1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.05.00.00 Shaxs xavfsizligi / 16.05.03.00 Pasport-viza tizimi. Doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Fuqarolik. Aholi. Pasport tizimi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olishning tajriba-sinov tariqasidagi yangi tartibini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ichki ishlar organlari tayanch punktlari hamda mahalla huquq-tartibot maskanlarining profilaktika (katta) inspektorlari (keyingi oʻrinlarda — profilaktika inspektorlari) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini vaqtincha turgan joyi boʻyicha maxsus planshet qurilmalari orqali elektron roʻyxatga olish faoliyatini 2022-yil 1-noyabrdan 2023-yil 1-sentabrga qadar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tajriba-sinov tariqasida tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini ichki ishlar organlari tayanch punktlari va mahalla huquq-tartibot maskanlarining profilaktika inspektorlari tomonidan maxsus planshet qurilmalari orqali vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Toshkent shahri va Toshkent viloyatida maxsus planshet qurilmalari orqali vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish uchun murojaat etish tartibi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida maxsus planshet qurilmalari orqali vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish hamda roʻyxatga olishni rad etish asoslari;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida maxsus planshet qurilmalari orqali vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olishda idoralararo faoliyatni tashkil etish tartibi.
3. Belgilansinki:
tajriba-sinov doirasida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish, ularning xohishiga koʻra, qulay manzildagi profilaktika inspektorlari, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari, davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali tomonidan amalga oshiriladi;
mazkur qarorni bajarish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Ichki ishlar vazirligining budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda profilaktika inspektorlari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha yashash uchun kelgan fuqarolarni maxsus planshet qurilmasi yordamida vaqtincha roʻyxatga olish tizimini ishga tushirsin hamda Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining elektron tizimi bilan integratsiya qilsin;
ikki oy muddatda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlarini maxsus planshet qurilmalari bilan taʼminlasin;
maxsus planshet qurilmalari orqali Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olishni yoʻlga qoʻyish va uning samaradorligini oshirish maqsadida profilaktika inspektorlari malakasini oshirish yuzasidan oʻquv mashgʻulotlarini tashkil etsin;
2023-yil 1-sentabrga qadar ushbu qaror bilan tasdiqlangan Vaqtinchalik nizomni amaliyotda qoʻllash natijalarini puxta tahlil qilgan holda kelgusida mazkur amaliyotni respublikaning boshqa hududlarida ham tatbiq etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslangan taklif kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 27-oktabr,
622-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-oktabrdagi 622-son qaroriga ILOVA
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini ichki ishlar organlari tayanch punktlari va mahalla huquq-tartibot maskanlarining profilaktika inspektorlari tomonidan maxsus planshet qurilmalari orqali vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisida
VAQTINCHALIK NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Vaqtinchalik nizom Toshkent shahri va Toshkent viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini (keyingi oʻrinlarda — fuqarolar) ichki ishlar organlari tayanch punktlari va mahalla huquq-tartibot maskanlarining profilaktika (katta) inspektorlari (keyingi oʻrinlarda — profilaktika inspektorlari) tomonidan maxsus planshet qurilmalari orqali vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish (keyingi oʻrinlarda — vaqtincha roʻyxatga olish) tartibini belgilaydi.
2. Fuqarolar Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida yashash joyi boʻyicha mulkdorning arizasida yoki soliq organlarida hisobga olingan ijara shartnomasida koʻrsatilgan, biroq bir yildan ortiq boʻlmagan muddatga vaqtincha roʻyxatga olinadi.
Doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinmaganlik vaqtincha roʻyxatga olishni rad etish uchun asos hisoblanmaydi.
3. Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida vaqtincha roʻyxatdan oʻtish uchun fuqarolar kelgan kunidan boshlab oʻn besh kun muddatda oʻz xohishiga koʻra, qulay manzildagi profilaktika inspektorlari, MvaFRB, davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) murojaat qilishi mumkin.
4. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida fuqarolar vaqtincha roʻyxatdan oʻtish uchun MvaFRB, davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXPga murojaat qilganda vaqtincha roʻyxatga olish Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1049-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning (keyingi oʻrinlarda — Nizom) 4-bobiga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun davlat boji “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan miqdorlarda toʻlanadi.
Fuqarolar profilaktika inspektorlari tomonidan maxsus planshet qurilmasi yordamida vaqtinchalik roʻyxatga olinganda davlat boji summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi;
11,25 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
qolgan mablagʻlar — Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti hisobiga oʻtkaziladi.
Profilaktika inspektorlari tomonidan maxsus planshet qurilmasi orqali fuqarolar vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilganda davlat boji elektron toʻlov tizimlari orqali toʻlanadi.
2-bob. Fuqarolarni vaqtincha roʻyxatga olish tartibi
6. Profilaktika inspektorlari orqali vaqtincha roʻyxatga olish mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
7. Fuqarolar vaqtincha roʻyxatdan oʻtish uchun profilaktika inspektorlariga murojaat qilganda mulkdor nomidan, profilaktika inspektori tomonidan maxsus planshet qurilmasi orqali ushbu Vaqtinchalik nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi soʻrovnoma elektron shaklda toʻldiriladi.
Soʻrovnoma quyidagi hujjatlarga asosan toʻldiradi:
mulkdor va vaqtincha roʻyxatga olinayotgan fuqaroning pasporti yoki ID-kartasi;
oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxslar uchun — tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchisining shaxsiy guvohnomasi (kazarmalar va kemalardan tashqarida yashaydigan harbiy xizmatchilar uchun);
harbiy hisob hujjatlari;
ushbu Vaqtinchalik nizomga 3-ilovaga muvofiq mulkdorning turar joy maydoni berish toʻgʻrisidagi arizasi (roziligi) yoxud notarial tasdiqlangan arizasi (roziligi), agar shaxsan oʻzi berish imkoni mavjud boʻlmasa;
uy-joy bergan yuridik shaxsning rozilik xati;
uy-joy hujjati (kadastr raqami, doimiy roʻyxat manzili).
Soliq organlarida hisobga olingan ijara shartnomasi haqida maʼlumot taqdim etilganda, Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga respublikaning boshqa hududlaridan mavsumiy ish bilan shugʻullanishga (qurilish, qishloq xoʻjaligi va boshqalar) kelgan fuqarolar uchun mavsumiy ish haqida shartnoma yoki mavsumiy ish beruvchining arizasi boʻlsa, mulkdorning roziligi talab etilmaydi va soʻrovnoma vaqtincha roʻyxatdan oʻtuvchi fuqarolarning murojaatlariga asosan profilaktika inspektori tomonidan toʻldiriladi.
Bunda uy-joy hujjatlari (kadastr raqami, doimiy roʻyxat manzili) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar profilaktika inspektoriga fuqaro tomonidan taqdim etiladi
8. Fuqaroga davlat boji elektron toʻlov tizimlari orqali toʻlanishi tushuntiriladi.
9. Profilaktika inspektori tomonidan soʻrovnoma toʻldirilgach Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasiga (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organ) elektron tizim orqali yuboriladi.
Zarur maʼlumotlar soʻrovnomaga kiritilgandan soʻng ariza beruvchi uni oʻzining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi.
Elektron raqamli imzosi boʻlmagan hollarda shaxsiy imzo yoki identifikatsiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya va boshqalar) bilan ham tasdiqlanishi mumkin.
10. Soʻrovnoma vakolatli organning elektron tizimiga kelib tushgan vaqtdan boshlab Nizomning 44-bandida belgilangan tartibda tekshiriladi.
Profilaktika inspektorlari va vakolatli organ oʻrtasidagi axborot almashinuvi faqat himoyalangan idoralararo elektron oʻzaro bogʻlanish yordamida amalga oshiriladi.
Qoʻshimcha tekshirish talab etilgan taqdirda, fuqaro axborot-kommunikatsiya tizimi orqali profilaktika inspektorini xabardor qiladi.
Bunda qoʻshimcha tekshirish muddati uch ish kunidan oshmasligi lozim.
11. Tekshirish natijasiga koʻra, vakolatli organ tomonidan ushbu Vaqtinchalik nizomga 4-ilovaga muvofiq Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida vaqtincha roʻyxatga olish toʻgʻrisida fuqaroning shaxsini tasdiqdaydigan hujjatga QR-kod bilan himoyalangan vaqtincha roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi qayd varagʻi (keyingi oʻrinlarda — qayd varagʻi) tegishli profilaktika inspektori planshetiga elektron shaklda yuboriladi.
Profilaktika inspektori qayd varagʻi olingandan soʻng uni shu kunning oʻzida fuqaroga qogʻoz shaklida taqdim etadi.
Fuqaroning soʻroviga koʻra, qayd varagʻi fuqaroning elektron manziliga yuborilishi mumkin.
12. Vaqtincha roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi qayd varagʻi fuqaroning turgan joyida vaqtincha roʻyxatga olinganligini tasdiqlaydigan hujjat hisoblanadi va pasport yoki ID-karta, harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi yoxud tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma (16 yoshga toʻlmagan shaxslar uchun) taqdim etilgan taqdirda, unda koʻrsatilgan muddat mobaynida haqiqiydir.
13. Profilaktika inspektori vaqtincha roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi qayd varagʻini berishda fuqaroga qayta vaqtincha roʻyxatga olish tartibini va muddatini tushuntiradi.
14. Qayd varagʻi yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda, fuqaro vaqtinchalik yashayotgan mahallaga xizmat koʻrsatuvchi profilaktika inspektoriga shaxsini tasdiqlaydigan hujjatni taqdim etgan holda qayd varagʻi yoʻqolishi yoki buzilishi holatlarini koʻrsatib, qayd varagʻining dublikatini rasmiylashtirish haqida ariza taqdim etadi.
15. Profilaktika inspektori arizada koʻrsatilgan joyda ushbu fuqaroning vaqtincha roʻyxatga olinishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjudligini tekshiradi. Ular tasdiqlangan taqdirda, ariza beruvchiga shu kunning oʻzida qayd varagʻining dublikatini taqdim etadi.
16. Profilaktika inspektoriga notoʻgʻri maʼlumot taqdim etish, soʻrovnomada notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilishi, shuningdek, vaqtincha roʻyxatga olish uchun davlat bojini toʻlamaslik vaqtincha roʻyxatga olishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Boshqa har qanday holat vaqtincha roʻyxatga olishni rad etishga asos boʻlmaydi.
17. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha roʻyxatga olinishi rad etilgan holatlar yuzasidan fuqarolar hududiy MvaFRBga murojaat qiladilar va ushbu holatlar Nizomga muvofiq hal etiladi.
18. Fuqaro vaqtincha turar joyidan boshqa turar joyda yashash istagini bildirganda, ushbu Vaqtinchalik nizomda koʻrsatilgan tegishli hujjatlar asosida fuqaro tanlagan joydagi profilaktika inspektori orqali vaqtincha roʻyxatga olinadi.
19. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha roʻyxatga olingan fuqaro vaqtincha roʻyxatga olingan joyda yashashi kerak.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilingan fuqarolar turar joyi (uy-joy maydoni) boʻyicha vaqtincha roʻyxatga olinadi, bunda ular tomonidan Nizomning 52-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlar MvaFRBlarga taqdim etiladi.
21. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha roʻyxatga olingan chaqiriluvchilar yoki harbiy xizmatga majburlar Nizomga muvofiq harbiy hisob hujjatlari asosida vaqtincha harbiy roʻyxatga olinadi yoki harbiy hisobdan chiqariladi.
22. Profilaktika inspektorlari oʻzlari xizmat koʻrsatadigan hududda pasport rejimi qoidalariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi.
23. Ushbu Vaqtinchalik nizomda koʻrsatilgan hujjatlardan tashqari boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab qilish, shuningdek, koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestri bazasida mavjud boʻlmagan hamda kadastr raqami boʻlmagan turar joylarga vaqtincha roʻyxatga olish qatʼiyan taqiqlanadi.
24. Oʻn olti yoshga toʻlmagan fuqaro uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakili vaqtincha roʻyxatga olingan joyda vaqtinchalik roʻyxatga olinishi shart va roʻyxatga olinganligi uchun ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakili tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat boji toʻlanadi.
Oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxsni vaqtincha roʻyxatga olishni rasmiylashtirishda uning shaxsini tasdiqlaganlik uchun javobgarlik ijaraga olingan uy-joyda birgalikda yashaydigan voyaga yetgan shaxs zimmasiga yuklanadi.
25. Ish beruvchi, taʼlim tashkiloti, mulkdorlar vaqtincha roʻyxatga turgan fuqaro bilan amaldagi shartnomani bekor qilgan taqdirda, bu haqda hisobga qoʻyilgan hududiy profilaktika inspektorini xabardor qilishi shart.
26. Chegara zonasida joylashgan aholi punktlarida vaqtincha roʻyxatga olish uchun ushbu zonaga kirishga yashash joyi boʻyicha ichki ishlar organlaridan chegara zonasiga kirishdan oldin belgilangan tartibda olingan ruxsatnoma ham taqdim etiladi.
27. Tashkilot, shu jumladan, oʻquv tashkilotlarining uy-joylar, yotoqxonalariga fuqarolarni turgan joyi boʻyicha vaqtincha roʻyxatga olish mazkur tashkilot, shu jumladan, oʻquv tashkilotining yozma roziligi asosida amalga oshiriladi.
28. Ushbu Nizom qoidalarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini ichki ishlar organlari tayanch punktlari va mahalla huquq-tartibot maskanlarining profilaktika inspektorlari tomonidan maxsus planshet qurilmalari orqali vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga 1-ILOVA
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini profilaktika inspektorlari orqali vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish
SXEMASI
Bosqichlar
Subyektlar
Tadbirlar
Bajarish muddatlari
1-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi
1. Vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish uchun profilaktika inspektoriga murojaat qiladi.
1. Oʻz xohishiga koʻra
2. Vaqtinchalik roʻyxatga olinganlik uchun (barcha oila aʼzolari uchun alohida) davlat bojini elektron toʻlov tizimlari orqali toʻlaydi.
2. Murojaat qilinganda
2-bosqich
Profilaktika inspektori
Soʻrovnoma shaklini maxsus planshet qurilmasi yordamida toʻldirib, Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasiga elektron tizim orqali yuboradi.
Soʻrovnoma toʻldirilgandan keyin 1 soat mobaynida real vaqt rejimida
3-bosqich
Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi
1. Soʻrovnoma tushgandan keyin fuqaro haqidagi maʼlumotlarni avtomatik tarzda tegishli maʼlumotlar bazalaridan tekshiradi.
2. Fuqaroni vaqtincha turar joyi boʻyicha roʻyxatga qoʻyish haqida QR-kod bilan himoyalangan qayd varagʻini rasmiylashtiradi hamda soʻrovnomani joʻnatgan profilaktika inspektori planshetiga elektron shaklda yuboradi.
Bir ish kuni mobaynida
4-bosqich
Profilaktika inspektori
Qayd varagʻi tushgandan soʻng uni qogʻoz yoki elektron shaklda fuqaroga taqdim etadi.
Bir ish kuni mobaynida real vaqt rejimida
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini ichki ishlar organlari tayanch punktlari va mahalla huquq-tartibot maskanlarining profilaktika inspektorlari tomonidan maxsus planshet qurilmalari orqali vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish uchun
SOʻROVNOMA
I. Ariza beruvchi toʻgʻrisida maʼlumot:
1. Familiyasi
2. Ismi
3. Otasining ismi
4. Tugʻilgan joyi va sanasi
5. Pasport yoki ID-karta maʼlumotlari (seriyasi va raqami)
5.1. Tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma maʼlumotlari
6. Harbiy xizmatga aloqadorligi:*
6.1. Chaqiruv uchastkasida qayd etilganligi haqidagi guvohnoma (chaqiriluvchi uchun) (seriyasi va raqami, qaysi tuman (shahar) mudofaa ishlari boʻlimi tomonidan berilgani)
6.2. Harbiy guvohnoma va zaxiradagi ofitserning guvohnomasi (harbiy xizmatga majburlar uchun) (seriyasi va raqami)
7. Doimiy roʻyxatga olingan manzili
8. Vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olinayotgan manzili
9. Kelishdan maqsadi va muddati
10. Qayerda va qaysi lavozimda ishlaydi
11. Telefon raqami
12. Elektron pochta manzili
II. Uy-joy mulkdori (mulkdorlari) yoki uy-joy bergan yuridik shaxs haqida maʼlumot:
1. F.I.O. yoki yuridik shaxs nomi
2. Doimiy roʻyxat manzili yoki yuridik manzil
3. Kadastr raqami
4. Uy-joy bergan yuridik shaxsning aloqa xati
III. Voyaga yetmagan oila aʼzolari:
Qarindoshlik darajasi F.I.O.
Tugʻilganlik guvohnomasi maʼlumotlari
(seriyasi va raqami)
Tugʻilgan yili va joyi
Oʻgʻli
Qizi
* Turar joyi bir yarim oydan ortiq muddatga oʻzgargan, uch oydan ortiq muddatga xizmat safariga, oʻqish, taʼtil yoki davolanishga borgan taqdirda toʻldiriladi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini ichki ishlar organlari tayanch punktlari va mahalla huquq-tartibot maskanlarining profilaktika inspektorlari tomonidan maxsus planshet qurilmalari orqali vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga 3-ILOVA
___________________________________ profilaktika inspektoriga ____________________________________________________________________da yashovchi ___________________________ (mulkdorning F.I.O.)
ARIZA
Menga tegishli boʻlgan, _______________________________________________________ tumani (shahri), _______________ koʻchasi _____________ (kvartal) _________ uy, ________________ korpusda joylashgan umumiy foydalanish maydoni___________________________ kv/m dan iborat boʻlgan _____________________ xonadonga fuqaro __________________________________________________ni
quyidagi oila aʼzolari bilan birga vaqtinchalik roʻyxatga olishingizni soʻrayman.
Qarindoshlik darajasi
F.I.O.
Tugʻilgan yili va joyi
Mulkdor yoki vakil___________________________________________________________________________
(fuqaroning F.I.O.)
Imzo ________________
20____ yil “_____” __________
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini ichki ishlar organlari tayanch punktlari va mahalla huquq-tartibot maskanlarining profilaktika inspektorlari tomonidan maxsus planshet qurilmalari orqali vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi
Huquqbuzarliklar Profilaktikasi xizmati
Fuqaro vaqtincha yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida QAYD VARAGʻI
JSHSHIR _____________________________________ F.I.O. _______________________________________ _____________________________________________ Vaqtinchalik roʻyxatga olingan sana _____________________________________________ Hujjat raqami________________________________
Qayd varagʻi raqami ____________________________ Tugʻilgan sanasi ______________________________ Doimiy roʻyxat manzili________________________ ____________________________________________
(pasport, ID-karta, tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma, harbiy hujjatlar)
Qayd varagʻini bergan xodim ___________________________________________________________________
(profilaktika inspektori F.I.O)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.10.2022-y., 09/22/622/0969-son)