1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik toʻgʻrisidagi qonunchilik / 09.01.07.00 Elektron tijorat. Elektron raqamli imzo (shuningdek, 12.03.02.02, 12.03.02.03larga qarang);
2.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.03.00.00 Axborot resurslari. Axborot resurslaridan foydalanish / 12.03.02.00 Axborotni hujjatlashtirish. Elektron hujjat aylanishi / 12.03.02.03 Elektron raqamli imzo;
3.19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.07.00.00 Diplomatik va konsullik huquqi / 19.07.06.00 Konsullik muassasalari. Konsullik okruglari]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Axborot va axborotlashtirish. Elektron tijorat (hujjat aylanishi);
2.Tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar / Diplomatik va boshqa vakolatxonalar]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari orqali elektron raqamli imzo berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, xorijda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet davlat jismoniy va yuridik shaxslari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga koʻrsatiladigan barcha davlat xizmatlaridan erkin foydalanish imkoniyatini beradigan elektron raqamli imzo kaliti sertifikatini berishni joriy qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari orqali elektron raqamli imzo berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
xorijda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, chet davlat jismoniy va yuridik shaxslari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan elektron raqamli imzo kaliti sertifikatini olish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari konsullik boʻlimlari va konsullik muassasalariga murojaat qilish tartibi;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari konsullik boʻlimlari va konsullik muassasalari tomonidan xorijda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, chet davlat jismoniy va yuridik shaxslari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini berish tartibi;
elektron raqamli imzo kaliti sertifikatining amal qilish muddati.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi xorijda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, chet davlat jismoniy va yuridik shaxslari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga elektron raqamli imzo kaliti sertifikatlarini Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari konsullik boʻlimlari va konsullik muassasalari tomonidan berish maqsadida axborot almashinuvi elektron tizimini yoʻlga qoʻysin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va ilmiy faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻi, Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.X. Shermatov hamda tashqi ishlar vaziri v.b. V.I. Norov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 29-iyul,
413-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 29-iyuldagi 413-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari orqali elektron raqamli imzo berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari konsullik boʻlimlari va konsullik muassasalari (keyingi oʻrinlarda — konsullik muassasasi) tomonidan xorijda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, chet davlat jismoniy va yuridik shaxslari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga (keyingi oʻrinlarda — talabgor) elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini berish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
rasmiy axborot resursi — elektron raqamli imzo (keyingi oʻrinlarda — ERI) kalitlarini roʻyxatdan oʻtkazish va ERI kalitlari sertifikatlarini olish uchun jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning rahbarlari tomonidan elektron hisoblash mashinasi vositasida ERI yopiq kalitini yaratish va saqlash imkoniyatini taʼminlab beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organ) rasmiy veb-sayti;
ERI yopiq kalitining paroli — ERIning yopiq kalitidan ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilish uchun moʻljallangan shartli belgilar ketma-ketligi;
ERI kaliti egasining shaxsini tasdiqlovchi hujjat — fuqarolik biometrik pasporti (identifikatsiyalovchi ID-kartasi), xorijga chiqish biometrik pasporti va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning biometrik harakatlanish hujjati;
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-sentabrdagi 442-sonli qarori tahririda)
ERI kalitining sertifikati — ERIning ochiq kaliti ERIning yopiq kalitiga muvofiqligini tasdiqlaydigan elektron hujjat;
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-iyundagi 233-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2023-y., 09/23/233/0344-son)
ERI kalitining sertifikatini boshqarish — ERI kalitining sertifikati amal qilishini toʻxtatib turish yoki qayta tiklash yoxud uni bekor qilish;
ERIning yopiq kaliti egasi — ERIni yaratgan (elektron hujjatga imzo qoʻygan) va vakolatli organ tomonidan uning nomiga ERI kaliti sertifikati berilgan jismoniy shaxs.
3. Konsullik muassasasi orqali ERI kalitlarini roʻyxatga olish va ERI kalitlari sertifikatlarini berish vakolatli organ tomonidan idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi orqali amalga oshiriladi.
4. Konsullik muassasasi va vakolatli organ oʻrtasidagi harakatlar ERIdan foydalangan holda idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi orqali amalga oshiriladi.
5. ERI kalitlari sertifikatlarini berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 24-dekabrdagi PQ-2095-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Konsullik yigʻimlari tarifida belgilangan miqdorda konsullik yigʻimlari, shuningdek, konsullik harakatlarini amalga oshirilganlik bilan bogʻliq haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 5-apreldagi PQ-3654-son qaroriga asosan konsullik harakatlarini amalga oshirganlik uchun konsullik yigʻimlaridan tushgan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga — 70 foiz, Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik xizmat organlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga — 30 foiz nisbatida taqsimlanadi.
6. ERI kaliti sertifikatining amal qilish muddati ERI roʻyxatga olingan vaqtdan boshlab 24 oydan oshmasligi kerak.
Bunda, ERI kaliti sertifikatining amal qilish muddati ikki martadan koʻp boʻlmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-iyundagi 233-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2023-y., 09/23/233/0344-son)
2-bob. ERI kalitining sertifikatini berish tartibi
7. ERI kalitini roʻyxatdan oʻtkazish va ERI kalitining sertifikatini olish uchun talabgor konsullik muassasasiga quyidagi hujjatlar bilan bevosita murojaat qiladi:
shaxsini tasdiqlovchi hujjatning asli (konsullik muassasasi mansabdor shaxsi tomonidan tekshiriladi va talabgorga qaytarib beriladi);
jismoniy shaxslar uchun — Oʻzbekiston Respublikasida olingan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami;
yuridik shaxslar uchun — yuridik shaxsning toʻliq nomi va soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami qayd etilgan notarial tasdiqlangan yuridik shaxs xati;
belgilangan miqdorda konsullik yigʻimi va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻim toʻlanganligi toʻgʻrisida kvitansiya.
Agar ERI yopiq kaliti egasi yuridik shaxsning vakili (yuridik shaxsning rahbari bundan mustasno) boʻlsa, soʻrovnomaga ERI yopiq kaliti egasining familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi koʻrsatilgan hamda ushbu ERI yopiq kaliti egasiga ERI kalitlarini va ERI kalitining sertifikatini berish toʻgʻrisida yuridik shaxsning xati (notarial tasdiqlangan ishonchnoma) ilova qilinadi.
Talabgordan ushbu Nizomda koʻrsatilmagan maʼlumotlarni, shuningdek, boshqa hujjatlarni talab qilish qatʼiyan taqiqlanadi.
Konsullik muassasasi tomonidan ERI kaliti sertifikatini olish uchun talabgordan hujjatlarni qabul qilmaslikka quyidagilar asos boʻladi:
hujjatlarning toʻliq taqdim etilmaganligi;
qalbaki hujjatlar taqdim etilganligi;
ERI kalitining sertifikatini berish uchun konsullik yigʻimi va haqiqiy xarajatlar oʻrnini qoplash hisobidan yigʻim toʻliq amalga oshirilmaganligi.
8. ERI kalitining sertifikati ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha beriladi.
9. Konsullik muassasasining mansabdor shaxsi talabgor nomidan ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq elektron shakldagi soʻrovnomani toʻldiradi hamda talabgor tomonidan imzolanishini taʼminlaydi.
10. Konsullik muassasasi ERI kaliti sertifikatini berish toʻgʻrisidagi soʻrovnomani qabul qilgandan soʻng undagi maʼlumotlarni konsullik muassasasi mansabdor shaxsining ERIsi bilan tasdiqlagan holda, vakolatli organning axborot tizimiga idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi orqali yuboradi.
Agar chet davlat yuridik shaxsining vakili Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashib faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, ERI kaliti sertifikatlari Oʻzbekiston Respublikasiga tegishli davlat tashkilotining rasmiy soʻrovi va Soliq qoʻmitasining ruxsati asosida vakolatli organ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari hamda konsullik muassasalariga bormagan holda respublika hududida beriladi.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 23-yanvardagi 23-sonli qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2026-y., 09/26/23/0070-son)
11. Vakolatli organ axborot tizimida konsullik muassasasi tomonidan yuborilgan maʼlumotlarni koʻrib chiqadi, real vaqt rejimida ERI kalitining sertifikatini rasmiylashtiradi yoki ERI kalitining sertifikatini berishni asoslantirgan holda rad etadi.
12. Vakolatli organning axborot tizimida soʻrovnomani koʻrib chiqish natijalariga asosan rasmiylashtirilgan ERI kalitining sertifikati elektron hujjat shaklida konsullik muassasasiga idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi orqali yuboriladi.
13. ERI yopiq kalitining paroli vakolatli organ tomonidan soʻrovnomada koʻrsatilgan elektron pochta manziliga elektron xat shaklida yuboriladi. ERI yopiq kaliti egasining konsullik muassasasiga bevosita qilgan murojaatiga asosan soʻrovnomada koʻrsatilgan elektron pochta manzili oʻzgartirilishi yoki ERI yopiq kalitining paroli qayta yuborilishi mumkin.
14. ERI kalitining sertifikatini olish uchun ERI yopiq kalitining egasi konsullik muassasasi mansabdor shaxsiga ERI kalitlarini va ERI kalitining sertifikatini elektron hujjat shaklida yozib qoʻyish va saqlash uchun oʻzga maʼlumotlar manbaini taqdim etadi.
15. Konsullik muassasasining mansabdor shaxsi ERI kalitini va ERI kalitining sertifikatini ERI yopiq kaliti egasiga berish vaqtida quyidagilarni amalga oshiradi:
ERI yopiq kaliti egasining shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida uning shaxsini aniqlaydi;
tarkibida roʻyxatga olingan ERI kalitlari va elektron hujjat shaklidagi ERI kalitining sertifikati boʻlgan faylni talabgor tomonidan taqdim etilgan oʻzga maʼlumotlar manbaiga yozib qoʻyadi va faylning yozilganligini tekshiradi hamda uni bir ish kuni mobaynida egasiga topshiradi;
ERI kalitining sertifikati qogʻoz hujjat shaklida talab etilgan taqdirda, ERI kalitining sertifikati chop etiladi va konsullik muassasasining mansabdor shaxsi tomonidan imzolanadi hamda konsullik muassasasining muhri bosilib, ERI yopiq kaliti bir ish kuni mobaynida egasiga beriladi.
16. Konsullik muassasasining mansabdor shaxsi ERI kaliti sertifikatini ERI yopiq kaliti egasiga berish jarayonida talabgor tomonidan taqdim etilgan oʻzga maʼlumotlar manbaidagi maʼlumotlarga oʻzgartirish kiritishi, ulardan nusxa olishi va oʻchirishi, oʻzida saqlashi hamda ERI yopiq kaliti egasidan ERI yopiq kaliti parolini soʻrab olishi taqiqlanadi.
17. Vakolatli organ tomonidan ERI kalitining sertifikatini berishni rad etishga quyidagilar asos boʻladi:
talabgor taqdim etgan soʻrovnomada notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarning mavjudligi;
talabgorning hujjatlarni zarur tarzda rasmiylashtirmay taqdim etishi.
Boshqa asoslarga koʻra, shu jumladan, ERI kalitining sertifikatini berish maqsadga muvofiq emas degan sabablar bilan rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
18. Vakolatli organ ERI kalitining sertifikatini berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomani uning aniq asoslarini koʻrsatgan holda konsullik muassasasiga yuboradi.
19. Konsullik muassasasi vakolatli organ tomonidan ERI kaliti sertifikatini berishni rad etilganligi toʻgʻrisida talabgorni xabardor qiladi. ERI kalitining sertifikatini berish rad etilganda, toʻlangan yigim qaytarilmaydi.
20. ERI kalitining sertifikatini berishning rad etilishiga asos boʻlgan sabablar talabgor tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, soʻrovnomani qayta koʻrib chiqish talabgor tomonidan konsullik muassasasiga vakolatli organ tomonidan rad etilishiga asos boʻlgan sabablarni bartaraf etgan holda taqdim etilgan soʻrovnoma olingan vaqtdan boshlab ushbu Nizomning 7 — 14-bandlarida koʻrsatilgan tartibda amalga oshiriladi.
Soʻrovnomani qayta koʻrib chiqishda vakolatli organ tomonidan ERI kalitining sertifikatini berish ilgari koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha rad etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Takroriy murojaat koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
3-bob. ERI kalitining sertifikatini boshqarish
21. ERI kalitining sertifikatini boshqarish uchun ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq elektron shaklda soʻrovnoma konsullik muassasasiga bevosita murojaat qilgan holda toʻldiriladi.
ERI kalitining sertifikatini boshqarish bepul amalga oshiriladi.
22. Agar ERI yopiq kalitining egasi yuridik shaxsning vakili boʻlsa ERI kalitining sertifikatini boshqarish toʻgʻrisidagi soʻrovnoma bilan birga ERI yopiq kaliti egasining familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi koʻrsatilgan ERI kalitining sertifikatini boshqarish toʻgʻrisida yuridik shaxsning xati (ishonchnoma) taqdim etiladi.
Bunda talabgor ERI yopiq kalitining egasi boʻlsa, ERI kalitining sertifikatini boshqarish uchun yuridik shaxsning xati (ishonchnoma) talab etilmaydi.
23. ERI kalitining sertifikatini boshqarish toʻgʻrisidagi soʻrovnomani qabul qilish vaqtida konsullik muassasasining mansabdor shaxsi ERI yopiq kaliti egasining shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida uning shaxsini aniqlaydi.
Bunda ERI kalitining sertifikatini boshqarish uchun yuridik shaxs xati (notarial tasdiqlangan ishonchnoma) taqdim etilganda, ERI yopiq kaliti egasining shaxsini aniqlash talab etilmaydi.
24. Konsullik muassasasi ERI kalitining sertifikatini boshqarish toʻgʻrisidagi soʻrovnomani qabul qilgandan soʻng uni vakolatli organga yuboradi.
25. Vakolatli organ ERI kalitining sertifikatini boshqarish toʻgʻrisidagi soʻrovnomani real vaqt rejimida koʻrib chiqadi va soʻrovnomada koʻrsatilgan ERI kalitining sertifikati bilan zarur boʻlgan harakatlarni amalga oshiradi.
26. ERI kalitining sertifikatini boshqarish toʻgʻrisidagi soʻrovnomani koʻrib chiqish natijalari va ERI kalitining sertifikati bilan amalga oshirilgan harakatlar haqidagi maʼlumotlar vakolatli organ tomonidan konsullik muassasasiga elektron hujjat shaklida yuboriladi.
27. Konsullik muassasasi ERI kalitining sertifikati bilan amalga oshirilgan harakatlar haqida talabgorni xabardor qiladi.
4-bob. Konsullik muassasasi mansabdor shaxslarining ERI kalitlarini roʻyxatdan oʻtkazish va sertifikat berish hamda berilgan sertifikatlarni boshqarish
28. Vakolatli organ Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti murojaati asosida konsullik muassasasi mansabdor shaxsining ERI kalitlarini bepul roʻyxatdan oʻtkazadi, sertifikatlarni beradi va berilgan sertifikatlarni boshqaradi.
29. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti vakolatli organda roʻyxatdan oʻtkazilgan ERI kalitlari yordamida konsullik muassasasi mansabdor shaxslariga ushbu Nizomda nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirish uchun ERI kalitlarini roʻyxatdan oʻtkazadi, sertifikatlarni beradi va berilgan sertifikatlarni boshqaradi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
30. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari orqali elektron raqamli imzo berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari konsullik boʻlimlari va konsullik muassasalari tomonidan xorijda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, chet davlat jismoniy va yuridik shaxslari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini berish
(xorijda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, chet davlat jismoniy va yuridik shaxslari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar)
Elektron raqamli imzo (keyingi oʻrinlarda — ERI) kaliti sertifikatini olish uchun Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonasi konsullik boʻlimi yoki konsullik muassasasiga oʻzi kelgan holda murojaat qiladi.
Xohishiga koʻra
2-bosqich
Talabgor
(xorijda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek, chet davlat jismoniy va yuridik shaxslari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar)
Konsullik yigimi va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigim toʻlovini amalga oshiradi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 24-dekabrdagi PQ-2095-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Konsullik yigʻimlari tarifida belgilangan miqdorda)
Murojaat qilinganda
3-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonasi konsullik boʻlimi yoki konsullik muassasasi
1. Talabgor nomidan soʻrovnomani toʻldiradi.
2. Soʻrovnomani unga ilova qilingan hujjatlar bilan birgalikda idoralararo vakolatli organga yuboradi.
(elektron tarzda, idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi orqali)
Bir ish kunida
4-bosqich
Vakolatli organ
(Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi)
1. Axborot tizimi orqali taqdim etilgan maʼlumotlarni koʻrib chiqadi.
2.1. Soʻrovnomada notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarning mavjudligi aniqlanmasa — ERI kalitlarini roʻyxatga oladi va ERI kaliti sertifikatini rasmiylashtiradi hamda ularni tegishli diplomatik vakolatxona konsullik boʻlimi yoki konsullik muassasasiga yuboradi.
(elektron tarzda, idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi orqali)
2.2. Soʻrovnomada notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarning mavjudligi aniqlangan holda — ERI kalitining sertifikatini berishni asoslantirgan holda rad etish xabarnomasini tegishli diplomatik vakolatxona konsullik boʻlimi yoki konsullik muassasasiga yuboradi.
(elektron tarzda, idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi orqali)
Soʻrovnoma kiritilgan vaqtning oʻzida, avtomatik tarzda
5-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonasi konsullik boʻlimi yoki konsullik muassasasi
1. Vakolatli organdan ERI kalitlarini va ERI kaliti sertifikatini yoki asoslangan sabablarga koʻra rad etish xabarnomasini qabul qiladi.
2. ERI kalitlarini va ERI kaliti sertifikatini yoki rad etish xabarnomasini talabgorga beradi.
Bunda:
ERI yopiq kaliti egasining shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida uning shaxsini aniqlaydi;
ERI kalitlarini va ERI kaliti sertifikatini talabgor tomonidan taqdim etilgan oʻzga maʼlumotlar manbaiga yozadi va taqdim etadi;
(flesh-xotira, tashqi disklar va boshqalarda)
qogʻoz hujjat shaklidagi ERI kaliti sertifikatini rasmiylashtiradi va taqdim etadi.
(talab etilgan taqdirda)
Bir ish kunida
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari orqali elektron raqamli imzo berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Elektron raqamli imzo kaliti sertifikatini olish uchun
SOʻROVNOMA
I.
Murojaat maqsadi:
1-1
□ Elektron raqamli imzo kaliti sertifikatini berish
1-2
□ Elektron raqamli imzo kaliti sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turish
1-3
□ Elektron raqamli imzo kaliti sertifikatining amal qilishini qayta tiklash
1-4
□ Elektron raqamli imzo kaliti sertifikatini bekor qilish
II.
Murojaat qiluvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar:
2-1
□ Jismoniy shaxs
2-1-1
Familiyasi:
2-1-2
Ismi:
2-1-3
Otasining ismi:
2-1-4
Fuqaroligi:
2-1-5
Oʻzbekiston Respublikasida olingan jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR):
Izoh: 2-2, 2-2-1 va 2-2-2-bandlar jismoniy shaxs — yuridik shaxs rahbari va/yoki vakili sifatida soʻrovnomani taqdim etganda, 2-1-bandga qoʻshimcha ravishda toʻldiriladi va soʻrovnomaga yuridik shaxsning xati (notarial tasdiqlangan ishonchnoma) ilova qilinadi.
2-3
ERI yopiq kalitining paroli va soʻrovnomani koʻrib chiqish natijasi toʻgʻrisidagi xabarnomani yuborish uchun elektron pochta manzili
III.
Qoʻshimcha maʼlumotlar:
3-1
Elektron raqamli imzo kaliti sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turishda/qayta tiklashda/bekor qilishda:
3-1-1
Elektron raqamli imzo kalitining sertifikati:
3-1-l-l
Seriyali tartib raqami:
3-1-1-2
Berilgan sana: ------------------------------------------------------------------------___.___.______y.
3-2
□ 1) Ommaviy oferta talablari va shartlari bilan tanishganimni va unga rioya etishni oʻz zimmamga olishimni tasdiqlayman.
2) Taqdim etilayotgan hujjatlardagi maʼlumotlarning ishonchliligini tasdiqlayman
3) Ishonchsiz maʼlumotlar taqdim etilgan taqdirda, davlat xizmati koʻrsatishning qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda rad etilishi mumkinligi menga maʼlum
3-3
Talabgorning imzosi
IV.
Xizmat boʻyicha qaydlar
4-1
Soʻrovnomani qabul qilish sanasi va vaqti: ---------------------------------------___.___.______y.
4-2
Soʻrovnomani unikal roʻyxatdan oʻtkazish raqami
4-3
Konsullik mansabdor shaxsining imzosi, ism sharifi va lavozimi