Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining
buyrugʻi
Ishga qabul qilish chogʻida tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 14-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3451]
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 123-moddasiga muvofiq buyuraman:
1. Ishga qabul qilish chogʻida tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir B. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 26-iyun,
52-2023/B-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi K. RAFIKOV
2023-yil 7-iyun
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Raisi D. VAXABOV
2023-yil 9-iyun
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A. BURXANOV
2023-yil 26-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2023-yil 26-iyundagi 52-2023/B-son buyrugʻiga
ILOVA
Ishga qabul qilish chogʻida tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi
NAMUNAVIY NIZOM
Mazkur Namunaviy nizom mulkchilik shaklidan va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, tashkilotlarga (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) ishga qabul qilish chogʻida tanlov oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Ushbu Namunaviy nizom talablari ishga qabul qilish uchun tanlov oʻtkazish tartibi alohida qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan tashkilotlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 27-moddasi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Namunaviy nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
nomzod — tashkilotdagi boʻsh (vakant) boʻlgan muayyan ish oʻrnini (lavozimni) egallash uchun tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan shaxs;
malaka talablari — nomzodlarga nisbatan ish beruvchi tomonidan belgilanadigan, ish tajribasiga va kasbiy kompetensiyasiga doir talablar.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Ishga qabul qilish boʻyicha tanlovni oʻtkazish vaqtida nomzodlarga jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, qarindoshlarida sudlanganlikning mavjudligi, mulkiy holati va mansab mavqeyi, yashash joyi, dinga boʻlgan munosabati, eʼtiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek ularning ishchanlik sifatlari va mehnati natijalari bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa jihatlariga qarab mehnat va mashgʻulotlar sohasida biror-bir toʻgʻridan toʻgʻri yoki bilvosita cheklovlar belgilash, xuddi shuningdek imtiyozlar berish kamsitish deb hisoblanadi va bunga yoʻl qoʻyilmaydi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2024-yil 24-dekabrdagi 17-2024/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3451-1, 17.01.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2025-y., 10/25/3451-1/0048-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19-moddasi.
2-bob. Ishga qabul qilish chogʻida tanlovni tashkil etish va oʻtkazish
3. Ish beruvchi tanlovni tashkilotdagi boʻsh (vakant) ish oʻrni uchun munosib nomzodlarni tanlash maqsadida tashkil etadi va oʻtkazadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktabrdagi PF-5843-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni.
4. Ishga qabul qilish chogʻida tanlovning oʻz vaqtida va sifatli tashkil etilishi va oʻtkazilishini taʼminlash uchun tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan doimiy faoliyat yuritadigan tanlov komissiyasi (bundan buyon matnda Tanlov komissiyasi deb yuritiladi) tashkil etiladi.
5. Ishga qabul qilish chogʻida tanlov tashkilot tizimida mavjud boʻsh (vakant) ish oʻrinlaridan kelib chiqqan holda yilning har choragida kamida bir marta oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Tanlov komissiyasi tarkibi tashkilotning xodimlari orasidan kamida besh kishidan iborat va toq sonli tarkibda shakllantiriladi.
Bunda, tashkilot rahbari yoki uning oʻrinbosari Tanlov komissiyasi raisi hamda tashkilotning inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish boʻyicha tarkibiy boʻlinmasi rahbari yoki bunga masʼul xodimi Tanlov komissiyasi kotibi hisoblanadi.
Tanlov komissiyasi tarkibiga kelishuv asosida tegishli sohaning malakali mutaxassislari, fuqarolik jamiyati institutlari, oliy taʼlim tashkilotlari yoki davlat organi va tashkiloti huzuridagi jamoatchilik kengashlarining vakillari ham kiritilishi mumkin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2024-yil 24-dekabrdagi 17-2024/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3451-1, 17.01.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2025-y., 10/25/3451-1/0048-son)
7. Tanlov komissiyasi uning aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Tanlov komissiyasining qarori oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va majlisda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Berilgan ovozlar soni teng boʻlib qolgan taqdirda, Tanlov komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
8. Tanlov komissiyasi tarkibiga nomzodning yaqin qarindoshi yoki tanlovning natijasidan bevosita yoki bilvosita manfaatdor boʻlgan yoxud tanlovning xolis oʻtkazilishiga taʼsir koʻrsatadigan shaxslar kiritilishi mumkin emas.
9. Tanlov komissiyasi quyidagi huquqlarga ega hisoblanadi:
tanlov oʻtkazish vaqtini belgilash;
tanlovning sifatli oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida komissiya tarkibiga professional va malakali mutaxassislarni jalb qilish;
malakali kadrlarning tanlab olinishini taʼminlash maqsadida tanlov tadbirlari oʻtkazilish jarayonini nazorat qilish.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-bobi.
10. Tanlov komissiyasi quyidagilarga majbur hisoblanadi:
nomzodning hujjatlarini qabul qilish va ularni oʻrganib chiqish;
nomzodning shaxsga doir maʼlumotlarini uning roziligisiz oshkor qilmaslik;
tanlovni oʻtkazish vaqtida nomzodlarga beriladigan savollarni sifatli va boʻsh (vakant) ish oʻrni uchun belgilangan malaka talablariga muvofiq ishlab chiqish.
11. Tanlov quyidagi bosqichlardan iborat hisoblanadi:
tanlovning oʻtkazilishi toʻgʻrisida eʼlon berish;
nomzodning hujjatlarini qabul qilish va ularni oʻrganib chiqish;
nomzodni test, suhbat va (yoki) amaliy mashgʻulot sinovlaridan oʻtkazish (bundan buyon matnda tanlov tadbirlari deb yuritiladi);
tanlov natijalarini eʼlon qilish.
12. Tanlov komissiyasi kotibi tomonidan tanlov tadbirlari oʻtkazilishidan kamida bir oy oldin tashkilotning rasmiy veb-saytida boʻsh (vakant) ish oʻrinlari boʻyicha maʼlumotlar (boʻsh (vakant) ish oʻrni va unga qoʻyiladigan malaka talablari, lavozim majburiyatlari, ish haqi) hamda tanlov oʻtkazish joyi va kunlari, tanlov tadbirlarida berilishi mumkin boʻlgan savollarning namunaviy roʻyxati joylashtiriladi.
13. Nomzodlarga qulaylik yaratish maqsadida tashkilotga kirish joylarida nomzodlarni saralash tartibi, ularga qoʻyiladigan talablar haqidagi maʼlumotlar qayd etilgan axborot stendlari majburiy tartibda joylashtirilishi lozim.
14. Nomzodlar Tanlov komissiyasiga mazkur Namunaviy nizomning ilovasiga muvofiq shakldagi ariza bilan yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.
15. Tanlov komissiyasi tomonidan nomzodning arizasi kelib tushgan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida unda koʻrsatilgan maʼlumotlar oʻrganib chiqiladi.
16. Nomzod tomonidan ariza va maʼlumotlar mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq taqdim etilmagan boʻlsa yoki arizada tegishli maʼlumotlar toʻliq koʻrsatilmagan yoxud notoʻgʻri koʻrsatilgan boʻlsa, Tanlov komissiyasi tomonidan nomzodga kamchiliklarni bartaraf etib, qayta murojaat qilish mumkinligi toʻgʻrisida ushbu ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida yozma yoki elektron shaklda maʼlum qilinadi.
17. Tanlov tadbirlari boshlanishiga besh ish kunidan kam muddat qolganda murojaat qilgan nomzodlar ushbu tanlovda emas, balki keyingi tanlovda ishtirok etishlari mumkin boʻladi.
18. Nomzodga bir vaqtning oʻzida tashkilotdagi bir necha boʻsh (vakant) ish oʻrinlari uchun tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
19. Tanlovda qatnashish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilgan nomzodlarga tanlov tadbirlari boshlanishidan kamida bir hafta oldin tanlov tadbirlarining boshlanish vaqti va joyi haqida Tanlov komissiyasi tomonidan xabar beriladi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2024-yil 24-dekabrdagi 17-2024/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3451-1, 17.01.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2025-y., 10/25/3451-1/0048-son)
20. Tanlov davlat tilida, shuningdek nomzodning soʻroviga koʻra u tanlagan xorijiy tilda oʻtkazilishi mumkin.
21. Nomzodning boʻsh (vakant) ish oʻrni uchun belgilangan malaka talablariga muvofiqligini, shuningdek uning ish tajribasi va kasbiy kompetensiyasini aniqlash uchun Tanlov komissiyasi tomonidan test, suhbat va amaliy mashgʻulot sinov tadbirlarining barchasi yoki ulardan biri oʻtkazilishi mumkin.
22. Tanlov tadbirlari oʻtkazilayotgan xonaga nomzodlar tomonidan mobil aloqa vositasi, kompyuter yoki boshqa aloqa va telekommunikatsiya vositalari, kitob, lugʻat, shpargalka va boshqa materiallar olib kirish hamda foydalanish, shuningdek boshqa nomzodlar bilan suhbatlashish taqiqlanadi.
Bunda, ushbu taqiqlangan materiallarni olib kirgan yoki foydalangan, shuningdek tanlov tadbirlari vaqtida boshqa nomzodlar bilan suhbatlashgan nomzod tanlov tadbirlarini oʻtkazish tartibini buzgan deb hisoblanadi hamda dalolatnoma asosida tanlov tadbirlaridan chetlashtiriladi.
23. Tanlov tadbirlarini oʻtkazish vaqtida nomzodning natijalari (tanlov natijalari) ballik tizimda baholanadi.
24. Tanlov tadbirlari faqat test sinovlari boʻyicha oʻtkazilgan taqdirda nomzodning natijalari 100 ballik tizimda baholanadi. Bunda, test savollari 50 tani va har bir toʻgʻri javob 2 ballni tashkil qiladi.
25. Tanlov tadbirlari faqat suhbat shaklida oʻtkazilgan taqdirda nomzodning natijalari 5 ballik tizimda baholanadi. Bunda, Tanlov komissiyaning har bir aʼzosi nomzodni quyidagi mezonlarga asosan baholaydi:
berilgan savollarga toʻliq va aniq javob berishi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq tizimli bilimlarga ega boʻlishi, ulardan oʻz kasb faoliyatida mustaqil foydalanishni bilishi, ijtimoiy muammolar va jarayonlarni mustaqil tahlil qila olishi — 5 ball;
berilgan savollarga aniq, biroq toʻliq javob berolmasligi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq bilimlarga ega boʻlishi, ulardan oʻz kasb faoliyatida foydalanishni bilishi, ijtimoiy muammolar va jarayonlarni tahlil qila olishi — 4 ball;
berilgan savollarga toʻliq javob berolmasligi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq bilimlarga yetarli darajada ega boʻlishi, ulardan oʻz kasb faoliyatida foydalanishni bilishi — 3 ball;
berilgan savollarga noaniq javob berishi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq bilimlarga ega boʻlishi, ulardan oʻz kasb faoliyatida foydalanishni bilmasligi — 2 ball;
berilgan savollarga noaniq javob berishi, faoliyat sohasi bilan bogʻliq bilimlarga yetarli darajada ega emasligi — 1 ball;
berilgan savollarga umuman javob bera olmasligi — 0 ball.
26. Tanlov tadbirlari faqat amaliy mashgʻulotlarni bajarish shaklida oʻtkazilgan taqdirda nomzodning natijalari 5 ballik tizimda baholanadi. Bunda, Tanlov komissiyasining har bir aʼzosi nomzodni quyidagi mezonlarga asosan baholaydi:
mashgʻulotni sifatli, mehnatni muhofaza qilish, texnika, yongʻin xavfsizligi va mashgʻulotni bajarishda rioya etilishi kerak boʻlgan boshqa qoidalarga rioya qilgan holda hamda belgilangan vaqtda bajarishi — 5 ball;
mashgʻulotni sifatsiz, mehnatni muhofaza qilish, texnika, yongʻin xavfsizligi va mashgʻulotni bajarishda rioya etilishi kerak boʻlgan boshqa qoidalarga rioya qilgan holda hamda belgilangan vaqtda bajarishi — 4 ball;
mashgʻulotni sifatsiz, mehnatni muhofaza qilish, texnika, yongʻin xavfsizligi va mashgʻulotni bajarishda rioya etilishi kerak boʻlgan boshqa qoidalarga rioya qilmasdan, belgilangan vaqtda bajarishi — 3 ball;
mashgʻulotni sifatsiz, mehnatni muhofaza qilish, texnika, yongʻin xavfsizligi va mashgʻulotni bajarishda rioya etilishi kerak boʻlgan boshqa qoidalarga rioya qilmasdan hamda belgilangan vaqtdan oʻtib bajarishi — 2 ball;
mashgʻulotni umuman bajara olmasligi — 0 ball.
27. Tanlov test, suhbat va amaliy mashgʻulot sinov tadbirlarining barcha shakllarida oʻtkazilgan taqdirda umumiy 100 ballik tizimda baholanadi. Bunda, test sinovlariga 30 ball, suhbat shakliga 40 ball va amaliy mashgʻulotlar uchun 30 ball berish tavsiya etiladi.
28. Tanlovning oshkora va xolis oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida Tanlov komissiyasi tanlov tadbirlarini onlayn rejimda ovozli videotranslatsiya qilishi kerak.
29. Tanlov natijasiga koʻra eng yuqori ball toʻplagan nomzod tanlov gʻolibi hisoblanadi va u boʻsh (vakant) ish oʻrni mavjud boʻlgan taqdirda ishga qabul qilinadi.
30. Tanlov gʻolibi oʻz arizasiga koʻra mehnat shartnomasini tuzishdan bosh tortgan taqdirda, Tanlov komissiyasi qaroriga asosan eng yuqori balldan keyingi oʻrinni egallagan nomzod tanlov gʻolibi deb topiladi.
31. Tanlov natijalari u oʻtkazilgan kunning oʻzida eʼlon qilinadi va Tanlov komissiyasining barcha aʼzolari tomonidan imzolanadigan, komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadigan bayonnomada qayd etiladi.
Bunda, bayonnomada quyidagilar koʻrsatiladi:
bayonnoma raqami va qabul qilingan sanasi;
tanlovda ishtirok etgan komissiya aʼzolari roʻyxati;
nomzodga tushgan savollar va ularga berilgan javoblarning mazmuni;
tanlov natijalari;
tanlovda gʻolib deb topilgan, shuningdek tanlovdan oʻta olmagan nomzodlar roʻyxati;
komissiya qarori ustidan shikoyat qilish tartibi.
32. Tanlovda gʻolib boʻlmagan nomzodlar boʻsh (vakant) ish oʻrni uchun keyingi tanlovda nomzod sifatida ishtirok etishi mumkin.
3-bob. Nomzodlarning apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish
33. Nomzodlarning apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan tashkilotning kamida besh nafar mutaxassislaridan iborat tarkibda Apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Bunda, Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga boshqa davlat organlari va tashkilotlaridan ham mutaxassislar kelishuv asosida jalb etilishi mumkin.
Tanlov tadbirlarini oʻtkazishga masʼul boʻlgan shaxslarning Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
34. Tanlov komissiyasi qaroridan norozi boʻlgan nomzodlar tanlov natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab bir oy ichida Apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya shikoyati berishlari mumkin.
Bunda, Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan nomzodni shikoyat koʻrib chiqilishidan ikki kun oldin uni koʻrib chiqish vaqti va joyi haqida ogohlantiradi.
35. Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyatini, u kelib tushgan kundan boshlab besh kun muddat ichida koʻrib chiqadi. Bunda, apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan nomzod mazkur shikoyatni koʻrib chiqishda ishtirok etish huquqiga ega.
36. Apellyatsiya komissiyasi unda aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Apellyatsiya komissiyasining qarori oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va majlisda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Berilgan ovozlar soni teng boʻlib qolgan taqdirda, Apellyatsiya komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
37. Apellyatsiya komissiyasi tanlov jarayonida nomzodning bergan javoblari va bajargan amaliy mashgʻulotlarini ular aks etgan videotasvirlarni koʻrish orqali tekshiruvdan oʻtkazadi. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish davomida nomzodga uni qayta baholashga qaratilgan savollar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
38. Shikoyatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Apellyatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
tanlov natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish;
tanlov natijalariga oʻzgartirish kiritish va nomzod tanlovni muvaffaqiyatli topshirgan deb topish.
Apellyatsiya shikoyatini koʻrishda nomzodning tanlovda olgan natijasini pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
39. Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan nomzodga oʻz qarorini u qabul qilingan kunning oʻzida maʼlum qilishi kerak.
40. Apellyatsiya komissiyasining tanlov natijalariga oʻzgartirish kiritish va nomzod tanlovni muvaffaqiyatli topshirgan deb topish toʻgʻrisidagi qarori asosida u boʻsh (vakant) ish oʻrni uchun ishga tavsiya etilgan deb hisoblanadi.
41. Apellyatsiya komissiyasi qarori ustidan nomzod yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.
4-bob. Yakuniy qoida
42. Ushbu Namunaviy nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Ishga qabul qilish chogʻida tanlov oʻtkazish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga
ILOVA
Ishga qabul qilish boʻyicha tanlovni oʻtkazishda tashkilotga nomzod tomonidan taqdim etiladigan arizaning
NAMUNAVIY SHAKLI
Oldingi tahrirga qarang.

Tanlov komissiyasiga

1.

Ariza beruvchi nomzodning F.I.O:

2.

Yashash manzili (respublika, viloyat, shahar, tuman, qishloq, ovul, koʻcha xonadon raqami) toʻliq koʻrsatiladi):

3.

JSHIR raqami:

4.

Pasport yoki ID-karta maʼlumotlari:

(seriyasi, raqami, kim tomonidan va qachon berilgan)

5.

Bogʻlanish uchun telefon:

6.

Maʼlumoti:

(umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy)

7.

Tugatgan taʼlim tashkilotining nomi:

8.

Diplom (shahodatnoma) boʻyicha mutaxassisligi, uning seriyasi, raqami, berilgan sanasi va bergan taʼlim tashkilotining nomi:

9.

Malaka oshirganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (qachon va qaysi tashkilot tomonidan berilgani, seriyasi va raqami, qaysi mavzu boʻyicha malaka oshirganligi) (agar mavjud boʻlsa):

10.

Malaka toifasiga ega ekanligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (qachon va qaysi tashkilot tomonidan berilgani, seriyasi va raqami, qaysi ixtisoslik boʻyicha toifa berilgani) (agar mavjud boʻlsa):

11.

Umumiy ish staji (agar mavjud boʻlsa), shundan boʻsh (vakant) ish oʻrni uchun talab etiladigan mutaxassislik boʻyicha:

12.

Ariza toʻldirilgan sana:

13.

Shaxsga doir maʼlumotlardan foydalanishga roziligi (ariza beruvchi shaxsning imzosi):

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirining 2024-yil 24-dekabrdagi 17-2024/B-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3451-1, 17.01.2025-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2025-y., 10/25/3451-1/0048-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2023-y., 10/23/3451/0593-son; 20.01.2025-y., 10/25/3451-1/0048-son)