga va tadbirlarni amalga oshirishga tayyorlash boʻyicha seysmik faol zonalarda seminar, trening va oʻquv mashqlari tashkil etilishiga bevosita koʻmaklashadi;
aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash sohasida oʻquv-uslubiy va targʻibot materiallari chop etilishini hamda aholiga tarqatilishini tashkil etadi;
aholini kuchli zilzila bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlar xavfi toʻgʻrisidagi tegishli axborot va maʼlumotlar bilan taʼminlaydi.
5-bob. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalarining aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash sohasidagi ishtiroki
26. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash sohasida:
ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida band boʻlmagan aholi, shu jumladan jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash boʻyicha maxsus elektron platformadagi kurslarda ixtiyoriy ravishda oʻqishlari yuzasidan targʻibot va tashviqotlarni tashkil etadi;
Favqulodda vaziyatlar vazirligi va uning tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi tashkilotlar tomonidan kuchli zilzila va uning oqibatlaridan muhofazalanishga oid tayyorlangan metodik qoʻllanmalar va boshqa targʻibot materiallarini tarqatadi;
zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash boʻyicha oʻquv mashqlari va mashgʻulotlarga mahalliy aholini jalb etishga koʻmaklashadi.
27. Nodavlat notijorat tashkilotlari respublika ijro etuvchi va mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan birgalikda aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash boʻyicha oʻquv-amaliy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishga, ularga mahalliy aholi jalb etilishini taʼminlashga koʻmaklashadi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari qonunchilikka muvofiq aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlashga oid boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
28. Ommaviy axborot vositalari vakolatlari:
zilzila sharoitida harakatlanishga doir tadbirlarni yoritadi;
zilzila sharoitida harakatlanishga doir tadbirlarda ishtirok etadi;
zilzila sharoitida harakatlanish sohasidagi bilimlarni targʻib qilishda ishtirok etadi.
6-bob. Fuqarolarning zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorgarlik koʻrish sohasidagi huquq va majburiyatlari
29. Fuqarolar zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorgarlik koʻrish sohasida quyidagi huquqlarga ega:
kuchli zilzila bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlardan muhofazalanish boʻyicha bilim olish hamda oʻquv mashqlarida ishtirok etish;
oʻquv mashqlari va mashgʻulotlar davomida oʻzlari duch kelishi mumkin boʻlgan seysmik xavf toʻgʻrisida xabardor boʻlish.
30. Fuqarolarning zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorgarlik koʻrish sohasidagi majburiyatlari quyidagilardan iborat:
zilziladan muhofazalanishning asosiy usullarini bilish, kuchli zilzila oqibatida jabrlanganlarga birinchi yordam koʻrsata olish hamda oʻz bilim va amaliy koʻnikmalarini oshirib borish;
kuchli zilzilalar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlar xavfi tugʻilganda yoki sodir boʻlganda ogohlantirish signallarini, harakat qilish tartibini bilish.
31. Fuqarolar zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorgarlik koʻrish sohasida qonunchilikka muvofiq boshqa huquq va majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
7-bob. Aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash tadbirlarini moliyalashtirish
32. Aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash tadbirlari respublika ijro etuvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarga har yili ajratiladigan budjet mablagʻlari doirasida, shuningdek, budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
33. Fuqaro muhofazasi instituti va hududiy oʻquv markazlari tomonidan davlat va nodavlat notijorat tashkilotlar talabnomalariga muvofiq, shartnoma asosida zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash boʻyicha qoʻshimcha mashgʻulotlar tashkil etilishi mumkin.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
34. Aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash boʻyicha tegishli maʼlumotlar respublika ijro etuvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning soʻrovlari asosida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan taqdim etilishi taqiqlanmaydi, davlat sirlari bilan bogʻliq boʻlgan maʼlumotlar bundan mustasno.
Davlat sirlariga oid maʼlumotlarni umumlashtirish va berish tartibi hamda shartlari qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
35. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 2041-moddasi.
Aholini zilzilada harakatlanishga tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Aholini zilzilada harakatlanishga tayyorlash
SXEMASI

Subyektlar

Masʼullar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

Ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlgan aholi, rahbarlar, masʼul mutaxassislar, qutqaruv xizmatlari, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari, ishchi va xizmatchilar

Favqulodda vaziyatlar vazirligi,

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, respublika ijro etuvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar

1. Kuchli zilzila va uning oqibatlaridan muhofazalanishga oid yigʻinlar va oʻquv mashqlari oʻtkazish.

Rejaga muvofiq har yili

2. Milliy elektron platforma orqali malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarini tashkil etish.

Uch yilda bir marotaba

3. Ish va xizmatdan ajralmagan holda, ish va xizmat joylarida tashkil etiladigan oʻquv mashgʻulotlarida, shuningdek, mobil ilovalar hamda milliy elektron platforma orqali malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarida tayyorgarlikdan oʻtkazish.

Doimiy

Taʼlim tashkilotlari

Maktabgacha va maktab taʼlimi,

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar,

Favqulodda vaziyatlar hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirliklari

1. Taʼlim-tarbiya jarayonida kuchli zilzila va uning oqibatlariga oid muammoli-vaziyatli oʻyinlar va mashgʻulotlarni oʻtkazish.

Har yili

2. Darslardan tashqari vaqtda tashkillashtiriladigan kuchli zilzila va undan muhofazalanish boʻyicha mashgʻulotlar doirasida, shuningdek, hududiy FVBlar Hayot faoliyati xavfsizligi oʻquv markazlari xodimlari ishtirokida tayyorgarlikdan oʻtkazish.

Oʻquv yili davomida

3. Mobil ilovalar va milliy elektron platforma orqali, shuningdek, hududiy oʻquv markazlarining aholini zilzilada harakat qilishga tayyorlashga moʻljallangan mashgʻulotlarida tayyorgarlikdan oʻtkazish.

Oʻquv yili davomida

Ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlmagan aholi, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar va turistlar

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari,

Favqulodda vaziyatlar vazirligi,

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi,

Turizm qoʻmitasi, nodavlat notijorat tashkilotlar, turistlarga xizmat koʻrsatuvchi jismoniy va yuridik shaxslar

1. Oʻquv-maslahat punktlarida maʼruzalar oʻqish, oʻquv filmlarini namoyish etish, oʻquv mashqlari va mashgʻulotlarga jalb etish, shuningdek, qoʻllanmalar va eslatmalar tarqatish, maxsus radio va teledasturlarni efirga uzatish mobil ilovalar va milliy elektron platforma orqali malaka oshirish hamda qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish.

Muntazam ravishda

2. “Aholini zilzilaga tayyorlash haftaligi” doirasida qoʻmondonlik-shtab, maxsus-taktik va obyekt oʻquv mashqlarini oʻtkazish.

Har yili reja-grafik asosida

3. Zilzilada toʻgʻri harakat qilish boʻyicha suhbatlar, yoʻriqnoma oʻtkazish, buklet va eslatmalarni tarqatish, maxsus mobil ilovalardan foydalanish orqali tayyorgarlikdan oʻtkazish.

Doimiy

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.09.2023-y., 09/23/513/0734-son)