Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
“Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda davlat xizmatchilarining xizmat faoliyatiga oid va xizmatdan tashqari odob-axloqi, jamoatchilik bilan munosabatlariga doir qoidalarga rioya etilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari (keyingi oʻrinlarda — Odob-axloq qoidalari) 1-ilovaga muvofiq;
Odob-axloq komissiyasi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Davlat organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari va boshqa tashkilotlar 2022-yil 25-oktabrga qadar oʻz faoliyati xususiyatlarini hisobga olgan holda:
a) Odob-axloq qoidalari asosida markaziy apparat, hududiy va tarkibiy boʻlinmalar xodimlari uchun majburiy boʻlgan xodimlarning idoraviy odob-axloq qoidalarini;
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Namunaviy nizom asosida Odob-axloq komissiyasi toʻgʻrisidagi nizomni va uning tarkibini tasdiqlasin;
b) ichki mehnat tartib-qoidalarini va boshqa idoraviy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin;
v) 2022-yil 1-noyabrga qadar ushbu bandning ijrosi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar natijasi toʻgʻrisida batafsil axborotni tasdiqlangan hujjatlarni ilova qilgan holda Vazirlar Mahkamasi apparatining tegishli tarkibiy boʻlinmalariga taqdim etsin.
3. Xoʻjalik boshqaruvi organlariga Odob-axloq qoidalari asosida xodimlarning odob-axloq qoidalarini qabul qilish tavsiya etilsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, Odob-axloq qoidalari talablarining buzilishi qonunchilik hujjatlariga muvofiq intizomiy va boshqa turdagi javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi R.V. Abduqodirov bir hafta muddatda Vazirlar Mahkamasi apparati xodimlarining odob-axloq qoidalarini Vazirlar Mahkamasi Rayosatiga tasdiqlash uchun kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini davlat xizmatchilari oʻrtasida tushuntirish maqsadida oʻquv-seminarlari tashkil etsin;
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda 2022-yil 20-oktabrga qadar ushbu oʻquv-seminarlari boʻyicha tashkiliy hujjatlar toʻplamini (davlat organlari va tashkilotlari kesimida oʻquv-seminarlarini oʻtkazish grafigi va tartibi, seminarni oʻtkazishga masʼullar roʻyxati, ishtirokchilarning namunaviy kontingenti va b.) Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari, Bosh vazirning maslahatchilari va Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 14-oktabr,
595-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi 595-son qaroriga
1-ILOVA
Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining
NAMUNAVIY QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari (keyingi oʻrinlarda — Odob-axloq qoidalari) davlat fuqarolik xizmatchilarining (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmatchilari) kasbiy madaniyati, xizmat faoliyati davomida hamda xizmatdan tashqari vaqtda odob-axloqi, tashqi koʻrinishi va kiyinish uslubining namunaviy qoidalarini belgilaydi.
Odob-axloq qoidalari davlat xizmatida yuksak kasbiy madaniyatni shakllantirish, jamoatchilik ongida davlat xizmatiga boʻlgan hurmat va ishonchni oshirish hamda davlat xizmatchilarining axloq qoidalariga zid boʻlgan xatti-harakatlarining oldini olishga qaratilgan.
2. Davlat xizmatchilari oʻz kasbiy faoliyatini quyidagi prinsiplar asosida amalga oshirishi shart:
qonuniylik;
Vatanga sadoqat va xizmat vazifasiga fidoyilik, yuklangan funksional vazifalarini toʻliq bajarish, ijro intizomiga qatʼiy rioya etish;
fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
davlat va jamiyat manfaatlariga sodiqlik;
adolatlilik, halollik va xolislik;
korrupsiyaviy holatlarga murosasiz munosabatda boʻlish va qarshi kurashish;
xizmat sirini qatʼiy saqlash;
mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilmaslik;
manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik.
3. Davlat xizmatchilari mehnat faoliyati davomida va ishdan tashqari vaqtda xulq-atvorning quyidagi umumiy qoidalariga amal qilishi lozim:
davlat xizmatining obroʻsiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlardan tiyilish, axloq normalariga doimiy rioya qilish;
masʼuliyat, kasbiga sadoqat va halollikni kundalik shiorga aylantirish;
murakkab vazifalarni bajarishda hamkasblariga koʻmaklashish;
xushmuomalalik, eʼtiborlilik va hushyorlik bilan fuqarolarda davlatga nisbatan ishonch va hurmat hissini uygʻotish;
oilasida sogʻlom muhitni taʼminlab, oila aʼzolariga doimiy gʻamxoʻr boʻlish, farzandlarida vatanparvarlik va boshqa yuksak axloqiy fazilatlarni shakllantirish;
fuqarolarning ijtimoiy kelib chiqishi, iqtisodiy ahvoli va boshqa omillardan qatʼi nazar, ular bilan bir xil, samimiy, odob doirasida munosabatda boʻlish;
jamiyatda axloqning umumeʼtirof etilgan qoidalariga amal qilish.
4. Davlat xizmatchilari oʻz vakolatlarini amalga oshirayotganda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Odob-axloq qoidalariga va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
5. Davlat xizmatchilari Odob-axloq qoidalariga rioya qilish majburiyatiga, fuqarolar esa davlat xizmatchilaridan mazkur qoidalarga mos boʻlgan kasbiy madaniyatni talab qilish huquqiga ega.
6. Davlat xizmatchilarining Odob-axloq qoidalariga rioya etishi ularning faoliyati hamda xizmatdagi axloqini baholashning asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi.
Davlat xizmatchilari tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya qilinishi holati ularni kelgusida yuqori lavozimlarga tayinlash va rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirishda hisobga olinadi.
2-bob. Kasbiy madaniyatga oid umumiy odob-axloq qoidalari
7. Davlat xizmatchilari:
fuqarolarning jinsi, irqi, millati, fuqaroligi, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyi kamsitilishiga olib keluvchi taʼsir choralari va harakatlar (harakatsizlik)ga yoʻl qoʻymasligi;
halol, adolatli va kamtar boʻlishi, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, vazmin va samimiy munosabatni namoyish qilishi;
jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qarorlarni qabul qilishda qonuniylikni, adolatlilikni va shaffoflikni taʼminlashi;
davlat va jamiyat manfaatlariga zarar yetkazuvchi, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati samaradorligini pasaytiradigan harakatlar (harakatsizlik)dan tiyilishi;
oʻzining xatti-harakati va axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramaslik choralarini koʻrishi, tanqid uchun taʼqibga yoʻl qoʻymasligi, asosli va konstruktiv tanqiddan oʻz faoliyatidagi kamchiliklar hamda nuqsonlarni bartaraf etish yoʻlida foydalanishi;
davlat organlari va tashkilotlari, davlat xizmatchilari va boshqa shaxslarga oʻz xizmat mavqeyidan foydalangan holda shaxsiy masalalar yuzasidan taʼsir oʻtkazmasligi;
oʻz xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovgʻalar olmasligi;
davlat mulkining but saqlanishini taʼminlashi, oʻziga ishonib topshirilgan davlat mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi;
xizmat intizomiga qatʼiy rioya qilishi, ish vaqtidan oqilona va samarali foydalanishi;
aholining davlat xizmatlari isteʼmolchisi sifatidagi talablariga muvofiq doimiy ravishda faoliyat sifatini oshirib borish choralarini koʻrishi;
qonun bilan intizomiy, maʼmuriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan huquqbuzarlik va boshqa xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymasligi;
kasb etikasi va ishchanlik uslubiga rioya etishi;
siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat tashkilotlari manfaatlari yoʻlida xizmat mavqeyi va imkoniyatlaridan foydalanmasligi kerak.
8. Davlat xizmatchilari oʻziga boʻysunuvchi xodimlardan ular mehnat vazifasini bajarayotgan paytda partiya nomidan siyosiy faoliyat bilan shugʻullanishni talab qilishi, siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat tashkilotlari faoliyatida ishtirok etishga daʼvat etishi yoki majburlashiga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Xizmat faoliyatiga oid odob-axloq qoidalari
9. Davlat xizmatchilari xizmat faoliyati davomida quyidagilarga majbur:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va boshqa qonunchilik hujjatlariga soʻzsiz rioya etishi;
mamlakat shaʼnini eʼzozlash, davlat siyosatiga sodiq boʻlish;
tashqi siyosat sohasida davlat manfaatlarini qatʼiy himoya qilish;
oʻz xizmat vazifalarini vijdonan, halol va yuksak professional darajada bajarish, rasmiyatchilik, soxtakorlik va suiisteʼmolchilikka yoʻl qoʻymaslik;
xizmat majburiyatlarini samarali bajarish uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarni doimiy asosda oshirish;
yuqori davlat organlari va tashkilotlari hamda mansabdor shaxslarining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari hamda berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish;
ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarga biron-bir shaxs, guruh yoki idoralar manfaati nuqtai nazaridan yondashmaslik hamda ularning manfaatlari ifoda etilishiga yoʻl qoʻymaslik;
har qanday qonunbuzilishiga, ayniqsa, korrupsiya holatlariga qarshi murosasizlik bilan kurashish;
xizmat safarlari, nazorat tadbirlari davomida mehnat faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan har qanday turdagi sarf-xarajatlarni boshqa shaxslar hisobidan amalga oshirmaslik;
davlat xizmatchilari yoki boshqa shaxslar tomonidan jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etishga undovchi murojaatlar haqida, shuningdek, hamkasblari tomonidan sodir etilgan yoki tayyorgarlik koʻrilayotgan qonunbuzilishlar haqida oʻzining rahbariga zudlik bilan maʼlum qilish;
chet el fuqarolari bilan alohida belgilangan tartibga zid ravishda bevosita yoki boshqa shaxslar orqali muloqotga kirishmaslik;
oʻz xizmat majburiyatlarini bajarayotganda fuqarolar va boshqa shaxslarni kamsitmaslik, ularning taʼsiridan saqlanish, fuqarolar huquqlari, majburiyatlari va qonuniy manfaatlarini hisobga olish;
oʻz xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishga toʻsqinlik qilishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlardan saqlanish;
davlat siri, qonun bilan qoʻriqlanadigan va xizmatga oid boshqa maʼlumotlarning oshkor etilmasligini taʼminlash yuzasidan barcha choralarni koʻrish, ulardan qonunga zid ravishda foydalanmaslik;
axborotlarni tarqatish qoidalariga rioya qilish, Internet jahon axborot tarmogʻi va axborot kommunikatsiya vositalaridan foydalanishda axborot xavfsizligini taʼminlashning belgilangan tartibiga amal qilish;
biriktirilgan xizmat kompyuteri hamda elektron tashuvchilaridagi xizmatga oid maʼlumotlarning xavfsiz saqlanishini taʼminlash va ularni boshqa shaxslarga tarqatilishining oldini olish choralarini koʻrish;
ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va tashkilotlari hamda mansabdor shaxslar faoliyatini muhokama qilmaslik, axloqqa zid iboralarni ishlatmaslik, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan odamlarda ishonchsizlik kayfiyatini yuzaga keltirishi mumkin boʻlgan materiallarni joylashtirmaslik;
fuqarolar va hamkasblarining shaʼni va qadr-qimmatiga dogʻ tushiruvchi maʼlumotlar, tuhmat, igʻvo va uydirmalarni tarqatmaslik;
mehnat va ijro intizomi, ichki tartib qoidalariga, shuningdek, telefonda soʻzlashish va kiyinish madaniyatiga qatʼiy rioya etish;
oʻziga ishonib topshirilgan mulkka va moliyaviy mablagʻlarga ehtiyotkorlik va tejamkorlik bilan munosabatda boʻlish;
jamoada sogʻlom maʼnaviy muhitni saqlash choralarini koʻrish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qonunda belgilangan tartibda hamda muddatlarda qonuniy, asosli va adolatli hal qilish;
mehnat jamoasida ishchanlik muhitini shakllantirish va uni mustahkamlashga koʻmaklashishi;
mehnat jamoasida hamkasblarining shaʼni va qadr-qimmatini obroʻsizlantiradigan shaxsiy va kasbiy fazilatlarini muhokama qilishdan tiyilishi kerak.
10. Rahbarlar quyidagilarga majbur:
boʻysunuvidagi davlat xizmatchilariga professionalizm, halollik, xolislik va adolatlilikda oʻrnak boʻlish;
jamoada sogʻlom maʼnaviy muhit va ishchan kayfiyatni shakllantirish;
davlat xizmatchilarini qonunga xilof xatti-harakatlarni amalga oshirishga undamaslik hamda ulardan bunday harakatlarni bajarishni talab qilmaslik;
kadrlarni mahalliychilik, urugʻ-aymoqchilik, tanish-bilishchilik yoki shaxsiy sadoqat belgilari boʻyicha tanlash, tayinlash yoki tavsiya etishga yoʻl qoʻymaslik;
jamoada guruhbozlik va favoritizm (ayrim xodimlarni yaqin olish va qoʻllab-quvvatlash) koʻrinishlariga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, xizmat vazifalarini bajarish jarayonida boshqa salbiy omillarning oldini olish;
davlat xizmatchilarining faoliyatiga baho berishda qonuniy, asosli va adolatli qarorlar qabul qilish;
davlat xizmatchilari tomonidan korrupsiya va boshqa suiisteʼmolchiliklar sodir etilishining oldini olish choralarini koʻrish;
boʻysunuvidagi davlat xizmatchilarini huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilish choralarini koʻrish;
vakolati doirasida shartnomalar tuzish, tanlovlar oʻtkazish yoki rozilik berish masalalariga xolis, adolatli va qonuniy yondashish.
11. Rahbarlar boʻysunuvidagi davlat xizmatchilariga qoʻpol muomalada boʻlishi, haqorat qilishi, shaxsiyatiga tegishi, ularga asossiz tanbeh berishi yoki ayblashi hamda kamsitishi mumkin emas.
4-bob. Xizmatdan tashqari odob-axloq qoidalari
12. Davlat xizmatchilari ishdan boʻsh vaqtlarida umumqabul qilingan axloq normalariga rioya qilishlari va ularga zid boʻlgan xulq-atvor va xatti-harakatlardan oʻzlarini tiyishlari shart.
13. Davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda quyidagilarga majbur:
milliy urf-odat, qadriyat va anʼanalarga hurmat bilan munosabatda boʻlish;
dabdababozlik, shuhratparastlik, guruhbozlik, maishatbozlik, ichkilikbozlik va boshqa salbiy illatlarga yoʻl qoʻymaslik;
rasmiy eʼlon qilingan maʼlumotlardan tashqari davlat xizmati faoliyatiga oid masalalarni muhokama qilmaslik;
jamoat joylarida (kafe, restoran va boshqa koʻngilochar maskanlarda) oʻzini tutish qoidalariga rioya etish, atrofdagilarning eʼtiborini tortuvchi ortiqcha va salbiy harakatlarga yoʻl qoʻymaslik;
jamoat tartibi va xavfsizligiga qarshi qaratilgan xatti-harakatlarni sodir etmaslik, mazkur noqonuniy harakatlarga boshqalarni jalb etmaslik yoki daʼvat qilmaslik;
xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq boʻlgan idora va tashkilotlar rahbar va xodimlaridan, boshqa mansabdor shaxslaridan qimmatbaho sovgʻa olmaslik;
xizmat guvohnomalarini saqlash va foydalanish tartibiga qatʼiy rioya etish, ulardan xizmatga aloqador boʻlmagan holatlarda foydalanmaslik, shu jumladan, vakolatli shaxslarga xizmat guvohnomasini koʻrsatib, mavqeyini suiisteʼmol qilmaslik;
xizmat avtotransport vositalaridan xizmat faoliyatidan tashqari holatlarda shaxsiy va boshqa maqsadlarda foydalanmaslik;
ish faoliyati bilan bogʻliq maʼlumotlarni ishga aloqador boʻlmagan boshqa shaxslar ishtirokida muhokama qilmaslik;
shaxsiy transport vositalaridan foydalanishda belgilangan tartibga amal qilish, yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy rioya etish;
tadbirkorlik yoki haq toʻlanadigan boshqa faoliyat bilan (pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari) shugʻullanmaslik, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
oʻzi faoliyat yuritgan davlat organlari va tashkilotlari hamda davlat xizmatiga dogʻ tushiruvchi xatti-harakatlardan tiyilish;
tashqi koʻrinishini belgilangan meʼyorlar doirasida saqlash, kamtarona kiyinish, atrofdagilarning eʼtiborini oʻziga ortiqcha jalb qiladigan tarzda kiyinmaslik.
5-bob. Jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan munosabatlarga oid odob-axloq qoidalari
14. Davlat xizmatchilari ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlik qilishi, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritilishiga koʻmaklashishi kerak.
15. Davlat siyosati yoki davlat organlari va tashkilotlari faoliyati toʻgʻrisidagi ommaviy bayonotlar davlat organlari va tashkilotlari rahbari yoki mazkur yoʻnalish boʻyicha vakolatli mansabdor shaxs tomonidan amalga oshiriladi.
16. Quyidagi hollarda ommaviy bayonot berilishi mumkin emas:
ommaviy bayonot matni va mazmuni davlat siyosati yoki davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga aloqador boʻlmasa;
ommaviy bayonotda keltiriladigan axborotlar davlat sirlari bilan bogʻliq boʻlsa;
ommaviy bayonot boshqa davlat organlari va tashkilotlari nufuzini pasaytirish yoki ularning mansabdor shaxslarini kamsitishga yoʻnaltirilgan boʻlsa.
17. Davlat xizmatida jamoatchilik nazoratini taʼminlash maqsadida jamoatchilik tomonidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga oid ayblov yoki tanqid bildirilgan taqdirda, davlat organlari va tashkilotlari unga nisbatan bildirilgan ayblov yoki tanqidga ommaviy izoh yoxud raddiya berishi lozim.
18. Agar ommaviy bayonotda fuqarolarning shaʼni hamda qadr-qimmatini kamsitadigan iboralar boʻlsa, davlat xizmatchisi oʻz fikrlarining yanglishligi yoki notoʻgʻriligini tan olishi hamda shaʼni, qadr-qimmatiga va ishchanlik obroʻsiga daxl qilingan fuqarodan, agar qonun hujjatlarida boshqa oqibatlar nazarda tutilmagan boʻlsa, kechirim soʻrashi shart.
6-bob. Xizmat faoliyatidagi tashqi koʻrinish va kiyinish uslubiga oid odob-axloq qoidalari
19. Davlat xizmatchilarining xizmat faoliyatidagi tashqi koʻrinishi va kiyinish uslubi fuqarolarning davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga hurmatini, shu jumladan davlat xizmatining nufuzini oshirishga xizmat qilishi kerak.
20. Davlat xizmatchisining tashqi koʻrinishi mehnat sharoitlari va xizmat turiga qarab, xizmat majburiyatlarini bajarishi vaqtida fuqarolarning davlat tashkilotiga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlishiga koʻmaklashishi, umumiy qabul qilingan ish uslubiga muvofiq boʻlishi va rasmiylik, xolislik, kamtarlik va intizomni namoyon etishi lozim.
21. Davlat xizmatchilarining ish joyida tashqi koʻrinishi va kiyinish uslubiga oid qoʻshimcha talablar idoraviy odob-axloq qoidalari hamda ichki mehnat tartibida belgilanishi mumkin.
7-bob. Manfaatlar toʻqnashuvi
22. Davlat xizmatchilari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida manfaatlar toʻqnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan shaxsiy manfaatdorlikka yoʻl qoʻymasligi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
23. Manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelayotgan taqdirda xodimlar oʻziga maʼlum boʻlib qolgan paytdan eʼtiboran bir ish kuni ichida oʻzining rahbarini yoki u boʻlmaganida, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalasini yoki inson resurslarini boshqarish boʻlinmasini xabardor qilishi shart.
(23-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi 662-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2025-y., 09/25/662/0964-son)
Manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotlar olgan rahbar bu toʻqnashuvning oldini olish yoki uni bartaraf etish yuzasidan oʻz vaqtida choralar koʻrishga majbur.
Oldingi tahrirga qarang.
231. Ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyalarni xodimlar toʻldirishi va har yili 15-yanvardan kechiktirmay inson resurslarini boshqarish boʻlinmasiga taqdim etishi kerak.
(231-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi 662-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2025-y., 09/25/662/0964-son)
8-bob. Davlat xizmatchilarining manfaatini himoya qilish
24. Davlat xizmatchilarni xizmat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq tahdid, haqorat, tuhmat va qonunga xilof boshqa xatti-harakatlardan himoya qilish davlat organlari va tashkilotlarining rahbari tomonidan amalga oshiriladi.
25. Zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga toʻsqinlik qilish, jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etishga ogʻdirishga qaratilgan murojaatlar, shuningdek, hamkasblari tomonidan sodir etilgan yoki sodir etishga tayyorgarlik koʻrilayotgan qonunbuzilishlar haqida xabar bergan xodimlarni vujudga kelishi mumkin boʻlgan tahdid va xavf-xatarlardan himoya qilish choralari koʻriladi.
9-bob. Odob-axloq qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish
26. Davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat davlat organlari va tashkilotlarining inson resurslarini boshqarish boʻlinmalari yoki Odob-axloq komissiyalari, shuningdek maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
27. Davlat organlari va tashkilotlarida lavozimga tayinlangan davlat xizmatchilari inson resurslarini boshqarish boʻlinmalari tomonidan mazkur Odob-axloq qoidalari bilan tilxat asosida imzo qoʻydirgan holda tanishtiriladi.
28. Mazkur Odob-axloq qoidalarini buzish holatlari boʻyicha xizmat tekshiruvi davlat organlari va tashkilotlari rahbarining koʻrsatmasiga muvofiq Odob-axloq komissiyalari tomonidan oʻtkaziladi.
Xizmat tekshiruvini oʻtkazish tartibi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan belgilanadi.
10-bob. Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik uchun javobgarlik
29. Davlat xizmatchilari tomonidan Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik holati ularga nisbatan axloqiy va intizomiy taʼsir choralarini qoʻllash uchun asos boʻladi.
30. Odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik uchun Odob-axloq komissiyasi tomonidan davlat xizmatchilariga quyidagi axloqiy taʼsir choralari qoʻllaniladi:
ogohlantirish;
uzr soʻrash yoki rasmiy uzrnoma keltirishni talab qilish;
davlat organlari va tashkilotlarining kollegial yigʻilishlarida tanbeh berish.
31. Odob-axloq komissiyasi davlat xizmatchisiga nisbatan intizomiy taʼsir chorasini qoʻllash uchun davlat organlari va tashkilotlari rahbariga taqdimnoma kiritishi mumkin.
Odob-axloq komissiyasi odob-axloq qoidalari davlat organi va tashkiloti rahbari tomonidan buzilgan taqdirda, ularga nisbatan tegishli chora koʻrish masalasi yuzasidan takliflarni yuqori turuvchi davlat organi va tashkiloti rahbariga yuboradi.
32. Davlat xizmatchisining Odob-axloq qoidalarini buzishi ularni qonunga muvofiq intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.
11-bob. Yakuniy qoida
33. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda mazkur Odob-axloq qoidalariga muvofiq oʻz idoraviy odob-axloq qoidalarini tasdiqlaydi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi 595-son qaroriga
2-ILOVA
Odob-axloq komissiyasi toʻgʻrisidagi
NAMUNAVIY NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Namunaviy nizom davlat organlari va tashkilotlarida Odob-axloq komissiyalari (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) faoliyatini tartibga soladi.
2. Komissiya davlat fuqarolik xizmatchilari (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmatchilari) tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etishini nazorat qilish, ularning axloq normalariga zid boʻlgan xatti-harakatlarini oldini olish va odob-axloq qoidalariga rioya etish bilan bogʻliq nizolarni koʻrib chiqish maqsadida tuziladi.
3. Komissiya faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi davlat xizmatchilari odob-axloqining Namunaviy qoidalariga, ushbu Namunaviy nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Komissiya Komissiya raisi, kotibi va aʼzolaridan iborat boʻlib, umumiy soni besh nafardan kam boʻlmasligi va toq sonda boʻlishi lozim.
Komissiya tarkibiga tajribali, mehnat jamoasida obroʻ-eʼtiborga sazovor boʻlgan davlat xizmatchilari kiritiladi.
Komissiya tarkibi davlat organi va tashkiloti rahbari qarori bilan tasdiqlanadi va doimiy ravishda faoliyat yuritadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Komissiya aʼzosi, agar unda Komissiya majlisida muhokama etilayotgan masalaga nisbatan manfaatlar toʻqnashuvi mavjud boʻlsa, qaror qabul qilishda ishtirok etmaydi. Bunda Komissiyaning tarkibiga mazkur koʻrib chiqilayotgan masalada manfaatlar toʻqnashuvi vaziyati kelib chiqmaydigan boshqa xodim kiritiladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi 662-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2025-y., 09/25/662/0964-son)
Komissiya tarkibiga komissiya tomonidan qabul qilinadigan qarorlarga taʼsir koʻrsatish mumkin boʻlgan manfaatlar toʻqnashuvi ehtimolini nazarda tutgan holda oʻzgartirish kiritiladi.
2-bob. Komissiyaning asosiy vazifalari va funksiyalari
5. Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
davlat xizmatchilarining idoraviy odob-axloq qoidalarini ishlab chiqish;
davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi masalalarini koʻrib chiqish, xizmat tekshiruvlarini oʻtkazish;
davlat xizmatchilari oʻrtasida axloq normalariga zid boʻlgan xatti-harakatlarning oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
jismoniy va yuridik shaxslarning davlat xizmatchilarining xatti-harakatlariga doir murojaatlarini koʻrib chiqish;
davlat xizmatchilarining shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish;
davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi holatini tahlil qilish, natijalari haqida davlat organi va tashkiloti rahbari va jamoatchilikni xabardor qilib borish.
6. Komissiya oʻz vakolatlari doirasida:
davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalarining buzilishi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan xulosalar tayyorlaydi;
davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalari bilan bogʻliq masalalarini koʻrib chiqish jarayonida zarur axborotni soʻrab oladi;
koʻrib chiqish uchun kiritilgan masalalarni hal etish uchun Komissiya majlislariga ekspertlar va mutaxassislarni jalb qiladi;
odob-axloq qoidalariga oid masalalar yuzasidan davlat xizmatchilariga tegishli maslahat va tushuntirishlar beradi;
Oldingi tahrirga qarang.
manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish yuzasidan koʻrilayotgan choralarning yetarliligi (toʻgʻriligi) haqidagi masalalarni koʻrib chiqadi;
mavjud manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq hollar ustidan kollegial nazoratni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasining “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan talablarning davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan buzilishlari mavjudligi (mavjud emasligi) toʻgʻrisida xizmat tekshiruvi natijalariga koʻra xulosa chiqaradi;
manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida xabar qilmagan, bila turib yolgʻon yoki notoʻgʻri axborot taqdim etgan yoxud bunday axborotni yashirgan davlat xizmatchisini javobgarlikka tortish haqida davlat organining yoki tashkilotining rahbariga taklif kiritadi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi 662-sonli qaroriga asosan yettinchi — oʻninchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2025-y., 09/25/662/0964-son)
zarur hollarda, Komissiyada koʻrib chiqilgan masalalar boʻyicha davlat xizmatchisini intizomiy javobgarlikka tortish yuzasidan davlat organi va tashkiloti rahbariga taklif kiritadi.
7. Komissiya davlat organi va tashkilotining tarkibiy boʻlinmalari, boshqa davlat organlari va tashkilotlari, mansabdor shaxslari va jamoatchilik bilan hamkorlik qiladi.
8. Komissiya faoliyatini tashkil qilish va davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalarining buzilishi bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish ushbu Namunaviy nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
3-bob. Komissiya faoliyatini tashkil etish
9. Komissiya majlislari zaruriyatga qarab oʻtkaziladi.
Komissiya majlislari ochiq tarzda oʻtkaziladi. Zarur boʻlgan hollarda Komissiya yopiq majlis oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
10. Komissiya majlisini Komissiya raisi, u yoʻqligida esa, uning topshirigʻiga binoan Komissiya aʼzolaridan biri olib boradi. Komissiya majlisida bayonnoma yuritiladi, u raislik qiluvchi va Komissiya kotibi tomonidan imzolanadi.
11. Komissiya majlislari, agar ularda Komissiya aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi.
12. Komissiyaning navbatdagi majlisi toʻgʻrisida uning raisi Komissiya aʼzolariga yozma ravishda, qoida tariqasida, kamida ikki kun oldin xabar qiladi, shuningdek majlisning boshqa ishtirokchilarini oldindan xabardor etadi.
13. Komissiyaning qarorlari majlisda qatnashgan Komissiya aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan hollarda Komissiya raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Komissiyaning qarorlari Komissiya raisi tomonidan imzolanadi.
14. Komissiya raisi:
Komissiya ishini tashkil etadi;
Komissiya majlislarini chaqiradi va oʻtkazadi;
Komissiya aʼzolariga topshiriqlar beradi;
davlat organi va tashkilotining tarkibiy boʻlinmalari, boshqa davlat organlari va tashkilotlari, mansabdor shaxslar va jamoatchilik bilan boʻlgan munosabatlarda Komissiya nomidan ish yuritadi;
Komissiya majlislarida Komissiya faoliyati toʻgʻrisidagi axborot bilan soʻzga chiqadi;
har yili davlat organi va tashkiloti rahbariga Komissiya faoliyati toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.
15. Komissiya kotibi:
Komissiyaning faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash masalalarini hal qiladi;
Komissiyaning navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallar oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi, davlat organi va tashkiloti xodimlaridan zarur hujjatlar va maʼlumotlarni soʻrab oladi;
kun tartibiga muvofiq Komissiya majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi;
Komissiyaning aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni Komissiya majlisi oʻtkaziladigan joy, sana va vaqt hamda kun tartibiga kiritilgan masalalar haqida xabardor qiladi;
Komissiya majlisining bayonnomasini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomaning manfaatdor shaxslarga joʻnatilishini taʼminlaydi.
16. Komissiya aʼzosi:
Komissiya tomonidan koʻrib chiqiladigan barcha masalalar boʻyicha ovoz berishga;
Komissiyaning koʻrib chiqishi uchun masalalar va takliflar kiritishga;
qarorlar tayyorlanishida, muhokamasida, qabul qilinishida, shuningdek ularning amalga oshirilishini tashkil etishda hamda bajarilishini nazorat qilishda ishtirok etishga;
koʻrib chiqilayotgan masalaga doir hujjatlar, maʼlumotnomalar va boshqa zarur axborot bilan tanishishga;
Komissiya qaroriga rozi boʻlmagan taqdirda oʻz nuqtai nazarini bayon etishga haqli.
17. Komissiyasi aʼzosi Komissiya majlisida hozir boʻlishi va oʻziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishi shart.
Komissiya aʼzosi Komissiya majlisida hozir boʻlish imkoni boʻlmaganda Komissiya raisini oldindan xabardor etishi lozim.
18. Komissiya majlisida koʻrilayotgan masalalar Komissiya raisi, kotibi va aʼzolariga bevosita yoki bilvosita bogʻliq boʻlgan taqdirda oʻzini oʻzi rad qilishi shart.
4-bob. Davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalari buzilishining oldini olish (profilaktika) choralarini koʻrish
19. Komissiya davlat organlari va tashkilotlarining inson resurslarini boshqarish boʻlinmalari bilan birgalikda muntazam ravishda davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi va ularning buzilishini oldini olishga qaratilgan quyidagilarni nazarda tutuvchi profilaktik kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi:
davlat xizmatchilarida yuksak kasbiy madaniyatni, jamoada sogʻlom maʼnaviy muhit va ishchan kayfiyatni shakllantirish;
davlat xizmatchilari “halollik vaksinasi” bilan emlash, yaʼni halollikni ularning ongiga singdirish, maʼrifat orqali ularda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish kayfiyatini shakllantirish;
davlat organi va tashkilotida taniqli ziyolilar, ijodkorlar, maʼnaviyat va maʼrifat sohasining koʻzga koʻringan namoyondalari, oʻz sohasida yuksak natijalarga erishgan mehnat faxriylarini jalb qilgan holda, uchrashuvlar tashkil qilib borish;
davlat organi va tashkilotida xodimlarining kasbiy va boshqaruv koʻnikmalari oʻsishini, shuningdek ularning malakasini doimiy ravishda oshirishni, ular tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etishlarini taʼminlash maqsadida ularning bilimlari va malakasini doimiy takomillashtirish ishlarini taʼminlash;
davlat xizmatchilarining iqtisodiy bilimlarini, huquqiy savodxonligini, huquqiy madaniyati va huquqiy ongini, intellektual va maʼnaviy rivojlanishini oshirish maqsadida iqtisodiy va huquqiy oʻqishlar tashkil etish;
yangi ishga qabul qilingan davlat xizmatchilarini odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya qilish borasida stajirovkadan oʻtkazish va ular bilan profilaktik suhbatlar tashkil qilish;
davlat xizmatchilarini malaka oshirish kurslariga, xalqaro seminarlar, konferensiyalar va shu kabi boshqa tadbirlarga yuborish, ular tomonidan oʻz kasbiy darajasi va axloqiy sifatlarini mustaqil oshirishlari uchun shart-sharoit yaratib berish.
20. Komissiya davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalari buzilishining oldini olish (profilaktika) borasidagi oʻz faoliyatini Komissiya tomonidan tasdiqlanadigan choraklik ish rejalari asosida olib boradi.
21. Davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalari buzilishining oldini olish (profilaktika) choralari Komissiya tomonidan davlat organi va tashkilotining tegishli tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari hamda kasaba uyushmalari qoʻmitalari bilan birgalikda tashkil etiladi.
22. Davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalari buzilishining oldini olish (profilaktika) choralarining natijadorligi yil yakunlari boʻyicha oʻtkaziladigan Komissiya yigʻilishida muhokama qilinadi.
5-bob. Davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalarining buzilishi bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish tartibi
23. Komissiya davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalarining buzilishlari bilan bogʻliq masalalarni:
davlat organi va tashkiloti rahbarining topshirigʻiga koʻra;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarning murojaatiga asosan;
davlat xizmatchilarning, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga binoan;
oʻz tashabbusi bilan koʻrib chiqadi.
24. Komissiya majlisiga, haqiqiy holatlarni aniqlash va xolisona qaror qabul qilish maqsadida, oʻziga nisbatan masala koʻrib chiqilayotgan davlat xizmatchisi, zarur boʻlgan hollarda esa, murojaat qiluvchi va boshqa shaxslar taklif etiladi. Komissiya majlisining vaqti va joyi haqida tegishli ravishda xabardor etilgan shaxslarning kelmasligi murojaatni koʻrib chiqish uchun toʻsqinlik qilmaydi.
25. Komissiya majlisida:
kun tartibidagi masala oʻqib eshittiriladi;
davlat organi va tashkiloti rahbarining topshirigʻi yoki davlat xizmatchisi tomonidan odob-axloq qoidalari buzilganligi toʻgʻrisidagi murojaat oʻqib eshittiriladi;
odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlikda ayblanayotgan davlat xizmatchisi va murojaatchilarning tushuntirishlari eshitiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
251. Mavjud manfaatlar toʻqnashuvi boʻyicha xabarnoma va ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiya hamda xodimga aloqador shaxslarning deklaratsiyalarini koʻrib chiqishda:
inson resurslarini boshqarish boʻlinmasi xabarnomani olib, bir ish kuni ichida manfaatlar toʻqnashuvini hal qilish boʻyicha koʻrilgan choralarning yetarliligi va maqbulligi haqida qaror chiqarish uchun Komissiyaning eng yaqin vaqtdagi majlisi kun tartibiga kiritishi lozim;
manfaatlar toʻqnashuvining hal etilishiga qarab davlat organining Komissiyasi tomonidan manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi yoki mavjud emasligi haqida xulosa qilinadi hamda hal qilish uchun davlat organi yoki tashkilotining rahbariga koʻrib chiqishga taqdim etiladi;
davlat xizmatchilari tomonidan oshkor etilgan mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi hamda ularni hal etish boʻyicha koʻrilgan choralar haqidagi maʼlumot Komissiya majlisi bayonnomasi tuzilganidan soʻng uch ish kuni ichida Manfaatlar toʻqnashuvini hisobga olish reyestrida aks ettiriladi.
(251-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi 662-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2025-y., 09/25/662/0964-son)
Oldingi tahrirga qarang.
252. Ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi yillik deklaratsiyalarni koʻrib chiqishda:
inson resurslarini boshqarish boʻlinmasi tomonidan har yili 1-martga qadar ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish boʻyicha choralarning yetarliligini (toʻgʻriligini) taʼminlash uchun kiritilgan takliflari Komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi;
Komissiya tomonidan qabul qilingan xulosaga asosan ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar koʻrish toʻgʻrisida davlat organi yoki tashkilotining rahbariga yoxud davlat organi yoki tashkilotining yuqori turuvchi rahbariga 15-martga qadar taklif kiritiladi.
(252-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi 662-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2025-y., 09/25/662/0964-son)
26. Davlat xizmatchisi oʻzining huquqi, shaʼni va qadr-qimmatiga, ishchanlik obroʻsiga daxl qiladigan murojaat boʻyicha amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq oʻzini himoya qilishga, Komissiyaga zarur materiallar hamda boshqa axborotlarni taqdim etishga haqli.
27. Majlis yakuni boʻyicha Komissiya davlat xizmatchisining harakatlarida odob-axloq qoidalarining buzilishi faktining mavjudligini yoxud mavjud emasligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
28. Odob-axloq qoidalari buzilganligi fakti aniqlangan taqdirda Komissiya tomonidan davlat xizmatchilariga quyidagi axloqiy taʼsir choralari qoʻllaniladi:
ogohlantirish;
uzr soʻrash yoki rasmiy uzrnoma keltirishni talab qilish;
davlat organi va tashkilotining kollegial yigʻilishlarida tanbeh berish.
Oldingi tahrirga qarang.
29. Komissiya davlat xizmatchisiga nisbatan intizomiy yoki boshqa taʼsir chorasini qoʻllash uchun davlat organi va tashkiloti rahbariga taqdimnoma kiritishi mumkin.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi 662-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2025-y., 09/25/662/0964-son)
30. Komissiya tomonidan quyidagi murojaatlar koʻrib chiqilmaydi:
komissiyada oldin koʻrib chiqilgan murojaat va aynan shu mazmundagi takror murojaatlar;
anonim murojaatlar;
qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq boʻlmagan murojaatlar.
31. Komissiya qabul qilingan qaror haqida murojaat qiluvchiga, oʻziga nisbatan masala koʻrib chiqilgan davlat xizmatchisiga va davlat organi va tashkiloti rahbariga yozma ravishda maʼlum qiladi.
32. Komissiya odob-axloq qoidalari davlat organi va tashkiloti rahbari tomonidan buzilgan taqdirda ularga nisbatan tegishli chora koʻrish masalasi yuzasidan takliflarni yuqori turuvchi davlat organi va tashkiloti rahbariga yuboradi.
33. Komissiyaning qarori ustidan davlat organi va tashkiloti rahbariga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.
34. Davlat xizmatchisi tomonidan odob-axloq qoidalarining buzilishi haqidagi murojaat uning tashabbuskori tomonidan Komissiya qarori qabul qilinguniga qadar qaytarib olinishi mumkin.
35. Taraflar yarashgan, shuningdek davlat xizmatchisi oʻz xohishi bilan murojaatchidan oshkora uzr soʻragan hollarda, unga nisbatan taʼsir choralari qoʻllanilmasligi mumkin.
Odob-axloq komissiyasi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga
ILOVA
Odob-axloq komissiyasi faoliyatini tashkil qilish va davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalarining buzilishi bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Ijro muddati

I. Komissiya faoliyatini tashkil etish

1-bosqich

Davlat organi va tashkiloti rahbari

1. Davlat organlari va tashkilotlarida Odob-axloq komissiyalarini (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) Komissiya raisi, kotibi va aʼzolaridan iborat tarkibda, umumiy soni kamida besh nafardan kam boʻlmagan miqdorda toq sonda shakllantirish.

2. Komissiya tarkibiga tajribali, mehnat jamoasida obroʻ-eʼtiborga sazovor boʻlgan davlat xizmatchilarini kiritish.

3. Komissiya tarkibini tasdiqlash.

Ikki hafta muddatda

4. Komissiya tarkibiga komissiya tomonidan qabul qilinadigan qarorlarga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan manfaatlar toʻqnashuvi ehtimolini nazarda tutgan holda oʻzgartirish kiritiladi.

Zaruratga koʻra

2-bosqich

Komissiya raisi

Komissiya ishini tashkil etadi, komissiya majlislarini chaqiradi va oʻtkazadi majlisiga raislik qiladi.

Komissiya nomidan ish yuritadi, Komissiya majlislarida Komissiya faoliyati toʻgʻrisidagi axborot bilan soʻzga chiqadi.

Davlat organi va tashkiloti rahbariga Komissiya faoliyati toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.

Maʼlumotlar kiritilgan vaqtdan boshlab

Har yili yil yakuni boʻyicha

Komissiyaning kotibi

Kun tartibiga muvofiq Komissiya majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi. Komissiyaning aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni Komissiya majlisi oʻtkaziladigan joy, sana va vaqt hamda kun tartibiga kiritilgan masalalar haqida xabardor qiladi.

Komissiyaning faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash masalalarini hal qiladi, navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallar oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi.

Komissiya majlisining bayonnomasini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomaning manfaatdor shaxslarga joʻnatilishini taʼminlaydi.

Majlisdan kamida ikki kun oldin


Majlisdan

keyin bir kun muddatda

II. Odob-axloq qoidalari buzilishining oldini olish (profilaktika) choralarini koʻrish

1-bosqich

Komissiya

Davlat organining tarkibiy boʻlinmalari

kasaba uyushmalari qoʻmitalari

Komissiya muntazam ravishda davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishi va ularning buzilishining oldini olishga qaratilgan quyidagilarni nazarda tutuvchi profilaktik kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi:

davlat xizmatchilarida yuksak kasbiy madaniyatni, jamoada sogʻlom maʼnaviy muhit va ishchan kayfiyatni shakllantirish;

davlat xizmatchilari “halollik vaksinasi” bilan emlash, yaʼni halollikni ularning ongiga singdirish, maʼrifat orqali ularda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish kayfiyatini shakllantirish;

davlat organi va tashkilotida taniqli ziyolilar, ijodkorlar, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi, shuningdek diniy sohaning koʻzga koʻringan namoyondalari, oʻz sohasida yuksak natijalarga erishgan mehnat faxriylarini jalb qilgan holda, uchrashuvlar tashkil qilib borish;

davlat organi va tashkilotida xodimlarining kasbiy va boshqaruv koʻnikmalari oʻsishini, shuningdek ularning malakasini doimiy ravishda oshirishni, ular tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etishlarini taʼminlash maqsadida ularning bilimlari va malakasini doimiy oshirish ishlarini taʼminlash;

davlat xizmatchilarining iqtisodiy bilimlarini, huquqiy savodxonligini, huquqiy madaniyati va huquqiy ongini, intellektual va maʼnaviy rivojlanishini taʼminlash maqsadida iqtisodiy va huquqiy oʻqishlar tashkil etish;

yangi ishga qabul qilingan davlat xizmatchilarini odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya qilish borasida stajirovkadan oʻtkazish va ular bilan profilaktik suhbatlar tashkil qilish;

davlat xizmatchilarini malaka oshirish kurslariga, xalqaro seminarlar, konferensiyalar va shu kabi boshqa tadbirlarga yuborish, ular tomonidan oʻz kasbiy darajasi va axloqiy sifatlarini mustaqil oshirishlari uchun shart-sharoit yaratib berish.

Komissiya tomonidan tasdiqlanadigan choraklik ish rejalari asosida

2-bosqich

Komissiya

Davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalari buzilishining oldini olish (profilaktika) choralarining natijadorligini Komissiya yigʻilishida muhokama qiladi.

Har yili yakunlari boʻyicha

III. Odob-axloq qoidalarining buzilishi bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish

1-bosqich

Komissiya

Komissiya davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalarini buzilishlari bilan bogʻliq masalalarni:

davlat organi va tashkiloti rahbarining topshirigʻiga koʻra;

huquqni muhofaza qiluvchi organlarning murojaatiga asosan;

davlat xizmatchilarning, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga binoan;

oʻz tashabbusi bilan koʻrib chiqadi.

Zaruratga koʻra

2-bosqich

Komissiya raisi va aʼzolari

Komissiya majlisida:

kun tartibidagi masala oʻqib eshittiriladi;

davlat organi va tashkiloti rahbarining topshirigʻi yoki davlat xizmatchisi tomonidan odob-axloq qoidalari buzilganligi toʻgʻrisidagi murojaat oʻqib eshittiriladi;

odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlikda ayblanayotgan davlat xizmatchisi va murojaatchilar tushuntirishlari eshitiladi.

Majlis oʻtkaziladigan kun

Davlat xizmatchisi

Oʻzining huquqi, shaʼni va qadr-qimmatiga, ishchanlik obroʻsiga daxl qiladigan murojaat boʻyicha amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq oʻzini himoya qilishga, Komissiyaga zarur materiallar hamda boshqa axborotlarni taqdim etishga haqli.

3-bosqich

Komissiya

1. Majlis yakuni boʻyicha davlat xizmatchisining harakatlarida odob-axloq qoidalarining buzilishi faktining mavjudligini yoxud mavjud emasligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

2. Odob-axloq qoidalari buzilganligi fakti aniqlangan taqdirda davlat xizmatchilariga quyidagi axloqiy taʼsir choralari qoʻllaydi:

ogohlantirish;

uzr soʻrash yoki rasmiy uzrnoma keltirishni talab qilish;

davlat organi va tashkilotining kengaytirilgan majlisida tanbeh berish.

3. Davlat xizmatchisiga nisbatan intizomiy taʼsir chorasini qoʻllash uchun davlat organi va tashkiloti rahbariga taqdimnoma kiritishi mumkin.

4. Qabul qilingan qaror haqida murojaat qiluvchiga, oʻziga nisbatan masala koʻrib chiqilgan davlat xizmatchisiga va davlat organi va tashkiloti rahbariga yozma ravishda maʼlum qiladi.

Majlis oʻtkaziladigan kun

4-bosqich

Komissiya

Odob-axloq qoidalari davlat organi va tashkiloti rahbari tomonidan buzilgan taqdirda ularga nisbatan tegishli chora koʻrish masalasi yuzasidan takliflarni yuqori turuvchi davlat organi va tashkiloti rahbariga yuboradi.

Zaruratga koʻra

5-bosqich

Davlat xizmatchisi

Komissiyaning qarori ustidan davlat organi va tashkiloti rahbariga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.

Zaruratga koʻra

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi 595-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2016-yil 2-martdagi 62-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2022-yil 4-apreldagi 153-son qaroriga ilovaning 376-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.10.2022-y., 09/22/595/0921-son; 22.10.2025-y., 09/25/662/0964-son)