Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat ishtirokidagi korxonalarning boshqaruv organlarida davlat vakillarining samarali ishtirokini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
“Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 24-martdagi PQ-101-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, davlat vakillarining faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Davlat ishtirokidagi korxonalardagi davlat vakillarining faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
davlat ishtirokidagi korxonalarning aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishida davlat nomidan ishtirok etadigan shaxslar va kun tartibidagi oldindan kelishiladigan masalalar;
davlat ishtirokidagi korxonalar sof foydasidan dividend (ajratma) miqdorini Davaktiv agentligi bilan kelishish tartibi;
davlat ishtirokidagi korxonalarning aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishi kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan xabarnoma va hujjatlarni taqdim etish tartibi va muddatlari.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Davlat ishtirokidagi korxonalarda davlat nomidan aksiyador (ishtirokchi) funksiyalarini amalga oshiruvchi vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari korxonalarning boshqaruv organlarining yigʻilishlarida davlat vakillarining ishtirokini taʼminlashda hamda kun tartibiga kiritilgan masalalar boʻyicha qaror qabul qilishda mazkur qaror talablariga qatʼiy rioya qilinishini taʼminlasin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
3. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 40-moddasi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J. Ortiqov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 14-avgust,
373-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 373-son qaroriga
ILOVA
Davlat ishtirokidagi korxonalardagi davlat vakillarining faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
Mazkur Nizom davlat ishtirokidagi korxonalarning aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishida davlat vakilining davlat aksiyalar paketi (ulushi) boʻyicha ishtirok etishi va ovoz berish tartibini belgilaydi.
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Oldingi tahrirga qarang.
vakolatli organ — davlat ishtirokidagi korxonalarda davlat nomidan aksiyador (ishtirokchi) funksiyalarini amalga oshiruvchi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, maxsus vakolatli davlat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari;
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
davlat vakili — davlat ulushini ishonchli boshqarishni amalga oshiradigan investitsiya aktivlari boʻyicha ishonchli boshqaruvchi yoki tegishli ishonchnomaga asosan davlat ulushi boʻyicha ovoz berish vakolatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs yoxud davlat ulushi boʻyicha davlat ishtirokidagi korxonaning kuzatuv kengashi tarkibiga saylangan shaxs, davlat ulushi boʻyicha saylangan mustaqil aʼzolar bundan mustasno.
2-bob. Davlat vakilining davlat ishtirokidagi korxonalar aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishida ishtirok etish va kun tartibidagi masalalarni kelishish tartibi
2. Vakolatli organ davlat ulushi ishonchli boshqaruvga berilganligi yoki ishonchli boshqaruv shartnomasi bekor qilinganligi toʻgʻrisida davlat ishtirokidagi korxonani ishonchli boshqaruv shartnomasi imzolangan yoki bekor qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida xabardor qiladi.
3. Davlat vakili davlat ishtirokidagi korxonaning aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishining kun tartibiga quyidagi masalalar kiritilganda ular boʻyicha ovoz berish tartibini oldindan kelishib oladi, jumladan:
a) tegishliligi boʻyicha vakolatli organ bilan:
korxonani qayta tashkil etish yoki tugatish;
shuʼba va tobe xoʻjalik jamiyatlarini tashkil etish;
tashkiliy tuzilmani tasdiqlash;
korxona ijroiya organini saylash, tayinlash, yollash, uning vakolatlarini muddatidan oldin bekor qilish;
eʼlon qilingan aksiyalarning eng yuqori miqdorini belgilash;
aksiyalarni boʻlish va konsolidatsiyalash;
korxonaning ustav fondi (ustav kapitali) miqdorini koʻpaytirish yoki kamaytirish;
mulkni garovga berish;
yirik bitim tuzish yoki korxonaning affillangan shaxslari bilan bitimlar tuzish;
b) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan sof foydani taqsimlash va uning bir qismini dividendlarga yoʻnaltirish (keyingi oʻrinlarda — kelishiladigan masalalar).
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-martdagi PQ-101-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari.
4. Kelishiladigan masalalardan tashqari qolgan masalalar boʻyicha davlat vakili qonunchilikka va davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq mustaqil ravishda qarorlar qabul qiladi.
5. Davlat ulushi ishonchli boshqaruvga berilmagan davlat ishtirokidagi korxonalarda kuzatuv kengashi mavjud boʻlmagan hollarda, kuzatuv kengashi tashkil etilgunga qadar aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishi kun tartibidagi kelishiladigan masalalar yuzasidan ovoz berish tartibi toʻgʻrisidagi koʻrsatma davlat vakiliga ishonchnoma bilan bir paytda berilishi lozim.
6. Kelishiladigan masalalar aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishi kun tartibiga kiritilganda aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishini chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab oʻn ish kunidan kechiktirmay, ushbu masalalar boʻyicha ovoz berish tartibini kelishish uchun davlat vakili mazkur Nizomga 1-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq yozma xabarnomani vakolatli organga kun tartibidagi masalalar boʻyicha zarur axborotni (materiallarni) ilova qilgan va koʻrsatilgan masalalar boʻyicha ovoz berish tartibi boʻyicha oʻz takliflarini koʻrsatgan holda taqdim etadi.
7. Xabarnoma davlat ulushini ishonchli boshqarishni amalga oshiradigan investitsiya aktivlarini ishonchli boshqaruvchi yoki kuzatuv kengashining davlat ulushi boʻyicha saylangan aʼzolari tomonidan imzolanishi lozim, davlat ulushi boʻyicha saylangan mustaqil aʼzolar bundan mustasno.
Uzrli sabablarga koʻra kuzatuv kengashining davlat ulushi boʻyicha saylangan aʼzosi (aʼzolari) xabarnomani imzolamagan boʻlsa, xabarnomada ularni imzolamaganligining sabablari koʻrsatilishi lozim.
8. Vakolatli organ kelishiladigan masalalar boʻyicha ovoz berish tartibi toʻgʻrisida yozma koʻrsatmani ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq davlat vakiliga xabarnoma kelib tushgan sanadan boshlab oʻn ish kunidan kechiktirmay, biroq yigʻilish oʻtkaziladigan sanadan kamida bir kun oldin beradi.
9. Kelishiladigan masalalar yuzasidan koʻrsatma berish uchun davlat vakili tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar (materiallar) yetarli boʻlmagan taqdirda, vakolatli organ davlat vakilidan qoʻshimcha maʼlumotlarni soʻrab olishi yoki, zaruratga koʻra, mutasaddi vazirlik va idoralarga tegishli soʻrov bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Bunda xabarnomani koʻrib chiqish muddati uzaytirilishi mumkin, biroq ushbu muddat aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishini oʻtkazish sanasidan kech boʻlmasligi kerak.
10. Davlat vakiliga beriladigan koʻrsatma vakolatli organning rahbari yoki ushbu vakolat taqdim etilgan rahbar oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
11. Davlat ulushi boʻyicha aksiyador (ishtirokchi) funksiyalari vakolatli organning hududiy boshqarmasi tomonidan amalga oshirilganda, ovoz berish boʻyicha koʻrsatma vakolatli organning tegishli hududiy boshqarmasining rahbari tomonidan imzolanadi.
12. Davlat vakilining mazkur Nizomda belgilangan muddatlarda taqdim etilgan yozma xabarnomasiga vakolatli organning koʻrsatmasi belgilangan muddatlarda berilmagan taqdirda yoki aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishini qoldirish toʻgʻrisida koʻrsatma berilmagan boʻlsa, kelishiladigan masalalar boʻyicha davlat vakili qonunchilikka va davlat mulkini ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq mustaqil ravishda qarorlar qabul qiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonunining 42-moddasi.
13. Agar davlat vakili tomonidan xabarnoma belgilangan muddatlar buzilgan holda taqdim etilishi natijasida vakolatli organ tomonidan tegishli koʻrsatma berilmagan boʻlsa, davlat vakili kelishiladigan masalalarni muhokama qilishda va ular boʻyicha ovoz berishda ishtirok etmaydi.
14. Vakolatli organ aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishida ishtirok etish va kun tartibidagi kelishiladigan masalalar boʻyicha ovoz berish uchun davlat vakilidan boshqa shaxslarga yigʻilishda ishtirok etish uchun ishonchnoma va yigʻilish kun tartibidagi masalalar boʻyicha ovoz berish yuzasidan koʻrsatma berish huquqiga ega.
15. Agar aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishi muayyan sabablarga koʻra qoldirilsa, vakolatli organ tomonidan berilgan koʻrsatmalar, basharti davlat vakili berilgan koʻrsatmalarni qayta koʻrib chiqish zarurligiga olib keladigan holatlar va dalillarning oʻzgargani toʻgʻrisida axborot taqdim etmagan boʻlsa, qoldirilgan aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishining oʻtkazish kuniga qadar oʻz kuchini saqlaydi.
16. Aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishida kelishiladigan masalalar yuzasidan vakolatli organning koʻrsatmasini olmasdan ovoz berilgan yoki koʻrsatmadan oʻzgacha ovoz berilgan taqdirda, davlat vakili uch ish kunidan kechiktirmay bu haqida vakolatli organni yoki uning hududiy organini yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Ushbu holatda vakolatli organ yoki ularning hududiy organlari xabarnoma kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida davlat vakiliga uning keyingi harakatlari yuzasidan koʻrsatma yuboradi.
17. Vakolatli organ davlat vakilidan kelib tushadigan xabarnomalar hamda ovoz berish tartibi boʻyicha ularga berilgan koʻrsatmalarning hisobini olib boradi.
18. Davlat ulushini ishonchli boshqarishni amalga oshirayotgan investitsiya aktivlari boʻyicha ishonchli boshqaruvchi tomonidan kelishiladigan masalalar boʻyicha vakolatli organ bilan kelishilmasdan yoki vakolatli organning koʻrsatmasidan oʻzgacha tarzda ovoz berilishi, u bilan tuzilgan ishonchli boshqaruv shartnomasini bekor qilish uchun asos boʻladi.
19. Davlat vakili tomonidan ushbu Nizom 3-bandining “b” kichik bandida koʻrsatilgan davlat ishtirokidagi korxonalar sof foydasidan dividend (ajratma) hisoblash masalasini Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan kelishish Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Davlat vakillari taqdim etgan maʼlumotlarining toʻliqligi va toʻgʻriligi uchun masʼul hisoblanadi.
21. Mazkur Nizom talablari bajarilishi ustidan nazorat vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
22. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Davlat ishtirokidagi korxonalardagi davlat vakillarining faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA

_______________________

(vakolatli organning nomi)

__________________________________________________ manzilida joylashgan aksiyadorlik jamiyati (masʼuliyati cheklangan jamiyat) ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat aksiyalar paketi (ulushlari) boʻyicha davlat manfaatlarini ifodalaydigan
_________________________________________________________________________

(davlat vakili)

______________________________________________________ aksiyadorlik jamiyati (masʼuliyati cheklangan jamiyati)ning aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisida


‎XABARNOMA

Sana: ________________ Vaqt: ________________
Joy:

_________________________________________________________________________

KUN TARTIBI

1. ____________________
‎2. ____________________
‎3. ____________________
‎4. ____________________
‎5. ____________________

________________________________________________________________________

(koʻrsatilgan masalalar boʻyicha ovoz berish tartibiga doir davlat vakilining takliflari)

Davlat vakilining aloqa
‎bogʻlash telefoni __________________________________________________________
Xabarnoma tuzilgan sana: ___________________________________________________
Davlat vakil (lar)i:

_____________

________________________________

(imzo)

F.I.O.

Davlat ishtirokidagi korxonalardagi davlat vakillarining faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
20 ___ yil “___” ____________ dagi ______-son

____________________________________________________ aksiyadorlik jamiyati (masʼuliyati cheklangan jamiyat) ustav fondlaridagi (ustav kapitallaridagi) davlat aksiyalar paketi (ulushlari) boʻyicha davlat manfaatlarini ifodalaydigan
‎______________________________________________________________________________ ga

(davlat vakili)

__________________________ da oʻtkaziladigan _____________________________ aksiyadorlik

(yigʻilish sanasi)

jamiyati (masʼuliyati cheklangan jamiyat) aksiyadorlari (ishtirokchilari) umumiy yigʻilishida (yagona aksiyador, ishtirokchi qarori boʻyicha) ovoz berish tartibi toʻgʻrisida

KOʻRSATMA

1. Birinchi masala boʻyicha _____________________________ (suz bilan koʻrsatilgan) ovoz berish

(yoqlab/qarshi/betaraf)

2. Ikkinchi masala boʻyicha _____________________________ (soʻz bilan koʻrsatilgan) ovoz berish

(yoqlab/qarshi/betaraf)

3. Uchinchi masala boʻyicha ______________________________ (suz bilan koʻrsatilgan) ovoz berish

(yoqlab/qarshi/betaraf)

4. Toʻrtinchi masala boʻyicha _____________________________ (suz bilan koʻrsatilgan) ovoz berish

(yoqlab/qarshi/betaraf)

5. Beshinchi masala boʻyicha _____________________________ (suz bilan koʻrsatilgan) ovoz berish

(yoqlab/qarshi/betaraf)

Rahbar (uning oʻrinbosari)

_______________

_____________________________

(imzo)

F.I.O.

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2023-y., 09/23/373/0604-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)