1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.04.00.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish / 11.04.02.00 Yer osti boyliklaridan foydalanish va muhofaza qilish ustidan nazorat va boshqaruv. Foydali qazilmalarni qazib olish faoliyatini litsenziyalash]
[TSZ:
1.Tabiiy resurslar / Er osti boyliklari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida
Noruda foydali qazilmalardan oqilona va kompleks foydalanishni yoʻlga qoʻyish, ularni qazib olishda atrof tabiiy muhitga salbiy taʼsirni hamda texnogen hosilalarning hosil boʻlishini kamaytirish, tuproqning unumdorligini saqlash, buzilgan yer uchastkalarini rekultivatsiya qilish, shuningdek, noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni qoplash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-76-son qarori bilan tasdiqlangan Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasini hamda ekologik nazorat tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash tartibini takomillashtirish vazifasi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni aniqlash tartibi;
noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda keng tarqalgan foydali qazilmalarga yetkazilgan zararni hisoblash usullari;
noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda ifloslantiruvchi moddalarning suv obyektlariga va (yoki) joylarning relyefiga oqizib yuborilishi oqibatida yetkazilgan zararni hisoblash usullari;
noruda materiallarni noqonuniy qazib olish oqibatida tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni qoplash va undirish tartibi.
3. Belgilansinki:
a) noruda materiallarni noqonuniy qazib olish oqibatida tabiiy obyektlarga yetkazilgan zarar miqdorini hisoblash Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi bilan birgalikda amalga oshiriladi;
b) zararni qoplashdan tushgan pul mablagʻlari quyidagi tartibda taqsimlanadi:
13 foizi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga;
87 foizi — Ekologiya jamgʻarmasiga oʻtkaziladi;
(3-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)
v) moratoriy joriy qilingan daryo oʻzanlarida noruda materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 10 baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi;
g) moratoriy davrida daryo oʻzanlarida noruda materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 10 baravarga oshirilgan holda qoʻllanishidan tushgan mablagʻlar toʻliq Ekologiya jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoniga asosan “v” kichik band va “g” kichik band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi:
noruda materiallarni noqonuniy qazib olish va uning oqibatida tabiiy obyektlarga zarar yetkazilishining oldini olish boʻyicha profilaktik va nazorat tadbirlarini kuchaytirsin;
ikki oy muddatda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin;
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, shuningdek, boshqa ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda yer qaʼridan foydalanuvchilar oʻrtasida ushbu qarorning mazmun va mohiyati boʻyicha keng tushuntirish ishlarini olib borsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-maydagi 325-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2025-y., 09/25/325/0460-son)
6. Ushbu qarorning bajarilishini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Davlat ekologiya qoʻmitasi raisi N.N. Oblomuradov belgilansin.
Mazkur qarorni amalga oshirish doirasida masʼul vazirliklar va idoralar faoliyatini samarali tashkil etish hamda muvofiqlashtirish Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 23-noyabr,
666-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 23-noyabrdagi 666-son qaroriga 1-ILOVA
Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
yer qaʼrini geologik oʻrganish, undan foydalanish va muhofaza qilish sohasida davlat nazoratini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli organlar — Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi;
yer qaʼri — yer qobigʻining tuproq qatlamidan quyida joylashgan, tuproq qatlami boʻlmaganda esa yer yuzasidan yoki suv obyektlari tubidan quyida joylashgan, geologik jihatdan oʻrganish va oʻzlashtirish mumkin boʻlgan chuqurlikkacha yastangan qismi;
yer qaʼridan foydalanuvchi — noruda materiallarni qazib olish va foydalanish (qayta ishlash)ni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxs;
keng tarqalgan foydali qazilmaning bozor narxi — taqqoslanadigan iqtisodiy (tijorat) sharoitlarda aynan oʻxshash yoki bir turdagi tovarlar (xizmatlar) bozorida talab va taklif asosida shakllanadigan yoki vakolatli organlar va baholash tashkilotlari tomonidan aniqlanadigan va belgilanadigan narx;
noruda foydali qazilmalar — tarkibida metall boʻlmagan tabiiy holicha, tozalab yoki qayta ishlab olinadigan hamda kimyo, sement, oyna, olovbardosh va chinni buyumlar, qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatida foydalanish uchun yaroqli boʻlgan xom ashyo;
noruda materiallar — tarkibida metall boʻlmagan, ochiq yoki karyer usulida qazib olinadigan tabiiy holicha, tozalab yoki qayta ishlab qurilish materiallari ishlab chiqarish yoki boshqa maqsadlarda foydalanish uchun yaroqli boʻlgan (qum, shagʻal, qum-shagʻal aralashmasi, marmar, granit, gil va gilli jinslar, tabiiy tosh, ohaktosh, gips, mergel) noruda foydali qazilmalar xom ashyosi;
tabiiy obyektlar — keng tarqalgan foydali qazilmalar joylashgan uchastkalar, suv obyektlari va joylarning relyefi.
3. Mazkur Nizom talablari strategik turdagi (asosiy) foydali qazilmalarni va qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida noqonuniy qazib olishda hamda texnogen mineral hosilalardan foydalanishda yetkazilgan zararni hisoblashga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4. Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Noruda materiallar noqonuniy qazib olinganligi oqibatida tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni aniqlash tartibi
5. Quyidagi holatlar noruda materiallarni noqonuniy qazib olish hisoblanadi:
noruda materiallar mavjud yer qaʼri uchastkasidan ruxsatnoma olmasdan turib foydalanish;
noruda materiallar uchun berilgan kon ajratmasidan va belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkalari doirasidan chetga chiqish.
6. Noruda materiallarni noqonuniy qazib olish oqibatida tabiiy obyektlarga zarar yetkazilganligi qonunchilik hujjatlari talablarining quyidagi buzilishi holatlaridan kelib chiqib aniqlanadi:
kondan noruda foydali qazilmalarni qazib olish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga oid ruxsatnomada koʻrsatilgan maqsadlarda foydalanmaslik;
noruda materiallarni qazish ishlarini loyihadan va (yoki) foydalanishga berilgan yer qaʼri uchastkasining maydoni va (yoki) chuqurligidan chetga chiqqan holda amalga oshirish;
ruxsatnomada koʻrsatilmagan kon uchastkalarda kon qazish ishlarini oʻzboshimchalik bilan amalga oshirish, karyer maydonlari chegaralarida noruda materiallarni qazib olishning belgilangan muddatlariga amal qilmaganlik;
yer uchastkalarida qazish ishlarini amalga oshirishdan avval, foydali qazilma ustida joylashgan yerlarning tuproq unumdor qatlamini sidirib olish va alohida joylashtirish hamda buzilgan yer uchastkalarini qayta tiklash (rekultivatsiya qilish)da foydalanmaganlik;
yer qaʼridan foydalanish ruxsatnomasi muddatlari tugaganda yoki zaruriyat qolmaganda buzilgan yer uchastkalarini oʻz hisobidan foydalanish uchun yaroqli holga keltirmaganlik;
foydalanib boʻlingan yer uchastkalarini foydalanishga bergan organlarga belgilagan tartibda topshirmaganlik;
daryolar oʻzanlarini tozalash va qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish tartibiga rioya etmaganlik.
7. Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga zarar yetkazganlik quyidagi hollarda:
yer qaʼri uchastkalari joylashgan hududlarda hamda noruda konlari joylashgan uchastkalarda reydlar oʻtkazilganda;
noruda materiallarni qazib olish uchun berilgan ruxsatnomaning shartlari buzilgan taqdirda;
noruda konlaridan foydalanishni oʻrganish jarayonida;
noruda foydali qazilmalarni qazib olish uchun ajratilgan yer qaʼri uchastkasi yoki unga tutash hududlarda noruda materiallarni, transport vositalarini yuvish oqibatida hosil boʻlgan oqova suvlar suv obyektiga va (yoki) joyning relyefiga oqizib yuborilganda;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tekshirishlarni olib borish jarayonida yer qaʼrini geologik oʻrganish, undan foydalanish va muhofaza qilish sohasida davlat nazoratini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli organlar tomonidan aniqlanadi.
Noruda materiallarni noqonuniy qazib olish oqibatida tabiiy obyektlarga yetkazilgan zarar miqdori, tegishlicha yer qaʼrini geologik oʻrganish, undan foydalanish va muhofaza qilish sohasida davlat nazoratini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli organlar tomonidan hisoblanadi.
8. Maxsus vakolatli organlar zarurat boʻlganda yetkazilgan haqiqiy zararni aniqlash uchun ixtisoslashgan tashkilotlarni, ilmiy-tadqiqot tashkilotlarini, qonunchilikda belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtgan yoki texnik jihatdan muvofiqligi maʼqullangan yoxud malakalanganligi rasman tasdiqlangan boshqa tashkilotlarning laboratoriyalarini, shuningdek, malakali ekspertlarni jalb etishi mumkin.
3-bob. Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash usullari
1-§. Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda keng tarqalgan foydali qazilmalarga yetkazilgan zararni hisoblash
9. Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda keng tarqalgan foydali qazilmalarga yetkazilgan zarar:
noqonuniy amalga oshirilgan faoliyat turining atrof muhitga taʼsir koʻrsatishining xavflilik darajasi;
noqonuniy qazib olingan noruda materiallar hajmi;
keng tarqalgan foydali qazilmalarning bozor narxi asosida hisoblanadi.
Bunda keng tarqalgan foydali qazilmalarning bozor narxi tovar-xom ashyo birjalaridagi joriy kotirovkasi, tegishli davlat organlarida mavjud boʻlgan narxlar darajasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va baholovchi tashkilotlar hisoboti asosida aniqlanadi.
10. Keng tarqalgan foydali qazilmalarga yetkazilgan zararning miqdori noqonuniy ravishda noruda materiallarni qazib olish jarayoni yuzaga kelgan paytdan boshlab, u bartaraf etilgunga qadar oʻtgan davr uchun hisoblanadi.
11. Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda keng tarqalgan foydali qazilmalarga yetkazilgan zararning miqdori foydali qazilmaning har bir turi boʻyicha alohida aniqlanadi.
Bunda yer qaʼrini geologik oʻrganish, undan foydalanish va muhofaza qilish sohasida davlat nazoratini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli organ tomonidan yetkazilgan zararning miqdori, noruda foydali qazilmaning turi hamda yer qaʼridan foydalanuvchi toʻgʻrisida uch kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga yozma maʼlumot beriladi.
12. Noruda materiallarni noqonuniy qazib olish oqibatida keng tarqalgan foydali qazilmalarga yetkazilgan zararning miqdori quyidagi formula boʻyicha hisoblanadi:
Uz = Qm x Nbn x Shk;
bunda:
Uz — noruda materiallarni noqonuniy qazib olish oqibatida keng tarqalgan foydali qazilmalarga yetkazilgan zarar miqdori, soʻmda;
Qm — noqonuniy qazib olingan keng tarqalgan foydali qazilma hajmi, metr kubda (m3);
Nbn — noqonuniy qazib olingan keng tarqalgan foydali qazilmaning bozor narxi, soʻmda;
Shk — shartli koeffitsiyent.
Bunda Shk noqonuniy amalga oshirilgan faoliyat turining atrof muhitga taʼsir koʻrsatishining xavflilik darajasi boʻyicha tegishli toifaga mansubligidan kelib chiqqan holda Vazirlar Mahkamasining “Atrof muhitga taʼsirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2020-yil 7-sentabrdagi 541-son qaroriga muvofiq aniqlanadi. Shartli koeffitsiyent:
xavflilik darajasi boʻyicha atrof muhitga taʼsir koʻrsatishning I toifasiga mansub (yuqori darajada xavfli) faoliyat turi uchun 20 koeffitsiyenti qoʻllaniladi;
xavflilik darajasi boʻyicha atrof muhitga taʼsir koʻrsatishning II toifasiga mansub (oʻrtacha darajada xavfli) faoliyat turi uchun 10 koeffitsiyenti qoʻllaniladi.
121. Daryolarning noruda materiallarni qazib olishga moratoriy joriy qilingan hududlarida noruda materiallarni noqonuniy qazib olish oqibatida keng tarqalgan foydali qazilmalarga yetkazilgan zararning miqdori mazkur Nizomning 12-bandida belgilangan formula boʻyicha hisoblanib, aniqlangan asosiy zarar miqdori oʻn baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi.
(121-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-sentabrdagi 566-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.09.2024-y., 09/24/566/0710-son)
13. Keng tarqalgan foydali qazilma yer uchastkalari ustida joylashgan yerlarning tuproq unumdor qatlamini sidirib olish va alohida joylashtirish va buzilgan yer uchastkalarini rekultivatsiya qilish (qayta tiklash) ishlarini amalga oshirmaganlik uchun yetkazilgan zararni hisoblash ushbu Nizomning 11-bandida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
14. Qazib olingan keng tarqalgan foydali qazilmaning hajmi kon ishlarini geologiya-marksheyderlik taʼminlash ishlarini olib boradigan tashkilotlarni jalb qilgan holda oʻlchovlar oʻtkazish yoʻli bilan aniqlanadi.
15. Jismoniy shaxslarga egalik qilish va foydalanish uchun berilgan yer uchastkalari doirasida shaxsiy xoʻjalik va maishiy ehtiyojlar uchun keng tarqalgan foydali qazilmalar qazib olinganda hamda foydalanilganda zarar hisoblanmaydi.
2-§. Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda ifloslantiruvchi moddalarning suv obyektlariga va joylarning relyefiga oqizib yuborilishi oqibatida yetkazilgan zararni hisoblash
16. Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda suv obyektlariga (jilgʻalar, soylar, daryolar, ochiq kanallar, kollektor-drenaj tarmoqlari) va joylarning relyefiga oqizib yuborilgan oqova suvlarning sifat koʻrsatkichlariga, suv obyektlarini sanitariya jihatdan muhofaza qilish talablariga asosan suv obyektiga va (yoki) joyning relyefiga tashlangan oqova suvlar tarkibidagi ifloslantiruvchi moddalarning haqiqiy koʻrsatkichlariga nisbatan qoʻyiladi.
17. Ifloslantiruvchi moddalarning suv obyektiga va (yoki) joyning relyefiga oqizib yuborilishi oqibatida yetkazilgan zararni hisoblash qazish ishlari olib borilayotgan kon hududidan suv obyektiga va (yoki) joyning relyefiga tashlanayotgan oqova suvdan olingan namunalarda kimyoviy tahlillar asosida aniqlangan suv tarkibidagi zararli moddalarning aniqlangan haqiqiy miqdori boʻyicha amalga oshiriladi.
18. Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda suv obyektiga va (yoki) joyning relyefiga oqova suvlarning oqizib yuborilishi oqibatida yetkazilgan zararning miqdori korxona, tashkilot yoki tadbirkorlik subyektining atrof muhitga taʼsir koʻrsatishi xavflilik darajasi boʻyicha tegishli toifaga mansubligi hamda tashlangan zararli moddalarning haqiqiy miqdoriga bogʻliq.
19. Ifloslantiruvchi moddalarning suv obyektiga va (yoki) joyning relyefiga oqizib yuborilishi oqibatida yetkazilgan zararning miqdori har bir ifloslantiruvchi modda uchun alohida hisoblanadi.
20. Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda suv obyektiga va (yoki) joyning relyefiga oqova suvlarning oqizib yuborilishi oqibatida yetkazilgan zararning miqdori quyidagi formula boʻyicha hisoblanadi:
Sz= Zm x BHM x Shk;
bunda:
Sz — suv obyektiga va (yoki) joyning relyefiga oqova suvlarning oqizib yuborilishi oqibatida yetkazilgan zararning miqdori, soʻmda;
Zm — suv obyektiga va (yoki) joyning relyefiga oqova suv tarkibida tashlangan zararli moddalarning haqiqiy miqdori (kg, tonnada);
BHM — Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan bazaviy hisoblash miqdori;
Shk— shartli koeffitsiyent.
Bunda Shk noqonuniy amalga oshirilgan faoliyat turining atrof muhitga taʼsir koʻrsatishining xavflilik darajasi boʻyicha tegishli toifaga mansubligidan kelib chiqqan holda Vazirlar Mahkamasining “Atrof muhitga taʼsirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2020-yil 7-sentabrdagi 541-son qaroriga muvofiq aniqlanadi. Shartli koeffitsiyent:
xavflilik darajasi boʻyicha atrof muhitga taʼsir koʻrsatishning I toifasiga mansub (yuqori darajada xavfli) faoliyat turi uchun 20 koeffitsiyenti qoʻllaniladi;
xavflilik darajasi boʻyicha atrof muhitga taʼsir koʻrsatishning II toifasiga mansub (oʻrtacha darajada xavfli) faoliyat turi uchun 10 koeffitsiyenti qoʻllaniladi.
21. Suv obyektiga va (yoki) joyning relyefiga oqova suv tarkibida tashlangan zararli moddalarning haqiqiy miqdori (3m) quyidagi formula boʻyicha hisoblanadi:
Zm = To x Mk x Dt;
bunda:
To — kuzatish vaqti davomida suv obyektiga va (yoki) joyning relyefiga tashlanayotgan oqova suv hajmi (metr kubda);
Mk — analitik usulda tahlillar asosida oqova suvdan olingan namunalarda aniqlangan 1 litr suv miqdori tarkibidagi zararli moddalarning haqiqiy miqdori (mg/litr);
Dt — oqova suv tashlamasi davom etgan vaqt (soat, sutka).
22. Suv obyektiga va (yoki) joyning relyefiga oqova suv bir soat yoki sutka yoxud yil davomida tashlanayotganligi aniqlangan holatlarda bir sutkada tashlangan zararli moddalar miqdori tegishli kunlar soniga koʻpaytiriladi.
4-bob. Noruda materiallarni noqonuniy qazib olish oqibatida tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni qoplash va undirish tartibi
23. Noruda materiallarini noqonuniy qazib olish oqibatida hisoblangan tabiiy obyektlarga zarar miqdori boʻyicha hisob-kitoblar nusxasi uch kun ichida huquqbuzarlik sodir etgan yer qaʼridan foydalanuvchiga tilxat bilan topshiriladi yoki joʻnatiladi va ishga tegishli yozuv yozib qoʻyiladi.
24. Noruda materiallarni noqonuniy qazib olish oqibatida tabiiy obyektlarga yetkazilgan zarar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda zararni yetkazgan yer qaʼridan foydalanuvchi tomonidan toʻliq hajmda qoplanishi shart.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 70-moddasi.
25. Noruda materiallarni noqonuniy qazib olish oqibatida tabiiy obyektlarga yetkazilgan zarar sud tomonidan qoʻllaniladi, yer qaʼridan foydalanuvchilar aybiga iqror boʻlgan va zararni ixtiyoriy ravishda toʻlagan holatlar bundan mustasno.
26. Hisoblangan zararni qoʻllashdan tushgan pul mablagʻlari Davlat budjeti, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish jamgʻarmasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish inspeksiyasini rivojlantirish jamgʻarmasining maxsus hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
27. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 70, 71-moddalari.
Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Ijro muddatlar
1-bosqich
Maxsus vakolatli organ
Qonun buzilishi holati boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari boʻlganda, nazorat qiluvchi organ tomonidan oʻtkazilgan “Xavfni tahlil etish” tizimi natijalari asosida Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan kelishilgan holda yoki xabardor etish tartibida tekshirishlar oʻtkaziladi.
1 kundan 10 kungacha
2-bosqich
Davlat ekologiya qoʻmitasi
Inson salomatligiga yoki hayotiga, tabiiy resurslarga, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga zararli taʼsir etgan yoki bunday taʼsir etish xavfi tugʻilgan taqdirda, korxonalar, tashkilotlarning faoliyatini oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklash, toʻxtatib turish haqida qaror qabul qiladi.
Holat aniqlanganda
3-bosqich
Maxsus vakolatli organ
1. Zaruratdan kelib chiqib yetkazilgan zararni aniqlashda ixtisoslashgan korxona va tashkilotlarni, ilmiy-tadqiqot muassasalarini, qonunchilikda belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtgan yoki texnik jihatdan muvofiqligi maʼqullangan yoxud malakalanganligi rasman tasdiqlangan laboratoriyalarni, shuningdek, malakali ekpertlarni jalb etadi.
5 ish kunida
2. Toʻplangan maʼlumotlar asosida tabiiy obyektlarga yetkazilgan zarar miqdorini hisoblaydi.
2 ish kunida
4-bosqich
Maxsus vakolatli organ
1. Tekshirishlar natijalarini dalolatnoma bilan rasmiylashtiradi va tegishli koʻrsatmalar beradi.
Tekshirish yakunlangan kun
2. Tekshirish dalolatnomasining bir nusxasini tadbirkorlik subyektiga pochta orqali buyurtma xat bilan yuboradi.
Dalolatnoma tuzilgan kundan keyingi ish kuni
5-bosqich
Maxsus vakolatli organ
Tabiiy obyektlarga zarar yetkazish natijasida jinoyat alomatlari aniqlansa, toʻplangan hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organga yuboradi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-maydagi 325-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.05.2025-y., 09/25/325/0460-son)