Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
TOSHKENT TIBBIYOT AKADEMIYASINI TASHKIL QILISH TOʻGʻRISIDA
Yuqori malakali tibbiyot kadrlari tayyorlashni tashkil etishni takomillashtirish va sifatini oshirish, oʻqish jarayonini tashkil qilishning zamonaviy talablariga mos keladigan zarur oʻquv va moddiy-texnika bazasini yaratish, ilgʻor taʼlim texnologiyalarini keng joriy etish asosida oʻqish jarayonini yangi mazmun bilan boyitish, boʻlgʻusi mutaxassislarning taʼlimi ular tomonidan aniq davolash amaliyoti malakalarini egallash bilan chambarchas bogʻlab olib borilishini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining tugatilayotgan Birinchi va Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot institutlari negizida Toshkent tibbiyot akademiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, Toshkent tibbiyot akademiyasi Respublikada yuqori malakali tibbiyot kadrlari tayyorlaydigan yetakchi oʻquv muassasasi hisoblanadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2005/2006 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga qabul toʻgʻrisida” 2005-yil 2-iyundagi PQ-92-sonli qaroriga muvofiq 2005/2006 oʻquv yiliga bakalavrlar va magistrlar tayyorlash boʻyicha Birinchi va Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot institutlari uchun belgilangan qabul kvotalari Toshkent tibbiyot akademiyasida saqlab qolinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasi rektorati bilan birgalikda ilgari tasdiqlangan qabul komissiyalari faoliyatining aniq puxta tashkil etilishini va ular uzluksiz ishlashini, Akademiyaga qabul qilish chogʻida test tanlovi oʻtkazilishi hamda test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtganlar qabul qilinishini taʼminlasin.
Birinchi va Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot institutlariga hujjat topshirgan va test sinovlarida muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlar Toshkent tibbiyot akademiyasining talabalari etib qabul qilinishi belgilab qoʻyilsin.
5. Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddatda Toshkent tibbiyot akademiyasini tashkil qilish va uning faoliyati bilan bogʻliq barcha tashkiliy masalalar yuzasidan qaror qabul qilsin.
Qarorda quyidagilar nazarda tutilsin:
hozir faoliyat koʻrsatayotgan beshta fakultet — davolash, tibbiy-pedagogika, stomatologiya, tibbiy-profilaktika hamda “Oliy hamshiralik ishi” fakultetlarini saqlab qolish;
davolash fakulteti hamda “Oliy hamshiralik ishi” fakultetini tugatilgan Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti korpuslarida, stomatologiya, tibbiy-profilaktika va tibbiy-pedagogika fakultetlarini esa — sobiq Birinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti korpuslarida joylashtirish;
Toshkent tibbiyot akademiyasining yangi tashkiliy tuzilmasi, kafedralar, oʻquv, laboratoriya hamda yordamchi tuzilmalarning soni, tarkibi va nomini qayta koʻrib chiqish, ularning takrorlanishi va parallel holda olib borilishiga barham berishni koʻzda tutish. Ayni vaqtda professor-oʻqituvchilar tarkibining umumiy soni saqlab qolinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tugatilayottan Birinchi va Ikkinchi Toshkent tibbiyot institutlarining binosi, inshootlari hamda boshqa mulki va aktivlarini Toshkent tibbiyot akademiyasi balansiga bepul oʻtkazsin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 19-iyul,
PF-3629-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 28-29-son, 205-modda)