Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish, ularni ilmiy-texnik faoliyatga keng jalb qilish, iqtidorli yoshlarning, jumladan, olis hududlarda istiqomat qilayotgan yigit-qizlarning bilim, koʻnikma va malakasini oshirish, innovatsion gʻoyalarini amaliyotga tatbiq etish hamda hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashishga qaratilgan ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) oliy organi — Konferensiyasi tomonidan Jamgʻarmaning yangilangan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar Jamgʻarma faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilanganligi inobatga olinsin:
iqtidorli yoshlarni izlab topish, isteʼdodini roʻyobga chiqarish va ularni qoʻllab-quvvatlashga koʻmaklashish;
davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda ularni ilmiy-texnik faoliyatga keng jalb etish tizimini yoʻlga qoʻyishda ishtirok etish;
iqtidorli yoshlarning, jumladan, Jamgʻarma tomonidan oʻtkazilgan tanlovlar gʻoliblari, Prezident granti va nomli stipendiyalar, “Oʻzbekiston uchun 100 gʻoya” loyihasi sovrindorlarining ilmiy-texnik ishlanmalari, gʻoya va tashabbuslarining amaliyotga joriy etilishini qoʻllab-quvvatlash;
Oldingi tahrirga qarang.
davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda “Mirzo Ulugʻbek vorislari” respublika tanlovini tashkil etish, shuningdek, soha mutaxassislarini jalb etgan holda iqtidorli yoshlarni maqsadli oʻqitish;
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar 2023-yil 19-maydagi 206-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2023-y., 09/23/206/0287-son)
iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda zamonaviy talablarga javob beradigan yuqori malakali mutaxassislar zaxirasini shakllantirishda qatnashish;
ilm-fan va taʼlimga oid risolalar, bukletlar va boshqa adabiyotlarni nashr etish va tarqatish.
3. Innovatsion rivojlanish vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining 2022-yildan boshlab har yili iqtidorli yoshlarni kashf qilish va ularni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Mirzo Ulugʻbek vorislari” respublika tanlovini (keyingi oʻrinlarda — Tanlov) oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Belgilansinki:
a) Tanlovning:
1-bosqichi fevral-mart oylarida tuman (shahar)larda oʻtkaziladi va unda eng yuqori natijaga erishgan har bir tuman (shahar)dan 5 nafardan nomzodlar 2-bosqichga yoʻllanma oladi;
2-bosqichi aprel oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida oʻtkaziladi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida har biridan eng yuqori natijaga erishgan 20 nafar yosh navbatdagi bosqichga yoʻllanma oladi;
3-bosqichi may oyida oʻtkaziladi va unda eng yuqori natijaga erishgan 100 nafar yosh tanlovning respublika bosqichi gʻolibi deb topiladi;
1, 2 va 3-bosqichlar gʻoliblari tegishlicha bazaviy hisoblash miqdorining 5, 10 va 20 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti va diplom bilan taqdirlanadi;
respublika bosqichi gʻoliblari Jamgʻarma tomonidan tashkil etiladigan maqsadli oʻquv kurslarida bepul tahsil oladi. Oʻqishni muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlar hududlar boʻyicha ishlab chiqarish tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlariga ixtiyoriylik asosida biriktiriladi hamda “Yoshlar akademiyasi” va “Kelajak liderlari klubi”ga jalb etiladi;
b) tanlov Jamgʻarma tomonidan Innovatsion rivojlanish vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda oʻtkaziladi;
v) tanlovning 1 va 2-bosqichlariga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish, ushbu bosqich gʻoliblarini taqdirlash bilan bogʻliq xarajatlar mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalaridan belgilangan tartibda ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoplanadi.
4. “Mirzo Ulugʻbek vorislari” respublika tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Innovatsion rivojlanish vazirligi Tanlovga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish, uning respublika bosqichi gʻoliblarini taqdirlash bilan bogʻliq xarajatlarni har yili, shuningdek, Jamgʻarmada ilm-fan rivojlanishining istiqbolli yoʻnalishlariga mos zamonaviy laboratoriya hamda innovatsion kichik bosmaxonani tashkil etish xarajatlarini Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab borsin.
6. Jamgʻarmaning Innovatsion rivojlanish vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining manfaatdor vazirlik va idoralar hamda boshqa tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Isteʼdodli yoshlar axborotnomasi” ilmiy-amaliy elektron jurnalini hamda “Mirzo Ulugʻbek vorislari” elektron portalini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Bunda, “Mirzo Ulugʻbek vorislari” elektron portalida isteʼdodli yoshlarning elektron bazasi shakllantiriladi, oʻquv kurslari bitiruvchilarining reytingi joriy etilib, innovatsion gʻoyalari va ilmiy-texnik ishlanmalari baholab boriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasining ushbu jamoat fondiga 2022-yilning 1-fevralidan boshlab Jamgʻarmani saqlab turish va uning faoliyatini samarali tashkil etish uchun davlat subsidiyasi ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
8. Quyidagilar Jamgʻarma faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanganligi inobatga olinsin:
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan har yili ajratiladigan davlat subsidiyasi;
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martdagi 135-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
9. “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining Jamgʻarmaga homiylik xayriyasi sifatida 1 ta xizmat avtotransport vositasi va 1 ta avtobus ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
10. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Qurilish vazirligi va Toshkent shahar hokimligining:
Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Movarounnahr koʻchasi, 24-uy manzilida joylashgan Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi bino va inshootlariga (keyingi oʻrinlarda — obyekt) Jamgʻarmani tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish;
Jamgʻarmaning samarali faoliyat olib borishi uchun obyektda mukammal taʼmirlash hamda zamonaviy tarzda jihozlash ishlarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
11. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda Jamgʻarmani belgilangan tartibda obyektga joylashtirilishini taʼminlasin.
12. Belgilansinki, obyektda mukammal taʼmirlash va zamonaviy tarzda jihozlash ishlarini amalga oshirish doirasida:
Toshkent shahar hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi — buyurtmachi funksiyasini bajaradi;
bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tender (tanlov) savdolari asosida aniqlanadi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
mukammal taʼmirlash va jihozlash ishlari bilan bogʻliq xarajatlar Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan amalga oshiriladi.
Bunda, obyektda oʻquv auditoriyalari, zamonaviy laboratoriya, kutubxona tashkil etish, kichik innovatsion bosmaxona faoliyati uchun shart-sharoitlar yaratish hamda lift oʻrnatish lozimligi inobatga olinsin.
13. Toshkent shahar hokimligi Moliya vazirligi va Qurilish vazirligi bilan birgalikda Jamgʻarma qoshida tashkil etiladigan oʻquv kurslarida tahsil oladigan isteʼdodli yoshlarni yotoqxona bilan taʼminlash masalasini atroflicha oʻrganib chiqib, ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga asoslangan taklif kiritsin.
14. Moliya vazirligi obyektni mukammal taʼmirlash va zamonaviy tarzda jihozlash ishlarini qisqa muddatda yakunlash uchun asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan buyurtmachiga zarur mablagʻ ajratilishini taʼminlasin.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu. Abdurahmonov zimmasiga hamda Vazirlar Mahkamasining Yoshlar, jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash masalalari kotibiyatiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 18-yanvar,
30-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-yanvardagi 30-son qaroriga
1-ILOVA
Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi
TUZILMASI

Rais

Rais yordamchisi

Rais oʻrinbosari

Isteʼdodli yoshlarni saralash, tanlovlarni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha mutaxassis

1

Kadrlar boʻyicha mutaxassis

1

Buxgalteriya

1

Oʻquv kurslarini tashkil etish va muvofiqlashtirish boʻyicha mutaxassis

2

Bosmaxona

1

Kutubxona

1

“Ulugʻbek izdoshlari” tanlovi gʻoliblari bilan ishlash boʻyicha mutaxassis

1

“Isteʼdodli yoshlar axborotnomasi” ilmiy-amaliy elektron jurnal tahririyati

1

Xodimlar soni — 12 nafar
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-yanvardagi 30-son qaroriga
2-ILOVA
Isteʼdodli yoshlarni kashf qilish hamda ularni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Mirzo Ulugʻbek vorislari” tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Isteʼdodli yoshlarni kashf qilish hamda ularni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Mirzo Ulugʻbek vorislari” tanlovini (keyingi oʻrinlarda — Tanlov) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Tanlov 16 yoshdan 25 yoshgacha boʻlgan iqtidorli yoshlar, jumladan, olis hududlarda istiqomat qilayotgan yigit-qizlar, uyushmagan yoshlar, “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari orasidan iqtidorli yoshlarni izlab topish va ularni oʻzlari qiziqqan sohalarga yoʻnaltirish, ilmiy-texnik ijodkorligi va ixtirochiligini ragʻbatlantirish, innovatsion faolligini oshirish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida har yili oʻtkaziladi.
3. Tanlovni tashkil etish boʻyicha masʼullar Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari (keyingi oʻrinlarda — Tashkilotchilar) hisoblanadi.
4. Tanlovda ishtirokchilarning salohiyatini baholash va gʻoliblarni aniqlash uchun Tashkilotchilar tomonidan tasdiqlangan tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlar vakillari, mutaxassislar hamda olimlar aʼzo boʻlgan kamida yetti kishidan iborat tarkibda Tanlov komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tuziladi.
2-bob. Tanlovni oʻtkazish shartlari, muddatlari, tartibi va baholash mezonlari
5. Tanlov ishtirokchilarining salohiyatini baholash va gʻoliblarni aniqlash uchun Komissiya aʼzolari orasidan uning raisi va kotibi saylanadi.
6. Tanlovda Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududlaridan 16 dan 25 yoshgacha boʻlgan barcha iqtidorli yoshlar qatnashish huquqiga ega.
7. Tanlovda ishtirok etish istagida boʻlgan iqtidorli yoshlar maxsus veb-sayt orqali roʻyxatdan oʻtadi.
8. Tashkilotchilar tanlov boshlanishidan bir oy oldin oʻz rasmiy veb-saytiga arizalarni shakllantirish, roʻyxatdan oʻtkazish va topshirish tartibi, muddati va talablari koʻrsatilgan eʼlonni joylashtiradi.
9. Tashkilotchilar Tanlov ishtirokchilarini tanlovning talab va shartlari toʻgʻrisida xabardor qiladi, tanlov yakunlari boʻyicha gʻoliblarga xabar beradi va ularni taqdirlashni tashkil etadi.
10. Komissiya kotibi roʻyxatdan oʻtgan iqtidorli yoshlarning maʼlumotlarini umumlashtirib, Komissiya aʼzolariga taqdim etadi.
11. Tanlovda ishtirok etish istagida boʻlgan yoshlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlishi;
aniq bir gʻoya yoki loyihaga ega boʻlishi;
IQ test natijasi 110 balldan past boʻlmasligi;
tanlovlarda gʻolib boʻlganligi toʻgʻrisidagi diplom, sertifikat yoki tavsiyanomaga ega boʻlishi.
12. Tashkilotchilar va homiylik qiluvchi tashkilotlar xodimlarining hamda Komissiya aʼzolarining yaqin qarindoshlari Tanlovda ishtirok etish huquqiga ega emas (ular oʻzini oʻzi rad qilgan holatlar bundan mustasno).
13. Tanlov bir yilda bir marta respublika hududlari boʻyicha bosqichma-bosqich oʻtkaziladi:
1-bosqich — tuman yoki shahar miqyosida;
2-bosqich — viloyat boʻyicha, shu jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida va Toshkent shahri miqyosida;
3-bosqich — respublika miqyosida.
14. Tanlovni oʻtkazish muddatlari:
1-bosqich — fevral-mart;
2-bosqich — aprel;
3-bosqich — may.
15. Tanlovni oʻtkazish tartibi:
1-bosqichda ishtirok etib, eng yuqori natija koʻrsatgan 5 nafar yosh yigit qizlar Tanlovning tuman (shahar) bosqichi gʻolibi deb topiladi hamda viloyat bosqichiga yoʻllanma oladi;
2-bosqichda ishtirok etib, eng yuqori natija koʻrsatgan 20 nafar yosh yigit qizlar Tanlovning hududiy bosqichi gʻolibi deb topiladi hamda respublika bosqichiga yoʻllanma oladi;
3-bosqichda ishtirok etib eng yuqori natija koʻrsatgan 100 nafar yosh yigit qizlar Tanlovning respublika bosqichi gʻolibi deb topiladi.
16. Tanlov Jamgʻarma tomonidan Yoshlar ishlari agentligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda oʻtkaziladi.
17. Tanlov natijalari boʻyicha gʻoliblar va ularning salohiyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Komissiya bayonnomasida koʻrsatiladi va uning aʼzolari tomonidan imzolanadi.
18. Tanlovning har bir bosqichi boʻyicha gʻoliblar test sinovlari yakunlangandan soʻng bir hafta muddat ichida Tashkilotchilarning rasmiy veb-saytida hamda tele-radiokanallarda eʼlon qilinadi.
19. Natijalar Komissiya tomonidan bayonnoma bilan tasdiqlanib, Tashkilotchilarning masʼul vakiliga taqdim etilganidan soʻng yakuniy (hal qiluvchi ahamiyatga ega) hisoblanadi va Komissiya qarori boʻyicha Tashkilotchilar izoh bermaydi.
3-bob. Tanlov gʻoliblarini taqdirlash
20. Tanlovning respublika bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi natijalar eʼlon qilingandan soʻng 10 kun ichida Tashkilotchilar tomonidan amalga oshiriladi.
21. Tanlovning 1, 2 va 3-bosqichlar gʻoliblari tegishlicha bazaviy hisoblash miqdorining 5, 10 va 20 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti va tegishli diplom bilan taqdirlanadi.
22. Tanlovning 1 va 2-bosqichlariga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish, ushbu bosqich gʻoliblarini taqdirlash bilan bogʻliq xarajatlar mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan qoplanadi.
23. Tanlovning 3-bosqichi gʻoliblari Jamgʻarma tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida pul mablagʻi bilan mukofotlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 19-maydagi 206-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2023-y., 09/23/206/0287-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(25-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 19-maydagi 206-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2023-y., 09/23/206/0287-son)
26. Tanlovning respublika bosqichi gʻoliblarining innovatsion gʻoya va ilmiy-texnik loyihalarini xususiy sektor va tarmoq tashkilotlari, yirik korxonalar va tashkilotlar tomonidan moliyalashtirish amaliyoti joriy etiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
27. Tanlov toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va uning natijalari Tashkilotchilar va ularning tizimidagi tashkilotlar rasmiy veb-sayti va boshqa ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
28. Ushbu Nizom talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.01.2022-y., 09/22/30/0043-son; 20.05.2023-y., 09/23/206/0287-son; 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)