Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.06.2001
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“O‘ZBEKNAVO” GASTROL-KONSERT BIRLAShMASI FAOLIYATINI YANADA TAKOMILLAShTIRISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 26-iyundagi 272-sonli “Estrada qo‘shiqchilik san’atini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbeknavo” gastrol-konsert birlashmasini tashkil etish to‘g‘risida”gi 1996-yil 5-apreldagi PF-1419-son Farmoniga muvofiq, “O‘zbeknavo” gastrol-konsert birlashmasi faoliyatini yanada takomillashtirish, san’atkorlarning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan madaniy-ma’naviy islohotlarda faol ishtirok etishlarini ta’minlash, keng ko‘lamli gastrol-konsert faoliyatini rivojlantirish, bozor munosabatlari sharoitida ijodiy jamoalar va alohida ijrochilar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularni moddiy hamda ma’naviy rag‘batlantirishning yangi, samarali tizimini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi tasarrufidagi “O‘zbeknavo” gastrol-konsert birlashmasi boshqaruvi tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qo‘yilsinki, birlashma rahbari — ijrochi direktor birlashmaning ijodiy-tashkiliy ishlarini boshqaradi, moliyaviy-xo‘jalik ishlarini yuritadi, kadrlar masalasi bilan shug‘ullanadi, birlashmaning hududiy bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtiradi, boshqaruv bilan birgalikda birlashma ish rejalarini ishlab chiqadi va uni amalga oshirishni nazorat qiladi.
Bosh badiiy rahbar bevosita jamoalarga ijodiy yordam berish, yosh iste’dodlarni izlab topish, xonanda va bastakorlarning ijodiy hamkorligini ta’minlash, musiqa san’atining barcha janrlarida yangi nomlarning dunyoga kelishi, ijro mahoratini yuksaltirish, repertuar salohiyatining doimiy ravishda yangilanib, shakllanib borishi yuzasidan uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish, ijodiy jamoalar, ayniqsa, yosh san’atkorlar ijodining rivojiga amaliy yordam ko‘rsatish vazifalarini bajaradi.
2. Birlashma tarkibiga kiruvchi jamoalarning to‘liq xo‘jalik hisobida faoliyat ko‘rsatishga o‘tish hamda soliq imtiyozlaridan foydalanish muddati 2001-yil 1-yanvarga qadar uzaytirilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi “O‘zbeknavo” gastrol-konsert birlashmasi bilan birgalikda bir oy muddatda:
bozor munosabatlari sharoitidan kelib chiqqan holda birlashma direksiyasining amaldagi tuzilmasini qayta ko‘rib chiqsin;
milliy mumtoz va zamonaviy qo‘shiqchilik san’atini keng targ‘ib qilish, aholiga madaniy xizmat ko‘rsatishni yanada takomillashtirish, birlashmaning moddiy-moliyaviy salohiyatini kuchaytirish maqsadida keng ko‘lamli gastrol-konsert faoliyatini muvofiqlashtiruvchi dastur ishlab chiqsin.
4. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbeknavo” gastrol-konsert birlashmasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 1996-yil 26-apreldagi 163-son qaroriga quyidagi o‘zgartirishlar kiritilsin:
qarorning 3-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Belgilab qo‘yilsinki:
Birlashma rahbari — ijrochi direktor rahbarlik qiladigan direksiya “O‘zbeknavo” gastrol-konsert birlashmasi boshqaruvining ijro etuvchi — tasarruf qiluvchi organi hisoblanadi. Birlashma rahbari — ijrochi direktor birlashma Kengashining raisi, Madaniyat ishlari vazirligining hay’at a’zosi hisoblanadi;
Kengash birlashma boshqaruvining maslahat organi hisoblanadi, uning tarkibiga qatnashchi tashkilotlar va hududiy bo‘linmalar rahbarlari, shuningdek, birlashma rahbari — ijrochi direktor, uning o‘rinbosarlari va bosh badiiy rahbar kiradilar. Birlashma rahbari — ijrochi direktor va bosh badiiy rahbar Madaniyat ishlari vazirligining tavsiyasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi”.
Ushbu qarorga 1-ilovaning 6-bo‘limi barcha bandlaridagi “bosh direktor” so‘zlari “birlashma rahbari — ijrochi direktor” so‘zlari bilan, “bosh direktor va uning o‘rinbosarlari” so‘zlari “birlashma rahbari — ijrochi direktor va bosh badiiy rahbar” so‘zlari bilan almashtirilsin, 2-bandning 1-xatboshidagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi” so‘zlaridan oldin “Madaniyat ishlari vazirligi tavsiyasiga ko‘ra” so‘zlari qo‘shilsin, 2-xatboshidagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirining o‘rinbosari” so‘zlari chiqarib tashlansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari H. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 4-may,
216-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil
4-maydagi 216-son qaroriga
ILOVA
“O‘zbeknavo” gastrol-konsert birlashmasi boshqaruvi
TUZILMASI
Eski shtat birligi: 22 nafar.
Yangi shtat birligi: 22 nafar.