Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining ehtiyojdan ortiqcha qismini sotish tartibini belgilash toʻgʻrisida
Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligi qoplanishini taʼminlash, jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotish tartibini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Gidroenergetikani yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 10-dekabrdagi PQ-44-son qaroriga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun oʻrnatiladigan quvvati 1 MVtgacha boʻlgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasining oʻz ehtiyojidan ortiqcha qismi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va kelgusida davlat tomonidan elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish funksiyasi (vakolati) berilgan organ tomonidan (kafolatlangan tarzda II tarif guruhi isteʼmolchilari uchun belgilangan tarifning 80 foizi miqdorida) isteʼmolchi xohishiga koʻra, kamida 10 yil muddat davomida xarid qilinishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 16-fevraldagi PQ-57-son qaroriga muvofiq, “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida jismoniy shaxslarga tegishli obyektlarda oʻrnatilgan quyosh panellarida ishlab chiqarilgan va oʻz isteʼmolidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga (ijobiy tafovut uchun) Davlat budjetidan 1 000 soʻmdan subsidiya ajratilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining oʻz ehtiyojidan ortiqcha qismini sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
isteʼmolchilar oʻz ehtiyojlari uchun oʻrnatiladigan quvvati 20 kVtgacha boʻlgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalari monitoringini yuritish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari oʻrnatganligi haqida onlayn platforma orqali “Hududiy elektr tarmoqlari” AJni xabardor qiladilar;
2023-yil 20-iyunga qadar “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Elektrhisob” dasturi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining “Yashil energiya” va Soliq qoʻmitasining “Soliq” tizimlari bilan integratsiya qilinadi;
2023-yil 20-iyundan boshlab Energetika vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Soliq qoʻmitasiga “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida yagona energetika tizimiga elektr energiyasi uzatish toʻgʻrisida shartnoma tuzgan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami va shartnomaga oid maʼlumotlar, yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan va tizimdan isteʼmol qilingan elektr energiyasi hajmlari oʻrtasidagi ijobiy tafovut (keyingi oʻrinlarda — ijobiy tafovut hajmi) miqdori haqida maʼlumotlar taqdim etib boriladi.
4. Shunday tartib joriy etilsinki, unga koʻra:
ijobiy tafovut hajmiga subsidiya ajratilishi uchun jismoniy shaxslar soliq organlarining “Soliq” mobil ilovasida roʻyxatdan oʻtadilar;
ijobiy tafovut hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimi orqali shakllantirilib, “Soliq” mobil ilovasiga onlayn rejimda taqdim etiladi;
Soliq qoʻmitasi tomonidan har oyning yigirma beshinchi sanasidan kechiktirmay, avvalgi kalendar oy uchun jismoniy shaxslarga toʻlab beriladigan subsidiyani ajratish boʻyicha buyurtma Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuboriladi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi buyurtmaga asosan subsidiya ajratish uchun zarur mablagʻlarni Soliq qoʻmitasining gʻaznachilik maxsus hisobvaragʻiga bir ish kunidan kechiktirmay oʻtkazadi;
Soliq qoʻmitasi tomonidan vakolatli tijorat banklarida subsidiya uchun maxsus hisobvaraq ochiladi va har oy keyingi oyning yigirma beshinchi sanasiga qadar subsidiya oladigan jismoniy shaxslar reyestrini va ajratiladigan subsidiyani vakolatli tijorat banklariga taqdim etib boriladi;
tijorat banki maxsus hisobvaraqdagi mablagʻlar hisobidan subsidiya oladigan jismoniy shaxslarning bank plastik kartalariga ajratilgan subsidiyani toʻlab beradi.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Soliq qoʻmitasi Energetika vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda 2023-yil 20-iyunga qadar “Soliq” mobil ilovasida ijobiy tafovut hajmini onlayn rejimda (kilovatt soatlarda) aks ettirish va har bir kilovatt soat uchun subsidiyani mobil ilova orqali toʻlab berish imkoniyatini taʼminlasin.
6. Energetika vazirligi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda:
aholi xonadonlarida oʻz ehtiyojlari uchun oʻrnatiladigan quvvati 1 MVtgacha boʻlgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarini oʻrnatuvchi pudrat tashkilotlariga boʻlgan talablarni belgilash, mazkur elektr stansiyalarini foydalanishga qabul qilish boʻyicha xorijiy tajribani tahliliy oʻrganib chiqqan holda takomillashtirish yuzasidan keng koʻlamli chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ ishtirokida jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining ehtiyojdan ortiqcha qismini sotib olish toʻgʻrisidagi namunaviy shartnomani ishlab chiqsin va oʻz rasmiy veb-saytida joylashtirsin.
7. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ 2023-yil 1-iyulga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari oʻrnatilishi ustidan monitoring yuritish va ish sifatini oshirish maqsadida tizim korxonalarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilgan isteʼmolchilar bilan ishlash boʻlimlarini tashkil etsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 14-iyun,
247-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-iyundagi 247-son qaroriga
ILOVA
Jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining ehtiyojdan ortiqcha qismini sotish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining ehtiyojdan ortiqcha qismini sotish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom talablari quvvati 1 MVtgacha boʻlgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini sotish bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
elektr energiyasi — jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan quvvati 1 MVtgacha boʻlgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi;
elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi — quvvati 1 MVtgacha boʻlgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasining ehtiyojdan ortiqcha qismini sotuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs;
elektr energiyasini sotib oluvchi — quvvati 1 MVtgacha boʻlgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini oʻz tarmogʻiga qabul qiluvchi elektr tarmoqlari korxonalari yoki boshqa jismoniy va yuridik shaxslar.
4. Elektr energiyasi ishlab chiqaruvchisi tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib oluvchiga sotish tomonlar oʻrtasida imzolanadigan oldi-sotdi shartnomasi asosida amalga oshiriladi. Bunda:
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun oʻrnatiladigan quvvati 1 MVtgacha boʻlgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasining oʻz ehtiyojidan ortiqcha qismini ikki tomonlama — ishlab chiqaruvchi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va davlat tomonidan elektr energiyasini sotib olish funksiyasi (vakolati) berilgan organ oʻrtasida tuziladigan solishtirma dalolatnoma rasmiylashtirish orqali aniqlanadi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan kafolatlangan tarzda belgilangan tartibda sotib olinadi;
elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi oʻzi foydalanishi uchun hosil qilingan elektr energiyasini boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga oʻz elektr tarmoqlari orqali sotishi mumkin.
elektr energiyasini ishlab chiqaruvchining oʻz elektr tarmoqlari mavjud boʻlmagan holatlarda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tarmogʻidan tranzit xizmatlari uchun idoralararo tarif komissiyasi hujjatlarida belgilangan tarif asosida toʻlovlarni amalga oshirgan holda boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazib beriladi.
Jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining ehtiyojdan ortiqcha qismini sotish mazkur nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi va elektr energiyasini sotib oluvchi oʻrtasida oldi-sotdi shartnomasini tuzish tartibi
5. Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi oʻz ehtiyojidan ortiqcha boʻlgan elektr energiyasini sotish boʻyicha elektr energiyasini sotib oluvchiga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda taklif yuboradi:
elektr energiyasini ishlab chiqaruvchining qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining texnik tavsifi;
elektr energiyasini ishlab chiqaruvchining qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulash sxemasining nusxasi;
oylar kesimida bir yil davomida elektr energiyasini ishlab chiqarishning prognoz yillik hajmlari;
elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi tomonidan imzolangan elektr energiyasi oldi-sotdi shartnomasi.
6. Elektr energiyasini sotib oluvchi murojaat kelib tushgan sanadan boshlab 10 ish kuni mobaynida elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni texnik va iqtisodiy jihatdan oʻrganib chiqqanidan soʻng tomonlar oʻrtasida elektr energiyasi oldi-sotdi shartnomasi imzolanadi.
7. Tomonlar oʻrtasida tuziladigan elektr energiyasi oldi-sotdi shartnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi bilan tartibga solinadi.
3-bob. Hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi
8. Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi va sotib oluvchi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga muvofiq elektr energiyasini uzatish va isteʼmolini hisobga olish uskuna ASKUE tizimiga mos (pribor)larini oʻrnatadi.
9. Etkazib berilgan elektr energiyasi uchun toʻlovlar hisob-kitob oyidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar:
“Quyoshli xonadon” dasturi doirasida jismoniy shaxslarga tegishli obyektlarda oʻrnatilgan quyosh panellarida ishlab chiqarilgan va oʻz isteʼmolidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga (ijobiy tafovut) Davlat budjetidan 1 000 soʻmdan subsidiya ajratiladi (“Soliq” mobil ilovasi orqali);
jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun oʻrnatiladigan quvvati 1 MVtgacha boʻlgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan va oʻz isteʼmolidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga (kafolatlangan tarzda II tarif guruhi isteʼmolchilari uchun belgilangan tarifning 80 foizi miqdorida) “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan toʻlab beriladi (ushbu bandning ikkinchi xatboshisi bundan mustasno).
10. Hisob-kitob oyidan keyingi oyning 5-sanasiga qadar elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi va sotib oluvchi yetkazib berilgan va qabul qilingan elektr energiyasi toʻgʻrisida elektr energiyasini uzatish va isteʼmolini hisobga olish priborlari koʻrsatkichlari maʼlumotlarini oʻzaro almashadi.
11. Elektr energiyasini sotib oluvchi ishlab chiqaruvchiga hisob-kitob oyi uchun oʻz elektr tarmogʻiga qabul qilib olgan elektr energiyasi hajmi uchun shartnomada yoki qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib va tariflar boʻyicha haq toʻlaydi.
12. Hisob-kitob oyida elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi tomonidan sotib oluvchining elektr tarmogʻiga yetkazib berilgan elektr energiyasi hajmi sotib oluvchi tomonidan shu davr mobaynida qabul qilib olingan elektr energiyasi hajmida farqlar vujudga kelgan taqdirda, ishlab chiqaruvchi tomonidan yetkazib berilgan elektr energiyasining miqdori tomonlar oʻrtasida imzolanadigan koʻrsatkichlarni solishtirish dalolatnomasi asosida aniqlanadi.
13. Yuridik shaxslar yagona energetika tizimidan olgan elektr energiyasi uchun amalda belgilangan tariflar asosida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan hisob kitobni amalga oshiradi, oʻz navbatida ushbu isteʼmolchilar obyektlarida joriy etilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqarilgan va ehtiyojidan ortgan qismini II tarif guruhi isteʼmolchilari uchun belgilangan tarifning 80 foizi miqdorida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga sotadi.
Bunda yagona energetika tizimidan olingan va oʻz ehtiyojidan orttirib tarmoqqa uzatilgan elektr energiyasi uchun elektron hisob-faktura va solishtirma dalolatnoma taqdim etish orqali hisob kitoblar amalga oshiriladi.
14. Vujudga kelgan farqlar yuzasidan toʻlovlar, agar shartnomada boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, elektr energiyasi uchun joriy sotish tarifida amalga oshiriladi.
15. Elektr energiyasini sotib oluvchi ishlab chiqaruvchi tomonidan yetkazib berilgan elektr energiyasi miqdori uchun elektr energiyasini uzatish va isteʼmolini hisobga olish uskunasi (pribor)ning maʼlumotlariga koʻra tomonlar oʻrtasida imzolangan koʻrsatkichlarni solishtirish dalolatnomasi va hisob-fakturani olgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida toʻlovlarni amalga oshiradi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
16. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining ehtiyojdan ortiqcha qismini sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
Jismoniy shaxslar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining ehtiyojdan ortiqcha qismini sotish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Ijro muddati

1-bosqich

Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi

Oʻz ehtiyojidan ortiqcha boʻlgan elektr energiyasini sotish boʻyicha elektr energiyasini sotib oluvchiga mazkur Nizomning 5-bandida keltirilgan hujjatlarni ilova qilgan holda taklif yuboradi.

Doimiy ravishda

2-bosqich

Elektr energiyasini sotib oluvchi

Taqdim etilgan hujjatlarni texnik va iqtisodiy jihatdan oʻrganib chiqib elektr energiyasini oldi-sotdi shartnomasini imzolaydi.

Murojaat kelib tushgan sanadan boshlab 10 ish kuni mobaynida

3-bosqich

Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi va sotib oluvchi

Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga muvo�iq elektr energiyasini uzatish va isteʼmolini hisobga olish priborlarini oʻrnatadi.

Belgilangan muddatlarda

4-bosqich

Subsidiya mablagʻlarini ajratuvchi

Etkazib berilgan elektr energiyasi uchun toʻlovlarni amalga oshiradi:

“Quyoshli xonadon” dasturi doirasida oʻz isteʼmolidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatga (ijobiy tafovut) Davlat budjetidan 1 000 soʻmdan subsidiya ajratiladi (“Soliq” mobil ilovasi orqali);

Hisob-kitob oyidan keyingi oyning 25-sanasiga qadar

Elektr energiyasini sotib oluvchi

jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun oʻrnatiladigan quvvati 1 MVtgacha boʻlgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan va oʻz isteʼmolidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga (kafolatlangan tarzda II tarif guruhi isteʼmolchilari uchun belgilangan tarifning 80 foizi miqdorida) “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan toʻlab beriladi.

5-bosqich

Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi va sotib oluvchi

Etkazib berilgan va qabul qilingan elektr energiyasi toʻgʻrisida elektr energiyasini uzatish va isteʼmolini hisobga olish priborlari koʻrsatkichlari maʼlumotlarini oʻzaro almashadi.

Hisob-kitob oyidan keyingi oyning 10-sanasiga qadar

6-bosqich

Elektr energiyasini sotib oluvchi

Ishlab chiqaruvchiga oʻz elektr tarmogʻiga qabul qilib olgan elektr energiyasi hajmi uchun shartnomada yoki qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib va tariflar boʻyicha haq toʻlaydi.

Hisob-kitob oyida

7-bosqich

Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi va sotib oluvchi

Etkazib berilgan elektr energiyasi hajmi va shu davr mobaynida qabul qilib olingan elektr energiyasi hajmida farqlar vujudga kelgan taqdirda, uni koʻrsatkichlarni solishtirish orqali aniqlaydi, dalolatnoma tuzadi va oʻzaro imzolaydi.

Doimiy ravishda

8-bosqich

Elektr energiyasini sotib oluvchi

Vujudga kelgan farqlar yuzasidan toʻlovlarni, agar shartnomada boshqacha tartib belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, joriy sotish tarifida amalga oshiradi.

Doimiy ravishda

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2023-y., 09/23/247/0378-son)