|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.06.2022
|
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2005/2006 O‘QUV YILIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING OLIY TA’LIM MUASSASALARIGA QABUL TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-iyundagi PQ-279-sonli “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni bajarish, oliy ta’lim muassasalariga iqtidorli va qobiliyatli yoshlarni tanlab olish, respublikamiz iqtisodiyoti va ijtimoiy sohalari uchun zamonaviy talablarga javob beradigan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, zamonaviy kompyuter va axborot texnologiyalari sohasida mutaxassislar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari uchun oliy ma’lumotli pedagog kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirish va ularning sifatini oshirish maqsadida:
1. 2005/2006 o‘quv yilida:
bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha umumiy qabul kvotasi 51175, shu jumladan 19975 davlat grantlari va 31200 to‘lov-kontrakt asosida belgilanib, ular oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 1-ilovaga* muvofiq taqsimlansin;
* 1-ilova berilmaydi.
magistrlar tayyorlash bo‘yicha umumiy qabul kvotasi 6200, shu jumladan 1500 davlat grantlari va 4700 to‘lov-kontrakt asosida belgilanib, ular oliy ta’lim muassasalari va mutaxassisliklar bo‘yicha 2-ilovaga* muvofiq taqsimlansin;
* 2-ilova berilmaydi.
oliy ta’lim muassasalari tarkibida tashkil etilgan maxsus sirtqi bo‘limlarga o‘rta maxsus ma’lumot va tegishli ta’lim turi bo‘yicha kamida uch yil amaliy ish stajiga ega bo‘lgan pedagog kadrlardan, jumladan bolalar sporti murabbiylaridan bakalavrlar tayyorlash uchun umumiy qabul kvotasi 5065, shu jumladan 1265 davlat grantlari va 3800 to‘lov-kontrakt asosida belgilanib, ular oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 3-ilovaga* muvofiq taqsimlansin.
* 3-ilova berilmaydi.
2. Oliy ta’lim muassasalariga ega bo‘lgan vazirliklar va idoralar Davlat test markazi bilan birgalikda bir hafta muddatda o‘zlariga qarashli oliy ta’lim muassasalarida davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosidagi bakalavriat va magistratura bo‘yicha qabul kvotasini ta’lim tillari bo‘yicha taqsimlash to‘g‘risidagi takliflarini O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2005/2006 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida umumiy qabul kvotasi 60 kishidan iborat ikki yillik maxsus Oliy jurnalistika kurslarini ochsin.
Belgilansinki:
Oliy jurnalistika kurslariga boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha bakalavr darajasiga ega bo‘lgan va jurnalistika sohasida o‘z ijodiy qobiliyatini ko‘rsatgan mutaxassislar tanlov asosida qabul qilinadi;
Oliy jurnalistika kurslarida o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
Oliy jurnalistika kurslari bitiruvchilariga o‘qish yakunida “jurnalistika” mutaxassisligi bo‘yicha magistr darajasi va belgilangan namunadagi diplom beriladi.
4. 2005/2006 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining yangilangan tarkibi 4-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 4-ilova berilmaydi.
5. Davlat komissiyasiga (R.S. Qosimov), O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda, oliy ta’lim muassasalari bakalavriati va magistraturasiga qabul qilish test sinovlari natijalaridan kelib chiqqan holda, belgilangan umumiy qabul kvotalari doirasida, qabul ko‘rsatkichlariga zarur o‘zgartirishlar kiritishga ruxsat berilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Adliya vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan birgalikda:
2005/2006 o‘quv yilidan boshlab barcha ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat grantlari asosida tahsil olgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini majburiy tartibda kamida uch yil ishlab berish sharti bilan ta’lim muassasalariga, korxona va tashkilotlarga ishga taqsimlash amaliyotini joriy etsin;
Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash to‘g‘risidagi nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2005/2006 o‘quv yilida davlat grantlari asosida bakalavriat va magistraturaga hamda maxsus sirtqi bo‘limlarga belgilangan qabul kvotasini hisobga olgan holda budjetdan zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.
8. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 4-noyabrdagi 519-son qaroriga 9-ilova;
Vazirlar Mahkamasining “Jurnalist kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 1999-yil 26-fevraldagi 88-son qarori 2-bandining uchinchi va to‘rtinchi xatboshi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 2-iyun,
PQ-92-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005-y., 22-son, 158-modda)