Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.11.2023
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Statistika ma’lumotlarini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-noyabrdagi 612-sonli “Davlat xizmatlarini ko‘rsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoniga muvofiq statistika ma’lumotlarini taqdim etish xizmatining davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) orqali ko‘rsatilishi belgilab qo‘yilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Statistika ma’lumotlarini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Davlat xizmatlarini ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan statistika ma’lumotlarini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tizimini tartibga solish;
tegishli ma’lumotlarni olish uchun davlat xizmatlari markazida yoki YIDXP orqali elektron shaklda so‘rovnoma to‘ldirish, zarur ma’lumotlarning xususiyatlarini axborot tizimida belgilash hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasiga yuborish tartibi;
talab etilgan ma’lumotlarni to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng murojaatchiga taqdim etish tartibi.
3. Davlat statistika qo‘mitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
mazkur qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentga muvofiq davlat xizmatlarining YIDXP orqali joriy etilishini ta’minlasin;
davlat xizmatini ko‘rsatish uchun yig‘imlarning davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun to‘langan davlat bojlari va yig‘imlar summasi hisobini yurituvchi yagona billing tizimi orqali elektron shaklda to‘lanishini ta’minlasin.
4. Adliya vazirligi:
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishining belgilangan tartibiga rioya etilishi bo‘yicha ularning faoliyati yuzasidan, jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat o‘rnatsin;
ushbu qaror bilan tasdiqlangan davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy reglamentning talablari buzilgan hollarda davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy jazolarni qo‘llasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 24-noyabr,
672-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 24-noyabrdagi 672-son qaroriga
ILOVA
Statistika ma’lumotlarini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning
MA’MURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament davlat xizmatlari markazlari va O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) orqali Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan (keyingi o‘rinlarda — vakolatli organ) statistika ma’lumotlarini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
2. Davlat xizmatini ko‘rsatish murojaatchi talabiga asosan O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy holatini aks ettiruvchi rasmiy statistika sohasidagi statistika dasturlariga muvofiq tayyorlanadigan yig‘ma statistika ma’lumotlarini taqdim etish shaklida amalga oshiriladi.
3. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
statistika ma’lumotlari — statistika kuzatuvlari natijasida va (yoki) ma’muriy ma’lumotlar asosida tayyorlangan iqtisodiy, demografik, ijtimoiy, moliyaviy, ekologik xususiyatga hamda boshqa xususiyatga ega axborot;
rasmiy statistika — O‘zbekiston Respublikasining “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi Qonuni qoidalariga muvofiq davlat statistika organlari va rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilari tomonidan tayyorlanadigan hamda tarqatiladigan statistika ma’lumotlari;
individual ma’lumotlar — statistik birlikni tavsiflovchi, uni bevosita yoki bilvosita identifikatsiyalash imkonini beruvchi birlamchi ma’lumotlar;
yig‘ma statistika ma’lumotlari — statistik birlikni bevosita yoki bilvosita identifikatsiyalash imkonini bermaydigan, individual va/yoki birlamchi ma’lumotlar asosida umumlashtirilgan statistika ma’lumotlari;
murojaatchi — statistika ma’lumotlarini olish uchun murojaat etgan jismoniy va yuridik shaxslar yoki ularning qonuniy vakillari.
4. Murojaatchi mazkur davlat xizmati doirasida statistika dasturi va statistika faoliyatida yuritiladigan statistik tasniflar asosida shakllantiriladigan statistika ma’lumotlari, shuningdek ochiq manbalarda e’lon qilinadigan ma’lumotlarni olish imkoniyatiga ega.
5. Statistika ma’lumotlarini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmati ushbu Reglamentga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq ko‘rsatiladi.
2-bob. Davlat xizmatini ko‘rsatish tartibi
6. Murojaatchi davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatidan elektron shaklda foydalanish uchun YIDXPda ro‘yxatdan o‘tadi.
7. Murojaatchi o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, davlat xizmatlari markazlari xodimi murojaatchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mazkur Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi so‘rovnomani elektron ravishda mustaqil to‘ldiradi.
8. So‘rovnomaga zarur ma’lumotlar kiritilgandan so‘ng, murojaatchi ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Murojaatchi YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, so‘rovnomani elektron raqamli imzo (keyingi o‘rinlarda — ERI) bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
9. So‘rovnoma vakolatli organga kelib tushgandan so‘ng, so‘ralayotgan ma’lumotning mavjudligi va uning hisoblangan qiymati to‘g‘risida ikki ish kunidan oshmagan muddatda murojaatchining shaxsiy kabinetiga va/yoki Davlat xizmatlari markazi uning mobil telefon raqamiga SMS xabarnoma yuboradi.
10. Murojaatchi o‘z xohishiga ko‘ra, so‘rovnoma asosida shakllantirilgan ma’lumotlar hajmi bilan tanishib chiqib, tegishli elektron to‘lov tizimi orqali hisoblangan yig‘im summasini to‘laydi yoki xizmatdan foydalanishni rad etadi.
11. Davlat xizmati doirasida so‘rovnomaga asosan taqdim etiladigan har bir statistik ma’lumotni shakllantirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 0,08 foizi miqdorida, YIDXP orqali murojaat etganda esa — ushbu summaning 90 foizi miqdorida yig‘im undiriladi va bunda ko‘rsatkichning mavjud kesimlari asosida tayyorlangan har bir birlik ko‘rsatkich alohida hisoblanadi.
12. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari markazlari va (yoki) YIDXP orqali davlat xizmati ko‘rsatishda undiriladigan yig‘im bo‘yicha 50 foiz miqdorida chegirma qo‘llaniladi (tadbirkorlik faoliyati maqsadlarida yoki yuridik shaxslar vakili sifatida murojaat qilingan holatlar bundan mustasno).
13. Statistika ma’lumotlarini taqdim etish xizmati ko‘rsatilganligi uchun to‘langan summani tasdiqlash Yagona billing tizimi orqali amalga oshiriladi.
14. Yig‘im summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat etilganda:
20 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasi shaxsiy hisobvarag‘iga;
0,5 foizi — Yagona billing tizimi orqali tasdiqlangani uchun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Moliya vazirligi G‘aznachiligidagi maxsus hisob raqamiga;
qolgan mablag‘lar — O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasi shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga;
11,75 foizi — Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Moliya vazirligi G‘aznachiligidagi maxsus hisob raqamiga (shu jumladan 0,5 foizi — yagona billing tizimi orqali tasdiqlangani uchun);
qolgan mablag‘lar — O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
15. Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan davlat xizmati to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng ko‘rsatiladi hamda shakllantirilgan statistika ma’lumotlari davlat xizmatlari markazlariga, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda murojaatchiga besh ish kunidan oshmagan muddatda QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlangan holda Reglamentga 3-ilovaga muvofiq shaklda taqdim etiladi.
16. Quyidagi holatlar davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etish uchun asos bo‘lib hisoblanadi:
tarkibida davlat sirlari va qonunchilik bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir bo‘lgan, shuningdek individual ma’lumotlarni so‘rash;
shakllantirilishi statistika dasturida nazarda tutilmagan yoki shakllantirish muddati hali kelmagan statistika ma’lumotlarini so‘rash.
Davlat xizmatini ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi.
17. Murojaatchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Murojaatchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning so‘rovnomasi ko‘rib chiqilmasdan qoldiriladi. Bunda davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun to‘lov summasi qaytarilmaydi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Ushbu Reglament O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va boshqa me’yoriy hujjatlar asosida vazirliklar, davlat qo‘mitalari, korxonalar, tashkilot va muassasalarga belgilangan tartibda va statistika dasturida belgilangan muddatlarda taqdim etiladigan statistika ma’lumotlariga, shuningdek vakolatli organga bevosita yoki boshqa manbalar orqali kelgan murojaatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
19. Ma’muriy ma’lumotlarni taqdim etuvchi davlat organlari va tashkilotlari taqdim etilayotgan statistika ma’lumotlarining ishonchliligi, haqqoniyligi va dolzarbligini ta’minlaydilar.
Olingan ma’lumotlarda nomuvofiqliklar aniqlangan hollarda, murojaatchi ularga aniqlik kiritish maqsadida Davlat statistika qo‘mitasiga belgilangan tartibda murojaat qilishi mumkin.
Murojaatchilar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq shikoyat qilishlari mumkin.
20. Davlat xizmati doirasida olingan statistika ma’lumotlarini tarqatishda (qayta chop etishda) ma’lumot olingan manbaga majburiy tartibda havola berilishi shart.
21. Ushbu Reglament talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan davlat organining mansabdor shaxslari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
Statistika ma’lumotlarini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga
1-ILOVA
Statistika ma’lumotlarini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish muddatlari

1-bosqich

Murojaatchi

(yuridik yoki jismoniy shaxs)

Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) ro‘yxatdan o‘tadi.

O‘z xohishiga ko‘ra

2-bosqich

1. Davlat xizmatlari markazi

2. YIDXP

So‘rovnomani Davlat statistika qo‘mitasiga yuboriladi.

1. So‘rovnoma to‘ldirilgandan so‘ng real vaqt rejimida.

2. Avtomatik tarzda

3-bosqich

Davlat statistika qo‘mitasi

So‘rovnomaga ko‘ra ma’lumotning mavjudligi hamda qiymatini hisoblab chiqadi va davlat xizmatlari markaziga yoki murojaatchining shaxsiy kabinetiga ma’lum qiladi.

2 ish kunidan oshmagan muddatda

4-bosqich

Davlat xizmatlari markazi

Davlat xizmatlari markazi ma’lumotlarning mavjudligi va uning hisoblangan qiymati to‘g‘risida murojaatchining shaxsiy kabinetiga va/yoki uning mobil telefon raqamiga SMS xabarnoma yuboradi hamda uni murojaatchi tomonidan olinganligini tasdiqlaydi.

Real vaqt rejimida

5-bosqich

Murojaatchi

Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan hisoblangan summada to‘lovni amalga oshiradi.

O‘z xohishiga ko‘ra

6-bosqich

Davlat statistika qo‘mitasi

To‘lov amalga oshirilgandan so‘ng so‘ralgan ma’lumotlarni shakllantiradi va YIDXP orqali tegishliligi bo‘yicha davlat xizmatlari markaziga yoki murojaatchining shaxsiy kabinetiga yuboradi.

5 ish kunidan oshmagan muddatda

7-bosqich

Davlat xizmatlari markazi

Statistika ma’lumotlari kelib tushgandan so‘ng ularni murojaatchiga elektron shaklda taqdim etadi.

Real vaqt rejimida

Statistika ma’lumotlarini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga
2-ILOVA

Statistika ma’lumotlarini taqdim etish davlat xizmatidan foydalanish uchun

SO‘ROVNOMA

_______________

_______________

(sanasi)

(raqami)

I. Murojaatchi — jismoniy shaxs to‘g‘risida ma’lumot:

1. Familiyasi, ismi, otasining ismi

2. Pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma’lumotlari (JSHSHIR ma’lumotlari):

3. Telefon raqami:

4. Elektron pochta manzili (mavjud bo‘lsa):

5. So‘ralayotgan statistika ma’lumotlari bo‘yicha talab (nomi, davri va boshqalar):

6. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olinganligi, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lganligi:

II. Murojaatchi — yuridik shaxs to‘g‘risida ma’lumot:

1. Yuridik shaxsning nomi:

2. Yuridik shaxsning tashkiliy-huquqiy shakli:

3. STIR:

4. Pochta manzili:

5. Bank rekvizitlari:

(bank bo‘limi nomi, MFO va hisobvarag‘i)

6. Elektron pochta manzili (mavjud bo‘lsa):

7. Telefon raqami:

8. So‘ralayotgan statistika ma’lumotlari bo‘yicha talab (nomi, davri va boshqalar):

Statistika ma’lumotlarini taqdim etish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga
3-ILOVA

Statistika ma’lumotlarini taqdim etish davlat xizmatini ko‘rsatish natijasida shakllantirilgan ma’lumotlarini taqdim etish shakli

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali logotipining tasviri

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri

Davlat statistika qo‘mitasi (manzili, aloqa nomerlari, elektron manzili)

№ AVS-123456789-DEF
Hujjat yaratilgan sana: ___________________

(yil, kun, oy)

Kimga berilgan: _____________________________________________________

Murojaatchining F.I.O. / Tashkilotning nomi (oluvchi)

Murojaatchining identifikatsiya raqami: _________________________________________

PINFL/STIR

Hujjatning turi: statistik ma’lumotnoma

T/r

Ko‘rsatkich nomi

Ko‘rsatkichning kesimi

1.
2.
3.
...

Mazkur hujjat Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-sentabrdagi 728-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali to‘g‘risidagi nizomga muvofiq shakllantirilgan elektron hujjatning nusxasi hisoblanadi.

_________________________
QR-kod (matrik shtrixli kod)

Elektron hujjatning nusxasida ko‘rsatilgan ma’lumotlar to‘g‘riligini tekshirish uchun edoc.gov.uz veb-saytiga o‘ting va elektron hujjatning noyob raqamini kiriting yoki mobil telefon yordamida QR-kodni skaner qiling.

Diqqat! Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-sentabrdagi 728-son qaroriga muvofiq elektron hujjatlardagi ma’lumotlar qonuniy hisoblanadi. Davlat organlariga Yagona portalda shakllantirilgan elektron hujjatlarning nusxalarini qabul qilishni rad etishlari qat’iyan taqiqlangan.

(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.11.2022-y., 09/22/672/1038-son)