Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Gʻallani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Fermer xoʻjaliklari va gʻallachilik klasterlarining moddiy manfaatdorligini oshirish, ichki bozorni bugʻdoy va un mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash, gʻallani davlat ehtiyojlari uchun zarur hajmdan ortiq xarid qilishdan voz kechish orqali sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida:
1. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining 2022-yil hosilidan sugʻoriladigan maydonlarning har gektaridan oʻrtacha 2,5 tonnadan jami 2 550 ming tonna bugʻdoyning:
1 783,5 ming tonnasini tovar bugʻdoy davlat resursi sifatida hamda 266,5 ming tonnasini urugʻlik uchun Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan xarid qilish;
500 ming tonnasini fermer xoʻjaliklari hamda boshqa gʻalla yetishtiruvchilar (keyingi oʻrinlarda — bugʻdoy yetishtiruvchilar) tomonidan keyinchalik birja savdolarida sotish uchun Jamgʻarmaning tijorat vakilida vaqtinchalik saqlashga qabul qilish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, 2022-yil hosili uchun:
a) “Oʻzdonmahsulot” AK tizimidagi korxonalar tovar bugʻdoyni Jamgʻarma nomidan bugʻdoy yetishtiruvchilardan sotib olish, saqlash, shuningdek, xaridorlarga joʻnatish tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha tijorat vakili hisoblanadi;
b) davlat resurslariga xarid qilingan tovar bugʻdoy uchun toʻlovlar bugʻdoy yetishtiruvchilarga tijorat vakili tomonidan Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan quyidagi bosqichlarda amalda oshiriladi:
dastlabki bosqichda — Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan narxlarda;
keyingi bosqichda — birjada shakllangan oʻrtacha narxdan (oʻrtacha kotirovkadan) kelib chiqib, bugʻdoy yetishtiruvchilar bilan toʻliq qayta hisob-kitob qilinadi;
v) bugʻdoy yetishtiruvchilardan tijorat vakilida vaqtinchalik saqlash uchun qabul qilingan tovar bugʻdoy 2022-yilning iyul-avgust oylarida birja savdolari orqali sotiladi. Bunda:
bugʻdoyni tashish (shu jumladan ichki tashish), qabul qilish, saqlash va xaridorlarga joʻnatish xarajatlari tijorat vakili va bugʻdoy yetishtiruvchilar oʻrtasida tuzilgan shartnoma shartlaridan kelib chiqib, Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplanadi;
bugʻdoyni qabul qilish, saqlash va xaridorlarga joʻnatish jarayonida yuzaga keladigan tabiiy kamayish miqdori Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tartib asosida hisobdan chiqariladi;
Oldingi tahrirga qarang.
bugʻdoyning sifati va saqlanishi boʻyicha nazorat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
(2-band “v” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-oktabrdagi PF-164-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.10.2024-y., 06/24/164/0843-son)
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan xarid qilingan va bugʻdoy yetishtiruvchilardan vaqtinchalik saqlash uchun qabul qilingan:
3 va undan yuqori sinflardagi bugʻdoy — mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, birjadan xarid qilingan bugʻdoyning 75 foizidan kam boʻlmagan miqdordagi unni birja savdolari orqali sotish majburiyatini olgan, un ishlab chiqarish quvvatlariga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga;
4- va 5-sinflardagi bugʻdoy — barcha tadbirkorlik subyektlariga Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan grafik asosida birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz sotiladi.
Vazirlar Mahkamasiga Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilgan taklifi asosida mazkur bandda nazarda tutilgan tartibga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolati berilsin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi 2023-yil 1-mayga qadar Vazirlar Mahkamasiga mazkur bandda nazarda tutilgan tartibni 2023-yil hosili uchun saqlab qolish yoki birja savdolarini cheklovlarsiz tashkil etish yuzasidan taklif kiritsin.
4. Moliya vazirligi “Oʻzdonmahsulot” AK tizimidagi korxonalarga birjadan bugʻdoy sotib olish uchun revolver kreditlarni moliyalashtirish maqsadida Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan 800 mlrd soʻmgacha tijorat banklariga Markaziy bankning asosiy stavkasida resurs joylashtirilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
41. Jamgʻarma 2022-yil 1-iyundan boshlab toʻlaqonli qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi sifatida eʼtirof etilsin.
(41-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
5. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir hafta muddatda bugʻdoy yetishtiruvchilar tomonidan yetishtirilgan bugʻdoyni xarid qilish, vaqtinchalik saqlashga qabul qilish boʻyicha, Jamgʻarma va tijorat vakili oʻrtasida tuziladigan shartnomalarning namunaviy loyihalarini ishlab chiqsin hamda amaliyotga joriy etilishini taʼminlasin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining olis, borish qiyin boʻlgan va togʻli hududlarga un va un mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha transport xarajatlarining 50 foizidan oshmagan qismini mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hisobidan qoplash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. Jamgʻarma tomonidan xarid qilinadigan va birja savdolari orqali sotiladigan bugʻdoyning hisobini yuritish, xaridorlar bilan oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hududiy boshqarmalaridagi mavjud shtat birliklarini qisqartirish hisobiga Jamgʻarmaga qoʻshimcha 6 ta shtat birligi ajratilsin.
8. Gʻallani sotib olish va sotishda yangi tizim shaffofligi, toʻlaqonli va adolatli ishlab ketishini hamda bugʻdoy yetishtiruvchilar manfaatdorligini taʼminlash, ichki bozorda un va don mahsulotlari narxining oʻsishi va taqchilligining oldini olish boʻyicha Respublika shtabi ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Quyidagilar Respublika shtabining (N. Yoʻldoshev) asosiy vazifalari etib belgilansin:
bugʻdoyni yetishtirish, qayta ishlash, saqlash, realizatsiya qilish va boshoqli don ekinlari yetishtirilishini moliyalashtirish ustidan nazorat mexanizmini takomillashtirish boʻyicha taklif tayyorlash;
gʻallani oʻz vaqtida yigʻishtirib olish, daladan don qabul qilish shoxobchalariga nest-nobud qilmasdan olib kelish va grafik asosida birja savdolariga chiqarish ishlarini tashkil etish;
taqchillikka yoʻl qoʻymaslik va narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida hududdagi isteʼmol talabi uchun zarur boʻlgan un va un mahsulotlarini respublikaning boshqa hududlaridan va chetdan olib kelish hamda “Oʻzdonmahsulot” AK tizimidagi korxonalarning ishlab chiqarish hajmlari saqlab qolinishini nazorat qilish;
gʻallani tasdiqlangan grafik asosida birja savdolariga chiqarish hamda toʻlovlarning amalga oshirilishi ustidan kunlik nazorat oʻrnatish;
gʻallani sotib olish va sotish boʻyicha yangi tizim shaffofligi, toʻlaqonli va adolatli ishlab ketishini hamda bugʻdoy yetishtiruvchilar manfaatdorligini taʼminlash.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)
10. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosini nazarda tutuvchi qarorni ishlab chiqsin.
11. Moliya vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib, qishloq xoʻjaligi vaziri J. Xodjayev, moliya vaziri T. Ishmetov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 28-may,
PQ-262-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-maydagi PQ-262-son qaroriga

ILOVA
Gʻallani sotib olish va sotishda yangi tizim shaffofligi, toʻlaqonli va adolatli ishlab ketishini hamda bugʻdoy yetishtiruvchilar manfaatdorligini taʼminlash, ichki bozorda un va don mahsulotlari narxining oʻsishi va taqchilligining oldini olish boʻyicha Respublika shtabi
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

1.

N.T. Yoʻldoshev

Bosh prokuror, Respublika shtabi rahbari

2.

J.A. Qoʻchqorov

Bosh vazir oʻrinbosari, Respublika shtabi rahbarining oʻrinbosari

3.

Sh.M. Gʻaniyev

Bosh vazir oʻrinbosari, Respublika shtabi rahbarining oʻrinbosari

4.

B.T. Turabov

Hisob palatasi raisining birinchi oʻrinbosari

5.

J.A. Xodjayev

qishloq xoʻjaligi vaziri

6.

T.A. Ishmetov

moliya vaziri

7.

P.R. Bobojonov

ichki ishlar vaziri

8.

R.M. Djurayev

Milliy gvardiya qoʻmondoni

9.

Sh.D. Qudbiyev

Davlat soliq qoʻmitasi raisi

10.

I.I. Norqulov

iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining birinchi oʻrinbosari

11.

A.Ya. Haydarov

moliya vaziri oʻrinbosari

12.

A.V. Vahobov

Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi

13.

A.J. Ortiqov

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori

14.

Sh.Sh. Sharaxmedov

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi

15.

B.E. Zoxidov

Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari

16.

S.A. Nishanbayev

ichki ishlar vazirining oʻrinbosari

17.

Sh.J. Raximov

Bosh prokurorning oʻrinbosari

18.

D.F. Raximov

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshligʻi

19.

A.A. Isroilov

Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi direktori

20.

Z.B. Badriddinov

“OʻzRTXB” AJ boshqaruvi raisi

21.

Sh.A. Uzakov

“Oʻzdonmahsulot” AK boshqaruvi raisi v.b.

22.

Lavozimiga koʻra

Respublika tijorat banklari rahbarlari

23.

Lavozimiga koʻra

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari

24.

Lavozimiga koʻra

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar prokurorlari

Izoh: Respublika shtabi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-iyuldagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son)
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.05.2022-y., 07/22/262/0454-son; 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son; 07.07.2023-y., 06/23/108/0460-son; 16.02.2024-y., 06/24/36/0130-son; 24.10.2024-y., 06/24/164/0843-son; 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)