Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 02.12.2023
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini olish uchun jismoniy shaxslarni attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-noyabrdagi 635-sonli “Malaka sertifikatlarini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini olish uchun jismoniy shaxslarni attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti (keyingi o‘rinlarda — Reglament) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
talabgorning qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini olish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) orqali murojaat qilish tartibi;
qimmatli qog‘ozlar bozori mutaxassisining malaka sertifikatini berish va qayta rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish;
malaka sertifikatini olish uchun talabgorga qo‘yiladigan talablar va attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish tartibi;
attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish jarayonida shaffoflik va xolislikni ta’minlash;
attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan shaxslarga malaka sertifikatini rasmiylashtirish va Moliya vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Moliya vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Reglamentga muvofiq davlat xizmatlari ko‘rsatish YIDXP orqali joriy etilishini ta’minlasin;
YIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlar ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishining belgilangan tartibiga rioya etish bo‘yicha ularning faoliyati yuzasidan, jumladan, YIDXP orqali doimiy nazorat o‘rnatsin;
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Reglament talablari buzilgan hollarda, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy jazo choralarini qo‘llasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 7-iyun,
304-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyundagi 304-son qaroriga
ILOVA
Qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini olish uchun jismoniy shaxslarni attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning
MA’MURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Reglament qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini olish uchun jismoniy shaxslarni attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.
Ushbu Reglament talablari qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilarida, Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi (keyingi o‘rinlarda — Markaziy depozitariy), fond birjalari va valyuta birjalarining fond bo‘limlarida ishlashga talabgor bo‘lgan yoki ishlayotgan hamda oliy ma’lumotga ega jismoniy shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini olish uchun jismoniy shaxslarni attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish bo‘yicha vakolatli davlat organi (keyingi o‘rinlarda — vakolatli organ) — O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi;
qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini olish uchun jismoniy shaxslarni attestatsiyadan o‘tkazish (keyingi o‘rinlarda — attestatsiyadan o‘tkazish) — qimmatli qog‘ozlar bozorida qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish, xizmatlar ko‘rsatish va (yoki) ishlarni bajarishda qimmatli qog‘ozlar bozori mutaxassisi malaka sertifikatini olishga talabgor bo‘lgan qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini olish uchun jismoniy shaxslarning (keyingi o‘rinlarda — talabgorlar) nazariy bilim va kasbiy tayyorgarlik darajasini baholash jarayoni;
qimmatli qog‘ozlar bozori mutaxassisining malaka sertifikati — vakolatli organ tomonidan qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchisi, markaziy depozitariy, fond birjasi va valyuta birjasi fond bo‘limi nomidan qimmatli qog‘ozlar bozorida qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish, xizmatlar ko‘rsatish va ishlarni bajarish huquqini tasdiqlovchi va tegishli toifasi ko‘rsatilgan tarzda jismoniy shaxsga beriladigan hujjat;
I toifali malaka sertifikati — jismoniy shaxslarga beriladigan va qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilarining ijro etuvchi organi rahbari, markaziy depozitariy va uning tuzilmaviy bo‘linmalari rahbari, fond birjasining ijro etuvchi organi va uning tuzilmaviy bo‘linmalari rahbari va valyuta birjalarining fond bo‘limi rahbari lavozimini egallash uchun talab etiladigan malaka toifasi;
II toifali malaka sertifikati — jismoniy shaxslarga beriladigan va qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilarida, markaziy depozitariyning qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi bo‘limlari, fond birjalari va valyuta birjalarining fond bo‘limlarida mutaxassis sifatida ishlash uchun talab etiladigan malaka toifasi.
3. Malaka sertifikatini berish, qayta rasmiylashtirish, uning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va uni bekor qilish bo‘yicha davlat xizmatlari davlat xizmatlari markazlari va O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) orqali ko‘rsatiladi.
4. Qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish, qimmatli qog‘ozlar bozorida xizmatlar ko‘rsatish va (yoki) ishlarni amalga oshirish uchun malaka sertifikati talabgorlarga besh yil amal qilish muddati bilan beriladi.
5. Qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish, qimmatli qog‘ozlar bozorida xizmatlar ko‘rsatish va (yoki) ishlarni amalga oshirish uchun vakolatli organ vakolatli shaxsining elektron raqamli imzosi (keyingi o‘rinlarda — ERI) bilan tasdiqlangan hamda ushbu Reglamentga 1a va 1b-ilovalarga muvofiq elektron shaklda QR-kod bilan rasmiylashtiriladigan malaka sertifikati beriladi.
6. Quyidagi shaxslar qimmatli qog‘ozlar bozori mutaxassisining malakasi sertifikatini olish uchun attestatsiyadan o‘tishlari shart (ushbu Reglamentning 9-bandida qayd etilgan hollar bundan mustasno):
qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilarining ijro organi rahbarlari, markaziy depozitariy va uning tuzilmaviy bo‘linmalari rahbarlari, fond birjalarning ijro organi va uning tuzilmaviy bo‘linmalari rahbarlari va valyuta birjalarining fond bo‘limi rahbarlari;
qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi, xizmatlar ko‘rsatuvchi va (yoki) qimmatli qog‘ozlar bozorida ishlarni bajaruvchi qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilarining, markaziy depozitariyning qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi bo‘limlarining, fond birjasining va valyuta birjalari fond bo‘limlarining mutaxassislari.
Attestatsiyadan o‘tmagan deb topilgan shaxslar mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida qayd etilgan lavozimlarni egallashga haqli emas.
7. Malaka sertifikatining amal qilish muddati tugagan shaxslar malaka sertifikatining amal qilish muddati tugagan paytdan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmasdan majburiy attestatsiyadan o‘tishlari lozim.
Mazkur bandning birinchi xatboshida qayd etilgan muddat davomida malaka sertifikatining amal qilish muddati tugagan shaxslar tegishli lavozimlarni qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirishda ishtirok etish, xizmatlar ko‘rsatish va (yoki) qimmatli qog‘ozlar bozorida ishlarni bajarish huquqisiz egallashga haqli.
8. Qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilarida, fond birjalari va valyuta birjalarining fond bo‘limlarida ishlayotgan malaka sertifikatiga ega xodimlar ikki kishidan kam bo‘lmasligi lozim.
Ushbu bandning birinchi xatboshidagi xodimlarning lavozimlari, vazifalari, funksiyalari va vakolatlari ko‘rsatilgan ro‘yxat xo‘jalik yurituvchi subyektning buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
9. Quyidagi shaxslar istisno tariqasida:
moliya-iqtisod yoki huquqshunoslik sohasi bo‘yicha oliy ma’lumot to‘g‘risidagi imtiyozli diplomga ega oliy ta’lim muassasasi bitiruvchilari, (agar oliy ma’lumotga egaligi to‘g‘risidagi diplom berilgan kundan uch yildan ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa);
oxirgi besh yil mobaynida CFA Institute (Chartered Financial Analyst) xalqaro tashkiloti tomonidan berilgan moliyaviy tahlil va investitsiyalar sohasidagi xalqaro sertifikatning kamida birinchi darajasiga yoki ACI — The Financial Markets Association xalqaro tashkiloti tomonidan berilgan valyuta va pul bozorlari, xavfni (tavakkalchilikni) boshqarish va moliyaviy tahlil sohalaridagi sertifikatga yoki ACCA (Association of Chartered Certified Accountants) xalqaro tashkilotining moliya, buxgalteriya hisobi va audit sohalaridagi xalqaro sertifikatiga yoxud Moliyaviy risk menejer FRM sertifikatining kamida amaliy bilimlar (Applied Knowledge) darajasiga ega bo‘lgan shaxslar vakolatli organ tomonidan o‘tkaziladigan attestatsiyadan o‘tmasdan va belgilangan yig‘imni to‘lamasdan, II toifali malaka sertifikatini olishlari mumkin.
2-bob. Attestatsiya komissiyasining ish tartibi
10. Vakolatli organ huzurida attestatsiya savollarini tuzish, qayta ko‘rib chiqish va tasdiqlash, jismoniy shaxslarni attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish, attestatsiyani o‘tkazish bilan bog‘liq yuzaga kelgan bahsli masalalarni hal qilish, attestatsiya natijalarini rasmiylashtirish va attestatsiyadan o‘tmagan deb topilgan shaxslarning apellyatsiyalarini ko‘rib chiqish maqsadida attestatsiya komissiyasi tuziladi.
11. Attestatsiya komissiyasi vakolatli organ rahbarining buyrug‘i bilan vakolatli organning mansabdor shaxslari va mutaxassislari orasidan kamida besh nafar a’zodan iborat tarkibda tuziladi hamda uning rais va rais o‘rinbosari hamda a’zolardan iborat bo‘ladi.
Attestatsiya komissiyasi majlislarining kun tartibidagi masalalar muhokamasi va qabul qilingan qarorlarning xolisligi va odilligini ta’minlash maqsadida boshqa davlat boshqaruvi organlari va nodavlat-notijorat tashkilotlari, shu jumladan, qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilarining ixtiyoriy birlashmasi vakillari attestatsiya komissiyasi tarkibiga kirish huquqiga ega.
12. Vakolatli organ rahbarining o‘rinbosari attestatsiya komissiyasining raisi hisoblanadi. Attestatsiya komissiyasining raisi vaqtincha bo‘lmaganda (xizmat safari, mehnat ta’tili, betoblik sababli), attestatsiya komissiyasi raisining o‘rinbosari komissiyaga raislik qiladi.
13. Attestatsiya komissiyasi faoliyatini tashkil qilish bilan bog‘liq tashkiliy masala va tadbirlar attestatsiya komissiyasi kotibi (keyingi o‘rinlarda — kotib) tomonidan amalga oshiriladi.
kotib quyidagilarni amalga oshiradi:
talabgorlar tomonidan vakolatli organga taqdim etilgan so‘rovnoma va unga ilova qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqish;
attestatsiyadan o‘tishga ruxsat berilgan talabgorlar ro‘yxatini shakllantirish, bu haqda talabgorlarni xabardor qilish;
attestatsiya natijalariga asosan tegishli malaka sertifikatini belgilangan tartibda rasmiylashtirish va talabgorlarga yuborish;
attestatsiyadan o‘tgan shaxslarning yagona davlat reyestrini yuritish;
malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish.
14. Attestatsiya komissiyasi quyidagilarni amalga oshiradi:
attestatsiyani o‘tkazish sanasi, joyi va vaqtini belgilash;
talabgorlarni belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tkazish;
attestatsiya natijalarini tasdiqlash;
attestatsiyadan o‘tmagan deb topilgan shaxslarning apellyatsiyalarini ko‘rib chiqish.
15. Attestatsiya savollarini tuzish, qayta qo‘rib chiqish va tasdiqlash, attestatsiyani o‘tkazish bilan bog‘liq yuzaga kelgan bahsli masalalarni hal qilish, attestatsiyadan o‘tmagan deb topilgan shaxslarning apellyatsiyalarini ko‘rib chiqish va malaka sertifikatining amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish hamda uni bekor qilish bilan bog‘liq masalalar attestatsiya komissiyasining majlislarida ko‘rib chiqiladi.
Attestatsiya komissiyasining majlislari zaruratga ko‘ra, lekin kamida bir oyda bir marta o‘tkaziladi. Kotib attestatsiya komissiyasining majlisini tashkil etish va o‘tkazish uchun mas’ul hisoblanadi. Attestatsiya komissiyasining majlisi komissiya a’zolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi.
Attestatsiya komissiyasining qarorlari attestatsiya komissiyasining majlisida qatnashayotgan a’zolarning oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar soni teng bo‘lib qolgan taqdirda, attestatsiya komissiyasi raisining yoki attestatsiya komissiyasi raisi bo‘lmaganda, raislik qiluvchi shaxsning ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Attestatsiya komissiyasining qarori bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi va attestatsiya komissiyasi a’zolari tomonidan imzolanadi.
16. Attestatsiya komissiyasining navbatdagi majlisi o‘tkazilishi (majlis o‘tkaziladigan sana, joy va vaqti) to‘g‘risida attestatsiya komissiyasining a’zolari kotib tomonidan xabardor qilinadi.
17. Vakolatli organ buyrug‘iga asosan attestatsiya komissiyasining sayyor majlislari ham o‘tkazilishi mumkin.
18. Attestatsiya savollarini ishlab chiqish uchun tegishli yo‘nalishdagi ta’lim muassasalari, davlat boshqaruvi organlari, qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilarining ixtiyoriy birlashmalari, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar bozori sohasida faoliyat yurituvchi xalqaro tashkilotlar jalb etilishi mumkin.
3-bob. Malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi
19. Malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ushbu Reglamentga 2-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq ko‘rsatiladi.
20. Talabgorlar malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlaridan foydalanish uchun davlat xizmatlari markazlariga bevosita o‘zi yoki ishonchli vakili orqali murojaat etadi yoxud YIDXPda davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
21. Talabgorlar davlat xizmatlari markazlariga bevosita o‘zlari yoki ishonchli vakili orqali murojaat etgan taqdirda, davlat xizmatlari markazi xodimi talabgorlar nomidan, YIDXP orqali murojaat qilgan hollarda esa — talabgorlar mustaqil ravishda ushbu Reglamentga 3a, 3b va 3v-ilovalarga muvofiq shakldagi so‘rovnomani elektron shaklda to‘ldiradi.
So‘rovnoma davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan to‘ldirilganda, talabgorlar undagi ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirgandan so‘ng, YIDXP orqali murojaat etilgan taqdirda esa — talabgorlar tomonidan zarur ma’lumotlar so‘rovnomaga kiritilgandan so‘ng tegishli ma’lumot identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari bilan ham tasdiqlanishi mumkin.
22. Malaka sertifikatlarini berish bo‘yicha davlat xizmatlaridan foydalanish uchun talabgorlar tomonidan ushbu Reglamentga 3a va 3v-ilovalarga muvofiq shaklda so‘rovnoma to‘ldiriladi. Mazkur so‘rovnomalarga talabgorlar quyidagi ma’lumotlarni kiritadi:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun — ularning pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma’lumotlari (JSHSHIR ma’lumotlari);
chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun — ularning yashash guvohnomasi yoki fuqaroligi va shaxsini tasdiqlovchi tegishli hujjati (pasport, identifikatsiyalovchi ID-karta yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning harakatlanish hujjati) ma’lumotlari (JSHSHIR ma’lumotlari).
23. Ushbu Reglamentning 9-bandida ko‘rsatib o‘tilgan shaxslar attestatsiyadan o‘tmasdan II toifali malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlaridan foydalanish uchun ushbu Reglamentga 3b-ilovaga muvofiq shaklda so‘rovnoma to‘ldiradi. Mazkur so‘rovnomaga talabgorlar tomonidan quyidagi ma’lumotlar kiritiladi:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun — ularning pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma’lumotlari (JSHSHIR ma’lumotlari);
chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun — ularning yashash guvohnomasi yoki fuqaroligi va shaxsini tasdiqlovchi tegishli hujjati (pasport, identifikatsiyalovchi ID-karta yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning harakatlanish hujjati) ma’lumotlari (JSHSHIR ma’lumotlari);
CFA Institute (Chartered Financial Analyst) xalqaro tashkiloti tomonidan berilgan moliyaviy tahlil va investitsiyalar sohasidagi xalqaro sertifikatning kamida birinchi darajasiga yoki ACI (The Financial Markets Association) xalqaro tashkiloti tomonidan berilgan valyuta va pul bozorlari, xavfni (tavakkalchilikni) boshqarish va moliyaviy tahlil sohalaridagi sertifikatga yoki ACCA (Association of Chartered Certified Accountants) xalqaro tashkilotining moliya, buxgalteriya hisobi va audit sohalaridagi xalqaro sertifikatiga yoxud FRM (Financial Risk Manager) sertifikatining kamida amaliy bilimlar (Applied Knowledge) darajasiga ega shaxs bo‘lgan hollarda — ushbu xalqaro sertifikat(lar) ma’lumotlari;
oliy ma’lumot to‘g‘risidagi imtiyozli diplom ma’lumotlari.
Talabgorlar tomonidan so‘rovnomaga ushbu bandning to‘rtinchi xatboshidagi ma’lumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari ilova qilinadi.
24. Quyidagi hujjatlar vakolatli organ tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan, “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab olinadi:
pasport (identifikatsiyalovchi ID-karta) yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat nusxasi;
talabgorning belgilangan shakldagi fotosurati;
moliya-iqtisod yoki huquqshunoslik sohasi bo‘yicha oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom, ilmiy daraja olganligi to‘g‘risidagi hujjat nusxasi yoxud oliy ma’lumot yoki ilmiy daraja haqidagi xorijiy hujjatni tan olish to‘g‘risida vakolatli davlat organining guvohnomasi nusxasi (olish imkoni bo‘lmagan holatlar bundan mustasno);
ish staji to‘g‘risida ma’lumotlar (olish imkoni bo‘lmagan holatlar bundan mustasno);
jismoniy shaxslarning familiyasi va (yoki) ismi o‘zgartirilgan bo‘lsa, bu to‘g‘risida ma’lumotlar.
Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ o‘rtasida axborot almashinuvi ERIni qo‘llagan holda, faqat idoralararo elektron hamkorlik orqali amalga oshiriladi.
25. Talabgorlar davlat xizmatlari markaziga bevosita o‘zlari yoki ishonchli vakili orqali murojaat etganda, ularning so‘rovnomasi davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan to‘ldirilib, talabgorlar identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari bilan tasdiqlangandan so‘ng real vaqt rejimida, biroq bir soatdan oshmagan vaqt ichida, YIDXP orqali murojaat qilganda esa — so‘rovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi.
26. Talabgorlarning tegishli malaka sertifikatini berish to‘g‘risidagi so‘rovnomasini ko‘rib chiqish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im undiriladi.
Talabgorlar davlat xizmati ko‘rsatilishi uchun YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, yig‘im summasining 90 foizi miqdorida undiriladi.
Yig‘imlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat etilganda:
20 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasi shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga;
qolgan mablag‘lar — vakolatli organning budjetdan tashqari jamg‘armasiga;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasi shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga;
11,25 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisobvarag‘iga;
0,5 foizi — yagona billing tizimi orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi maxsus hisobvarag‘iga;
qolgan mablag‘lar — vakolatli organning budjetdan tashqari jamg‘armasiga o‘tkaziladi.
Davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun yig‘im to‘langanligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
27. Talabgorlar tomonidan ushbu Reglamentga asosan so‘rovnomaga ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlarning to‘liq emasligi, tegishli ravishda rasmiylashtirilmagan va taqdim etilgan hujjatlarda noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarning mavjudligi hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun belgilangan yig‘imni to‘lanmaganligi davlat xizmatlari ko‘rsatilishini rad etish uchun asos hisoblanadi.
Davlat xizmatlari ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi.
28. Vakolatli organ talabgorlarning so‘rovnomasi va unga ilova qilingan hujjatlar elektron shaklda kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni ichida ko‘rib chiqish yoki ko‘rib chiqishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.
29. Talabgorlarning so‘rovnomasi va unga ilova qilingan hujjatlar to‘liq emasligi aniqlansa, ushbu hujjatlar talabgorlarga kamchiliklarni bartaraf etish uchun qaytariladi.
So‘rovnoma va unga ilova qilingan hujjatlar qaytarilishining aniq sabablari ko‘rsatilgan elektron shakldagi xabarnoma talabgorlarga 28-bandda belgilangan muddat ichida yuboriladi.
30. Hujjatlari qaytarilgan talabgorlar rad etish uchun sabab bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etgandan so‘ng mazkur Reglamentda belgilangan tartibda vakolatli organga yetti ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda qayta murojaat qilishga haqli.
Vakolatli organ tomonidan belgilangan muddatda qayta murojaat qilinganda, talabgorlardan qo‘shimcha yig‘im undirilmaydi.
31. Talabgorlar yetti ish kuni muddati o‘tgandan keyin takroran murojaat qilgan taqdirda, so‘rovnoma yangidan berilgan deb hisoblanadi va umumiy asoslarda ko‘rib chiqiladi, yig‘im summasi esa qaytarib berilmaydi.
32. Kotib tomonidan attestatsiya o‘tkaziladigan kundan besh kun avval attestatsiyadan o‘tishga ruxsat berilgan shaxslar ro‘yxati shakllantirilib, attestatsiya komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi va bu to‘g‘risidagi ma’lumot vakolatli organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Takroran murojaat qilgan va attestatsiyadan o‘tishga ruxsat berilgan biroq, shakllantirilgan ro‘yxatga kiritilmagan talabgorlar navbatdagi o‘tkaziladigan attestatsiyaga kiritiladi.
33. Attestatsiyadan o‘tishga ruxsat berilgan shaxslar ro‘yxati tasdiqlangan kuni kotib tomonidan talabgor(lar)ning attestatsiyadan o‘tishga ruxsat berilganligi, attestatsiya o‘tkaziladigan sana, joyi va vaqt to‘g‘risida tegishli davlat xizmatlari markaziga (o‘zi murojaat etganda) yoki talabgorga YIDXP orqali (elektron tarzda murojaat etganda) elektron shaklda xabarnoma yuboriladi.
Davlat xizmatlari markazi vakolatli organdan elektron shaklda xabarnoma kelib tushgan kunda uni talabgorlarga ular so‘rovnomada ko‘rsatgan elektron manzil bo‘yicha yuboradi. Davlat xizmatlari markazi talabgorlarning so‘roviga ko‘ra xabarnomani qog‘oz shaklida berishi lozim.
Agar xabarnoma vakolatli organ tomonidan talabgorga YIDXP orqali elektron shaklda yuborilsa, u avtomatik ravishda talabgorlarning elektron kabinetida namoyon bo‘ladi.
34. Talabgorlar davlat xizmatlaridan foydalanishdan ularni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Talabgorlar davlat xizmatlaridan foydalanishdan bosh tortganda, ularning so‘rovnomasi ko‘rib chiqilmasdan qoldiriladi. Bunda davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun to‘langan yig‘im summasi qaytarilmaydi.
4-bob. Attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish va malaka sertifikatini berish tartibi
35. Malaka sertifikatini berish bo‘yicha attestatsiyadan vakolatli organ tomonidan har oyning birinchi payshanba kunida o‘tkaziladi. Agar ushbu kun bayram kuniga to‘g‘ri kelsa yoki texnik sabablarga ko‘ra ushbu kunda attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish imkoniyati bo‘lmasa, attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish shu oyning boshqa payshanba kuni o‘tkaziladi.
Zaruratga qarab, kotib attestatsiya komissiyasi a’zolari bilan kelishgan holda, attestatsiyadan ushbu bandning birinchi xatboshida ko‘rsatilgan sanadan boshqa sanada o‘tkazishi mumkin.
36. Kotib tomonidan belgilangan attestatsiyadan o‘tkazish kunida attestatsiyadan o‘tuvchilar ro‘yxatiga kiritilgan talabgorlar belgilangan vaqtda attestatsiyadan o‘tkaziladigan joyga yetib kelishlari shart.
Talabgorlar o‘z yonida pasporti, identifikatsiyalovchi ID-kartasi yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatga ega bo‘lishi lozim. Pasporti, identifikatsiyalovchi ID-kartasi yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatga ega bo‘lmagan yoki attestatsiyaga kechikib kelgan talabgorlar kelmagan deb hisoblanadi va navbatdagi attestatsiyadan o‘tishga ruxsat berilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritiladi.
Ketma-ket ikki marta uzrli sababsiz attestatsiyadan o‘tishga kelmagan talabgorlar vakolatli organ tomonidan attestatsiyadan o‘tishga ruxsat berilgan shaxslar ro‘yxatidan chiqariladi hamda attestatsiya o‘tkazish bo‘yicha ish tugatiladi.
Attestatsiya o‘tkazish bo‘yicha ish tugatilgan kundan keyin bir ish kuni mobaynida talabgorlarga ular so‘rovnomada ko‘rsatgan elektron manzil bo‘yicha xabarnoma yuboriladi va talabgorlar bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qilinadi. Bunda davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.
Hujjatlarni qaytadan taqdim etish umumiy tartibda yangidan murojaat etish orqali amalga oshiriladi.
Talabgorlar uzrli sabablarga ko‘ra attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tishga kela olmagan taqdirda, ular navbatdagi attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tishga ruxsat berilgan shaxslar ro‘yxatiga kiritiladi.
37. Vakolatli organ attestatsiyadan o‘tkazish jarayoniga texnik xizmat ko‘rsatish uchun zarur dasturiy-texnik uskunalarga ega bo‘lgan tashkilot bilan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shartnoma tuzish huquqiga ega.
Attestatsiya natijalari yuzasidan kompyuter ma’lumotlar bazasini saqlash uchun javobgarlik attestatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi shartnomada ko‘rsatiladi.
38. I toifali malaka sertifikatini olish uchun talabgorlar attestatsiyadan test sinovi orqali ikki bosqichda o‘tkaziladi.
Test sinovi jami 90 ta savoldan iborat bo‘ladi.
Birinchi bosqich talabgorlarning qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishdagi umumiy bilim saviyasi va ko‘nikmasini aniqlashga qaratilgan 60 ta savolni o‘z ichiga olib, ularga javob berish uchun talabgorlarga 60 daqiqa beriladi va ular birinchi bosqichda kamida 45 ta savolga to‘g‘ri javob berishlari lozim.
Ikkinchi bosqich talabgorlarning boshqaruv qobiliyati va ma’naviy dunyoqarashini aniqlashga qaratilgan 30 ta maxsus savolni o‘z ichiga olib, ularga javob berish uchun talabgorlarga 30 daqiqa beriladi va talabgorlar ikkinchi bosqichda kamida 22 ta savolga to‘g‘ri javob berishlari lozim.
II toifali malaka sertifikatini olish uchun talabgorlardan faqat birinchi bosqich test sinovini muvaffaqiyatli topshirish talab qilinadi.
Test sinovi talabgorlarning tanloviga ko‘ra davlat yoki rus tillarida kompyuter dasturidan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Talabgorlar attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) kompyuter vositasi orqali o‘tkaziladi va natijasi shu vaqtning o‘zida ma’lum qilinadi.
39. Attestatsiya natijalariga ko‘ra test sinovlarini topshirib bo‘lgan talabgorlar shu vaqtning o‘zida “attestatsiyadan o‘tdi” yoki “attestatsiyadan o‘tmadi” deb topiladi.
40. Test sinovi o‘tkazilayotgan vaqtda talabgorlarning quyidagilarni amalga oshirishi taqiqlanadi:
ma’lumotnoma, qo‘llanma yoki adabiyotlardan foydalanish;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa texnika vositalaridan, shu jumladan, uyali aloqa vositalaridan foydalanish;
boshqa talabgorlar bilan muloqot qilish;
test o‘tkazilayotgan xonadan tashqariga chiqish.
Ushbu bandda ko‘rsatib o‘tilgan talablar buzilgan taqdirda, talabgorlar attestatsiyadan chetlashtiriladi va attestatsiyadan o‘tmagan deb hisoblanadi.
Test sinovi o‘tkazilayotgan xonada begona shaxslarning hozir bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
41. Attestatsiyadan o‘tkazish jarayonida shaffoflik va xolislikni ta’minlash maqsadida test sinovi jarayonlari to‘liq va uzluksiz tarzda onlayn kuzatish imkoniyati yaratiladi hamda videoyozuvga (ovozli) yozib olinadi va ushbu videomateriallar vakolatli organda kamida bir yil saqlanadi.
42. Test sinovi natijalariga asosan attestatsiya o‘tkazilgan kuni attestatsiyadan o‘tgan deb topilgan shaxslarga tegishli malaka sertifikatini berish to‘g‘risida vakolatli organ tomonidan qaror qabul qilinadi va bu to‘g‘ridagi ma’lumot vakolatli organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
43. Vakolatli organ malaka sertifikatini berish to‘g‘risida qaror qabul qilgandan keyingi ikki ish kuni mobaynida belgilangan tartibda QR-kod qo‘yilgan malaka sertifikatini rasmiylashtiradi va uni o‘z ERI bilan tasdiqlab, tegishli davlat xizmatlari markaziga (o‘zi murojaat etganda) yoki talabgorlarga YIDXP orqali (elektron tarzda murojaat etganda) elektron shaklda yuboradi.
44. Davlat xizmatlari markazi vakolatli organdan malaka sertifikati elektron shaklda kelib tushgandan so‘ng o‘n daqiqa mobaynida uni talabgorlarning elektron manziliga yuboradi va ularni bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Davlat xizmatlari markaziga talabgorlar o‘zlari kelib murojaat qilgan taqdirda, ularning so‘roviga ko‘ra malaka sertifikati elektron yoki qog‘oz shaklda beriladi.
Agar malaka sertifikati vakolatli organ tomonidan talabgorlarga YIDXP orqali elektron shaklda yuborilsa, u avtomatik ravishda talabgorlarning elektron kabinetida namoyon bo‘ladi.
45. Attestatsiyadan o‘tmagan deb topilgan talabgorlar umumiy tartibda yangidan murojaat qilish huquqiga ega.
Attestatsiyadan o‘tmagan deb topilgan talabgorlarga Davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun to‘langan yig‘im qaytarilmaydi.
5-bob. Attestatsiya natijalari bo‘yicha apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish tartibi
46. Attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan talabgorlar apellyatsiya komissiyasiga attestatsiyadan o‘tmagan deb topilgan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida yozma shaklda shikoyat berishi mumkin.
47. Apellyatsiya komissiyasi tarkibi vakolatli organ rahbari buyrug‘iga muvofiq besh kishidan iborat tarkibda tuziladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga vakolatli organ rahbarining o‘rinbosari (komissiya raisi), tarkibiy bo‘linmalar mutaxassislari, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilarining ixtiyoriy birlashmasi vakillari kiritiladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga attestatsiya komissiyasi tarkibidan a’zo kiritilmaydi.
48. Apellyatsiya komissiyasi shikoyat kelib tushgan sanadan boshlab besh ish kuni mobaynida uni ko‘rib chiqishi hamda ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha talabgorlarga apellyatsiya komissiyasining qarori apellyatsiya komissiyasi raisi tomonidan imzolangan komissiya majlisi bayonnomasidan ko‘chirma ko‘rinishida yuboriladi.
Apellyatsiya komissiyasi shikoyatni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha quyidagilar haqida qarorlar qabul qilishi mumkin:
attestatsiyadan o‘tmagan deb topilgan talabgorlarning arizasini qanoatlantirishni rad etish;
attestatsiyadan o‘tmagan deb topilgan talabgorlarning arizasini qanoatlantirish va ularni “attestatsiyadan o‘tdi” deb topish.
49. Apellyatsiya komissiyasining talabgorning arizasini qanoatlantirish va uni “attestatsiyadan o‘tdi” deb topish haqidagi qaroriga asosan ularga tegishli malaka sertifikati beriladi.
50. Apellyatsiya komissiyasining attestatsiyadan o‘tmagan deb topilgan talabgorlarning arizasini qanoatlantirishni rad etish haqidagi qarori asoslantirilgan holda qabul qilinishi lozim.
Talabgorlar apellyatsiya komissiyasi qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, attestatsiya komissiyasi qarori yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishga haqli.
6-bob. Malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish tartibi
51. Ilgari berilgan malaka sertifikatida ko‘rsatilgan ma’lumotlar o‘zgargan taqdirda, talabgorlar malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish uchun o‘n ish kuni ichida davlat xizmatlari markazlariga bevosita o‘zi yoki ishonchli vakili orqali murojaat etadi yoxud YIDXPda elektron shaklda ushbu Reglamentning 22 va 23-bandlarida nazarda tutilgan tartibda tegishli so‘rovnomani to‘ldiradi.
52. So‘rovnomaga kiritilgan ma’lumotlarning haqiqiyligi axborot tizimlari yordamida avtomatik ravishda tekshiriladi.
53. So‘rovnomada xato ma’lumotlar ko‘rsatilgan taqdirda, so‘rovnoma avtomatik ravishda rad etiladi va bu haqda talabgorlarga onlayn tarzda elektron shaklda javob qaytariladi.
54. Vakolatli organ talabgorlarning so‘rovnomasi kelib tushgan kundan boshlab uch ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda malaka sertifikatini qayta rasmiylashtiradi va ushbu Reglamentning 43-bandida belgilangan tartibda ularga yuboradi, shuningdek, bu to‘g‘risidagi ma’lumotni vakolatli organning rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.
55. Vakolatli organ malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirishda reyestrga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi va ilgari berilgan malaka sertifikati reyestrdan chiqarib tashlanadi.
56. Malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish uchun talabgorlardan qayta attestatsiyadan o‘tish talab qilinmaydi.
Malaka sertifikati qayta rasmiylashtirilganda uning amal qilish muddati amaldagi malaka sertifikatining amal qilish muddatiga muvofiq ravishda amalda bo‘ladi.
57. Malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirishda talabgorlarning tegishli malaka sertifikatini berish to‘g‘risidagi so‘rovnomasini ko‘rib chiqish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.
58. Malaka sertifikatining egasi malaka sertifikati qayta rasmiylashtirilgunga qadar unda ko‘rsatilgan faoliyatni ilgari berilgan malaka sertifikati asosida amalga oshiradi. Bunda malaka sertifikati qayta rasmiylashtirilgan kundan boshlab ilgari berilgan malaka sertifikati o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblaniladi.
7-bob. Malaka sertifikatini bekor qilish
59. Vakolatli organning huquqbuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalari o‘z vaqtida bajarilmaganda, malaka sertifikati bekor qilinadi.
60. Malaka sertifikati quyidagi hollarda bekor qilinadi:
malaka sertifikatini olgan jismoniy shaxs malaka sertifikatini bekor qilish to‘g‘risida ariza bilan murojaat etganda;
jismoniy shaxsning muomalaga layoqatliligi belgilangan tartibda cheklanganda, u muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
vakolatli organning malaka sertifikatini berish to‘g‘risidagi qarorining qonunga xilofligi aniqlanganda;
malaka sertifikati qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi aniqlanganda;
malaka sertifikatiga ega bo‘lgan jismoniy shaxs tomonidan qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarining bir marta qo‘pol ravishda buzilganda.
Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarining bir marta qo‘pol buzilishi holatlari sifatida quyidagilar e’tirof etiladi:
vakolatli organning qonuniy ko‘rsatmalari va qarorlarini bajarishdan bo‘yin tovlash;
atayin noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatish (taqdim etish) yo‘li bilan vakolatli organ va investorlarni chalg‘itish;
qimmatli qog‘ozlar bozorida hiyla-nayrang ishlatish va (yoki) insayderlik axborotidan foydalanish;
qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari talablarini buzganligi uchun belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortilgan holatlarda.
61. Malaka sertifikati ushbu Reglamentning 60-bandi ikkinchi va uchinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan hollarda vakolatli organning qaroriga asosan bekor qilinadi.
Vakolatli organning malaka sertifikatini bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran bir ish kuni mobaynida malaka sertifikati egasiga qabul qilingan qaror haqida yozma shaklda yoki u so‘rovnomada ko‘rsatgan elektron manzil bo‘yicha elektron shaklda xabarnoma yuboradi va malaka sertifikati egasini bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.
62. Malaka sertifikati ushbu Reglamentning 60-bandi to‘rtinchi — oltinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan hollarda sud tomonidan bekor qilinadi.
63. Malaka sertifikati ushbu Reglamentning 60-bandi to‘rtinchi xatboshida ko‘rsatilgan asosga ko‘ra bekor qilingan taqdirda, malaka sertifikati berilgan sanadan e’tiboran bekor qilingan deb hisoblanadi.
64. Vakolatli organning malaka sertifikatini bekor qilish to‘g‘risidagi qarori bo‘yicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
65. Vakolatli organ malaka sertifikatining amal qilishini bekor qilish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni vakolatli organning rasmiy veb-saytiga joylashtiradi va attestatsiyadan o‘tgan shaxslarning yagona davlat reyestridagi qaydlariga tegishli o‘zgartirishlarni kiritadi.
8-bob. Malaka sertifikatining reyestrini yuritish
66. Vakolatli organ qimmatli qog‘ozlar bozorida operatsiyalarni amalga oshirish huquqiga ega jismoniy shaxslarning yagona davlat reyestrini (keyingi o‘rinlarda — reyestr) yuritadi.
Reyestr vakolatli organ tomonidan elektron shaklda yuritiladi.
Reyestrda malaka sertifikati berilgan mutaxassislar to‘g‘risidagi quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
malaka sertifikati egasining familiyasi, ismi, otasining ismi;
malaka sertifikati egasining pasporti, identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma’lumotlari (JSHSHIR ma’lumotlari);
malaka sertifikati tartib raqami, berilgan sanasi va amal qilishining tugash muddati, toifasi;
malaka sertifikati amal qilishini to‘xtatib turish va tugatish, uni bekor qilish sanasi hamda asoslari;
Reyestrga kiritilgan ma’lumotlar hamma tanishishi uchun ochiq ma’lumotlar sifatida vakolatli organning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
67. Davlat xizmatlari markazlari va vakolatli organ o‘z faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan ma’lumotlarning sir saqlanishini ta’minlaydi.
68. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, uning hududiy tuzilmalari va davlat xizmatlari markazlari ushbu Reglamentning talablari ijrosi bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini doimiy nazorat qiladi va monitoring olib boradi.
69. Talabgorlar davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonunchilikka muvofiq shikoyat qilishlari mumkin.
70. Ushbu Reglament talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini olish uchun jismoniy shaxslarni attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga
1a-ILOVA

‎‎NAMUNA

‎___________________________________________________________________________________________

‎‎Yagona interaktiv
‎davlat xizmatlari portali

‎‎

‎‎O‘zbekiston Respublikasi
‎Moliya vazirligi

‎‎Hujjat berilgan jismoniy shaxs: So‘rovnoma raqami:

‎‎Qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish uchun

‎‎I TOIFALI MALAKA

‎‎SERTIFIKATI
__________________________________________________________________________________________ga (jismoniy shaxsning nomi)

‎‎O‘zbekiston Respublikasida qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish huquqi berildi.

‎Malaka sertifikati berilgan sana:

‎Malaka sertifikati raqami:

‎Vakolatli organning malaka sertifikatini berish to‘g‘risidagi qarori sanasi va raqami:

‎O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma’lumotlari:

‎Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash guvohnomasi yoki fuqaroligi va shaxsini tasdiqlovchi tegishli hujjat (pasport, identifikatsiyalovchi ID-karta yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning harakatlanish hujjati) ma’lumotlari:

‎Malaka sertifikatining amal qilish muddati 5 yil.

____________________________________________________________
‎‎‎(Vakolatli organ mansabdor shaxsining F.I.O.)

Mazkur hujjat Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-sentabrdagi 728-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali to‘g‘risidagi nizomga muvofiq shakllantirilgan elektron hujjatning nusxasi hisoblanadi. Elektron hujjatning nusxasida ko‘rsatilgan ma’lumotlar to‘g‘riligini tekshirish uchun repo.gov.uz veb-saytiga o‘ting va elektron hujjatning noyob raqamini kiriting yoki mobil telefon yordamida QR-kodni skaner qiling.
‎Diqqat! Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-sentabrdagi 728-son qaroriga muvofiq elektron hujjatlardagi ma’lumotlar qonuniy hisoblanadi. Davlat organlariga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida shakllantirilgan elektron hujjatlarning nusxalarini qabul qilishni rad etish qat’iyan taqiqlangan.







‎Hujjatning
‎haqiqiyligini
‎tasdiqlovchi QR-kod

Qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini olish uchun jismoniy shaxslarni attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga
1b-ILOVA

‎‎NAMUNA

‎___________________________________________________________________________________________

‎‎Yagona interaktiv
‎davlat xizmatlari portali

‎‎

‎‎O‘zbekiston Respublikasi
‎Moliya vazirligi

‎‎Hujjat berilgan jismoniy shaxs: So‘rovnoma raqami:

Qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish uchun

‎ II TOIFALI ‎ MALAKA

‎SERTIFIKATI

‎‎__________________________________________________________________________________________ga (jismoniy shaxsning nomi)

O‘zbekiston Respublikasida qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish, qimmatli qog‘ozlar bozorida xizmatlar ko‘rsatish va (yoki) ishlarni amalga oshirish uchun II toifali malaka berildi.

‎Malaka sertifikati berilgan sana:

‎Malaka sertifikati raqami:

‎Vakolatli organning malakani berish to‘g‘risidagi qarori sanasi va raqami:

‎O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma’lumotlari:

‎Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash yoki fuqaroligi va shaxsini tasdiqlovchi tegishli hujjat (pasport, identifikatsiyalovchi ID-kartasi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning harakatlanish hujjati) ma’lumotlari:

‎Malaka sertifikatining amal qilish muddati: 5 yil

____________________________________________________________
‎‎‎(Vakolatli organ mansabdor shaxsining F.I.O.)

Mazkur hujjat Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-sentabrdagi 728-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali to‘g‘risidagi nizomga muvofiq shakllantirilgan elektron hujjatning nusxasi hisoblanadi. Elektron hujjatning nusxasida ko‘rsatilgan ma’lumotlar to‘g‘riligini tekshirish uchun repo.gov.uz veb-saytiga o‘ting va elektron hujjatning noyob raqamini kiriting yoki mobil telefon yordamida QR-kodni skaner qiling.
‎Diqqat! Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-sentabrdagi 728-son qaroriga muvofiq elektron hujjatlardagi ma’lumotlar qonuniy hisoblanadi. Davlat organlariga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida shakllantirilgan elektron hujjatlarning nusxalarini qabul qilishni rad etish qat’iyan taqiqlangan.







‎Hujjatning
‎haqiqiyligini
‎tasdiqlovchi QR-kod

Qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini olish uchun jismoniy shaxslarni attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga
2-ILOVA
Qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish, qimmatli qog‘ozlar bozorida xizmatlar ko‘rsatish va (yoki) ishlarni amalga oshirish huquqini beruvchi malaka sertifikatini berish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Ijro muddati

1-bosqich

Talabgor

1. Qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini olish uchun jismoniy shaxslarni attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentida nazarda tutilgan ro‘yxatga muvofiq tegishli malaka sertifikatini olish uchun zarur hujjatlarni tayyorlaydi.

1. Zaruratga ko‘ra

2. Talabgor tegishli malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlaridan foydalanish uchun istalgan davlat xizmatlari markazlariga bevosita o‘zi kelib yoki ishonchli vakili orqali murojaat etadi yoxud davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun YIDXPda ro‘yxatdan o‘tib, tegishli hujjatlarni taqdim etishi lozim.

2. Talabgor xohishiga ko‘ra

2-bosqich

Davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP

Talabgor davlat xizmatlari markaziga bevosita o‘zi yoki ishonchli vakili orqali kelib murojaat etganda, uning so‘rovnomasi davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan to‘ldirilib, talabgorning imzosi bilan tasdiqlangandan so‘ng yoki YIDXP orqali murojaat qilganda — so‘rovnoma talabgor tomonidan mustaqil ravishda to‘ldirilib, vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi.

Davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilinganda real vaqt rejimida, biroq bir soatdan oshmagan vaqtda, YIDXP orqali esa so‘rovnoma avtomatik tarzda

3-bosqich

Moliya vazirligi

1. Vakolatli organ tomonidan talabgorning so‘rovnomasi unga ilova qilingan hujjatlar elektron shaklda kelib tushgan kundan boshlab ko‘rib chiqish yoki ko‘rib chiqishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.

1. So‘rovnoma vakolatli organga elektron shaklda kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida

2. Talabgorning so‘rovnomasi va unga ilova qilingan hujjatlar to‘liq emasligi aniqlansa, ushbu hujjatlar talabgorga kamchiliklarni bartaraf etish uchun qaytariladi.

2. Qaror qabul qilingan sanadan keyin ikki ish kuni ichida

3. Kotib tomonidan attestatsiyadan o‘tishga ruxsat berilgan shaxslar ro‘yxati shakllantirilib, attestatsiya komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi va bu to‘g‘risidagi ma’lumot vakolatli organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

3. Attestatsiya o‘tkaziladigan kundan besh kun avval

4. Attestatsiyadan o‘tishga ruxsat berilgan shaxslar ro‘yxati tasdiqlangan kuni kotib tomonidan talabgor(lar)ning attestatsiyadan o‘tishga ruxsat berilganligi, attestatsiyadan o‘tkaziladigan joy va vaqt to‘g‘risida tegishli davlat xizmatlari markaziga (o‘zi murojaat etganda) yoki talabgor YIDXP orqali (elektron tarzda murojaat etganda) elektron shaklda xabarnoma yuboriladi.

4.Attestatsiyadan o‘tishga ruxsat berilgan shaxslar ro‘yxati tasdiqlangan kunda

5. Davlat xizmatlari markazi vakolatli organdan kelib tushgan elektron shakldagi xabarnomani talabgorga u so‘rovnomada ko‘rsatgan elektron manzil bo‘yicha yuboradi va talabgorni bu haqida axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.

5. Vakolatli organdan elektron shaklda xabarnoma kelib tushgan kunda

6. Agar xabarnoma vakolatli organ tomonidan talabgorga YIDXP orqali elektron shaklda yuborilsa, u talabgorning shaxsiy kabinetida namoyon bo‘ladi.

6. Avtomatik ravishda

4-bosqich

Moliya vazirligi

1. Vakolatli organ rahbarining buyrug‘i bilan vakolatli organning mansabdor shaxslari va mutaxassislari orasidan kamida besh nafar a’zodan iborat tarkibda attestatsiya komissiyasi tuziladi.

Attestatsiya komissiyasi ishining xolisligi va odilligini ta’minlash maqsadida boshqa davlat boshqaruvi organlari va nodavlat-notijorat tashkilotlari, shu jumladan, qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilarining ixtiyoriy birlashmasi vakillari attestatsiya komissiyasi tarkibiga kiritilishi mumkin.

1. Attestatsiya o‘tkaziladigan kundan kamida uch ish kuni oldin

Attestatsiya komissiyasi

2. Attestatsiya komissiyasi tomonidan talabgorlar test sinovlari orqali quyidagi tartibda attestatsiyadan o‘tkaziladi:

a) I toifali malaka sertifikatini olish uchun jami 90 savoldan iborat test sinovi ikki bosqichda o‘tkaziladi:

birinchi bosqich talabgorlarning qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirishdagi umumiy bilim saviyasi va ko‘nikmasini aniqlashga qaratilgan 60 ta savolni o‘z ichiga olib, ularga javob berish uchun talabgorlarga 60 daqiqa beriladi va ular birinchi bosqichda kamida 45 ta savolga to‘g‘ri javob berishlari lozim;

ikkinchi bosqich talabgorlarning boshqaruv qobiliyati va ma’naviy dunyoqarashini aniqlashga qaratilgan 30 ta maxsus savolni o‘z ichiga olib, ularga javob berish uchun talabgorlarga 30 daqiqa beriladi va talabgorlar ikkinchi bosqichda kamida 22 ta savolga to‘g‘ri javob berishlari lozim.

b) II toifali malaka sertifikatini olish uchun talabgorlardan faqat birinchi bosqich test sinovini muvaffaqiyatli topshirish talab qilinadi.

Attestatsiya (qayta attestatsiya) kompyuter vositasi orqali o‘tkaziladi va natijasi shu vaqtning o‘zida ma’lum qilinadi.

2. Har oyning birinchi payshanba kunida

5-bosqich

Talabgor

1. Attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish kunida attestatsiyadan o‘tuvchilar ro‘yxatiga kiritilgan talabgor attestatsiyadan o‘tish uchun ko‘rsatilgan joyga yetib keladi.

1. Attestatsiyadan o‘tkaziladigan joy va vaqt to‘g‘risidagi xabarnomada ko‘rsatilgan kunda

Attestatsiya komissiyasi kotibi

2. Ketma-ket ikki marta sababsiz attestatsiyadan o‘tishga kelmagan talabgor vakolatli organ tomonidan attestatsiyadan o‘tishga ruxsat berilgan shaxslar ro‘yxatidan chiqariladi va talabgorga u so‘rovnomada ko‘rsatgan elektron manzil bo‘yicha xabarnoma yuboriladi va talabgor bu haqida axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qilinadi.

2. Attestatsiya o‘tkazilgan kundan so‘ng bir ish kuni mobaynida

6-bosqich

Attestatsiya komissiyasi kotibi

1. Vakolatli organ malaka sertifikatini berish to‘g‘risida qaror qabul qilgandan keyin belgilangan tartibda QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan malaka sertifikatini rasmiylashtiradi va uni o‘zi ERI bilan tasdiqlab, tegishli davlat xizmatlari markaziga (o‘zi murojaat etganda) yoki talabgorga YIDXP orqali (elektron tarzda murojaat etganda) elektron shaklda yuboradi.

1. Vakolatli organ malaka sertifikatini berish to‘g‘risida qaror qabul qilganidan keyin ikki ish kuni mobaynida.

Davlat xizmatlari markazi

2. Davlat xizmatlari markazi vakolatli organdan malaka sertifikatini olgandan so‘ng uni talabgorning elektron manziliga yuboradi va talabgorni bu haqida axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Davlat xizmatlari markazigi talabgor o‘zi kelib murojaat qilgan taqdirda, talabgorning so‘roviga ko‘ra, unga malaka sertifikatini elektron yoki qog‘ozga chiqarilgan shaklda muhrini bosib, mas’ul xodimning imzosini qo‘yib berishi mumkin.

2. Vakolatli organdan elektron shaklda xabarnoma kelib tushgan kunda

3. Agar xabarnoma vakolatli organ tomonidan talabgorga YIDXP orqali elektron shaklda yuborilsa, u talabgorning shaxsiy kabinetida namoyon bo‘ladi.

3. Avtomatik ravishda

Qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini olish uchun jismoniy shaxslarni attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga
3a-ILOVA

____________________
‎ (sana) ‎‎

‎‎____________________
‎ (son)

‎‎Qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish, qimmatli qog‘ozlar bozorida xizmatlar ko‘rsatish va (yoki) ishlarni amalga oshirish huquqini beruvchi II toifa malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlaridan foydalanish uchun
‎SO‘ROVNOMA

Talabgor to‘g‘risidagi ma’lumotlar‎‎

‎‎1. Familiyasi, ismi, otasining ismi ‎‎

2. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun — ularning pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma’lumotlari (JSHSHIR ma’lumotlari);
‎chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun — ularning yashash yoki fuqaroligi va shaxsini tasdiqlovchi tegishli hujjati (pasport, identifikatsiyalovchi ID-karta yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning harakatlanish hujjati) JSHSHIR ma’lumotlari

‎‎
‎‎3. Telefon raqami ‎‎
‎‎4. Elektron pochta manzili ‎‎
Qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini olish uchun jismoniy shaxslarni attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga
3b-ILOVA

____________________
‎ (sana) ‎‎

‎‎____________________
‎ (son)

Qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish, qimmatli qog‘ozlar bozorida xizmatlar ko‘rsatish va (yoki) ishlarni amalga oshirish huquqini beruvchi II toifa malaka sertifikatini attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazmasdan berish bo‘yicha davlat xizmatlaridan foydalanish uchun
‎SO‘ROVNOMA

Talabgor to‘g‘risidagi ma’lumotlar‎‎

‎‎1. Familiyasi, ismi, otasining ismi ‎‎

2. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun — ularning pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma’lumotlari (JSHSHIR ma’lumotlari);
‎chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun — ularning yashash yoki fuqaroligi va shaxsini tasdiqlovchi tegishli hujjati (pasport, identifikatsiyalovchi ID-karta yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning harakatlanish hujjati) JSHSHIR ma’lumotlari.

‎‎

3. CFA Institute (Chartered Financial Analyst) xalqaro tashkiloti tomonidan berilgan moliyaviy tahlil va investitsiyalar sohasidagi xalqaro sertifikatning kamida birinchi darajasiga yoki ACI (The Financial Markets Association) xalqaro tashkiloti tomonidan berilgan valyuta va pul bozorlari, xavfni (tavakkalchilikni) boshqarish va moliyaviy tahlil sohalaridagi sertifikatga yoxud ACCA (Association of Chartered Certified Accountants) xalqaro tashkilotining moliya, buxgalteriya hisobi va audit sohalaridagi halqaro sertifikatiga yoxud FRM (Financial Risk Manager) moliyaviy risk menejer sertifikatining kamida amaliy bilimlar (Applied Knowledge) darajasiga ega bo‘lgan shaxs bo‘lsa, unda ushbu xalqaro sertifikat ma’lumotlari.

‎‎

‎‎4. Oliy ma’lumot to‘g‘risidagi imtiyozli diplom ma’lumotlari.

‎‎
‎‎5. Telefon raqami ‎‎
‎‎6. Elektron pochta manzili ‎‎
Qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini olish uchun jismoniy shaxslarni attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga
3v-ILOVA

____________________
‎ (sana) ‎‎

‎‎____________________
‎ (son)

Qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish, qimmatli qog‘ozlar bozorida xizmatlar ko‘rsatish va (yoki) ishlarni amalga oshirish huquqini beruvchi I toifa malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlaridan foydalanish uchun
‎SO‘ROVNOMA

Talabgor to‘g‘risidagi ma’lumotlar‎‎

‎‎1. Familiyasi, ismi, otasining ismi ‎‎

2. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun — ularning pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma’lumotlari (JSHSHIR ma’lumotlari);
‎chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun — ularning yashash yoki fuqaroligi va shaxsini tasdiqlovchi tegishli hujjati (pasport, identifikatsiyalovchi ID-karta yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning harakatlanish hujjati) JSHSHIR raqami ma’lumotlari.

‎‎
3. Telefon raqami ‎‎
4. Elektron pochta manzili ‎‎
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.06.2022-y., 09/22/304/0485-son)